O‘z uyingni o‘zing asra...
Toshkent shahar Yunusobod tumani “Minor” mahallasida uch yarim ming nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. Yurtboshimiz farmoniga binoan, mahallalarda xotin-qizlar bilan alohida ishlovchi bitta mutaxassis faoliyat ko‘rsatishi ta’kidlab o‘tildi. Bu farmonda agar mahallada ayollar soni 2000dan ortiq bo‘lsa, ikkita mutaxassis ishlashi nazarda tutilgan. Bu farmon ijrosi bo‘yicha mahallamizda rejalar ishlab chiqilmoqda.
Ish rejamizga binoan bir safar xotin-qizlar bilan ishlash va oilada ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash mutaxassisi Gulnora Shakirjonova bilan navbatdagi oiladan xabar olish uchun bordik.
Uy sohibasi Hakima opa (ismlari o‘zgartirildi) yoshlari ulug‘, katta oilaning nuroniy maslahatgo‘yi ekanlar. Hikoyalarini qisqacha keltiraman:
“To‘g‘risini aytay, darvoza qo‘ng‘irog‘i chalinsa, bezovta bo‘ladigan bo‘lib qoldim, negaki, yana “Sizlar diniy oqimga kirganlar ro‘yxatida turasizlar” degan gap miyamga tok kabi uriladi. U oqimga kirish u yoqda tursin, o‘sha maxsus ro‘yxatda turish men uchun ulkan qo‘rquv. Eshik jiringlasa, nafaqat o‘zim, kelin va nevaralarim ham jovdirab menga termiladigan xuddi qachongacha bunday xavotirda yashaymiz, deyayotgandek bo‘lardi...
Shu taxlit ancha yillar o‘tdi. To‘g‘risi qo‘ni-qo‘shni, tanish-bilishlar oldida xijolat chekadigan, yig‘in-davralarga qo‘shilolmaydigan bo‘lib qoldik...”
Onaxonning hikoyasi anchayin og‘ir bo‘lib, uning ko‘zlarida o‘sha kunlarning og‘ir izlari, ovozida esa qandaydir o‘kinch-dard zohir edi. U jondan aziz nevaralarining onasi bo‘lgan kelinlari uchun kuyinardi.
Onaxon to‘rt o‘g‘il farzandlarini oliy ma’lumotli qilib, 15 nevara 10 evaraning buvijonisi ekanlar, ammo...
– Mana, onaxon, muhtaram Prezidentimiz tashabbuslari bilan shunday ulug‘ kunlarga yetishdingiz, endi nimalar haqida o‘ylayapsiz?
– Avvalo, ming rahmat shu odil yurtboshimizga! Biz kabi onalarning ohini eshitdilar, adolatni qaror toptirdilar. Uzoq yillar kutubxonada ishladim. Xalqqa kitoblar orqali ziyo ulashdim. Ikkala kelinim ham mehnatkash, xalq xizmatida. Ro‘zg‘orlari tinch, hayotlari yana o‘z iziga tushdi. Chehralari yorishib, har kun adolatli qaror uchun davlatimizdan minnatdor bo‘lib, duoda yashayapmiz.
Biz bu oila ostonasidan uzoqlashar ekanmiz, bilib-bilmay qilgan gunohlari afv qilingan yoxud qandaydir adashuv natijasi o‘laroq “aybdor” bo‘lib qolgan hamyurtlarimiz boshidan qora bulut arigani rostligiga quvondik.
Dilorom KARIMOVA
O‘MI matbuot xizmati
Amerikaning nufuzli “National Geographic” jurnalining elektron va bosma shakllarida Buyuk Ipak yo‘lida O‘zbekistonning tutgan o‘rniga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Material muallifi Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xiva haqida hikoya qilib, ularni qadimiy Ipak yo‘lining eng muhim shaharlari va zamonaviy sayyohlik yo‘nalishlari sifatida talqin etgan.
Maqolada O‘zbekistondagi turizm rivoji, xorijlik sayyohlar sonining ortishi, yangi obyektlar qurilishi hamda shaharlar o‘rtasida tezyurar temiryo‘l qatnovining yo‘lga qo‘yilishiga alohida e’tibor qaratilgan.
Toshkentning Chorsu bozori Ipak yo‘li savdo an’analari bugungacha saqlanib qolgan maskan, Samarqand esa Registon maydoni va qadimiy Ulug‘bek rasadxonasi bilan ilm-fan hamda islom madaniyatining tarixiy markazi sifatida ta’riflanadi.
Nashrda Buxoro faol turistik o‘zgarishlar jarayonini boshdan kechirayotgan shahar sifatida ko‘rsatilgan bo‘lsa, Xiva o‘tmish ruhiyati ayniqsa kuchli seziladigan joy deya ta’kidlangan.
Shuningdek, Ipak yo‘li me’morchiligi uslubida barpo etilayotgan yangi sayyohlik loyihalariga e’tibor qaratilib, tarixiy muhitni asrab qolish yuzasidan bo‘layotgan bahs-munozaralar ham tilga olingan.
Umuman olganda, materialda O‘zbekiston o‘z tarixiy merosini asragan holda zamonaviy sayyohlik infratuzilmasini rivojlantirib, dunyoga qayta yuz ochayotgan mamlakat sifatida e’tirof etilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati