Sayt test holatida ishlamoqda!
26 Avgust, 2026   |   13 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:18
Quyosh
05:43
Peshin
12:25
Asr
17:09
Shom
19:10
Xufton
20:30
Bismillah
26 Avgust, 2026, 13 Rabi`ul avval, 1448

Qur’oni karimda nimalar harom qilingan?

04.07.2018   27630   5 min.
Qur’oni karimda nimalar harom qilingan?

Qur’oni karimning Moida surasida bunday deyilgan: “Sizlarga o‘limtik, qon, cho‘chqa go‘shti, Allohdan boshqaning nomi ila so‘yilgan, bo‘g‘ilib o‘lgan, urib o‘ldirilgan, yiqilib o‘lgan, suzib o‘ldirilgan, yirtqich yegan hayvonlar harom qilindi. Faqat (o‘lmay turib) so‘yib olsangiz (halol). Va butlarga atab so‘yilgan hayvonlar ham, cho‘plar ila fol ochishingiz ham harom qilindi. Bunday qilishingiz fosiqlikdir… Kim gunohga moyil bo‘lmagan holida ochlikda muztar bo‘lsa, albatta,
Alloh mag‘firatli va rahmlidir” (3-oyat). Alloh taolo bandalariga ko‘plab ne’matlarni tanovul qilishni halol qilib qo‘ygan, barchasining asli halol. Modomiki, harom narsa aralashmasa, iste’mol qilinaveradi. Inson shaxsi yoki amalining unga ta’siri yo‘q. Misol uchun, nonni olaylik. Uning bug‘doyini kim ekkan, kim o‘rgan, qanday yanchilgan yoki qanday qilib nonga aylantirilgan – bularning ahamiyati yo‘q, hammasi iste’mol qilinaveradi. Ammo, go‘sht mahsulotlari haqida bunday deb bo‘lmaydi. Chunki go‘sht tirik hayvondan olinadi. Tirik jonivorni go‘shtga aylantirish jarayoni va undagi niyat hamda e’tiqod uning halol yoki haromga aylanishiga sabab bo‘ladi. Shuning uchun ham, bu jarayonga, ya’ni, tirik hayvonni go‘shtga aylantirish jarayoniga shariatda alohida e’tibor beriladi. Bir qancha shartlar qo‘yiladi. O‘sha shartlar vujudga kelgandagina o‘sha hayvon go‘shti halol hisoblanib, iste’moliga ruxsat beriladi. Bu shartlarning boshida hayvonning jonini chiqarish paytida unga jon bergan Alloh nomini
zikr qilish turadi. Bu ish qilinmasa, katta ma’naviy jinoyat sodir bo‘lgan bo‘ladi, shu sababli uning go‘shti haromga aylanadi. Ushbu oyatda go‘shti haromga aylanib qoladigan hayvonlardan bir necha toifasi zikr etilgan. O‘limtik (o‘zi o‘lib qolgan hayvon), hayvon so‘yilganda undan oqadigan qon va cho‘chqa go‘shti shular jumlasidandir. Bularning harom qilingani hikmatlari, tibbiy sirlari haqida «Baqara» surasi tafsirida batafsil so‘z yuritilgan. «Allohdan boshqaning nomi ila so‘yilgan» hayvon go‘shtining ham harom bo‘lishi, oldin aytganimizdek, uning iymon taqozosiga to‘g‘ri kelmaganidandir, uni yaratgan va unga jon bergan Zot nomini qo‘yib,
boshqaning nomi ila so‘yilganidandir. «Bo‘g‘ilib o‘lgan» hayvon bo‘g‘ilish oqibatida o‘lgan bo‘lsa, go‘shti haromdir. Unga ham Allohning nomi aytilmagan, ham qoni ichiga tarqab, go‘sht zararli holga kelgan bo‘ladi. «Urib o‘ldirilgan» hayvonda ham avvalgi holdagi hikmat tufayli haromlik hukmi bor. Biror hayvonni tosh, yog‘och yoki shunga o‘xshash narsalar bilan urib o‘ldirilgan bo‘lsa, uning go‘shti haromga aylanadi. «Yiqilib o‘lgan»ga kelsak, tog‘danmi, baland joydanmi yiqilib o‘lgan hayvonlarning go‘shti ham
harom sanaladi. «Suzib o‘ldirilgan» – ikki hayvon bir-biri bilan suzishsayu, biri o‘lib qolsa, uning go‘shti ham haromdir. «Yirtqich yegan hayvon harom qilindi». Ya’ni, bir yirtqich hayvon mazkur go‘shti halol hayvonga hujum qilib yesa, o‘ldirsa, undan ortib qolgan go‘sht harom hisoblanadi. «Magar (o‘lmay turib) so‘yib olsangiz (halol)» Mazkur holatlarga duchor bo‘lgan hayvonlar o‘lmay turib so‘yib yuborilsa, go‘shti halol bo‘ladi. «Butlarga atab so‘yilgan hayvonlar ham».

Johiliy arablarning turli butlari bo‘lib, ularga atab jonliq so‘yishar va qonini o‘sha butlarga surtishar edi. Bunday hayvonlarning go‘shti, garchi Allohning nomini aytib so‘yilgan bo‘lsa ham, butlarga atalgani uchun haromdir. Oyat davomida katta ma’naviy harom ish ham zikr etilgan: «cho‘plar ila fol ochishingiz ham harom qilindi».
Johiliyat davrida butxonalarda xizmat qiluvchi kohinlar huzurida bir maxsus idishda uchta yoki yettita cho‘p turar edi. Ularga turli iboralar,
jumladan, «Robbim buyurdi» yoki «Robbim qaytardi» degan iboralar yozilgan bo‘lardi. Biror ishni qilish yoki qilmaslikda ikkilangan odam kohinga u-bu narsa berib, fol ochishni so‘rardi. Shunda kohin idishdagi cho‘plarni aralashtirib, fol ochiruvchiga tutar, u idishdagi cho‘plardan birini tortganda «Robbim buyurdi» deb yozilgan cho‘p chiqsa, ishni qilishga, «Robbim qaytardi» deb yozilgani chiqsa, ishni qilmaslikka amr etar edi. Boshqa cho‘p chiqsa, yana pul olib, qaytadan fol ochardi. Xuddi shu uslub qimorning bir turida ham qo‘llanar edi. Bularning hammasi harom qilindi. «Bunday qilishingiz fosiqlikdir». Alloh harom qilgan ishlarni qilishingiz fosiqlik, ya’ni, din amridan chiqishdir. Yuqoridagi hukmlarda ayrim holatlardagi go‘shtlarning harom ekani ta’kidlangan edi. Oxirgi jumlada esa, istisno tariqasida muztarlik (zaruratlik) holatida hukm nima bo‘lishi o‘rgatilmoqda. Ya’ni, aytaylik, inson ochlikdan muztar bo‘ldi – qiyin holga tushib qoldi, yegani ovqati yo‘q, faqat harom qilingan go‘shtlar bor, xolos. Bular harom, deb ulardan iste’mol qilmasa, halok bo‘ladi.

Nima qilishi kerak? Mana shunday holda, gunohga moyil bo‘lmagan holda, ya’ni, o‘zini halokatdan saqlab qoladigan miqdorda o‘sha harom narsadan iste’mol qilsa, bo‘ladi. Nochorlikdan qilingan bu ish uchun Alloh uni malomat qilmaydi, jazoga tortmaydi. Zotan, Alloh mag‘firatli va rahmli Zotdir.

 

manba: xadicha.uz

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imomlar 11 ming nafardan ziyod o‘quvchiga maktab forma va o‘quv qurollari hadya qilishdi

26.08.2026   2246   1 min.
Imomlar 11 ming nafardan ziyod o‘quvchiga maktab forma va o‘quv qurollari hadya qilishdi

Mustaqilligimizning 35 yillik ayyomi hamda yangi o‘quv yili munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi Masjidlar bilan ishlash bo‘limi tomonidan yurtimiz bo‘ylab keng ko‘lamli xayriya tadbirlari o‘tkazildi.

Mazkur xayrli tashabbus asosida Respublikamizda faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjid xodimlari ishtirokida 11 144 nafar kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga maktab formalari va o‘quv qurollari beg‘araz hadya qilindi.

Ushbu aksiya doirasida ajratilgan ko‘makning umumiy miqdori 4 milliard 929 million 995 ming so‘mni tashkil etdi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – yosh avlodning sifatli ta’lim olishiga ko‘maklashish, ularni yangi o‘quv yiliga munosib tayyorlash hamda qalblarida bayram quvonchi ulashishdir.

Istiqlol bayrami arafasida amalga oshirilayotgan bunday xayriya tadbirlari yurtimizda inson qadri, bolalar manfaatlari va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotganining amaliy namunasi, deyish mumkin.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati

Imomlar 11 ming nafardan ziyod o‘quvchiga maktab forma va o‘quv qurollari hadya qilishdi Imomlar 11 ming nafardan ziyod o‘quvchiga maktab forma va o‘quv qurollari hadya qilishdi Imomlar 11 ming nafardan ziyod o‘quvchiga maktab forma va o‘quv qurollari hadya qilishdi Imomlar 11 ming nafardan ziyod o‘quvchiga maktab forma va o‘quv qurollari hadya qilishdi Imomlar 11 ming nafardan ziyod o‘quvchiga maktab forma va o‘quv qurollari hadya qilishdi
Yangiliklar