Sabr so‘zining ma’nolaridan biri tanglik ila o‘zini tutib turishdir.
Sabrning istilohiy ma’nosi haqida ulamo ahli bir-birini to‘ldiruvchi bir necha ta’riflarni aytganlar: Rog‘ib: «Sabr nafsni aql va shariat taqozo qilganidek tutib turishdir yoki ikkisi taqozo qilgan narsadan tutib turishdir», degan. Munoviy: «Sabr hissiy va aqliy og‘irlik va alamlarga chidashdir», degan.
Sabr haqida shunday demishlar:
– Sabr nafsni qayg‘u va achchiqlanishdan, tilni shikoyatdan va a’zolarni tashvishdan tutib turishdir.
– Sabr nafsning fozil axloqlaridan biri bo‘lib, qilinishi yaxshi va go‘zal bo‘lmagan narsalardan saqlanishdan iboratdir.
– Sabr Qur’on va Sunnat ahkomlarida sobit turishdir.
– Sabr balo yetganda go‘zal odob ila turishdir.
– Sabr iztirob paytida qalbning sobit turishidir.
Sabrning turlari
Hilmiy aytadi: «Sabr uch turlidir: Jabborning toatiga sabr qilish. Jabborning ma’siyatidan sabr qilish. Jabborning imtihoniga sabr qilish».
Ibn Qoyyum aytadi: «Sabr o‘zi bog‘langan narsa e’tiboridan uch qismga bo‘linadi: Amr va toatlarni ado etishga sabr. Nahyi va xiloflarni qilmaslikka sabr. Qazoi qadarlarga rozi bo‘lishga sabr».
Feruzobodiy aytadi: «Sabr uch turlidir: Allohga sabr. Alloh bilan sabr. Alloh uchun sabr». Avf so‘zi lug‘atda tark qilish, o‘chirish va yo‘q qilish ma’nolarini ifoda etadi. Ulamo axdi avfni quyidagicha ta’riflaydilar:
Munoviy: «Avf bir narsani tanovul qilishni qasd etish va gunohni o‘tib yuborishdir», degan. Kafaviy: «Avf qudrati yetib turib, zarar yetkazmaslikdir. Kim uqubat berishga haqdor bo‘la turib, uni tark qilsa, avf qilgan bo‘ladi», degan.
Avf bilan mag‘firatning orasidagi farq
Mag‘firat iqobni soqit qilib, savob berishdan iboratdir. Bunga faqat Alloh taoloning O‘zi qodir. Mag‘firatga faqat mo‘min bandagina sazovor bo‘ladi. Avf malomat va mazammatni soqit qilsa ham, savobga erishishni taqozo qilmaydi. Avfni banda ham qilishi mumkin.
Avf uqubatdan oldin ham, keyin ham bo‘laveradi. Mag‘firatda esa, uqubat umuman bo‘lmaydi. Avf faqat qodir bo‘lgan shaxs tarafidan bo‘ladi.
Avf uqubatni soqit qiladi. Mag‘firatda esa, gunoh berkitiladi.
Alloh taolo: «Shubhasiz, kim sabr qilib, kechirsa, albatta, bu mardlik ishlaridandir», degan (Shuro, 43).
Bu oyati karimada sabr qilishga da’vat bor. Yana kechirimli bo‘lishga da’vat bor. Yaxshilar sifati bo‘lgan ushbu sifatlarga takror-takror da’vat bejiz emas. Avvalo, bu ishlarni amalga oshirish oson emas. Qolaversa, yaxshi sifatlarga qancha targ‘ib qilinsa, shuncha oz. Dunyodagi holatlar boshqacha bo‘lishi mumkin. Ba’zan jinoyatchi, zolim va tajovuzkorlarga omad kulib boqqandek ko‘rinadi. Bunday qarasangiz, pichoqlari moy ustida, kunlari shod-hurramlikda va aysh-ishratda o‘tayotgandek. Ular dunyoning yarmiga, balki hammasiga ega bo‘lsinlar, ammo besh kunlik o‘tkinchi dunyo matohlarining qimmati qancha? Unga erishganlar aslida nimaga erishadilar o‘zi?
Ammo sabr qilganlar mardlik ishlarini amalga oshirgan bo‘ladilar va uning ajrini to‘la-to‘kis oladilar. Alloh taolo yana: «Albatta, sabr qilguvchilarga ajrlari hisobsiz, to‘liq berilur», degan (Zumar, 10). Ba’zi ulamolarimiz, sabr qiluvchilarga ajrlari berilayotganda, hisoblab o‘tirmasdan, ulgurji berib yuboriladi, deb ta’vil qilganlar.
Ibratli hikoya
Ikki shaharning mashhur rassomlari rasm chizishda mohirlik borasida doim tortishar edilar. Ularning biri xitoylik rassomlar, ikkinchisi onado‘lilik (Turkiya shahri) rassomlar edi.
Shahar hukmdori ularni orasini ajratish uchun saroyiga taklif qildi. Ularga bir xonani ko‘rsatdi. Uni orasida devor o‘rnatishdi. Bir qismi Xitoy rassomlariga va ikkinchisi onado‘lilik rassomlarga topshirildi. Ular o‘z mahoratlarini ishga solib rasm sola boshladilar.
Xitoylik rassomlar juda ko‘p bo‘yoqlar so‘rab, juda chiroyli suratlar chizdilar. Onado‘lilik rassomlar esa o‘zlariga berilgan xonaning bir qismini billurdek shaffof bo‘lgan moviy rangga bo‘yadilar.
Belgilangan vaqt tugagach, podshoh xonani tekshirgani kirdi. Birinchi bo‘lib xitoylik rassomlarning ishlarini ko‘rib qoyil qoldi. Ular xonani ustalik bilan bezatib, rasm chizgan edilar. Navbat Onado‘lilik rassomlarga kelgan-da, ular oradagi devorni olib tashlashni aytdilar. Oradagi to‘siq olingandan so‘ng xitoylik rassomlar chizgan surat, onado‘lilik rassomlar chizgan billurdek shaffof moviy devorlarda aks etdi. Buni ko‘rgan podshoh hayratdan lol qoldi. Buning oddiylik va bejirimligiga tasannolar aytdi.
Qissadan qissa shuki: Barcha go‘zallik va bejirimlik, chiroyli sabr soddalik va oddiylikdadir. Inson faqat zeb-ziynat va hashamatlarga berilmaslik, sabr qilish mukofatlarning eng oliysidir.
Isloma MUXAMMADODILOVA
“Xadichai kubro” ayol-qiz o‘rta maxsus
islom bilim yurti talabasi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
VAQT QADRI VA UNDAN UNUMLI FOYDALANISH
Ba’zi insonlarda sog‘lom hayot kechirish uchun har kuni albatta sakkiz soat uxlash kerak, degan tushuncha bor. Ammo aslida uyqu miqdori har bir insonning holati, ehtiyoji va organizmiga bog‘liq. Asosiy maqsad — ma’lum bir soatni to‘ldirish emas, balki tetik va faol holatda uyg‘onishdir.
Kimdir olti soat uxlab ham kun davomida samarali faoliyat olib borishi mumkin, boshqa birovga esa ko‘proq dam olish kerak bo‘ladi. Muhimi — inson uyqusini tartibga solishi va vaqtini qadrlashi lozim.
ULUG‘ ZOTLAR HAYOTIDAN NAMUNALAR
Imom Muhammad ibn Hasan Shayboniy rahmatullohi alayh bir kitobdan charchasa, boshqasiga o‘tar, uyqusi kelganda esa o‘zini suv bilan sergaklashtirib, yana ilm bilan mashg‘ul bo‘lar edi.
Mufassir Alusiy rahmatullohi alayh kechalari tafsir yozar, kunduzlari esa dars berar edilar. Uning ilmiy merosi qanchalik ulkan ekani bu mehnatning samarasidir.
VAQTNI BЕHUDA SARFLAMASLIK
Inson hayotida eng qimmatli boylik — vaqtdir. Pulni yo‘qotgan odam uni qayta topishi mumkin, ammo o‘tgan vaqt hech qachon qaytmaydi.
Imom Hofiz Munziriy rahmatullohi alayh haqida aytadi: “Men kechayu kunduz ilm bilan mashg‘ul bo‘lgan, hatto ovqatlanayotganda ham ilmdan uzilmaydigan insonlarni ko‘rdim”.
BO‘Sh VAQTNI TO‘G‘RI BOSHQARISH
Ba’zan inson bir necha daqiqa dam olish uchun o‘tiradi, ammo bu vaqt sezilmay soatlarga aylanib ketadi. Natijada umrning katta qismi foydasiz ishlarga sarflanadi.
Shuning uchun har bir inson: “Men sarflayotgan bu vaqtim menga yoki boshqalarga qanday foyda keltiradi?” deb o‘zidan so‘rashi kerak. Agar javob bo‘lmasa, u ishdan voz kechish afzal.
VAQTDAN FOYDALANISHGA ZAMONAVIY MISOL
Ba’zi rivojlangan jamiyatlarda insonlar hatto qisqa kutish vaqtlaridan ham unumli foydalanishga odatlangan. Masalan, transportda, navbatda yoki uchrashuv boshlanishini kutayotganda ular kitob o‘qiydi, rejalar tuzadi yo biror ish bilan shug‘ullanadi.
Bu yangi odat emas. Aslida bu – musulmon ulamolari asrlar davomida amal qilgan tamoyildir.
HAR BIR YIG‘ILISH FOYDALI BO‘LSIN
Abu Amr ibn A’lo rahmatullohi alayhi Asmoiyga bunday nasihat qilgan: “Agar biror joyga borishing ilm olish, yaxshilik qilish yoki foydali maqsad uchun bo‘lsa — bor. Ammo behuda suhbat, g‘iybat va vaqtni isrof qilish uchun bo‘lsa — undan saqlan”.
Insonning uchrashuvlari ham, suhbatlari ham foydali bo‘lishi kerak. Ovqatlanish, mehmonchilik, do‘stlar bilan uchrashish — barchasi yaxshi niyat va foydali maqsad bilan bo‘lsa, qadrlidir.
XULOSA
Ulug‘ insonlarning hayoti bizga bir haqiqatni o‘rgatadi: Vaqt – Alloh bergan eng katta ne’matlardan biri. Uni qadrlagan inson dunyosi va oxirati uchun katta yutuqlarga erishadi.
Shuning uchun har bir lahzamizni ilm, ibodat, mehnat va foydali ishlar bilan bezashga harakat qilaylik.
Davron NURMUHAMMAD