Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Avgust, 2026   |   12 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:17
Quyosh
05:42
Peshin
12:25
Asr
17:10
Shom
19:12
Xufton
20:32
Bismillah
25 Avgust, 2026, 12 Rabi`ul avval, 1448

Somsaga burnini jiyirgan mushuk

14.07.2018   5260   4 min.
Somsaga burnini jiyirgan mushuk

«Biz osmonu yerni va ularning orasidagi narsalarni behuda yaratganimiz yo‘q» (Sod surasi 27-oyat).

O‘tgan kuni nashriyot muharriri Bobomurod Erali somsasini yeyishni unutib qo‘yibdi. Kecha mening oldimga o‘sha somsani yesam bo‘ladimi deb maslahat so‘ragani chiqibdi. Men unga: “Yesangiz-yengu, keyin darhol garajning tahoratxonasiga qulayroq joyga borib oling-da”, deb maslahat berdim. “U holda sizga bera qolay somsani”, dedi. “Menga bersangiz, mushugimga olib borib beraman, haqqingizga duo qilib qo‘yadi”, dedim. “Duosi o‘ziga siylov, menga pulini berib yuborsin”, dedi shoir. “Mushukda pul nima qiladi, sichqon-pichqon tutib olsa, berib yuborar”, dedim. “Sichqonmi, kaltakesakmi – nima bo‘lsa ham ushlab bersin”, dedi somsasi uchun joni o‘rtanib borayotgan Bobomurod domla. “Xo‘p”, deya mabodo hidi chiqib ketsa noqulaychilik bo‘lmasin deb Yusufxon akam yelim paketga mahkam o‘rab tutqazgan  somsani olib ketdim.

Somsani uyga olib borib mushukning oldiga qo‘ygan edim, uzoqdan turib bir hidladi-da, burnini jiyirib: “Buni qayerdan olib keldingiz?” deb so‘radi. Achigan somsaning badbo‘y hidi unga yoqmaganini sezib o‘ng‘aysizlanib: “Bobomurod domla berdi”, dedim. So‘ng domlaning shu somsa evaziga narsa ham so‘raganini aytolmay kalovlanib qoldim. Mushuk esa: “Somsasi boshidan qolsin!” deb mo‘ylovini buradi-da, gerdayib ortiga qayrilib ketdi. 

Buni ko‘rib bizning xonimning jag‘i ochilib ketsa bo‘ladimi, “Mushuk bechorani o‘ldirgani olib keldingizmi buni, bu somsani it yesa ham o‘lib qoladi. Abdulbosit, anovini qo‘shnining itiga chiqarib tashla!  A, o‘lmaydi, kuchukka hech balo qilmaydi...”

Hosili kalom, bir maza qilib go‘shtli somsa yesin degan niyatda uyimizni sichqonu kalamushlardan himoya qilib yurgan mushugimizning joniga xavf solib qo‘yibman, astag‘firulloh – uvolginasi yomon-a.

Zero, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam mushuklar haqida «U sizlarning atrofingizda aylanib yuradigan hayvonlardan», deganlar. Sahobalardan Abdurahmon ibn Sahl mushuklarni yaxshi ko‘rib, boqib yurganlari uchun Nabiy sollallohu alayhi vasallam uni «Abu Hurayra» – «mushukchaning otasi» deb kunyalaganlar.

Yana ulug‘larimizdan birining etagida mushukcha uxlab qolgan ekan, namoz vaqti kirib tahoratga turmoqchi bo‘lsa, shiringina uxlab yotgan mushukcha uyg‘ona qolmas emish. U muhtaram zot shugina jonivorning uyqusini buzmaslik uchun shartta etagini kesib turib ketgan ekanlar.

Mushukni Payg‘ambarimiz alayhissalom yaxshi sifat bilan sifatlaganlari, sahobalar, valiylar, mehribon insonlar  yaxshi ko‘rgani evaziga bu jonivor insonlarga ko‘p foyda yetkazishga harakat qiladi. Tasavvur qiling, oyog‘ingizning tagidan sichqonmi, kalamushmi o‘tib qolsa, nima qilasiz? Joyingizda sakrab, o‘ynab qolasiz, to‘g‘rimi? Muloyimgina bo‘lib yotgan mushukcha esa darhol katta avlodi yo‘lbarsga aylanadi. Shu vaqtda uning qanday chiroyli bo‘lib ketganini chaqqonligini, kuchliligini bir ko‘rsangiz edi...

Ammo Alloh taolo oyati karimada har bir narsaning hikmat bilan yaratilganining xabarini berib qo‘yganini bilmagan kimsalar ularni nobud qilib, johilliklarining jabrini o‘zlari tortganlar. Jumladan, 1484 yil Papa Innokentiy VIII mushuklarni shaytonga sig‘inish vositasi deb hisoblagani bois ularni qirib tashlashga buyruq berdi. Butun Yevropa mushuklardan tozalandi. Natijada sichqonlar ko‘payib vabo tarqaldi. Bu o‘lat 100 mingdan ortiq insonning yostig‘ini quritdi.

O‘tgan yuzyillikda donlarni tashib ketyapti degan da’vo bilan Xitoy qushlarga qirg‘in keltirdi. Qanday qilib deysizmi? Bir milliarddan ortiq xitoyliklar qo‘liga tovoqmi, tog‘orami nima to‘g‘ri kelsa olib, dangir-dungir qilib qushlarni hurkitib turgan. Yerga, daraxtga simyog‘ochga, uylarning tomiga, bir martagina qo‘nib nafas rostlab ololmagan qush bechoralar tappa-tappa tashlab o‘lib qolavergan. Buning natijasida o‘sha yili xitoyliklar yerdan mutlaqo hosil ololmagan, hamma ekinlarni qurt-qumursqalar nobud qilgan.

Ko‘hna tarix sahifalarini titkilayversangiz, shunga o‘xshash aqlbovar qilmas hodisalarni ko‘p uchratasiz. Ba’zida bizning o‘zimizning ham ko‘nglimizga ayrim jonzotlar xush kelmaydi. Ana shunday kezlarda “Biz osmonu yerni va ularning orasidagi narsalarni behuda yaratganimiz yo‘q” oyatini eslab qo‘ysak, ko‘nglimiz taskin topib, yengil tortamiz va Rabbimizdan ularning barchasini bandalari uchun manfaatli qilishini so‘rab duo qilib qo‘yamiz.

 

Damin JUMAQUL

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan ko‘cha rekonstruksiya qilinmoqda

14.08.2026   40266   1 min.
Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan ko‘cha rekonstruksiya qilinmoqda

Samarqandning tarixiy qismida turizm infratuzilmasini keng ko‘lamli yangilash ishlari davom etmoqda. Amalga oshirilayotgan loyihalarning asosiy maqsadi xorijiy sayyohlarning qolish muddatini uzaytirish, qulay shahar muhitini yaratish va bir vaqtning o‘zida mahalliy aholining hayot sifatini oshirishdan iborat.

“Samarkandskiy vestnik” nashriga ko‘ra, turizmni rivojlantirish dasturi doirasida eski shaharning 13 ta ko‘chasi bosqichma-bosqich zamonaviy piyodalar yo‘lagiga aylantirilmoqda. Bu yerda yangi xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etilmoqda, jamoat joylari obodonlashtirilmoqda, milliy me’morchilik an’analarini saqlab qolgan holda muhandislik kommunikatsiyalari va bino fasadlari yangilanmoqda.

Eng yirik loyihalardan biri Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan Buxoro ko‘chasini rekonstruksiya qilish bo‘ldi. Ko‘chaning 850 metr qismi to‘liq piyodalar hududiga aylantiriladi. Loyihani ishlab chiquvchilardan biri, Samarqand davlat texnika universiteti o‘qituvchisi Jasur Berdiqulovning ta’kidlashicha, ilgari bu yerda qatnov qismining torligi tufayli muntazam ravishda tirbandliklar yuzaga kelgan, qulay piyodalar yo‘laklarining yo‘qligi esa piyodalar uchun jiddiy noqulayliklar tug‘dirgan. Ishlar yakunlangach, ko‘cha xavfsiz jamoat maydoniga aylanadi. Aholi uchun alohida to‘xtash joyi ajratilgan bo‘lib, transport vositalarining kirishiga faqat zarurat tug‘ilganda maxsus xizmatlarga ruxsat beriladi. Shu bilan birga, suv, gaz, elektr va boshqa muhandislik tarmoqlari to‘liq modernizatsiya qilinmoqda.

Oltin asr mahallasida joylashgan Bag‘dod ko‘chasida ham ishlar davom etmoqda. Bu yerda 600 metrlik hudud obodonlashtirilmoqda. Loyiha doirasida zamonaviy turizm va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini yaratish, kichik biznes va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari