Sayt test holatida ishlamoqda!
11 Avgust, 2026   |   28 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:58
Quyosh
05:28
Peshin
12:30
Asr
17:24
Shom
19:32
Xufton
21:00
Bismillah
11 Avgust, 2026, 28 Safar, 1448

20.07.2018 y. Suv-bebaho va ilohiy ne’mat

16.07.2018   7472   11 min.
20.07.2018 y. Suv-bebaho va ilohiy ne’mat

بسم الله الرحمن الرحيم

Muhtaram jamoat! “Obi hayot” deb atalmish suvning azizligi va uni isrof qilishning gunoh ishlardan ekani to‘g‘risida to‘xtalib o‘tamiz. Alloh taolo Yerni yashashga qulay qilib yaratgani barobarida, unda suvlarni oqizib qo‘ydi, turli o‘t-o‘lan, dov-daraxtlarni o‘stirib ham qo‘ydi. Qur’oni karimning ko‘pgina suralarida Alloh taolo insonlarga ato etgan ne’matlarini eslatar ekan, suvni ham zikr qiladi:

أَفَرَأَيْتُمُ الْمَاء الَّذِي تَشْرَبُونَ   أَأَنتُمْ أَنزَلْتُمُوهُ مِنَ الْمُزْنِ أَمْ نَحْنُ الْمُنزِلُونَ   

لَوْ نَشَاء جَعَلْنَاهُ أُجَاجاً فَلَوْلَا تَشْكُرُونَ   )سورة الواقعة/70- 68 (

ya’ni: “Sizlar o‘zlaringiz ichayotgan suvni (o‘ylab) ko‘rdingizmi? Uni bulutlardan sizlar yog‘dirdingizmi yoki Biz yog‘diruvchimizmi? Agar Biz xohlasak, uni sho‘r va achchiq qilib qo‘ygan bo‘lar edik. Bas, (shu obihayot uchun ham) shukr qilmaysizmi?” (Voqea surasi, 68-70 -oyatlari).

Boshqa oyati karimalarda esa Alloh taolo bandalari uchun va ularga musaxxar qilib qo‘yilgan chorva va turli nabototlar uchun suv eng zaruriy ne’mat ekanini bayon etib, bunday marhamat qiladi:

هُوَ الَّذِي أَنْزَلَ مِنَ السَّمَاءِ مَاءً لَكُمْ مِنْهُ شَرَابٌ وَمِنْهُ شَجَرٌ فِيهِ تُسِيمُونَ   يُنْبِتُ لَكُمْ بِهِ الزَّرْعَ وَالزَّيْتُونَ وَالنَّخِيلَ وَالْأَعْنَابَ وَمِنْ كُلِّ الثَّمَرَاتِ إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآَيَةً لِقَوْمٍ يَتَفَكَّرُونَ  (سورة النّحل/10-11(

ya’ni: “U osmondan sizlar uchun undan ichimlik bo‘ladigan suvni (yomg‘irni) yog‘dirgan zotdir. (Hayvonlaringizni) boqadigan giyohlar ham o‘sha suvdan (sug‘orilur). U sizlar uchun o‘sha (suv) bilan (turli) ekinlarni, zaytun, xurmo, uzum va barcha mevalarni undirur. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomat bordir” (Nahl surasi, 10-11-oyatlar).

Mutaxassislar fikricha,  inson taomsiz bir ikki haftagacha yashashi mumkindir, ammo suvsiz uch kunga ham chiday olmaydi. Odam tanasidagi suv agar o‘n besh foizga kamaysa, u halok bo‘ladi. Inson tanasining aksar qismi suvdan iborat. Masalan, chaqaloq og‘irligining yetmish besh foizini suv tashkil etadi. Suv -   insonning hayot kechirishi uchun asosiy quvvat manbaidir. Bunga yana odamning poklanishi uchun va boshqa maqsadlarda ishlatadigan suvi ham qo‘shilsa, insonga suv qanchalik zarur va bebaho ne’mat ekani oydinlashadi.

Anbiyo surasida shunday deyiladi:

 ...وَجَعَلْنَا مِنَ الْمَاءِ كُلَّ شَيْءٍ حَيٍّ أَفَلَا يُؤْمِنُونَ  ... (سورة الأنبياء/30)

ya’ni: “...va barcha tirik mavjudotni suvdan (paydo) qilganimizni ko‘rmadilarmi?!..” (Anbiyo surasi, 30-oyat).

Toza ichimlik suvini ehtiyojdan tashqari ishlatish va huda-behudaga oqizib qo‘yish kabi holatlarning uchrayotgani o‘ta achinarli holdir. Ayrim davlatlarda toza ichimlik suvi oltinga teng bo‘lib turgan, minglab kishilar, yosh go‘daklar ichimlik suvi tanqisligidan aziyat chekayotgan bir sharoitda, sizu biz Alloh ato etgan shunday buyuk ne’matning qadriga yetmasligimiz noshukrlikdan bo‘lak narsa emas. Hozirgi paytda jami 470 million kishi suv taqchilligi keskinlashgan mintaqalarda, 2,4 milliard kishi esa suv tozalash qurilmalari va drenaj tizimi orzuligicha qolayotgan o‘lkalarda yashaydi. Sifatli ichimlik suvi yetishmasligidan jahonda yiliga o‘n million kishi kasallanib, nobud bo‘lmoqda.

Alloh taolo barcha narsalarni bir-biriga uzviy bog‘liq holda, o‘ziga xos o‘lchovi va hisobi bilan yaratgan, bu haqda Qur’oni karimda dalillar juda ko‘p. Jumladan:

أَنْزَلَ مِنَ السَّمَاءِ مَاءً فَسَالَتْ أَوْدِيَةٌ بِقَدَرِهَا  ... (سورة الرّعد/17)

ya’ni: “Alloh taolo osmondan yomg‘ir suvlarini tushiradi va vodiylarda suvlar o‘z o‘lchovi va hisobi bilan oqadi...” (Ra’d surasi, 17-oyat).

وَأَنْزَلْنَا مِنَ السَّمَاءِ مَاءً بِقَدَرٍ فَأَسْكَنَّاهُ فِي الْأَرْضِ وَإِنَّا عَلَى ذَهَابٍ بِهِ لَقَادِرُونَ  (سورة ﺍلمؤمنون/18)

ya’ni: “Biz osmondan hisobi bilan yomg‘ir suvlarini yog‘dirib, Yerga o‘rnashtirdik. Biz bu suvlarni ketkazib, sizlarni undan mahrum qilib qo‘yishga ham qodirmiz” (Muminun surasi, 17-oyat).

Bu oyati karimalar orqali Haq taolo bizlarga Yer yuzidagi barcha narsalar, shu jumladan suv ham o‘zining ma’lum hisobi va o‘lchovi bilan yaratilganligini ma’lum qiladi. Ya’ni keragidan ortiq yomg‘ir yog‘sa, suv toshqini paydo bo‘lib, ekinlardan tortib, turar joylargacha vayron bo‘lib ketishi, agar butunlay yog‘may qo‘ysa, qurg‘oqchilik, suv tanqisligi ro‘y berishi mumkin edi.

Bugungi kunda musulmonlar orasida Alloh taolo o‘zlariga ato etgan turli ne’matlar qatori suvni ham isrof qilayotgan, bu bebaho ne’matga beparvo munosabatda bo‘layotgan kishilarning ham borligi achinarli hol. Hayotimiz uchun eng zarur ne’mat bo‘lgan suv isrofi hammasidan oshib tushyapti. Suvning isrof bo‘lishiga yo‘l qo‘ymay, uni tejab-tergab ishlataylik. Aziz farzandlarimizga ham suvni isrof qilmaslikni o‘rgataylik. Bir dona nosoz jo‘mrakdan tomchilayotgan suv bir soatda qancha bo‘lishini yaxshi tasavvur qilamiz. Suvni isrof qilmaslik barchamizning burch va vazifamiz ekanligini aslo unutmaylik. Hozir jahonda ichimlik suvi muammosi birinchi darajali muammolardan bo‘lib turibdi. Ayni paytda dunyoda bir milliarddan ortiq kishi toza ichimlik suviga muhtoj.

So‘nggi yillarda tevarak atrof, yer, suv va havoda sezilarli ifloslanish holatlari kuzatilmoqda. Buning oldini olish, tabiatni muhofaza qilib, sog‘lom avlod uchun kurashish esa barchamizning burchimizdir.

Zero, sohaga oid o‘nlab mutasaddi idora va tashkilotlar bu borada doimiy faoliyat olib bormoqda. Ular atrof muhitni ozoda saqlash, ichimlik va oqava suvlaridan oqilona foydalanish borasida ertayu-kech mehnat qilayotgan ekanlar, ularning ham mehnatlarini qadrlaylik.

Chunki Alloh taolo kalomi sharifida bandalariga shunday xitob qiladi:

 وَتَعَاوَنُوا عَلَى الْبِرِّ وَالتَّقْوَى وَلَا تَعَاوَنُوا عَلَى الْإِثْمِ وَالْعُدْوَانِ وَاتَّقُوا اللَّهَ إِنَّ اللَّهَ شَدِيدُ الْعِقَابِ  (سورة ﺍلمائدة/2)

ya’ni: “Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir” (Moida surasi, 2-oyat).

Yuqoridagi oyati karima asosida bizlar, albatta, yaxshilik yo‘lida bir tan, bir jon bo‘lib, tabiatimizni ozodaligi, hayotimiz farovonligi, yurtimiz tinchligi yo‘lida birgalikda harakat qilishimiz kerak bo‘ladi. Agar mana shu pand-nasihatlarga amal qilib, Yaratganning bizga bergan va berayotgan ne’matlariga nisbatan aql bilan ish yuritib, o‘z vaqtida shukronasini bajo keltiradigan bo‘lsak, Alloh taolo bu ne’matlarini bizga yanada ziyoda qilib beradi.

Dunyoning juda ko‘p mamlakatlarida millionlab odamlar toza ichimlik suviga tashna, bir chelak suv uchun janjal-mojarolar bo‘layotgan bir paytda bizlar toza ichimlik suvini jo‘mraklardan oqizib qo‘yyapmiz. “Nega bunday?”, desangiz, “sovuqda muzlab qoladi”, kabi bahonalar topiladi. Toza ichimlik suvi bilan ekinlarimizni sug‘oramiz, mashinamizni yuvamiz, ichimlik suvini salqinlatish uchun hovlilarimizga va ko‘chalarimizga sepamiz. Tahorat va g‘usl qilishda odamlarning qanchalar suv isrof qilayotganini ko‘rganda ayniqsa, tejamkorlik degan narsa batamom unutilganiga iqror bo‘lasiz.

Suvni tejash haqida hadisi sharifda shunday keladi:

عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ عَمْروٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا أَنَّ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ مَرَّ بِسَعْدٍ وَهُوَ يَتَوَضَّأُ فَقَالَ: مَا هَذَا السَّرَفُ يَا سَعْدُ؟ قَالَ: أَفِي الْوُضُوءِ سَرَفٌ؟ قَالَ: نَعَمْ، وَإِنْ كُنْتَ عَلَى نَهْرٍ جَارٍ (رواه الإمام أحمد والإمام ابن ماجة .(

ya’ni: Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Payg‘ambarimiz sollalohu alayhi vasallam sahobalardan Sa’d roziyallohu anhu tahorat qilayotganlarida “Ey Sa’ad bu isrof nimasi”, – dedilar. Sa’ad roziyallohu anhu: “Tahoratda ham isrof qilish bormi?”, – dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ha, agarchi oqib turgan daryoning bo‘yida turgan bo‘lsang ham”, – dedilar (Imom Ahmad va Imom Ibn Moja rivoyati).

Tahoratda ortiqcha suv ishlatish isrof va mumkin bo‘lmaganidan keyin qolgan narsalarni qiyoslab olavering. Ekinga ham ehtiyojdan ortig‘ini ishlatish isrofdir.

Yurtimiz yildan-yilga obod bo‘lib, xalqimiz farovonligi borgan sayin ortib bormoqda. Demak, bunga javoban kechayu kunduz bu ne’matlarning shukronasini ado etib borishimiz lozim bo‘ladi. Allohga hamdu sano aytish, ne’matlarining shukrini ado etish banda uchun ham ibodat, ham Allohning unga bergan katta mukofotidir. Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam shunday marhamat qiladilar:

عَنْ أَنَسِ بْنِ مَالِكٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم: "مَا أَنْعَمَ ﺍﷲُ عَلىَ عَبْدٍ مِنْ نِعْمَةٍ صَغُرَتْ اَوْ كَبُرَتْ فَقَالَ الْحَمْدُ للهِ إِلاَّ كَانَ قَدْ أُعْطِىَ أَفْضَلَ مِمَّا أَخَذَ" (رواه الإمام  ابن ماجه).

ya’ni: “Alloh taolo bandaga kattami, kichikmi bir nemat bersa va banda uning shukronasi uchun: “Allohga hamd bo‘lsin” desa, o‘sha nematdan ham afzalroq narsaga erishgan bo‘ladi”, – deganlar  (Imom Ibn Moja rivoyati).

Bugungi kunda barcha insonlar avvalo toza suv iste’mol qilib, salomatliklarini muhofaza etishlari naqadar dolzarb ekanligini chuqur his etishlari lozim. Shu bilan birga Alloh taoloning buyuk ne’mati bo‘lmish suvni toza saqlash, tejab ishlatish va iste’molda me’yorga rioya qilishlari kerak.

Muhtaram jamoat! Mav’izamizning hanafiy mazhabimizdagi fiqhiy masalalar qismida haj ibodatining farz va vojiblari haqida suhbatlashamiz:

Haj ibodati uch turlidir: Qiron, tamattu’ va ifrod. Bizning yurtdan boradigan hojilar asosan tamattu’ hajini qiladilar.

Hajning farzlari

  1. Ehrom bog‘lash. 2. Arafotda bir muddat turish. 3. Ifoza tavofi.

Hajning vojiblari

  1. Safo va Marva oralig‘ida sa’y qilish.
  2. Muzdalifada (tong otgandan keyin) bir daqiqa bo‘lsa ham turish.
  3. Uch kun shaytonga tosh otish.
  4. Sochni tagidan yoki qisqartirib oldirish.
  5. Vidolashuv tavofini qilish.
  6. Qypbonlik co‘yish (qipon va tamatty’ hajini niyat qilganlapga).

Yana boshqa lozim amallar ham bor, ularning ba’zilari quyidagilardan iborat:

  1. Tavofda tahoratli bo‘lish.
  2. Tavofni o‘ngdan boshlash, o‘ng yelkasini Safo tepaligiga, chap yelkasini Baytullohga qilib turib, boshlash.
  3. Hatimni (Ka’bai muazzama yonidagi eski binoning poydevori yoki bir bo‘lagi) orqasidan tavof qilish.
  4. Tavofni piyoda qilish (uzrlilar aravada o‘tirib tavof qilishga ruxsat bor)
  5. Tavofdan keyin ikki rakat tavof namozini o‘qish.
  6. Soch oldirishdan oldin qurbonlik qilish.
  7. Sa’yni Safodan boshlash.
  8. Arafotda quyosh botguncha turish.
  9. Har kungi tosh otishni ikkinchi kunga qoldirmaslik.
  10. Tavofi ifozani (tavofi ziyoratni) uch kun hayit ichida qilish.
  11. Arafa kuni Arafotda peshin bilan asr namozlarini peshin vaqtida qo‘shib o‘qish, shom va xuftan namozlarini xufton vaqtida Muzdalifada qo‘shib o‘qish.

Hajning biron bir vojibini tark qilgan kishining haji buzilmaydi, lekin bip jon­liq co‘yish vojib bo‘ladi.

Alloh taolo barchamizni suvga e’tiborli bo‘lish, uni tejab, avaylab ishlatish va ushbu ne’matga doimo shukr qilib borishimizni nasib aylasin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Chin usta qoldimi? (qidiryapman)

10.08.2026   5302   8 min.
Chin usta qoldimi? (qidiryapman)

Bugunning gapi

“Uch xonali xonadonimni ta’mirlatish uchun ikki oy muddatga kelishib usta tushirgandim, olti oyda zo‘rg‘a chala-chulpa qilib ishini tugatdi...”
 

“Ustalar nega bunaqa-a? Uyini ta’mirlatib, ustalardan roziman, degan odamni uchratmadim...”
 

 “Ko‘pchiligi odamga firib beradi: ishni vaqtida bajarmaydi, ta’mir ishlari tugagach, boshida kelishilgan narxdan ikki barobar ko‘p mablag‘ so‘raydi...”
 

Yuqoridagi gaplar – uyini, xonadonini ta’mirlatib, ustalardan kuygan kishilarning dod-faryodlari.


Bugungi kunda jamiyatda ayrim ustalarning o‘z ishini vijdonan bajarmasligi, sifatsiz materiallar ishlatishi, vaqtni cho‘zishi yoki turli nayranglar bilan buyurtmachini aldashi, afsuski, ko‘pchilikni tashvishga solish barobarida shu kasb egalariga nisbatan ishonchning susayishiga yoki butunlay yo‘qolishiga olib kelyapti.


Yaxshi niyatda uyini, xonadonini ta’mirlatmoqchi bo‘lgan kishi usta ishlatgan tanishlaridan so‘rab-surishtirishi tayin. Yaqinda men ham xonadonimni ta’mirlatmoqchi bo‘lib usta izladim. Tanish-bilishlardan, do‘stlarimdan so‘rasam, yarmidan ko‘pi ustalardan nolidi. Bu holat nafaqat moliyaviy zarar, ayni paytda insonlar o‘rtasidagi ishonchning yo‘qolishiga ham sabab bo‘lmyaptimi?!


Islom ta’limotida halol mehnat, omonatdorlik va rostgo‘ylik yuksak fazilat ekani ta’kidlanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda: “Darhaqiqat, Alloh omonatni o‘z egalariga topshirishingiz va odamlar o‘rtasida hukm qilganingizda adolat bilan hukm qilishingizga buyurar. Albatta, Alloh sizlarga yaxshigina nasihat qilur. Albatta, Alloh eshituvchi va ko‘ruvchi Zotdir” (Niso surasi, 58-oyat).


Ustalik – yaxshi kasb. Usta omonatdor bo‘lsa, odamlarning hojatini ravo qiladi, ko‘pga foydasi tegadi. Buyurtmachi o‘z molini, mablag‘ini ustaga ishonib topshiradi. Usta shu ishonchni oqlashi, ishni puxta va vijdonan bajarishi shart.


Uy – insonning boshpanasi. Uning har bir g‘ishti ezgu niyat bilan qo‘yiladi, har bir devori umid bilan ko‘tariladi. Ammo, afsuski, ba’zan ayrim ustalar imorat qurish yoki ta’mirlashda nayrang qiladilar. Usta tashqi tomondan devorni silliq suvaydi, ammo ichidagi yoriqlarni berkitadi. Bo‘yoqning yaltirog‘i ko‘zni quvnatadi, lekin ortidagi nuqson vaqt o‘tishi bilan ko‘zga tashlanadi.


Yangi ta’mirlangan xonadondan hali bo‘yoq hidi ketmay turib shiftda yoriqlar paydo bo‘ladi, eshiklar qiyshayib qoladi, pol esa g‘ichirlab imorat egasining asabini buzadi. Buyurtmachi ustaga bergan mablag‘iga ichi achiydi.


Ba’zi ustalar sifatli qurilish materiali olish uchun berilgan pulga arzon mahsulot sotib oladi. Qolgan mablag‘ni esa “mehnat haqim” deb o‘maradi. Sementga qumni ortiqcha qo‘shadi, temir yoki armaturani ingichkarog‘iga almashtiradi, mis simlar o‘rniga alyuminini tortadi.


Yana shunday ustalar ham borki, bir haftada tugatishga kelishilgan ishni bir oygacha cho‘zadi. Bahona ham tayyor: “Material kelmadi”, “Yordamchim betob bo‘lib qoldi”, “Ertaga tugatib beramiz” va hokazo.


Eng yomoni, ustaning qo‘lidan chiqqan uy bir yil o‘tar-o‘tmas yana ta’mirga muhtoj bo‘lib qoladi. Bu hunar emas, hiyladir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim bizni aldasa, bizdan emas”, deganlar (Imom Muslim rivoyati). Bu hadis har qanday sohadagi firibgarlikni qamrab oladi. Agar usta arzon yoki sifatsiz materialni qimmatbaho deb ko‘rsatsa, ishni ataylab chala bajarsa yoki keyin yana ta’mirga muhtoj bo‘ladigan qilib ishlasa, bu aldamchilikdan, firibgarlikdan boshqa narsa emas. Afsuski, bugun ko‘pchilik ustalar hiyla va nayrangni kasb qilib olganlar. Buning oqibatida na o‘zlari baraka topadilar, na buyurtmachi ularga bergan mablag‘iga rozi bo‘ladi.


Haqiqiy usta, o‘z ishini vijdonan qiladigan kishi boshqacha bo‘ladi. U har bir ishini bekamu ko‘st bajaradi. Chunki u odamlardan yashirgan nuqsonni, albatta, Alloh taolo ko‘rib, bilib turishini yaxshi anglaydi. Unday ustalar o‘zlariga Alloh taoloning: “Albatta, Alloh chiroyli (ish) qiluvchilarni yaxshi ko‘radi” (Baqara surasi, 195) oyatini hamda Nabiy alayhissalomning: “Alloh taolo o‘z ishini chiroyli, puxta qiladigan kishini yaxshi ko‘radi” (Imom Tabaroniy rivoyati), degan muborak hadislarini o‘zlariga shior qilib olgan bo‘ladilar. Lekin, afsuski, hozir bunday ustalarni topish amrimahol. Borlari ham “qo‘lma-qo‘l”.


Omonatdor ustalar qurgan uylar, yillar o‘tsa ham, yaxshilik bilan eslanadi. Ularning haqlariga xayrli duolar qilinadi. Birgina misol, bizning Sangijumon qishlog‘imizdagi ko‘p uylarni pachirlik usta Turdimurod bobo (Alloh makonini jannat qilsin!) qurgan. O‘sha paytlarda (1960–1990 yillar) vassajuft qilingan shiftlarga ustaning imoratni qurib bitirgan sanasini bitish an’ana bo‘lgan. Har safar qishloqqa borib uyga kirsam, usta boboning “imzosi”ga ko‘zib tushadi va Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilib, u kishining ruhlariga bag‘ishlayman.


Bugun ba’zi ustalarning ishni kelishilgan muddatda tugatmasligi; sifatsiz qurilish materiallaridan foydalanishi; narxni asossiz oshirishi; kamchiliklarni yashirishi; bir necha oy o‘tib yana ta’mir qilishga majbur bo‘ladigan darajada ish tutishi katta gunohdir. Bunday xatti-harakatlar oqibatida buyurtmachi moddiy zarar ko‘radi, asabiylashadi, vaqt yo‘qotadi va eng achinarlisi, odamlar o‘rtasidagi ishonch susayadi.


Halol rizqning barakasi uning ko‘pligida emas, balki pokligidadir. Aldamchilik bilan, hiyla-nayrang ishlatib topilgan mablag‘ foyda bo‘lib ko‘rinsa-da, unda baraka bo‘lmaydi. Shuning uchun har bir usta o‘z qo‘li bilan topayotgan rizqining halolligi haqida o‘ylashi, har bir mix, har bir g‘isht, har bir sim yoki har bir ta’mir uchun qiyomat kuni hisob berilishini unutmasligi kerak.


Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf rahimahulloh:

  •  Men ham (har bir shaxs) jamiyatning a’zosiman. Uy qurmoqchiman, lekin quruvchilik qo‘limdan kelmaydi. Demak, ustaga ehtiyojim bor. Uning oldiga borib, uy qurmoqchiman, shartnoma tuzaylik, deyman. Ustalar kasbi ortidan rizq topadi. Ular bilan kelishib, bugungi naxr bo‘yicha muayyan summa belgilanadi. Muddati va sifat ko‘rsatkichlari kelishib olinadi. Hozirga kunda, Alloh biluvchiroq, ustaman deganlarning 70 foizi aldamchi, nayrangboz, hiylakor: kelishilgan kunda belgilangan manzilga yetib kelmaydi, ishga kech kelib, erta ketadi, vazifasini puxta bajarmaydi, ishini bitirmasdan oldin pul so‘raydi. Takasaltang, taralla-bedod qilib yuradi. Uyning egasi ham xijolatda qoladi. Aksariyati shunaqa. Bunday ustalarga kim ishonadi? Ularga kim ish beradi? Bunday toifalar o‘ziga o‘zi qiladi, ular omadsizlikni o‘zlariga chorlab oladilar.


O‘ttiz foiz haqiqiy ustalar bor. Ular o‘z kasbi bilan faxrlanadi. Guruhlari bor, shogirdlari, ustozlari bor. Hammasini qoyillatib, asbob-anjomlarini chiroyli qilib qo‘yishgan. Shartnopmani tuzadi, vaqtida ishga keladi, belgilangan muddatda qurilishni yoki ta’mir ishlarini tugatadi, ish haqini olib ketadi. Buyurtmachi ham rozi, usta ham rozi. Bunday kishilarning ishida unum, baraka bo‘ladi. Topgan pullari barakali bo‘ladi.


Haqiqiy usta faqat qurilish yoki ta’mirlashni emas, balki odamlarning ishonchini ham qozonadi. Vijdon bilan qilingan har bir ish ibodatga aylanadi. Aldamchilik va nayrang bilan bajarilgan ish esa vaqtinchalik foyda keltirsa ham, dunyoda obro‘ni to‘kadi, rizq qiyilishiga sabab bo‘ladi, oxiratda esa javobgarlikni keltiradi.

 

Tolibjon NIZOM

Maqolalar