Jajjigina qizaloq mahzun musofirga qarab jilmayib qo‘ydi. Bu mayin jilmayish musofirning ko‘nglini chog‘ qildi va bir vaqtlar o‘ziga yordam bergan do‘stiga minnatdorchilik bildirib qo‘yishi lozimligini xotirlatdi.
Darhol bir SMS yozib unga jo‘natdi. Do‘sti bu tashakkurnomadan shu qadar xursand bo‘ldiki, har kuni tushlik qiladigan restoranda xizmat ko‘rsatadigan ofitsiant qizga xiylagina hadya qoldirib ketdi. Ofitsiant qiz umri bino bo‘lib birinchi marta bunday katta hadya olayotgan edi. Kechqurun uyiga qaytarkan, qo‘liga tushgan pulning bir qismini har zamon ko‘cha boshida o‘tiradigan faqir odamning kepkasiga tashladi.
Faqr odam shu qadar ko‘p pulni ko‘rib shunchalar minnatdor bo‘ldiki, ikki kundir tomog‘idan bir luqma taom o‘tmagan edi. Qornini ilk daf’a rosmana to‘ydirdi, ko‘pqavatli uyning podvalidagi bittagina xonasiga olib boradigan yo‘ldan masrurona yurib keldi, kayfiyati shu qadar chog‘ ediki, sovuqda angillab diydirab turgan kuchuk bolasini ko‘rib qolgani zahoti uni ko‘tarib oldi.
Kuchukvachcha kechaning sovug‘idan qutulganidan xursand edi. Issiqqina xonada saharga qadar chopqillab o‘ynadi. Tunning yarmida uyni tutun qopladi, yong‘in boshlangan edi. Tutunni ko‘rgan kuchukcha shu qadar baland ovozda hura boshladiki, uning ko‘targan shovqinidan dastlab faqir odam uyg‘ondi. Keyin barcha qavatlardagi xonadondagilarni uyg‘otdi. Ota-onalar tutundan bug‘ilishiga sal qolgan farzandlarini quchoqlab, o‘limdan qutqarib qoldilar. Ularning hammasi bir tiyinlik moddiy qiymati bo‘lmagan bir tabassum sharofati edi.
O‘MI Matbuot xizmati
Qashqadaryo viloyatida masjid va muqaddas qadamjolarni obod etish hamda yangi ma’rifat maskanlarini barpo etish bo‘yicha xayrli ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Ana shunday bunyodkorlik loyihalaridan biri sifatida Qarshi shahridagi tarixiy «Xonaqoh» jome masjidini yangi binosini qurishga kirishildi. Joriy yilning 3 avgust kuni ushbu qurilish ishlariga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qashqadaryo viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov hamda mahalliy nuroniylar ishtirok etib, yangi binoning birinchi g‘ishtini qo‘ydilar.
Marosim yakunida yig‘ilganlar yurt tinchligi, el farovonligi va masjid qurilishi xayrli yakunlanishini tilab duo qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati