Jajjigina qizaloq mahzun musofirga qarab jilmayib qo‘ydi. Bu mayin jilmayish musofirning ko‘nglini chog‘ qildi va bir vaqtlar o‘ziga yordam bergan do‘stiga minnatdorchilik bildirib qo‘yishi lozimligini xotirlatdi.
Darhol bir SMS yozib unga jo‘natdi. Do‘sti bu tashakkurnomadan shu qadar xursand bo‘ldiki, har kuni tushlik qiladigan restoranda xizmat ko‘rsatadigan ofitsiant qizga xiylagina hadya qoldirib ketdi. Ofitsiant qiz umri bino bo‘lib birinchi marta bunday katta hadya olayotgan edi. Kechqurun uyiga qaytarkan, qo‘liga tushgan pulning bir qismini har zamon ko‘cha boshida o‘tiradigan faqir odamning kepkasiga tashladi.
Faqr odam shu qadar ko‘p pulni ko‘rib shunchalar minnatdor bo‘ldiki, ikki kundir tomog‘idan bir luqma taom o‘tmagan edi. Qornini ilk daf’a rosmana to‘ydirdi, ko‘pqavatli uyning podvalidagi bittagina xonasiga olib boradigan yo‘ldan masrurona yurib keldi, kayfiyati shu qadar chog‘ ediki, sovuqda angillab diydirab turgan kuchuk bolasini ko‘rib qolgani zahoti uni ko‘tarib oldi.
Kuchukvachcha kechaning sovug‘idan qutulganidan xursand edi. Issiqqina xonada saharga qadar chopqillab o‘ynadi. Tunning yarmida uyni tutun qopladi, yong‘in boshlangan edi. Tutunni ko‘rgan kuchukcha shu qadar baland ovozda hura boshladiki, uning ko‘targan shovqinidan dastlab faqir odam uyg‘ondi. Keyin barcha qavatlardagi xonadondagilarni uyg‘otdi. Ota-onalar tutundan bug‘ilishiga sal qolgan farzandlarini quchoqlab, o‘limdan qutqarib qoldilar. Ularning hammasi bir tiyinlik moddiy qiymati bo‘lmagan bir tabassum sharofati edi.
O‘MI Matbuot xizmati
Ta’ziya
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi «Shamsuddinxon Boboxonov» nashriyot-matbaa ijodiy uyi mas’ul xodimi Bobomurod Eraliyevga ukasi Ismoil Eraliyevning vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya bildiradi.
Alloh taolo marhumning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhumning barcha yaqinlari, qarindoshlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari nomidan Bobomurod Eraliyevga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi