Sayt test holatida ishlamoqda!
31 Avgust, 2026   |   18 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:25
Quyosh
05:48
Peshin
12:23
Asr
17:03
Shom
19:02
Xufton
20:21
Bismillah
31 Avgust, 2026, 18 Rabi`ul avval, 1448

Mutolaa zavqi. Boborahim Mashrab (1640-1711)

16.07.2018   17407   6 min.
Mutolaa zavqi. Boborahim Mashrab (1640-1711)
Mashrab (taxallusi; asl ism-sharifi Boborahim Mulla Vali o‘g‘li) (1640, Namangan — 1711, Balx) — shoir va mutafakkir.
 
Mashrab nomi 18 — 19-asrlarda tuzilgan tazkira va tasavvufiy yo‘nalishdagi asarlarda (masalan, Bade Samarqandiyning «Muzokir ul-as'hob» va boshqa) zikr etiladi. Ammo ularda shoir hayoti va ijodiy faoliyati haqida keltirilgan ma’lumotlar nihoyatda kam. Mashrabning qoldirgan adabiy merosi xususida ham aniq ma’lumot beruvchi manba yo‘q.
 
Uning o‘z asarlarini to‘plab, devon yoki biror majmua tuzganligi ma’lum emas. Faqat «Devoni Mashrab», «Devonai Mashrab», «Eshoni Mashrab», «Hazrati shoh Mashrab» nomlari ostida xalq orasida qo‘lyozma va toshbosma shaklida tarqalgan qissalardagina (ularning kim tomonidan va qachon tuzilganligi noma’lum) shoirning hayot yo‘li va ijodiy faoliyati ma’lum tartib va izchillikda bayon etiladi, shu jarayonda asarlaridan namunalar ham keltiriladi. 
 
Mashrab haqidagi qissalar shoir hayot yo‘lini nisbatan to‘la va bosqichma-bosqich bayon etuvchi, shuningdek, yaratgan asarlarining ko‘pgina qismini o‘zida jamlovchi adabiy-tarixiy manba sifatida ilmiy ahamiyat kasb etadi.
 

O‘RTAR

Agar oshiqlig‘im aytsam, kuyub jonu jahon o‘rtar,
Bu ishq sirrin bayot etsam, taqi ul xonumon o‘rtar.

Kishiga ishq o‘tidin zarraye yetsa, bo‘lur giryon,
Bo‘lub besabru betoqat, yurak-bag‘ri chunon o‘rtar.

Nechuk toqat qilay, do‘stlar, bu dard ila bo‘lub hayron,
g‘amim boshqa, alam boshqa, yuragimni fig‘on o‘rtar.

Meni bexonumon tinmay kuyub har dam firoqingda,
“Nigoro!” deb oting aytsamki, shavqingdin zabon o‘rtar.

Qayu til birla, ey jono, sening vasfing bayon aylay,
Tilim lolu ko‘zum giryon, so‘ngaklarni nihon o‘rtar.

Na qattig‘ kun ekan, dilbar, visolingdin judo bo‘lmoq,
Mening ohim o‘tig‘a bul zaminu osmon o‘rtar.

Yurakda dardu g‘am qat-qatki, menda qolmadi toqat,
Agar bu zarrasin bul vaqt desam, ishqi bayon o‘rtar.

Bu dard ila xarob o‘ldum, kelib holimni so‘rmassan,
Unum chiqsa yurakdin, bu tanu jon, ustixon o‘rtar.

Bu Mashrab dardini, jonoki, hech kim boshig‘a solma,
Agar mahsharda oh ursam, bihishti jovidon o‘rtar.

XOHI INON XOHI INONMA

Sensan sevarim, xohi inon, xohi inonma,
Qondur jigarim, xohi inon, xohi inonma.

G‘am shomi firoqingda kabob etti falakni
Ohi saharim, xohi inon, xohi inonma.

Nogah sari zulfung sori bo‘ldum sanga moyil,
Ey toji sarim, xohi inon, xohi inonma.

La’ling g‘amidin ko‘nglum erur g‘uncha kibi qon,
Gulbargi tarim, xohi inon, xohi inonma.

Zahri g‘ami hajring meni o‘ldurg‘ali yetti,
Ey labshakarim, xohi inon, xohi inonma.

Mashrab, bo‘lubon ko‘yinga chun barqi tajalli,
Qolmay asarim, xohi inon, xohi inonma.

MASHRABMAN

Sanamning ishqida tinmay yurub, ovvora Mashrabman,
Ko‘zi yoshlig‘, qadi xamlig‘, dili sadpora Mashrabman.

Ko‘ngulda zarracha dunyoni mehri bo‘lmayin menda,
Seni deb ikki olamdin kechib, bezora Mashrabman.

O‘lib ketsam, lahad ichra so‘ngakdin ketmagay darding,
Jahonda topmadim choraki, men – bechora Mashrabman.

Anodin qay kuni bo‘ldum, sening ishqingda oh urdum,
Muhabbat dashtida yurgan bo‘lub ovvora Mashrabman.

Muhabbat jomidin may tuttilar, ichmasga choram yo‘q,
Ko‘zumdin qon yoshim tinmay oqar, xunbora Mashrabman.

Boshimga ming balo kelsa, tilarman vaslin, ey zohid,
“Tilim kessang, to‘yorim yo‘q, — degan, — diydora” Mashrabman.

Xaloyiqlar meni quvlar, yomon deb har shahar borsam,
Ajab mardud, ajab maxrum, ajab sangsora Mashrabman.

O‘zumni xalq aro ixfolig‘imni hech kishi bilmas,
Dilu jonim fido aylab, ajab ayyora Mashrabman.

Meni devona Mashrabga muhabbatdin bayon aylang,
Namozu ro‘zadin forig‘ bo‘lub sayyora Mashrabman.

MEN NOLA QILAY SHOMU SAHAR…

Men nola qilay shomu sahar dod, eshigingda,
Jonimni beray, sho‘xi parizod, eshigingda.

Ul lolavu rayhonu suman, toqa qizil gul,
Ham sarv bukuldi, qadi shamshod eshigingda.

Xo‘boni jahon bo‘lsa taqi Yusufi Kan’on,
Sultonu amir bandayo, ozod eshigingda.

Zulfing seni bu jonima yuz domi balodur,
Jonim qushi sayd o‘ldi chu sayyod eshigingda.

Olam borisi lazzati husnungni topibdur,
Giryonu fig‘on, nolavu faryod eshigingda.

Savdoyi muhabbatga tushubman seni izlab,
O‘lturdi g‘aming, ko‘zlari jallod, eshigingda.

Ashkim to‘kubon hajru g‘amingda kecha-kunduz,
Vayrona vatan – manzul obod eshigingda.

Ul husnu jamoling o‘ti Mashrabg‘a tushubdur,
Parvonasifat quydi, parizod, eshigingda.
 

 

O‘zA muxbiri Ozoda Bekmurodova tayyorladi
Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Erhan Afyonju: O‘zbekiston – turkiy sivilizatsiyaning eng go‘zal shaharlari joylashgan zamin

18.08.2026   76468   1 min.
Erhan Afyonju: O‘zbekiston – turkiy sivilizatsiyaning eng go‘zal shaharlari joylashgan zamin

Turkiyaning “CNN-Türk” telekanalida efirga uzatilgan “Tafakkur doirasi” dasturida so‘zga chiqqan taniqli olim, Milliy mudofaa universiteti rektori, professor Erhan Afyonju O‘zbekistonning boy tarixiy merosi va sayyohlik salohiyati haqida fikr yuritdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.

Ko‘rsatuvda qatnashgan turk tarixchisi Erhan Afyonju O‘zbekistonni turkiy sivilizatsiyaning eng go‘zal shaharlari joylashgan alohida geografik hudud sifatida ta’riflagan.

Olimning fikricha, juda ko‘pchilik sayyohlar O‘zbekistonni o‘z ko‘zi bilan ko‘rishni istaydi. Chunki dunyoga mashhur Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent kabi shaharlar ana shu zaminda joylashgan.

Turk tarixchisi yoshlarga murojaat qilib, xorijga sayohat qilishni, avvalo, Turkiy dunyo mamlakatlarini kashf etish, ajdodlar yurti bilan yaqindan tanishishdan boshlash lozim ekanini ta’kidladi.

“Yoshlarga tavsiyam shuki, hozir xorijga sayohat qilmoqchi bo‘lsangiz, avvalo Turkiy zaminni aylaning. Masalan, O‘zbekistonga borib, tarixiy shaharlarni ko‘rib keling, ajdodlaringiz yurti bilan tanishing. So‘ng Saljuqiylar davlati barpo etilgan zaminlarni ko‘ring”, – dedi professor.

Erhan Afyonjuning ta’kidlashicha, bunday sayohatlar yoshlar uchun har tomonlama foydali va qiziqarli bo‘lib, ularning tarixiy xotirasi va dunyoqarashini boyitadi.

“Masalan, Samarqandning go‘zalligini dunyoning ko‘p joylarida topa olmaysiz. Ayniqsa, turk yoshlari o‘z ajdodlari yashagan zaminni borib ko‘rishlari lozim”, – dedi olim.

Professor O‘zbekistonni turkiy sivilizatsiyaning asosiy beshiklaridan biri, ilm-fan markazi sifatida ham alohida e’tirof etgan.

Shuningdek, turk tarixchisi O‘zbekistonning nafaqat tarixiy va madaniy, balki geografik jihatdan ham yashash uchun qulay hudud ekanini ta’kidlagan.

Dastur davomida professor bildirgan fikr-mulohazalar Turkiya jamoatchiligi orasida O‘zbekistonning tarixiy shaharlari, boy madaniy merosi va turizm salohiyatiga bo‘lgan qiziqishni yanada oshirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari