Jajjigina qizaloq mahzun musofirga qarab jilmayib qo‘ydi. Bu mayin jilmayish musofirning ko‘nglini chog‘ qildi va bir vaqtlar o‘ziga yordam bergan do‘stiga minnatdorchilik bildirib qo‘yishi lozimligini xotirlatdi.
Darhol bir SMS yozib unga jo‘natdi. Do‘sti bu tashakkurnomadan shu qadar xursand bo‘ldiki, har kuni tushlik qiladigan restoranda xizmat ko‘rsatadigan ofitsiant qizga xiylagina hadya qoldirib ketdi. Ofitsiant qiz umri bino bo‘lib birinchi marta bunday katta hadya olayotgan edi. Kechqurun uyiga qaytarkan, qo‘liga tushgan pulning bir qismini har zamon ko‘cha boshida o‘tiradigan faqir odamning kepkasiga tashladi.
Faqr odam shu qadar ko‘p pulni ko‘rib shunchalar minnatdor bo‘ldiki, ikki kundir tomog‘idan bir luqma taom o‘tmagan edi. Qornini ilk daf’a rosmana to‘ydirdi, ko‘pqavatli uyning podvalidagi bittagina xonasiga olib boradigan yo‘ldan masrurona yurib keldi, kayfiyati shu qadar chog‘ ediki, sovuqda angillab diydirab turgan kuchuk bolasini ko‘rib qolgani zahoti uni ko‘tarib oldi.
Kuchukvachcha kechaning sovug‘idan qutulganidan xursand edi. Issiqqina xonada saharga qadar chopqillab o‘ynadi. Tunning yarmida uyni tutun qopladi, yong‘in boshlangan edi. Tutunni ko‘rgan kuchukcha shu qadar baland ovozda hura boshladiki, uning ko‘targan shovqinidan dastlab faqir odam uyg‘ondi. Keyin barcha qavatlardagi xonadondagilarni uyg‘otdi. Ota-onalar tutundan bug‘ilishiga sal qolgan farzandlarini quchoqlab, o‘limdan qutqarib qoldilar. Ularning hammasi bir tiyinlik moddiy qiymati bo‘lmagan bir tabassum sharofati edi.
O‘MI Matbuot xizmati
Buyuk Britaniyaning nufuzli “The Telegraph” gazetasida “Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab noyob sarguzasht” sarlavhali maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab sayohat qilish O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi eng muhim tarixiy-madaniy turizm yo‘nalishlaridan biri sifatida namoyon etishi ta’kidlangan. Xususan, asrlar davomida xalqaro savdo, madaniy almashinuv va sivilizatsiyalar kesishmasi bo‘lib kelgan Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlariga alohida e’tibor qaratilgan.
“Salobatli minoralar, nafis gumbazlar va jozibali mozaikalar qatorida Xivadagi Toshhovli saroyi, Buxorodagi Kalon masjidi, Samarqanddagi Registon maydoni va Bibixonim masjidi Buyuk ipak yo‘lining haqiqiy ramzlari sifatida yaqqol ajralib turadi ”, — deb yozgan maqola mualliflari.
Nashrda qayd etilishicha, qadimiy arxitektura ansambllari, masjid va madrasalar, an’anaviy bozorlar va betakror mozaikalar O‘zbekistonning boy tarixiy merosini o‘zida aks ettiradi. Mamlakatning sayyohlik jozibasi tarixiy yodgorliklar, milliy an’analar, hunarmandchilik san’ati, boy gastronomiya va xalqning samimiy mehmondo‘stligiga asoslangani ta’kidlangan.
Maqola yakunida O‘zbekiston xalqaro turizmni yanada rivojlantirish va Buyuk ipak yo‘lining asosiy turistik markazlaridan biri sifatidagi mavqeini mustahkamlash uchun ulkan salohiyatga ega ekani e’tirof etilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati