Ko‘pchiligimiz ertayu kech duo qilishimizga qaramay, nega Alloh taolo duolarimizni ijobat qilmayapti? Vaholanki, sayyidimiz Yunus alayhissalom hutning qornida turib duo qilganlarida, Alloh taolo u kishining duolarini tezda ijobat qilgan-ku!
Quyida duo ijobat bo‘lishi uchun lozim bo‘lgan shartlarni keltirib o‘tamiz.
Og‘irligi 100 tonnadan og‘irroq bo‘lgan ulkan hut sizni yutib yuborishini va siz zulmat ichida qolishingizni hech o‘ylab ko‘rganmisiz?
Agar shunday vaziyat boshingizga tushsa, nima qilardingiz?
Kimga nido qilardingiz?
Siz nido qilayotganingiz Zot ijobatga qodirligini tasavvur qilasizmi?
Yunus alayhissalomning qissalari haqida o‘ylab ko‘rganimda, uni bugungi kunimizga solishtirganimda ushbu savollar xayolimga keldi.
Muammolarimizni hal etishning eng muhim yo‘li – duodir. Ko‘p duo qilamiz. Lekin tez ijobat bo‘lmaydi. Bunga sabab ixlosning yo‘qolganidir.
Azizlar! Duoning ikkita muhim sharti bor: ixlos, amal.
Ixlos – duo qilayotgan paytimizda butun qalbimiz va aqlimiz bilan Alloh taologa yuzlanishimizdir. Bu martabaga yetishimiz uchun amallarimiz, tasarrufotlarimiz, gaplarimizga qarashimiz kerak. Xo‘sh, ular Alloh buyurganidekmi? Alloh rozi bo‘ladigan tarzdami? Amalimiz bilan Allohning roziligini ko‘zlayapmizmi?
Amalga kelsak, biz Xoliq taoloning nidosiga "labbay" deb ijobat qilamiz. O‘qiymiz, borliq, tabiat va nafs sirlarini o‘rganamiz. Ana shunda ilmiy yo‘l haqida o‘ylaymiz. O‘sha ilmiy yo‘l orqali o‘z nafsimizni rivojlantiramiz, o‘stiramiz. Natijada, amallarimiz Alloh uchun, Alloh buyurgani uchun bo‘ladi. Ana o‘shanda, Alloh xohlasa, duo ijobat bo‘ladi.
Lekin bugungi kundagi muammo shuki, ko‘plab musulmonlar ixlos va amalni yo‘qotdilar. Ularda duo qabul bo‘lishining tashqi shartlari qoldi. Lekin asosiysi qalbdir! Alloh taolo bizning shakllarimizga, suratlarimizga qaramaydi, balki, qalblarimizga nazar soladi.
Qalblarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning qalblaridek pokmi?!
Biz ikki olam sarvari sollallohu alayhi vasallamdek tavoze’limizmi?!
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdek faqirlarga, miskinlarga yaqinlashyapmizmi?!
Voqealardan ta’sirlanishimiz qay darajada? Allohning g‘azabi keladigan ishlarga bizning ham g‘azabimiz kelib, Alloh rozi bo‘ladigan ishlardan biz ham rozi bo‘lyapmizmi?!
Iymondosh birodarlarimizning qiynalayotganini ko‘rganda biz ham qiynalamizmi? Yoki bu mashaqqatni his qilmaymizmi?
Allohga qasamki, agar musulmonlar Nabiy sollallohu alayhi vasallamning hadislaridan bittasini hayotlariga tatbiq etganlarida edi, insonlarning eng baxtlisi, eng kuch-quvvatlisi bo‘lardilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Sizlardan biringiz to o‘zi uchun yaxshi ko‘rgan narsani birodari uchun ham yaxshi ko‘rmaguncha komil mo‘min bo‘lolmaydi” deganlar.
Aytingchi, chindan ham o‘zingizga ravo ko‘rgan narsani birodaringiz uchun ham ravo ko‘rasizmi? Afsuski, unday bo‘lmay qolyapti. Bugungi kunda g‘arb olamidagilar bu qoidaga amal qilishyapti. Ular dunyoviy foydani qo‘lga kiritish ilinjida bir-birlari bilan hamkorlik qiladilar. Biz Alloh taoloning rozili uchun bir-birimiz bilan hamkorlik qila olmaymizmi?!
Yunus alayhissalomning boshlaridan o‘tgan voqeani o‘qiganimda mana shu narsalar mening esimga keladi.
U kishini kechqurun dengizga tashlanganida, bir hut yutib yubordi. U zot bir muddat bir nechta zulmat ichida yashadilar. Bular – kechaning zulmati, dengizning zulmati, hut qornining zulmati. Lekin shunday ahvolda ham Alloh taoloni unutmadilar. U kishi hutning ichida Allohga tasbeh aytar va ixlos bilan nido qilar edilar. Alloh taolo Qur’oni Karimda bu haqida shunday degan:
وَذَا النُّونِ إِذ ذَّهَبَ مُغَاضِباً فَظَنَّ أَن لَّن نَّقْدِرَ عَلَيْهِ فَنَادَى فِي الظُّلُمَاتِ أَن لَّا إِلَهَ إِلَّا أَنتَ سُبْحَانَكَ إِنِّي كُنتُ مِنَ الظَّالِمِينَ
“Zunnunni esla. O‘shanda u g‘azablangan holda chiqib ketgan edi. Bas, u Bizni o‘ziga (yer yuzini) tor etmaydi, deb gumon qildi. Zulmatlarda turib, Sendan o‘zga Iloh yo‘q, Sen poksan, albatta, men zolimlardan bo‘ldim, deb nido qildi”. (Zunnundan murod Yunus alayhissalomdir. «Nun» baliq degani, Zunnun esa, baliq egasi degani. Yunus alayhissalomni dengizda baliq yutib yuborgan, keyin qirg‘oqqa kelib, Allohning amri bilan chiqarib tashlangan. Shuning uchun Zunnun–baliq egasi, laqabini olganlar. U zotning qissalari As-Saffot surasida keladi. Ammo bu surada siyoqqa mos ravishda qisqacha bayon qilinmoqda. Yunus alayhissalom qavmlarining qilmishlaridan g‘azablanib, yurtlarini tashlab chiqib ketdilar. Ulamolarimiz aytishlaricha, aslida u kishi boshqa Payg‘ambarlarga o‘xshab sabr qilishlari, Allohning amrini kutishlari kerak edi. Ammo bunday qilmadilar. Qavmlariga zarda qilib, yurtlaridan chiqib ketdilar. So‘ngra Alloh taolo, u kishini baliqqa yuttirib, sinovga uchratdi. Ana o‘shanda, «zulmatlarda turib», ya’ni kecha zulmati, dengiz osti zulmati va baliq qorni zulmatida turib, Alloh taologa yolborib: «Sendan o‘zga Iloh yo‘q, Sen poksan, men zolimlardan bo‘ldim, deb nido qildi».) (Anbiyo surasi, 87-oyat).
Ushbu oyatda kelgan duo – mashaqqatga uchragan, g‘amga botgan paytda aytiladigan duodir!
Azizlarim! Bugungi kunda barchamiz ushbu duoni ko‘p esga olishimiz, ko‘p aytishimiz kerak. Shoyadki Alloh taolo bizdan turli muammolarni, zararlarni, g‘amlarni aritib, har bir insonga so‘ragan narsasini bersa!
Alloh taolo mazkur duoning ortidanoq uni ijobat qildi va Yunus alayhissalomni g‘amdan qutqardi. Nega? Chunki, u kishi Allohga haqiqiy ma’noda iymon keltirgan, ixlosli mo‘min edilar. Alloh taolo yuqoridigi oyatning davomida shunday degan:
فَاسْتَجَبْنَا لَهُ وَنَجَّيْنَاهُ مِنَ الْغَمِّ وَكَذَلِكَ نُنجِي الْمُؤْمِنِينَ
“Bas, Biz uning (duosini) ijobat qildik. Unga g‘amdan najot berdik. Mo‘minlarga shunday najot berurmiz” (Anbiyo surasi, 88-oyat).
Yuqoridagi surat National Geographic saytida e’lon qilingan bo‘lib, unda insonning yonida turgan hutni haqiqiy kattalikda ko‘rishimiz mumkin. Shu o‘rinda yana Yunus alayhissalomning qissalarini eslagim keldi. Bu rasmdagi hutga, uning og‘zi qanchalik kattaligiga qarang. Bu hut yonida turgan insonni osonlik bilan yutib yuborishi mumkin. Lekin sayyidimiz Yunus alayhissalom “Sendan o‘zga Iloh yo‘q, Sen poksan, men zolimlardan bo‘ldim” deb tasbeh aytuvchilardan edilar. Mana shu tasbehlari u kishining g‘amdan qutulishlariga sabab bo‘ldi. Alloh taolo darhol u bandasiga najot berdi va hutning og‘zidan tashqariga chiqardi.
“Bas, Biz uning (duosini) ijobat qildik. Unga g‘amdan najot berdik. Mo‘minlarga shunday najot berurmiz”.
Do‘stlarim! Siz o‘z muammolaringiz va g‘amlaringizni hutning qornidagi Yunus alayhissalomning g‘amlaridan kattaroq deb o‘ylaysizmi?! Albatta, ushbu solih bandasiga duosining barakasi bilan muammodan najot bergan Zot bizga ham har qanday muammodan najot berishga qodirdir! Lekin bir sharti bor:
لَا إِلَهَ إِلَّا أَنْتَ سُبْحَانَكَ إِنِّي كُنْتُ مِنَ الظَّالِمِينَ
“Laa ilaaha illaa anta. Subhaanaka. Inniy kuntu minaz zoolimiyn”
(«Sendan o‘zga Iloh yo‘q, Sen poksan, men zolimlardan bo‘ldim») duosini ko‘p qilishimiz kerak.
Alloh taologa barcha musulmonlarni g‘amdan qutqarishini so‘rab duo qilamiz. Albatta, U barcha narsaga qodirdir!
Abduddoim Kahelning maqolasini
Nozimjon Iminjonov tarjima qildi
Makkada Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha 46-xalqaro tanlov boshlandi.
IQNA "Saudi Gazette" nashriga tayanib xabar berishicha, payshanba kuni Makkada Qur’oni karimni yod olish, o‘qish va sharhlash bo‘yicha qirol Abdulaziz nomidagi 46-xalqaro tanlov boshlandi.
Oltinchi rabiulavvalga (19 avgustga to‘g‘ri keladi) qadar davom etadigan musobaqada 133 mamlakatdan jami 334 nafar erkak va ayollar ishtirok etmoqda, bu ushbu musobaqa tarixidagi eng katta vakillikdir.
Musobaqaning maqsadi "musulmon yoshlarni Qur’oni Karimni yod olish, anglash va mushohada qilishga undash, shuningdek, halol raqobatni yaratishdan iborat."
Tanlov beshta toifani o‘z ichiga oladi va umumiy sovrinlar miqdori 10 260 000 Saudiya rialini tashkil etadi - bu tanlov ta’sis etilganidan beri eng yuqori sovrin jamg‘armasi.
Avvalroq ushbu musobaqada O‘zbekiston sharafini quyidagilar himoya qilishi xabar qilingandi:
Muhammadabror qori Yunusxonov («Mir Arab» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muhammadamin qori Olimjonov («Sayyid Muhyiddin maxdum» o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi);
Zilolaxon Farhodova (Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti talabasi) — (To‘liq Qur’on hifzi);
Muxtasarxon Muhammadjonova («Xadichai Kubro» ayol-qizlar o‘rta maxsus islom bilim yurti talabasi) — (15 pora hifzi).
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati