Rus hukmronligi o‘rnatilgach, Turkistonda milliy davlatlar yuq qilinib, o‘lkaning siyosiy-ma’muriy tizimi Rossiya manfaatlari nuqtayi nazaridan shakllantirildi. Oliy va o‘rta boshqaruv lavozimlari rus harbiylari qo‘liga topshirilib, tubjoy xalqlar vakillari faqat ijrochi sifatida quyi lavozimlarga tayinlandi. Garchand bu borada saylov tartiblari joriy etilgan bo‘lsada, lekin Rus davlatiga sodiq kishilargina amalga o‘tqazilgan. Masalan, volost (bo‘lis) rah-barligi va qishloq oqsoqolligiga saylangan shaxslar shular jumlasidandir. Bunday hol Turkiston gubernatorligiga qarashli yerlarda hukm surgan edi. Rossiyaning mintaqadagi asosiy tayanchi bo‘lmish bu gubernatorlik Sirdaryo, Farg‘ona, Samarqand, Yettisuv va Kaspiyorti viloyatlarini o‘z ichiga olib, poytaxti Toshkent shahri hisoblangan.
O‘z navbatida, viloyatlar uyezdlardan tashkil topgan. Chunonchi, Sirdaryo viloyatiga: Toshkent, Chimkent, Avliyoota, Qozoli va Perov; Farg‘onaga: Qo‘qon, Andijon, Namangan, Marg‘ilon va O‘sh; Samarqandga: Jizzax, Samarqand, Kattaqo‘rg‘on va Xo‘jand; Yettisuvga: Verniy, Kopal, Lepsin, Jarkent, Pishpak va Prjevalsk; Kaspiyortiga: Ashxobod, Krasnovodsk, Mang‘ishloq, Marv va Tajan uyezdlari kiritilgan. Viloyatlarni harbiy gubernatorlar, uyezdlarni boshliqlar boshqargan.
TTTu tarzda Turkiston general-gubernatorligiga hozirgi O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Turkmanistonning talay qismi qaragan. Uning aholisining umumiy soni taxminan 5,5 milion hisoblanib, o‘zbeklar salmoqli o‘rinni egallagan.
Aholi soni Buxoro xonligida 3 million, Xivada esa 500-700 ming kishidan iborat bulgan. Bu joylarda ham o‘zbeklar ko‘pchilikni tashkil qilardi.
Garchand Buxoro amirligi va Xiva xonligida eski davlat tuzumi saqlangan esada, lekin ular amalda rus davlatining mustamlakalari bulib, tom ma’noda milliy davlatlar emasdilar. Har ikkala xonlikning hukmdorlari bosqinchilar tomoiidam qugirchoqqa aylantirilgan kishilar edi.
Rus hukumati Turkiston o‘lkasimi uch qismga bo‘lingan holda mustamlaka bo‘g‘ovida ushlab turardi. o‘lkani bu tarzda parchalashdan maqsad o‘zbeklar, tojiklar, qozoqlar, qirg‘izlar, turkmanlar va qoraqalpoqlarning birdamligiga va katta bir oilaga birlashishlariga yo‘l qo‘ymaslikdan iborat edi. Xuddi shu maqsadni ko‘zlagan holda, bosqinchilar milliy nizo urug‘larini sochib turdilar. O‘lkada rus tiliga davlat maqomi berilib, milliy tillar burchakka siqib qo‘yildi. Oqibat-da rus tilini targ‘ib qilish va o‘rganish zaruriyati tobora kuchaydi. Ulkada rus-tuzem maktablari ochildi va ularning soni tobora ortib bordi. Ularda Rossiyaga sodiq kishilarni tarbiyalab, yetishtirish vazifasi qo‘yildi.
Rus hukumati ruslashtirish va ulug‘davlatchilikka asoslangan siyesat yurgizdi. Bu haqda 1870 yili Rossiya xalq maorifi vazirligining ko‘rsatmasida: «Tubjoy xalqlarni ruslashtirish maorifning asosiy vazifasi bo‘lmog‘i lozim», deb ta’kidlanganligi ham guvohlik beradi. Shuning uchun rus hukumati imkoni boricha mil-liy til va milliy madaniyatni rivojlantirishga ong-li ravishda to‘sqinlik qilib, maktablar va madrasalar ta’minotiga mablag‘ ajratishni xayeliga ham keltirmadi.
Biroq, mahalliy savdo ahli va boshqa toifadagi o‘z vataniga sodiq kishilar maktab-madrasalarni qo‘llab-quvvatlab turdilar, yangi madrasalar qurdilar. Rus hukumati esa mahalliy aholi uchun birorta maktab, o‘rta va oliy o‘quv yurti buned etmay, jon-jahdi bilan o‘lka boyliklarini o‘zlashtirish uchun barcha imkoniyatlar-dan foydalandi.
Ma’lumki, islom dini ko‘p asrlar mobaynida jamiyat ma’naviyatining asosi bo‘lib kelayotgan edi. Din peshvolari har qanday og‘ir va dahshatli sharoitlarda ham oldingi saflarda turib, umummilliy manfaatlarni himoya qilganlar. Ular xalqni bosqinchilarga qarshi kurashga otlantirishda muhim o‘rin egallab, mustaqillik va dinni saqlashga qaratilgan barcha choralarni ko‘rganlar. Ulamolarning bunday vatanparvarligi Rus davlatining tajovuzlari vaqtida ham yorqin namoyon bo‘ldi. Shu bois rus hukumati vakillari din peshvolarini eng xavfli dushman hisoblab, ular mavqeiga qattiq zarba berishga intildilar.
1877 yili Farg‘ona viloyatining harbiy gubernatori general Skobelev Kaufmanga shunday deb yezgandi: «Mahalliy xalqning orasida xonning amaldorlari va ayniqsa, ruhoniylar singari bizning dushmanlarimiz ko‘p. Biz kelganimizdan keyin ular faqat sobiq mavqelarinigina emas, balki yaxshi hayotni ta’minlovchi imkoniyatlardan ham ayrildilar. O‘sha toifadagi kishilar o‘z jamiyatining ruhi va zaif tomonlarini yaxshi bilganliklari uchun avvalgi tartiblarni tiklash maqsadida xalqni ruslarga qarshi otlantirishga qodirdilar».
Rus ma’muriyati buni yaxshi anglab, ruhoniylarni siyosatdan chetlashtirib, faoliyatini chegaraladi, qattiq nazorat ostida tutib turdi. Ular vaqf yerlarini qisqartirib, ruhoniylarning iqtisodiy manfaatlariga ancha ziyon yetkazdilar. 1886 yilgi «Turkiston viloyatini boshqarish» haqidagi yangi nizomda davlat yerlarini vaqf va boshqa aholiga tegishli yerlar hisobiga kengaytirishning qonuniylashtirilishi katta norozilik uyg‘otdi. Rus hukumati o‘ziga mustahkam tayanch barpo etish va hukmronligini mustahkamlash maqsadida rus shaharlari va posyolkalarini qurishga alohida ahamiyat berdi. Natijada Rossiyaning turli joylaridan Turkiston o‘lkasiga ko‘chib keluvchi kishilar soni tobora oshib bordi. XIX asrning oxiriga kelib, o‘lkaga o‘rnashgan ruslarning soni 197420 kishiga yetdi. Ulardan 95941 tasi shaharlarda va 101479 tasi posyolkalarda yashagan. 1906 yilgacha faqat harbiy xizmatni o‘taydigan kazaklarga Yettisuv viloyatida 752197 desyatina, Sirdaryo viloyatida 159561 desyatina, Farg‘ona viloyatida 9925 desyatina, Samarqand viloyatida 22907 desyatina, Kaspiyorti viloyatida 10318 desyatina yer berilgan. Bulardan tashqari, rus dehqonlari katta hajmdagi yerlar bilan ta’minlangan. 1917 yilgi ma’lumotga ko‘ra, o‘lkadagi ruslarning soni 750 mingga yetib, ulardan 400000 kishi shaharda va 350000 kishi posyolkalarda yashagan. Ular bilan birga bir necha o‘n ming harbiyning istiqomat qilgani hisobga olinsa, u vaqtda ruslar soni bir milliondan oshib ketadi. Ruslar Toshkent, Samarqand, Andijon, Qo‘qon, Farg‘ona, Namangan va bosh-qa eski shaharlarning yenbag‘ridagi joylarda o‘rnashganlar. Bulardan tashqari, Ashxobod, Krasnovodsk, Perov; Qozoli, Yangi Marg‘ilon, Verniy, Pishpak, Kopal va boshqa rus shaharlari mavjud edi. Ruslar, ayniqsa, «Yangi Toshkent», «Yangi Marg‘ilon» (Farg‘ona) singari shaharlarning asosiy aholisi edilar. Orenburg Toshkent oralig‘idagi temir yo‘l bekatlarida (stansiyalarda) 51 ming rus yashaganligi ma’lum.
Ruslar Buxoro va Xiva xonliklariga ham o‘rnashib bordilar. Kogon va Termiz singari joylarda ularning alohida turarjoylari yuzaga keldi.
XX asr boshlarida temiryo‘l va sanoat tarmoqlarining rivojlantirilishi orqasida o‘lkada ruslar soni ko‘payib bordi. 1916 yilga kelib, masalan, Toshkentdagi birgina «Rus shahri» aholisining soni 60 ming kishiga yetdi. Bu o‘sha davr uchun katta raqam edi, albatta. Bu o‘rinda butun Turkiston o‘lkasi siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotining takdiri o‘sha «rus shahri»-ning qo‘lidaligini hisobga olinsa, masala yanada oydinlashadi.
Ruslar unumdor yerlar va hukumat imtiyozlaridan foydalanib, xo‘jaliklarini ancha mustahkamlab olganlar. Ularning turmush darajasi o‘zbek dehqonlarinikiga nisbatan ancha baland bo‘lgan. Chunonchi, 1917 yili ular ixtiyorida 1.114.173 bosh qoramol bor edi. O‘lkada musulmonchilikka mutlaqo to‘g‘ri kelmaydigan cho‘chqachilik ham rivojlantirilib, 1916 yili ular 100 ming boshni tashkil etgan.
Temiryo‘llar, sanoat korxonalari, savdo-sotiqdan olinadigan daromadlar ham asosan rus hukumati va kapitalistlarining cho‘ntagiga tushgan. Zero, o‘lkadan paxta, ipak va boshqa mahsulotlarning deyarli hammasi xomashyo sifatida Rossiyaga yuborilib, u yerdan tayyor mollar keltirilgan. Buning orqasida Turkiston o‘lkasi Rossiyaning xomashyo manbaiga va tayyor mahsulotlar bozoriga aylandi.
Shu sababli ruslar tajovuzlarining dastlabki yillarida boshlangan mustaqillik uchun kurash Turkistonda Rossiya hukmronligi davrida ham tuxtamadi, davom etaverdi. Buhol 1892, 1898 va 1916 yillarda ko‘tarilgan milliy-ozodlik harakatlarida o‘z ifodasini topdi.
Hamid Ziyeyov
X asrning oxiri va XI asrning boshlarida Xorazm va Buxoro ilmiy muhitida antik davr yunon falsafasi hamda tabiiy fanlar merosini qayta ko‘rib chiqishga bo‘lgan qiziqish nihoyatda kuchaydi. Aristotelning “Osmon va olam haqida” hamda “Fizika” asarlaridagi ayrim xulosalar o‘sha davr tadqiqotchilari tomonidan so‘zsiz haqiqat sifatida qabul qilinayotgan bir paytda, taxminan 24–26 yoshlardagi Beruniy antik muallifning ayrim qarashlarini amaliy kuzatuv va matematik mantiq yordamida shubha ostiga oldi. Beruniy o‘z e’tirozlari va savollarini xat orqali Buxoroda yashab ijod qilayotgan, o‘sha vaqtda 17–19 yoshlarda bo‘lgan Ibn Sinoga yubordi. Ushbu tarixiy muloqotning bizgacha yetib kelgan matni Ibn Sinoning Beruniy tomonidan berilgan savollarga qator javoblaridan iborat. Manbashunos va sharqshunos Yu.Zavadovskiy ushbu qo‘lyozma matnini rus tiliga o‘girgan va u ilk bor 1957 yilda Toshkentda nashr etilgan. Keyinchalik, 1973 yilda Beruniy tavalludining 1000 yillik yubileyi munosabati bilan falsafa fanlari nomzodi A.Sharipov tomonidan tayyorlangan qayta nashrda ushbu yozishmalarning ilmiy ahamiyati yanada aniqroq yoritilgan.
Beruniyni Aristotel ta’limotidagi ba’zi fizik qoidalarning kuzatuv va tajribaga zid kelishi alohida tashvishga solgan edi. Xususan, “Fizika” bo‘limiga oid savollar orasida moddalarning nur sindirishi va issiqlik yig‘ish xususiyatiga oid aniq tajriba bayon qilinadi. Xorazmlik olim dumaloq va shaffof shisha idishni olib, uni suv bilan to‘ldirganda u billur lupa kabi quyosh nurlarini bir nuqtaga to‘plab, alanga oldirish xususiyatiga ega bo‘lishini ko‘rsatib o‘tadi. Agar ushbu idish suv o‘rniga havo bilan to‘ldirilsa, hech qanday nur yig‘ilmaydi va olov hosil bo‘lmaydi. Beruniy Ibn Sinoga murojaat qilib, suvning bunday o‘ziga xos ta’sir ko‘rsatishi sababini va nega aynan suv mavjud bo‘lganda nurlar to‘planishini so‘raydi. Sharqshunos A.Sharipov tadqiqotlarida ta’kidlanganidek, bu kabi savollar Beruniyning shunchaki nazariy mulohaza yuritmagani, balki aniq fizik hodisalarni tajribada tekshirib ko‘rganini tasdiqlaydi.
Ibn Sino Beruniyning bu savoliga javob berar ekan, suvning tabiatan tiniq, zich va silliq jism ekanini, shu sababli u o‘zidan o‘tayotgan nurni akslantirish va qaytarish xususiyatiga egaligini tushuntiradi. Optimika masalalarida olimlar o‘rtasidagi bahs Platon va Aristotel maktablarining qarashlarini qiyoslash darajasigacha yetib boradi. Ibn Sino ko‘rish jarayoni ko‘zdan nur chiqishi orqali yuz bermaydi degan Aristotel pozitsiyasini himoya qiladi va bu borada Platon qarashlaridan farqli yondashuvni ilgari suradi.
Beruniyning yana bir e’tiborga loyiq tajribaviy savoli suv va muzning zichligi hamda og‘irligi o‘rtasidagi munosabatga bag‘ishlangan. Aristotel nazariyasiga ko‘ra, sovuq va toshsimon qattiq shaklga ega bo‘lgan muz o‘z mohiyatiga ko‘ra tuproq elementiga yaqinroq bo‘lishi va suv tubiga cho‘kishi kerak edi. Lekin Beruniy amaliyotda muzning suv yuzida suzib yurishini ko‘rib, bu hodisaning fizik sababini so‘raydi. Ibn Sino o‘z javobida suv muzlagan paytda uning tarkibida havo zarralari qotib qolishini va aynan shu suyuqlik ichidagi havo pufakchalari muzni suv tubiga cho‘kishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidlaydi. Yu.Zavadovskiy tomonidan o‘rganilgan ushbu ommaviy munozara o‘sha davr uchun moddalarning fizik holati va termodinamika boshlang‘ich tushunchalari bo‘yicha muhim qadam edi.
Kosmologiya va fazoviy geometriya sohasida ham Beruniy Aristotel da’volarini jiddiy sinovdan o‘tkazadi. Aristotel fazoda osmon sferasi og‘irlikka ham, yengillikka ham ega emas, chunki u markazga yoki markazdan atrofga harakat qilmaydi deb hisoblar edi. Beruniy esa xayoliy tafakkur nuqtayi nazaridan osmon jismi eng og‘ir jismlardan biri bo‘lishi mumkinligini, uning markazga tushmasligi uning vaznsizligini anglatmasligini ilgari suradi. Shuningdek, Beruniy fazo shakli borasida ham to‘xtalib, osmon sferasi mukammal sharsimon bo‘lishi shartligi, u tuxumsimon yoki yasmiqsimon shaklda ham bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi. Ibn Sino esa geometriya va fizika dalillarini keltirib, agar sfera sharsimon bo‘lmasa, uning harakati paytida bo‘shliq hosil bo‘lishi zaruriyatini isbotlashga urinadi.
Aristotelning fazoda olamning o‘ng va chap tomonlari haqidagi qarashlari ham Beruniyning keskin tanqidiga uchraydi. Aristotel jismning o‘ng tomoni harakat boshlanadigan joy deb ta’rif berib, keyinchalik Osmon harakati sharqdan boshlanadi, demak Sharq – bu o‘ng tomon degan xulosa chiqargan edi. Beruniy bunday xulosa chiqarish logikada “mantiqiy aylana” xatoligiga olib kelishini ko‘rsatib o‘tadi. Ibn Sino o‘z javobida Aristotel osmon sferasini tirik jism sifatida tasavvur qilganini aytib, antik muallif mantig‘ini himoya qilishga harakat qiladi.
Ushbu yozishmalar matni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining 2385-raqamli qo‘lyozmalar fondida saqlanib qolgan. Mazkur manbaning bizgacha yetib kelishida xatlarni ko‘chirib yozgan faqih Ma’sumiyning xizmati borligi xat oxiridagi qaydlarda eslatib o‘tiladi. Yu.Zavadovskiy va A.Sharipov tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, XI asr boshidagi bu ilmiy bahs nafaqat ikki mutafakkirning shaxsiy muloqoti, balki Turonda tabiatshunoslik fanlari va kuzatuv tajribalariga asoslangan yangi ilmiy uslub shakllanganining tarixiy isbotidir.
Beruniy va Ibn Sino o‘rtasidagi yozishmalar X-XI asrlarda Xorazm va Buxoroda shakllangan ilmiy tafakkur darajasi antik davr falsafasini shunchaki o‘zlashtirish bilan cheklanmay, uni aniq tajriba va mantiqiy tahlil vositasida tanqidiy qayta ko‘rib chiqish bosqichiga ko‘tarilganini anglatadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati