Ota-onasidan meros qolgan yerda aka-uka birgalikda dehqonchilik qilar edi. Ularning biri oilali bo‘lib, uning beshta farzandi bor edi. Ikkinchisi esa buydoq edi. Mavsum so‘ngida aka-uka hosilni teng bo‘lishib olar edi.
Kunlarning birida ukasi:
– Hosilimizni teng bo‘lishib olayotganimiz aslo adolatdan emas. Men buydoqman va ehtiyojim unchalik katta emas. Akamning esa oilasi katta, uning xarajatlari ham shunga yarasha, – deb o‘yladi.
O‘sha kundan boshlab buydoq uka har kuni yarim tunda uyidan chiqib, o‘zining omboridan bir qop bug‘doyni yelkasiga olib, hech kimga sezdirmasdan akasining omboriga qo‘yib kela boshladi.
O‘sha kunlarda akasi ham o‘ziga o‘zi:
– Hosilimizni teng bo‘lishib olayotganimiz aslo adolatdan emas. Men oilaliman, ayolim va farzandlarim bor. Qarigan chog‘imda ular meni parvarish qiladilar. Ukam bechora qariganda unga kim qaraydi! Demak, kelajakda uning ehtiyoji katta bo‘ladi, – dedi.
Shundan so‘ng aka ham har kuni yarim tunda uydan chiqib o‘zining omboridan bir qop bug‘doyni yelkalab olib hech kimga sezdirmasdan borib ukasining omboriga qo‘yib kelishni odat qildi.
Aka-uka o‘rtasida bu ish ko‘p yillar davom etdi. Ammo hech kim bu ishni sezmadi. Negaki, ikkovining ham omboridagi bug‘doyning miqdori o‘zgarmas – kamayib yoki ko‘payib qolmas edi. So‘ngra bir kecha aka-uka bir-birining omboriga bug‘doy olib borayotganda yuzlashib qoldilar va o‘shanda bo‘lib o‘tgan ishni angladilar. Yelkalaridagi qopni yerga qo‘yib, bir-birini qattiq bag‘riga bosdilar.
Damin JUMAQUL
tarjimasi
Bugun, 2 sentyabr chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov navbatdagi fuqarolar qabulini o‘tkazib, yurtdoshlarimizning murojaat va takliflarini atroflicha tingladi.
Ochiq va samimiy ruhda kechgan qabul jarayonida Toshkent shahri, Namangan, Farg‘ona, Andijon, Toshkent va Qashqadaryo viloyatlaridan tashrif buyurgan fuqarolarning diniy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish, Umra ziyorati tartibi hamda masjidlar faoliyatiga doir murojaatlari birma-bir ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv davomida bildirilgan masalalar yuzasidan fuqarolarga shar’iy va huquqiy tushuntirishlar berilib, tegishli mas’ul xodimlarga murojaatlarni qisqa fursatlarda qonuniy hamda ijobiy hal etish bo‘yicha aniq topshiriqlar yuklatildi.
Eslatib o‘tamiz, aholi bilan ochiq muloqotni ta’minlashga qaratilgan bu kabi fuqarolar qabullari O‘zbekiston musulmonlari idorasi, uning hududiy vakilliklari hamda yurtimizdagi barcha jome masjidlarida har haftaning chorshanba kuni muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati