Salaf solihlarning hayotiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ular sunnatga amal qilish borasida bizlarga go‘zal namuna bo‘lishgan.
Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayh: "Qaysi hadisni yozib olgan bo‘lsam, unga amal qilganman", deganlar. Shuni eslatib otish lozimki u kishi yig‘gan hadis to‘plamidagi hadislarnng soni 40 minga yetadi. Demak shuncha hadisga amal qilganlar degani, kelib chiqadi.
Sunnatga amal qilish borasida Ahmad ibn Hanbal: "Agar payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sochlarini mana bunday qirganlar, degan ma’nodagi hadisni eshitsang, sochingni bir tolasini bo‘lsa ham xuddi payg‘ambarimiz qirganlaridek qirgin ", deganlar.
Inson bir kun bo‘lsada o‘z suyukli payg‘ambari bilan birga yashab, so‘zida, amalida, yurish -turishida, insonlar bilan bo‘lgan muomilasida, unga ro‘paro bo‘lgan muammoni yechimida u zotdan o‘rnak olib, sunnatlariga ergashib yashasa qanday ham ulug‘ baxt bo‘ladi. Axir nimaga ulug‘ baxt bo‘lmas ekan, u insoniyatning afzali bo‘lmish payg‘ambarimizdek ulug‘ zotga o‘xshab yashashga urundi, u zot qilgan ishlarni qildi. Agar shuni baxtu saodat demasak unda nimani baxt deyish mmkin?!
Sizchi, siz aziz dindosh birodarim? Bir sinab ko‘ring! Hech bo‘lmaganda umringizning bir kunini Olamlarga rahmat bo‘lib kelgan zot payg‘ambarimizdek o‘tkazing!
Valiy zotlardan biri uyiga kelganida ayoli xomush bo‘lib, "Uyimizda hechvaqo qolmadi", deganda haligi valiy zot xursand bo‘lib Allohga hamd aytgan ekan. Bu holatdan ajablangan ayoli: "Uyda hech vaqo qolmadi desamu, sizning xursand bo‘lishingiz nimasi", deb so‘rabdi. Valiy zot ko‘zida quvonch yoshlari bilan: "Allohga shukrki bir kun bo‘lsada uyimiz payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning uylariga o‘xshadi", degan ekan.
Nurmuhammedova Vasila
Muharram oyi qanday oy?
Muharram oyi – musulmonlar taqvimining birinchi oyidir. Bu oy Alloh taolo urush, qon to‘kishni harom qilgan (Zulhijja, Zulqa’da, Muharram, Rajab) to‘rt oyning biri bo‘lib, uning o‘ninchi kuni ya’ni, ashuro kuni alohida fazilatlarga ega.
Ashuro qanday kun?
Bu kun haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu shunday yaxshi kundirki, bu kunda Alloh Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan. Shu bois Muso alayhissalom bu kunda ro‘za tutgan. Men Musoga ko‘proq (yaqin bo‘lishga) haqliroqman”, dedilar va u kunda ro‘za tutib, odamlarni ham uning ro‘zasini tutishga buyurdilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Ashuro kuni ro‘za tutish o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi.
Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ashuro kunining ro‘zasi – Allohdan umid qilamanki – bir yil oldingi gunohlarga kafforat bo‘ladi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Bu kun yaqinlarga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab bo‘ladi.
Abu Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil bo‘yi kenglik yaratadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).
Ashuro kunini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday o‘tkazardilar?
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu kunni o‘tkazib yubormaslik uchun qattiq harakat qilardilar, uning savobiga erishish uchun bu kunning kelishini intiqlik bilan kutardilar. Bu haqda Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni Ashuro kuni ro‘zasini Ramazon oyi ro‘zasini kutib sog‘ingandek, boshqa kun va oy ro‘zasini kutganlarini ko‘rmadim” (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni ro‘zasini tutib, odamlarni ham bu kunning ro‘zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: “Yo, Rasululloh! Bu kun yahudiy va nasroniylar ulug‘laydigan kun-ku!” deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh xohlasa kelasi yil to‘qqizinchi kuni ham tutamiz”, dedilar. Ammo, kelasi yil kelmasidan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafot etdilar (Imom Muslim rivoyati).
Alloh taolo ushbu oyning fazilatlaridan barcha mo‘min-musulmonlarni to‘liq bahramand etsin. O‘zining roziligini topadigan amallarda bardavom qilsin.
Davron NURMUHAMMAD