“Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik” (Isro, 70).
Alloh taolo odamzodni azizu mukarram qilgan, uni eng go‘zal va mukammal shaklda yaratgan. Qur’oni karimning “Tin” surasi to‘rtinchi oyatida marhamat qilinadi: “Haqiqatan, Biz insonni xushbichim (shaklda) yaratdik”. Alloh taolo odamni tik oyoqda yuradigan, qo‘li bilan ovqat yeydigan qilib yaratdi. Unga quloq, ko‘z, ko‘ngil berdi. Inson ular vositasida ko‘radi, eshitadi va narsalarni bir-biridan farqlaydi. U narsalarning yaxshisini va chiroylisini biladi. Din va dunyo ishlarida o‘ziga nima foydayu nima zarar ekanini ajrata oladi.
“Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik”. Ulamolar ushbu oyatni turlicha tafsir qilishgan. Ibn Abbosga (roziyallohu anhu) ko‘ra, insonning o‘zga jonzotlardan mukarramligi ovqatni qo‘li bilan yeyishidir.
Muhammad ibn Ka’b “Insoniyat orasidan Hazrat Muhammadning (alayhissalom) bo‘lishlari ularning mukarramliligidir”, deb tafsir qilgan bo‘lsa, Zahhokka ko‘ra, odamzod nutq va farosati bilan mukarram bo‘lgan. Mufassir Ibn Jarir Tabariy “insonlarning ko‘pchilik maxluqot ustidan hukmronlik qilishi va borliqning odamzodga bo‘ysundirilgani uning azizligidandir”, degan. Yana ayrim olimlarning tafsir qilishlaricha, insoniyat gapirishi va yoza olishi bilan boshqa maxluqlardan azizdir.
Tafsirchi Qurtubiy aytadi: “Odam bolalarining azizligiga sabab ulardagi aqldir. Zero, aql taklifning (ibodat va muomalaga layoqatning) asosidir. Inson aql bilan Alloh taoloni taniydi, Uning kalomini tushunadi, ne’matlariga erishadi, payg‘ambarlarini tasdiqlaydi. Faqat aql bandani barcha maqsadlariga yetkazolmasligi sabab payg‘ambarlar yuborilgan, kitoblar tushirilgan. Shariat bamisoli quyosh, aql esa bamisoli ko‘zdir. Ko‘z, agar sog‘lom bo‘lsa, ochilishi bilan quyoshni ko‘radi, narsalarning tafsilotlarini idrok qiladi.
Alloh taolo ba’zi hayvonlarga bergan xislatlarni, masalan, otning chopishi, eshitishi, ko‘rishi, filning kuchi, sherning shijoati kabi ba’zi xislatlarni odamzodga ham ato etgan. Ammo uning boshqa jonzotlardan afzal va aziz qilinishi, aytib o‘tganimizdek, aql sabablidir”.
“...va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik...” Ibn Abbos (roziyallohu anhu) bu oyatni “Quruqlikda eshak, xachir, ot, tuya kabi ulovlarga, dengizda esa katta-kichik kemalarga mindirib qo‘ydik”, deb tafsir qilgan. Bunga qo‘shimcha ravishda zamonaviy avtoulovlarni ham kiritish mumkin.
Alloma Faxruddin Roziy oyat tafsirida bunday yozadi: “Alloh taolo hayvonlarni insonlar minishi, yuk ortishi va boshqa shu kabi ishlarini bajarishi uchun bo‘ysundirib qo‘ygan. Shuningdek, suvlaru kemalarni ham unga minishi, yuklarini tashishi va boshqa yumushlarini bajarishi uchun odamzodga bo‘ysundirib qo‘ygan. Bularning barchasi insonning bu olamda bo‘ysuniladigan rahbar, itoat qilinadigan podshoh ekaniga, boshqa barcha borliq uning qo‘li ostida ekaniga dalolatdir”.
“...hamda ularga pok narsalardan rizq berdik” ekinlardan, go‘shtu sutlar va yana boshqa rangi va mazasi turli-tuman ne’matlardan rizq qilib berdik. Go‘zal manzaralar, turfa xil, rang-barang kiyim-kechaklardan, dunyoning turli burchaklarida yetishadigan anvoyi mevalardan rizqlarini berdik.
“...va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik...” ya’ni, boshqa maxluqot va mavjudotlardan ustun qildik.
Bizning ahli sunna val jamoa aqidamizga ko‘ra, farishtalarning payg‘ambarlaridan insonlarning payg‘ambarlari afzaldir. Oddiy mo‘minlardan farishtalarning payg‘ambarlari afzal. Oddiy farishtalardan oddiy mo‘minlar afzaldir (“Aqoid matnlari”).
Qurtubiy, Ibn Kasir va Faxruddin Roziy
tafsirlari asosida
No‘mon ABDULMAJID
tayyorladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Birlashgan Arab Amirliklari Islom ishlari va vaqflar bosh boshqarmasi hamkorligida o‘zbekistonlik imom-xatiblar uchun BAAda malaka oshirish o‘quvlari boshlandi. Bu haqda mazkur jarayonda ishtirok etayotgan Masjidlar bilan ishlash bo‘limi xabar berdi.
Mazkur o‘quv kurslarining asosiy maqsadi ikki qardosh mamlakat diniy soha vakillari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish, ilg‘or ma’rifiy yondashuvlar, zamonaviy ish usullari hamda dolzarb diniy-ijtimoiy masalalar yuzasidan fikr almashishdan iboratdir.
Safar doirasida bo‘lib o‘tgan navbatdagi ilmiy-amaliy mashg‘ulot davlatchilik asoslari, bag‘rikenglik madaniyati va zamonaviy diniy-ijtimoiy yondashuvlar mavzusiga bag‘ishlandi. Unda BAAning taraqqiyot yo‘li, qonun ustuvorligi va jamiyat barqarorligida «vasatiyya» (mo‘tadillik) tamoyilining o‘rni muhimligi ta’kidlandi. 200 dan ortiq millat va elat vakillari tinch-totuv istiqomat qilayotgan ushbu mamlakatda inson qadri va o‘zaro hurmat asosiy mezon ekaniga urg‘u berildi.
O‘z navbatida, BAA tomoni O‘zbekistonning boy sivilizatsiyasi va dunyo tamadduniga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalarimiz merosini yuksak ehtirom bilan tilga oldi.
Malaka oshirish jarayonida ishtirokchilar masjidlar faoliyatini tashkil etish, jamiyatda ma’naviy muhitni mustahkamlash, xususan, ma’ruza va suhbatlarni zamonaviy axborot texnologiyalari — interaktiv taqdimotlar va proyektorlar orqali ko‘rgazmali yetkazish bo‘yicha ilg‘or amaliyotlar bilan yaqindan tanishmoqdalar.
Tadbir davomida BAA rahbariyatining global miqyosdagi insonparvarlik va xayriya tashabbuslari ham alohida e’tirof etilib, ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va diniy soha xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan mazkur manfaatli safarni tashkil etgan mutasaddilarga samimiy minnatdorlik bildirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati