Bu dunyoyu u dunyoda najot topay, degan inson Allohga, Payg'ambarga va ilohiy Kitobga iymon keltirib, ularning ko'rsatmalariga amal qilib yashamog'i lozim va lobuddir.
Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:
Osmonlaru erni va ulardagi narsalarni haq ila yaratdik. Albatta, Soat keluvchidir. Bas, sen chiroyli kechirim ila kechir. (Hijr surasi, 85-oyat).
Demak, osmonlaru erda va ulardagi barcha narsalarda faqat haq bor. Yolg'on va nohaqlik, aldamchilik va botil, behudalik va tartibsizlik yo'q, himmatsizlik ham, maqsadsizlik ham yo'q. Shuning uchun ulardagi barcha ishlar rostgo'ylik, adolat, sadoqat, haqiqat asosida tartibli, foydali, hikmatli va oliy maqsadni ko'zlash ila kechmog'i lozim. Chunki «Albatta, Soat keluvchidir».
Qiyomat kuni bu dunyoda qilingan ishlarning barchasi haq ila hisob-kitob qilinadi. Kelishi aniq bo'lgan qiyomat kunida haq qaror topadi. Ey Payg'ambar, «Bas, sen chiroyli kechirim ila kechir».
O'zingni qiynab yurma. Qalbingni turli g'am-tashvish ila mashg'ul qilma. Haq albatta o'z o'rnini topadi.
Alloh taolo shunday marhamat qiladi:
Albatta, Robbing O'zi ko'plab xalq qiluvchidir, o'ta biluvchidir. (Hijr surasi, 86-oyat).
Hamma narsani yaratgan Uning O'zidir. Shuning uchun ham ularning hammasini haq ila yaratganligida shubha yo'q. U hamma narsani biluvchi Zotdir. Alloh O'zi yaratgan narsalarining holini juda yaxshi biladi.
Alloh keyingi oyatda shunday marhamat qiladi:
Va, batahqiq, senga etti takrorlanuvchini va Buyuk Qur'onni berdik. (Hijr surasi, 87-oyat).
Oyatdagi «etti takrorlanuvchi»dan murod Fotiha surasidir. Chunki bu surai karima etti oyatdan iborat bo'lib, juda ko'p takrorlanadi. Namozning har rak'atida qayta-qayta o'qiladi.
Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
«Alhamdu lillahi Robbil alamiyn» etti takrorlanuvchidir, u menga berilgan Ulug' Qur'ondir», – deganlar.
Alloh taolo ushbu oyatda Nabiy sollallohu alayhi vasallamga etti oyatdan iborat va ko'p takrorlanadigan ulug' Fotiha surasini va uni o'z ichiga olgan Ulug' Qur'onni berganligini ta'kidlab aytmoqda. Shu bilan birga, osmonlaru er qanday haq bo'lsa, Qur'oni Karim ham shunday haq ekaniga ishora qilmoqda. Bu esa ulug' ne'matdir. Qur'on ne'mati dunyodagi hamma ne'matlardan ustun turadi. Shuning uchun
Biz ulardan ayrim toifalarni bahramand qilgan narsalarga ko'z tikma! Ular uchun mahzun ham bo'lma! Mo'minlarga qanotingni pastlat! (Hijr surasi, 88-oyat).
Kofirlarning ayrim guruhlariga bu dunyo hayotining ba'zi matohlarini berib qo'yganmiz. Ular bu narsalardan bahramand bo'lib yuradilar. Sen ularning mazkur dunyo matohlariga havas ila nazar solma. Ular havas qilishga arziydigan narsalar emas. Haqiqiy havas qilsa arzigulik narsa senga berilgan Ulug' Qur'ondir. Zero, unda insonni ikki dunyo saodatiga etaklovchi haq yo'l ko'rsatilgandir.
«Ular uchun mahzun ham bo'lma!»
Kofirlar iymonga kelmaganlari uchun xafa ham bo'lma.
«Mo'minlarga qanotingni pastlat!»
Iymonga kelib, senga ergashganlarga nisbatan mutavoze bo'l. Ular bilan chiroyli muomalada bo'l. Ularga lutf ko'rsat. Ularni o'z qanoting ostiga ol.
Va: «Albatta, men ochiq-oydin ogohlantiruvchiman», – deb ayt. (Hijr surasi, 89-oyat).
Ya'ni «Ey Muhammad, sen odamlarga o'zingning ochiq-oydin ogohlantiruvchi, osiylarni Allohning azobidan ogoh qiluvchi ekaningni ayt».
Huddi taqsimlovchilarga nozil qilganimizga o'xshash. (Hijr surasi, 90-oyat).
Qur'onni parcha-parcha qilganlarga. (Hijr surasi, 91-oyat).
Bu joyda arab tilining nozik uslublari ishlatilmoqda. Ikki oyat oldin Muhammad sollallohu alayhi vasallamga «etti takrorlanuvchi» va Ulug' Qur'on nozil qilingani aytilgan edi. Keyingi ikki oyatda Nabiy sollallohu alayhi vasallamga xitob qilinib, ba'zi ko'rsatmalar berildi. So'ngra «Senga «etti takrorlanuvchi» va Ulug' Qur'onni xuddi Qur'onni parcha-parcha qilgan taqsimlovchilarga kitob tushirganimizga o'xshash tushirdik», – deyilmoqda.
«Qur'onni parcha-parcha qilganlarga», deganda ahli kitob – yahudiy va nasorolar nazarda tutilgandir. Ular o'zlariga kelgan ilohiy kitoblarni taqsimlab, bir qismiga iymon keltirib, bir qismiga iymon keltirmagan edilar. Endi esa Qur'onni ham parcha-parcha qilib, o'z fikrlariga mos kelganini olib, to'g'ri kelmaganini tark etmoqchi bo'lmoqdalar. Ana o'shalarga o'z vaqtida sinovchi kitob tushirganimizdek, senga ham bu samoviy Kitobni – Ulug' Qur'onni nozil qildik. Bu yangilik emas. Qadimdan bo'lib kelayotgan ish. Kishilar bahona, sabab axtarmay, iymon keltirishlari zarur edi. Ammo ko'plari bosh tortmoqdalar.
«Tafsiri Hilol» kitobi asosida tayyorlandi
Muhibulloh Hudoyberdiyev
To'raqo'rg'on tumani bosh imom xatibi.
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati