“Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik” (Isro, 70).
Alloh taolo odamzodni azizu mukarram qilgan, uni eng go‘zal va mukammal shaklda yaratgan. Qur’oni karimning “Tin” surasi to‘rtinchi oyatida marhamat qilinadi: “Haqiqatan, Biz insonni xushbichim (shaklda) yaratdik”. Alloh taolo odamni tik oyoqda yuradigan, qo‘li bilan ovqat yeydigan qilib yaratdi. Unga quloq, ko‘z, ko‘ngil berdi. Inson ular vositasida ko‘radi, eshitadi va narsalarni bir-biridan farqlaydi. U narsalarning yaxshisini va chiroylisini biladi. Din va dunyo ishlarida o‘ziga nima foydayu nima zarar ekanini ajrata oladi.
“Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik”. Ulamolar ushbu oyatni turlicha tafsir qilishgan. Ibn Abbosga (roziyallohu anhu) ko‘ra, insonning o‘zga jonzotlardan mukarramligi ovqatni qo‘li bilan yeyishidir.
Muhammad ibn Ka’b “Insoniyat orasidan Hazrat Muhammadning (alayhissalom) bo‘lishlari ularning mukarramliligidir”, deb tafsir qilgan bo‘lsa, Zahhokka ko‘ra, odamzod nutq va farosati bilan mukarram bo‘lgan. Mufassir Ibn Jarir Tabariy “insonlarning ko‘pchilik maxluqot ustidan hukmronlik qilishi va borliqning odamzodga bo‘ysundirilgani uning azizligidandir”, degan. Yana ayrim olimlarning tafsir qilishlaricha, insoniyat gapirishi va yoza olishi bilan boshqa maxluqlardan azizdir.
Tafsirchi Qurtubiy aytadi: “Odam bolalarining azizligiga sabab ulardagi aqldir. Zero, aql taklifning (ibodat va muomalaga layoqatning) asosidir. Inson aql bilan Alloh taoloni taniydi, Uning kalomini tushunadi, ne’matlariga erishadi, payg‘ambarlarini tasdiqlaydi. Faqat aql bandani barcha maqsadlariga yetkazolmasligi sabab payg‘ambarlar yuborilgan, kitoblar tushirilgan. Shariat bamisoli quyosh, aql esa bamisoli ko‘zdir. Ko‘z, agar sog‘lom bo‘lsa, ochilishi bilan quyoshni ko‘radi, narsalarning tafsilotlarini idrok qiladi.
Alloh taolo ba’zi hayvonlarga bergan xislatlarni, masalan, otning chopishi, eshitishi, ko‘rishi, filning kuchi, sherning shijoati kabi ba’zi xislatlarni odamzodga ham ato etgan. Ammo uning boshqa jonzotlardan afzal va aziz qilinishi, aytib o‘tganimizdek, aql sabablidir”.
“...va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik...” Ibn Abbos (roziyallohu anhu) bu oyatni “Quruqlikda eshak, xachir, ot, tuya kabi ulovlarga, dengizda esa katta-kichik kemalarga mindirib qo‘ydik”, deb tafsir qilgan. Bunga qo‘shimcha ravishda zamonaviy avtoulovlarni ham kiritish mumkin.
Alloma Faxruddin Roziy oyat tafsirida bunday yozadi: “Alloh taolo hayvonlarni insonlar minishi, yuk ortishi va boshqa shu kabi ishlarini bajarishi uchun bo‘ysundirib qo‘ygan. Shuningdek, suvlaru kemalarni ham unga minishi, yuklarini tashishi va boshqa yumushlarini bajarishi uchun odamzodga bo‘ysundirib qo‘ygan. Bularning barchasi insonning bu olamda bo‘ysuniladigan rahbar, itoat qilinadigan podshoh ekaniga, boshqa barcha borliq uning qo‘li ostida ekaniga dalolatdir”.
“...hamda ularga pok narsalardan rizq berdik” ekinlardan, go‘shtu sutlar va yana boshqa rangi va mazasi turli-tuman ne’matlardan rizq qilib berdik. Go‘zal manzaralar, turfa xil, rang-barang kiyim-kechaklardan, dunyoning turli burchaklarida yetishadigan anvoyi mevalardan rizqlarini berdik.
“...va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik...” ya’ni, boshqa maxluqot va mavjudotlardan ustun qildik.
Bizning ahli sunna val jamoa aqidamizga ko‘ra, farishtalarning payg‘ambarlaridan insonlarning payg‘ambarlari afzaldir. Oddiy mo‘minlardan farishtalarning payg‘ambarlari afzal. Oddiy farishtalardan oddiy mo‘minlar afzaldir (“Aqoid matnlari”).
Qurtubiy, Ibn Kasir va Faxruddin Roziy
tafsirlari asosida
No‘mon ABDULMAJID
tayyorladi.
Xoja Buxoriy o‘rta-maxsus diniy ta’lim muassasasi direktori, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori O‘tkir domla G‘UZAROV bilan suhbat
– Assalomu alaykum, muhtaram ustoz. Avvalambor, Sizni pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori ilmiy darajasiga ega bo‘lganingiz bilan muborakbod etamiz. Ilmiy darajangiz bundan ham yuksalaversin. Suhbatimizni bugungi kunda Siz rahbarlik qilayotgan ta’lim muassasasi haqidagi ma’lumotlardan boshlasak...
– Va alaykum assalom va rohmatulloh. Qutlov va tilagingiz uchun tashakkur. Ta’lim muassasasiga 1992 yilda asos solingan. Madrasaga XIV asrda yashab ijod etgan mashhur tasavvuf allomasi Said Ahmad Vali Kulohdo‘z Xoja Buxoriy nomi berilgan. U zot Bahouddin Naqshbandning zamondoshi sifatida e’tirof etiladi. Naqshbandiya tariqatining ma’naviy-axloqiy g‘oyalarini Qashqadaryo vohasi, xususan Kitob shahri va uning atrofida keng targ‘ib qilgan ulug‘ mutafakkirlardan sanaladi.
Muassasada bugungi kunda jami 34 nafar oliy ma’lumotli, malakali pedagog-o‘qituvchi 105 nafar talabaga diniy va dunyoviy fanlardan puxta bilim berib kelmoqda. Ta’lim jarayonida zamonaviy pedagogik yondashuvlar, samarali o‘qitish usullari hamda amaliy mashg‘ulotlardan keng foydalanilib, talabalarning nazariy bilimlarini mustahkamlash va ularni amaliyotda qo‘llash ko‘nikmalarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shuningdek, pedagog-o‘qituvchilar tomonidan talabalarning ma’naviy-axloqiy tarbiyasi, mustaqil fikrlashi, ilmiy salohiyati va dunyoqarashini rivojlantirishga qaratilgan qo‘shimcha mashg‘ulotlar hamda ma’rifiy tadbirlar muntazam tashkil etib kelinmoqda. Bu esa ta’lim muassasasida sifatli ta’lim berish bilan bir qatorda, har tomonlama yetuk, bilimli va zamonaviy talablarga javob beradigan mutaxassislarni tayyorlash uchun munosib ta’lim muhitini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
– Ushbu ilm maskani qanday mutaxassislarni tayyorlab bermoqda?
– Ta’lim muassasasi dinimiz ravnaqi, mustaqil O‘zbekistonning taraqqiyoti va yuksalishi yo‘lida munosib xizmat qiladigan, yuksak ma’naviyat va axloqiy fazilatlarga ega, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni chuqur anglagan, sof islom dini ta’limotini mukammal o‘zlashtirgan, diniy-ma’rifiy bilimlarni hayotga to‘g‘ri tatbiq eta oladigan yuqori malakali o‘rta maxsus ma’lumotli islomshunos, imom-xatiblarni tayyorlaydi.
Bitiruvchilar masjidlarda imom-xatib, diniy ta’lim muassasalarida o‘qituvchi, ma’naviy-ma’rifiy sohada faoliyat yurituvchi mutaxassis sifatida xizmat qilish uchun zarur nazariy bilim va kasbiy malakaga ega bo‘lib chiqadi.
– Diniy va dunyoviy fanlar uyg‘unligini ta’minlash uchun o‘quv jarayoni qanday tashkil etilgan?
– Ta’lim dasturlarida Qur’on, hadis, fiqh, aqida kabi diniy fanlar bilan bir qatorda tarix, ingliz tili, falsafa asoslari, psixologiya, jismoniy madaniyat va sport hamda boshqa dunyoviy fanlarga ham o‘rin ajratilgan. Darslar zamonaviy pedagogik usullar, axborot texnologiyalari va interfaol usullardan foydalangan holda olib borilmoqda.
– Talabalarning xorijiy tillarni mukammal o‘rganishlari hamda mutolaa madaniyatini yuksaltirishlari uchun qanday sharoit va imkoniyatlar yaratilgan?
– Xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishni oshirish maqsadida haftaning muayyan kunlarida til kunlari tashkil etilgan. Xususan, seshanba kuni ingliz tili kuni, chorshanba kuni esa arab tili kuni o‘tkazilib, talabalarning til o‘rganishga doir bilimlarini mustahkamlash, muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirish va amaliy mashg‘ulotlar orqali bilimlarini oshirishga alohida e’tibor qaratilgan.
Shuningdek, talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish va til o‘rganish samaradorligini oshirish maqsadida qo‘shimcha to‘garaklar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Darslarga sohasining yetuk va malakali mutaxassislari jalb etilgan. Bu esa talabalarning nafaqat tillarni mukammal o‘zlashtirishi, balki dunyoqarashining kengayishiga xizmat qilmoqda.
– Mudarrislarning kasbiy mahoratini oshirish, saboqlarning talabalarga yanada samarali yetib borishi uchun aynan qanday metodik usullar joriy etilgan?
– Muassasada zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda onlayn platformalardan Google Forms xizmatlari va interfaol ilovalar (Kahoot, QuizBot, topqir.uz) dars jarayoniga tatbiq etilgan. Dars jarayonida smart doska, markerli doska, magnitli doska imkoniyatlaridan foydalaniladi. Zamonaviy pedagogik texnologiyalarning “bahs-munozara”, “aqliy hujum”, “guruhli ish”, “taqdimot”, “keys-tahlil”, “savol-javob” kabi usullari qo‘llaniladi.
– Talabalarning darsdan tashqari vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularning ilmiy va ijodiy qobiliyatlarini yuzaga chiqarish borasidagi ishlarni ham aytib o‘tsangiz...
– Ta’lim muassasasida “yosh ilmiy tadqiqotchi” guruhi shakllantirilgan bo‘lib, ular ilmiy maqolalar yozish, internet saytlarida audio, video chiqishlar qilib, yosh kitobxon tanlovlarida faol qatnashadi.
Xatmul kutub an’anasi bo‘lib, hozirga qadar talabalar “Munabbihot”, “Ta’lim mutaallim”, “Fiqhul muyassar” (1- 2 kitobi), “Fiqhul akbar sharhi” va “Taysiru mustalahul hadis” asarlarini xatm qilishdi...
– Ta’lim muassasasi binolari, talabalar turar joyi va moddiy-texnik imkoniyatlar qay darajada?
– Bino va inshootlarimizning tashqi va ichki qismlari muntazam texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirib boriladi.
Muassasa zamonaviy texnik vositalar bilan bosqichma-bosqich jihozlanib kelinmoqda. Xususan, ish jarayoni va dars mashg‘ulotlari uchun 42 ta kompyuter jamlanmasi 20 ta interaktiv smart doska va boshqa zarur jihoz va qurilmalar bilan to‘liq ta’minlangan. Ta’lim muassasasi internet tarmog‘iga optik tola orqali bog‘langan.
Asosiy o‘quv binosida 25 ta o‘quv xonasi mavjud bo‘lib, Qur’oni karim va tajvid o‘quv kurslari alohida o‘quv binosi bilan ta’minlangan. Yaqinda talabalar uchun 240 o‘rinli yangi o‘quv binosi foydalanishga topshirildi.
– Talabalaringizning respublika miqyosidagi turli ilmiy, diniy va sport musobaqalaridagi ishtiroki hamda erishayotgan natijalari haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz?
– Ta’lim muassasamiz talabalari respublika miqyosida o‘tkaziladigan ilmiy, diniy-ma’rifiy va sport musobaqalarida muntazam ishtirok etib, yuqori natijalarga erishib kelmoqda. Jumladan, 2023 yilda O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “Jaholatga qarshi ma’rifat” intellektual bellashuvida jamoamiz “Eng faol targ‘ibotchi jamoa” nominatsiyasi bo‘yicha 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan.
Sport yo‘nalishida ham talabalarimiz shaxmat, kurash, stol tennisi va tosh ko‘tarish kabi sport turlari bo‘yicha “Barkamol avlod” Respublika bosqichlarida bir necha bor sovrindor bo‘lishdi. Xususan, 2022 yilda o‘tkazilgan “Barkamol avlod” sport o‘yinlari final musobaqasida jamoamiz umumjamoa hisobida 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, 2026-yil milliy kurash bo‘yicha 3-o‘rinni egalladi.
Ilmiy yo‘nalishda esa talabalarimiz Yagona olimpiada Respublika bosqichida muntazam ravishda muvaffaqiyatli ishtirok etib, turli yillarda bir nechta 1-, 2- va 3-o‘rinlarni qo‘lga kiritgan. Bundan tashqari, 2022-2023 o‘quv yilida “Esselar tanlovi” Respublika bosqichida 1-o‘rin hamda “Eng yosh kitobxon” tanlovida ham 1-o‘rin sohibi bo‘lishdi. Yagona olimpiada musobaqasida 2026 yil 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
– Bitiruvchilarning keyingi faoliyati qanday kechmoqda. Ya’ni, bitiruvchilar hozirgi kunda jamiyat hayotida, diniy-ma’rifiy sohalarda qanday o‘rin tutmoqda?
– Ta’lim muassasasi bitiruvchilari bugungi kunda mamlakatimizdagi diniy-ma’rifiy sohaning turli yo‘nalishlarida samarali faoliyat yuritib, jamiyat hayotida munosib o‘rin tutib kelmoqda. Ular O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, mahalliy hokimiyat tizimlarida xizmat qilmoqda.
Jumladan, masjidlarda imom-xatib va imom noibi lavozimlarida, diniy ta’lim muassasalarida o‘qituvchi sifatida, ilmiy-tadqiqot markazlari va diniy-ma’rifiy muassasalarda ilmiy xodim sifatida, Fatvo markazida yetakchi mutaxassis sifatida xizmat qilib kelayotganlar, davlat va jamoat tashkilotlarida ham faoliyat yuritayotganlar bor.
Qisqa qilib aytganda, ta’lim muassasamizdan yetishib chiqqan kadrlar yurtimizning turli joylarida, turli jabhalarda dinimiz va davlatimiz ravnaqiga o‘z hissalarini qo‘shib kelmoqda.
O‘MI Matbuot va media bo‘limi mutaxassisi
Abdulatif ABDULLAYEV suhbatlashdi.