Usmon roziyallohu anhu badavlat savdogar edilar. Tabuk g‘azotida musulmonlarning qo‘shinini to‘liq qurollantirgan kishi ham Usmon roziyallohu anhu edilar. Ibni Is'hoq rahmatullohi alayh: “Usmon tabuk jangchilariga shunchalik ko‘p pul sarfladilarki, hech bir kishi u zot barobarida pul sarflagan emas”, deb yozadi. Usmon roziyallohu anhu Rasulullohning hujralariga ming dinor pulni olib kelib sochib yuborganlar, 950 ta tuya va 50 ta ot hadya qilib olib kelganlar.
Rasululloh hazratlari bunday saxovatlarini ko‘rib:
— Usmon bu ishi bilan aslo zarar qilgani yo‘q, — deganlar. Keyin esa:
— Kimki nochor askarni qurollantirsa va rum qudug‘ini sotib olib musulmonlarga hadya qilib yuborsa, u kishiga jannat nasiba bo‘ladi, — deb bashorat qildilar.
Bir yahudiy rum qudug‘ining suvini sotib foydalanardi. Usmon roziyallohu anhu mazkur quduqning yarmini 20 000 tanga va yuzta yosh tuya barobariga sotib oldilar. Musulmonlar o‘zlariga belgilangan muddatda kelib ushbu quduq suvidan olib keta boshladilar. Hech kim yahudiyning suvini olmay qo‘ydi. Buni ko‘rib yahudiy qolgan yarmini ham juda arzon narxga sotib yuboradi. Mazkur quduqning hammasini sotib olganlaridan so‘ng Usmon roziyallohu anhu musulmonlarga Alloh yo‘lida hadya qilib yubordilar.
O‘sha quduq hozir ham mavjud bo‘lib, 1400 yildan ortiq davr mobaynida musulmonlarni shirin suv bilan ta’minlab kelmoqda. Quduq atrofida masjid va xurmo bog‘i mavjud. Bu quduq hozirda “Usmon qudug‘i” deb ataladi.
manba: kamolon.uz
Imom Buxoriy majmuasi nafaqat O‘zbekiston, balki butun islom olami uchun ulug‘ va muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.
Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.
Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.
Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.
Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.
Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.
Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.
Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati