Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Avgust, 2026   |   11 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:16
Quyosh
05:41
Peshin
12:25
Asr
17:11
Shom
19:13
Xufton
20:34
Bismillah
24 Avgust, 2026, 11 Rabi`ul avval, 1448

Usmon qudug‘i

09.07.2018   7188   1 min.
Usmon qudug‘i

Usmon roziyallohu anhu badavlat savdogar edilar. Tabuk g‘azotida musulmonlarning qo‘shinini to‘liq qurollantirgan kishi ham Usmon roziyallohu anhu edilar. Ibni Is'hoq  rahmatullohi alayh: “Usmon tabuk jangchilariga shunchalik ko‘p pul sarfladilarki, hech bir kishi u zot barobarida pul sarflagan emas”, deb yozadi. Usmon roziyallohu anhu Rasulullohning hujralariga ming dinor pulni olib kelib sochib yuborganlar, 950 ta tuya va 50 ta ot hadya qilib olib kelganlar.
Rasululloh hazratlari bunday saxovatlarini ko‘rib:

— Usmon bu ishi bilan aslo zarar qilgani yo‘q, —  deganlar. Keyin esa:

 — Kimki nochor askarni qurollantirsa va rum qudug‘ini sotib olib musulmonlarga hadya qilib yuborsa, u kishiga jannat nasiba bo‘ladi, — deb bashorat qildilar.

Bir yahudiy rum qudug‘ining suvini sotib foydalanardi. Usmon roziyallohu anhu mazkur quduqning yarmini 20 000 tanga va yuzta yosh tuya barobariga sotib oldilar. Musulmonlar o‘zlariga belgilangan muddatda kelib ushbu quduq suvidan olib keta boshladilar. Hech kim yahudiyning suvini olmay qo‘ydi. Buni ko‘rib yahudiy qolgan yarmini ham juda arzon narxga sotib yuboradi. Mazkur quduqning hammasini sotib olganlaridan so‘ng Usmon roziyallohu anhu musulmonlarga Alloh yo‘lida hadya qilib yubordilar.

O‘sha quduq hozir ham mavjud bo‘lib, 1400 yildan ortiq davr mobaynida musulmonlarni shirin suv bilan ta’minlab kelmoqda. Quduq atrofida masjid va xurmo bog‘i mavjud. Bu quduq hozirda “Usmon qudug‘i” deb ataladi.

manba: kamolon.uz

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muftiy hazratlari Saudiya Arabistonining yangi elchisi bilan muloqot qildilar

05.08.2026   26222   1 min.
Muftiy hazratlari Saudiya Arabistonining yangi elchisi bilan muloqot qildilar

Bugun, 4 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Saudiya Arabistoni Podshohligining mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Saad bin Nosir bin Abdulloh Abu Xaymid janoblarini qabul qildilar.

Muloqot avvalida Muftiy hazratlari elchi janoblarining yurtimizdagi sharafli va mas’uliyatli diplomatik faoliyatiga muvaffaqiyat tiladilar. Suhbatda ikki davlat rahbarlarining sa’y-harakatlari va do‘stona munosabatlari natijasida ilmiy-tadqiqot, ta’lim, ma’naviy-ma’rifiy sohalardagi ko‘p qirrali hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani ta’kidlandi. Xususan, o‘tgan haftada Prezidentimiz tomonidan elchining ishonch yorlig‘ini qabul qilish chog‘ida Saudiya Arabistoni bilan o‘rnatilgan aloqalar va ziyoratchilarga yaratilayotgan sharoitlar yuqori baholangani alohida e’tirof etildi.

Uchrashuv chog‘ida diniy-ma’rifiy yo‘nalishdagi hamkorlikning yorqin namunalari qayd etildi. Yaqinda yurtimizda o‘tkazilgan xalqaro forumga Masjid al-Harom imomi Shayx Solih bin Abdulloh bin Humayd va Islom olami uyushmasi Bosh kotibi o‘rinbosari Abdurahmon Zaydning tashrifi, shuningdek, Toshkent islom instituti ustozlarining Makka va Madina shaharlarida malaka oshirib qaytgani mamnuniyat bilan tilga olindi. Shu bilan birga, kelgusida saudiyalik taniqli ulamolarning ham tashriflarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, Haj va Umra ziyoratchilariga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yuqori saviyaga olib chiqish borasidagi maqsadlar mushtarak ekani bildirildi. “Vaqf” xayriya jamoat fondi bilan xayriya aloqalar e’tirof etilib, madaniy-ma’rifiy, ilm-fan, o‘zaro tajriba almashish yo‘nalishlaridagi aloqalarni kengaytirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi.

Tomonlar ikki xalq o‘rtasidagi birodarlik munosabatlarini yanada mustahkamlash va muhokama qilingan dolzarb masalalar bo‘yicha birgalikda sa’y-harakat qilishga kelishib oldilar.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari