Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Sentabr, 2026   |   26 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:35
Quyosh
05:56
Peshin
12:21
Asr
16:52
Shom
18:49
Xufton
20:06
Bismillah
08 Sentabr, 2026, 26 Rabi`ul avval, 1448

Tabassum

27.06.2018   8594   1 min.
Tabassum

Jajjigina qizaloq mahzun musofirga qarab jilmayib qo‘ydi. Bu mayin jilmayish musofirning ko‘nglini chog‘ qildi va bir vaqtlar o‘ziga yordam bergan do‘stiga minnatdorchilik bildirib qo‘yishi lozimligini xotirlatdi.

Darhol bir SMS yozib unga jo‘natdi. Do‘sti bu tashakkurnomadan shu qadar xursand bo‘ldiki, har kuni tushlik qiladigan restoranda xizmat ko‘rsatadigan ofitsiant qizga xiylagina hadya qoldirib ketdi.  Ofitsiant qiz umri bino bo‘lib birinchi marta bunday katta hadya olayotgan edi. Kechqurun uyiga qaytarkan, qo‘liga tushgan pulning bir qismini har zamon ko‘cha boshida o‘tiradigan faqir odamning kepkasiga tashladi. 

Faqr odam shu qadar ko‘p pulni ko‘rib shunchalar minnatdor bo‘ldiki, ikki kundir tomog‘idan bir luqma taom o‘tmagan edi. Qornini ilk daf’a rosmana to‘ydirdi, ko‘pqavatli uyning podvalidagi bittagina xonasiga olib boradigan yo‘ldan masrurona  yurib keldi, kayfiyati shu qadar chog‘ ediki, sovuqda angillab diydirab turgan kuchuk bolasini ko‘rib qolgani zahoti uni ko‘tarib oldi.

Kuchukvachcha kechaning sovug‘idan qutulganidan xursand edi. Issiqqina xonada saharga qadar chopqillab o‘ynadi. Tunning yarmida uyni tutun qopladi, yong‘in boshlangan edi. Tutunni ko‘rgan kuchukcha shu qadar baland ovozda hura boshladiki, uning ko‘targan shovqinidan dastlab faqir odam uyg‘ondi. Keyin barcha qavatlardagi xonadondagilarni uyg‘otdi. Ota-onalar tutundan bug‘ilishiga sal qolgan farzandlarini quchoqlab, o‘limdan qutqarib qoldilar. Ularning hammasi bir tiyinlik moddiy qiymati bo‘lmagan bir tabassum sharofati edi.

 

O‘MI Matbuot xizmati

Ibratli hikoyalar
Boshqa maqolalar

Ozarbayjonlik jurnalistlar Samarqanddagi Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi

21.08.2026   58237   1 min.
Ozarbayjonlik jurnalistlar Samarqanddagi Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qildi

"Report" xabariga ko‘ra, tashrif O‘zbekiston bo‘ylab media-tur doirasida bo‘lib o‘tdi.

Imom Buxoriy maqbarasi Samarqand viloyatidagi eng muhim ma’naviy va tarixiy obidalardan biridir.

Tashrif davomida Ozarbayjon ommaviy axborot vositalari vakillari Imom Buxoriy maqbarasi, masjid, muzey va kutubxona vazifasini bajaruvchi xonani o‘z ichiga olgan yodgorlik majmuasi hududi bilan tanishdi. Jurnalistlarga majmuaning yaratilish tarixi, Imom Buxoriy hayoti va ilmiy merosi, shuningdek, uning islom ilm-fanidagi alohida o‘rni haqida so‘zlab berildi.

Media-tur ishtirokchilari majmuaning muzey qismiga alohida e’tibor qaratdi. Bu yerda islom madaniyati va Imom Buxoriy merosiga oid qo‘lyozmalar va turli tarixiy materiallar taqdim etilgan. Shuningdek, muzeyda turli mamlakatlar vakillari tomonidan majmuaga sovg‘a qilingan Qur’oni karim nusxalari ham saqlanadi.

Ishtirokchilarga majmua turli mamlakatlardan kelgan dindorlar uchun ziyoratgoh va allomaning ma’naviy merosini asrab-avaylashning muhim markazi ekanligi haqida so‘zlab berildi. Jurnalistlar majmuaning me’moriy xususiyatlari va tashrif buyuruvchilar uchun yaratilgan zamonaviy infratuzilma bilan ham tanishdi.

Imom Buxoriy eng nufuzli islom ulamolaridan biri va islom an’anasidagi eng muhim hadis to‘plamlaridan biri bo‘lgan "Sahih al-Buxoriy" hadislar to‘plamining muallifi hisoblanadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Dunyo yangiliklari