Bir yigit bemor yotgan qarindoshining holidan xabar olish maqsadida yo‘lga chiqibdi.Qo‘lida ikkita non,meva-chevasi bor.
Birmahal,tutzor bo‘ylab sekin ketayotganida tut tagida yig‘lab o‘tirgan bir kimsaga ko‘zi tushibdi.
Yig‘lab o‘tirgan ul kimsaning holi abgor,soch-soqoli o‘sgan,xarob.
Bu holatga befarq bo‘lib o‘tib ketishni istamagan sofdil yigit o‘sha bechoradan gap nimadaligini so‘rabdi.Shunda haligi bechora:
"Ahvolim yomon birodar! Yeyishga nonim,ichishga suvim yo‘q! O‘zim esa o‘rnimdan turolmayman!Agar qo‘lingdan kelsa non suv ber,uyimga eltib qo‘y!..." deya javob beribdi.
Noiloj qolgan yigit "Kel,shu bechoraholning hojatini chiqarib ketaqolay" deya rozi bo‘libdi.
Xullas,yigit o‘sha bechoraga qo‘lidagi non-mevasidan beribdi.Yelkasidan tutgancha uning aytgan manzili bo‘ylab orqaga qarab ketaveribdi.
Yo‘l yurishibdi.Uzoq dalalar-u,keng yaylovlardan ham o‘tishibdi.Yo‘l yuraverib kunni ham kech qilishibdi.Bu orada ikkovi ham qizg‘in suhbat qurar,yigitning esa hatto nima maqsadda yo‘lga chiqqani ham yodidan ko‘tarilibdi.
Xullas ikkovi ketaveribdi.Har zamon,har zamonda ikkovi xaxolab kulishar,go‘yo shu yo‘l baxona ming yillik qadrdonga aylanishgandi ular.
Bir mahal ularning oldidan qo‘lida ovqat ko‘targan yosh bola chiqib qolibdi.
Buni ko‘rgan haligi bechorahol, yigitga qarata:"Og‘ayni qorin ham juda ochdi-ku,kel shu bolaning ovqatini tortib olaylik!" deya qistabdi.Yigit boshida ko‘nmabdi,ammo boyadan beri birga kelayotgan "qadrdoni" qo‘yavermagach noiloj bolakaydan ovqatini tortib olibdi...
Mana ikkovi yana yo‘l yurishardi.Bu orada qorinlari to‘q,turli mavzularda tinmay gaplashishardi.Bir mahal ularning oldidan yo‘l chetida jimgina yotgan it chiqib haligi bechoraholning jazavasi tutibdi va yigitga tezda o‘sha itni o‘ldirishini aytibdi.Yigit boshida ko‘nmabdi."Begunoh itda nima ayb?" deya rozi bo‘lmabdi.Ammo o‘sha it bechoraholga qarata akillay boshlagach "qadrdonini" himoya qilish maqsadida yigit noiloj itni o‘ldiribdi.Yigitning bu ishidan o‘sha bechorahol qadrdoni shunday xursand bo‘libdiki,unga cho‘ntagidan quritilgan behi chiqarib beribdi:"Olaqol do‘stim! Meni yetaklab kelayotganing,qornimni to‘yg‘izganing va barcha aytganlarimni qilganing uchun" debdi.
Xullas yana yo‘lga tushibdilar....Bir mahal sal nariroqdan nurga o‘xshash narsa paydo bo‘lib,ko‘zni qamashtiribdi.Yigit bechorahol qadrdonini yerga o‘tkazib o‘zi sekin nur tomonga boribdi.Borib qarasa nur bo‘lib ko‘ringan narsa odam ekan! Odam bo‘lganida ham Qori-Mulla Qori bobo ekan! Qori boboni ko‘rishi bilan yigit unga salom berib,boshidan o‘tgan hamma narsani aytib beribdi.Shunda Qori bobo o‘sha bechoraholni ko‘rish uchun sal nariroq yurgan ekan....Voajab o‘sha yurolmaydigan bechorahol ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi.....
Keyin esa Qori bobo yigitdan o‘sha bechorahol bergan behini so‘rabdi.Yigit cho‘ntagiga qo‘lini tiqibdida qo‘liga ilingan narsani ko‘rib ko‘ngli aynib ketibdi...
Ha,o‘sha kuni yigitning omadi kelib,qarshisidan Qori bobo chiqib qoldi.Yo‘qsa,o‘sha "qadrdon" JIN og‘aynisi uni yanada dahshatliroq ishlarga undagan bo‘larmidi?!...
Shundan so‘ng yigit yo‘lga chiqsa betahorat yurmaydigan bo‘ldi......
Sherzod Xaydarbekov.....
Sharqshunos tadqiqotchi M.Xadr tomonidan e’lon qilingan va keyinchalik taniqli olim O.Bolshakov tomonidan atroflicha tadqiq etilgan XI asr o‘rtalariga oid ikkita vaqf hujjati G‘arbiy Qoraxoniylar xoqonligining hukmdori Ibrohim Tamg‘achxon davriga taalluqlidir. O‘rta asrlar arab muarrixi Ibn Fuvatiyning guvohlik berishicha, Ibrohim faqihlarning qat’iy xulosasisiz biror kimsaga jazo tayinlamagan hamda hech kimning mol-mulkini musodara etmagan odil hukmdor timsoli bo‘lgan. Shu bois u Bag‘dod xalifasi Qoim tomonidan “Davlat tayanchi” hamda “Sharq va Chin podshohi” kabi oliy darajali unvonlar bilan sharaflangan.
Ushbu ma’rifatparvar hukmdor tashabbusi bilan Samarqand shahrida faoliyat boshlagan “Dor al-marzo”, ya’ni Bemorlar uyi shahar fuqarolari bilan birga musofirlar uchun ham bepul tibbiy yordam ko‘rsatuvchi yirik ijtimoiy markaz bo‘lgan. Vaqfnoma matnida mazkur dorushshifoning jo‘g‘rofiy o‘rni, ichki me’moriy tuzilishi, xizmatchilar safi, ularga ajratiladigan maosh hamda muassasani muttasil mablag‘ bilan ta’minlab turuvchi ko‘chmas mulklar tafsiloti bayon etilgan.
Tarixiy hujjatlarga ko‘ra, shifoxona Samarqandning gavjum savdo chorrahalaridan birida – So‘g‘d bozori va Zargarlar mahallasi tutashgan hududda qad rostlagan. Xastaxonaning kundalik xarajatlarini, bemorlarning to‘laqonli ovqatlanishi va zarur dori-darmonlar ta’minotini kafolatlash maqsadida xoqon o‘z shaxsiy mulki hisoblangan “Timi palos” karvonsaroyini hamda beshta yordamchi xona, uchta hujra va uch do‘kondan iborat savdo rastalarini vaqf mulki sifatida muassasa ixtiyoriga topshirgan. Vaqfnoma shartiga binoan, ushbu tijorat inshootlaridan tushadigan barcha ijara daromadlari muayyan hissalarga – teng yuz qismga taqsimlanib, shifo maskani ehtiyojlariga yo‘naltirilgan.
Mazkur maskanda faoliyat yuritgan mutaxassislar tarkibi va xizmat haqining taqsimlanish tartibi o‘sha davr jamiyatining ma’naviy va tabaqaviy qiyofasini anglashda qimmatli dalildir. Jumladan, umumiy tushumning yuz qismdan iborat hisobidan eng katta ulush – naq o‘n qismi bevosita bosh tabibga tayinlangan. E’tiborga molik jihati shundaki, shifoxonaning umumiy ma’muriy boshqaruvchisi va moliyaviy nazoratchisi bo‘lgan mutasarrifga sakkiz qism maosh ajratilgan. Ilm va amaliyot sohibi bo‘lmish hoziq tabibga ijrochi boshqaruvchidan yuqoriroq haq to‘langani qoraxoniylar jamiyatida yuqori malakali tibbiyot mutaxassislari mehnati yuksak qadrlanganini ko‘rsatadi. Bundan tashqari, muassasada qon oluvchi muolajachi – fassod, mohir pazandalar hamda xizmatchilar ham mehnat qilgan. Vaqf tushumidan alohida xizmatchiga besh qism, oshpazga uch qism maosh belgilangan.
Hujjatda xastalarning huquqlarini muhofaza qilishga ustuvor ahamiyat qaratilgan. Vaqfnoma talabiga ko‘ra, davolanayotgan kishilar xastalikdan butunlay forig‘ bo‘lguniga qadar ularni shifoxonadan chiqarib yuborish yoki bezovta qilish qat’iyan man etilgan. Shaharning yerlik fuqarosi va tashrif buyurgan musofirlar birdek bepul tibbiy ko‘mak olish huquqidan foydalangan. Bemor sog‘aygachgina o‘rnini boshqa muhtoj xastaga bo‘shatib berishi lozim bo‘lgan. Mazkur nizom talablarini o‘zgartirish yoki bekor qilish taqiqlanib, vaqf shartlarining abadiy kuchda qolishi muhrlangan.
Taniqli tarixchi va tangashunos olim Ye.Davidovich vaqfnomadagi pul muomalasiga oid tafsilotlarni tadqiq etar ekan, hujjat tasdiqlangan paytda Samarqandda amalda bo‘lgan tangalarning aniq qiymati qayd etilganini ta’kidlaydi. Unga muvofiq, bir misqol sof oltin qiymati aynan qirq yetti kumush dirhamga tenglashtirilgan. Hujjatda tangalar xarid quvvatining pasayishi, ya’ni pul qadrsizlanishi ehtimoliga qarshi maxsus muhofaza bandi kiritilgan bo‘lib, agar istiqbolda dirhamning bozor bahosi o‘zgarsa, xodimlarning ish haqi va shifoxona xarajatlari hujjat tuzilgan kundagi sof oltin o‘lchov mezoni bo‘yicha yangi muomaladagi dirhamlarda qayta hisoblab to‘lanishi shart qilib qo‘yilgan. Bu esa o‘rta asrlar huquqiy amaliyotida moliyaviy barqarorlikni asrash va muassasani moddiy tanazzuldan himoya qilishning ilg‘or tizimi mavjud bo‘lganini ko‘rsatadi.
Ibrohim tashabbusi bilan rasmiylashtirilgan ikkinchi vaqf hujjati Samarqandning “Bobulhadid”, ya’ni Temir darvoza mavzesida barpo qilingan madrasaga tegishlidir. Atrofida Xotun Malika maydoni va xonaqohlar joylashgan mazkur ta’lim dargohi ham talabalar va mudarrislar uchun moddiy sharoitlarni kafolatlagan. Agar davrlar o‘tib shifoxona yoki madrasa binolari tabiiy ofat yoki zamonlar evrilishi sabab yaroqsiz holga kelsa va ularni tiklash imkonsiz bo‘lib qolsa, vaqfnoma shartiga ko‘ra, ajratilgan ko‘chmas mulklarning barcha daromadlari abadiy ravishda Samarqanddagi beva-bechora va kambag‘al qatlam ehtiyojlariga sarflanishi belgilab qo‘yilgan.
Manbashunos olimlarning qayd etishicha, faqih Burhoniddin Mahmudning “Muhit al-Burhoniy” asari tarkibida saqlanib qolgan mazkur vaqf hujjatlari XI asrda Turonda shaharsozlik madaniyati, ijtimoiy institutlarni barqaror moliyalashtirish va tibbiy yordam tizimi yuqori darajada bo‘lganidan dalolat beruvchi muhim tarixiy yodgorlikdir. Ibrohim Tamg‘achxonning bu xayrli amali o‘zbek davlatchiligi tarixida ijtimoiy adolat va fuqarolar muhofazasi bosh mezon bo‘lganini namoyon etadi.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA