Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi, bir kishi Nabiy s.a.v.ga dedi: “Menga nasihat qiling”. U zot: “G‘azab qilma”, dedilar. U (savolini) bir necha bor takrorladi. Payg‘ambar s.a.v.: “G‘azab qilma”, dedilar. (Imom Buxoriy rivoyati).
Imom Jurdoniy (rohimahulloh) aytadi: “Darhaqiqat, bu hadis Payg‘ambar s.a.v.ga ato etilgan javomi’ ul-kalim (qisqa lafzlar orqali ulkan ma’nolarni ifoda etish mo‘jizasi)dan hisoblanuvchi buyuk hadisdir. Chunki, u dunyo va oxirat yaxshiliklarini o‘zida mujassam etgandir”.
Savol beruvchi sahobiyning shaxsiga kelsak, ayrim ulamolar
bu Abu Dardo (roziyallohu anhu) ekanini ta’kidlaydilar. Bunga Imom Tabaroniyning Abu Dardo (roziyallohu anhu)dan qilgan quyidagi rivoyatini dalil qilib keltiradilar: “Men: “Ey Allohning rasuli, meni jannatga olib kiradigan amalga yo‘llang”, dedim. U zot s.a.v.: “G‘azab qilma, jannat seniki”, dedilar”. Ayrim ulamolar esa mazkur sahobiy Joriya ibn Qudoma (roziyallohu anhu) ekanini aytadilar. Bunga Imom Ahmadning Joriya ibn Qudoma (roziyallohu anhu)dan qilgan quyidagi rivoyatni hujjat qiladilar: “Men Payg‘ambar s.a.v.ga savol berib bunday dedim: “Ey Allohning rasuli, menga bir o‘git ayting, uni anglab olishim uchun uni menga oz qiling”.
U zot s.a.v.: “G‘azab qilma”, dedilar. Men bir necha bor u zotga so‘rovimni takrorladim. Har gal u zot: “G‘azab qilma”, dedilar”.
Bunday voqea bir necha marotaba yuz bergan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Shunday ekan, so‘rovchi sahobiylarning ham bir nechta bo‘lishidan biror mone yo‘q.
Komil musulmon go‘zal xulqlar bilan sifatlangan inson bo‘lib, u muloyimlik va hayo ila bezanadi, insonlarga nisbatan kamtarlik va do‘stlik libosini kiyadi. Odamlarga ozor berishdan saqlanish, intiqom olishga qurbi yetsada, kechirib yuborish, qiyinchiliklarga bardoshli bo‘lish, hatto o‘ziga nisbatan adolatsizlik qilinganida ham g‘azabni yutish, hamma vaqt ochiq yuzli bo‘lish uning mardonavor xislatlaridandir. Abadiy saodat istab nasihat so‘ragan sahobiyga Rasululloh s.a.v.ning ko‘rsatmalari yuqoridagi ma’nolarni o‘z ichiga olgan ushbu mo‘jazgina o‘git bo‘ldi:
“G‘azab qilma”.
So‘rovchi sahobiy jannatga kirishdek oliy maqsadiga erishishi uchun mazkur o‘gitni oz hisoblab, nasihat qilish haqidagi so‘rovini bir necha bor takrorladi. Mazmun-mohiyatini anglagan va taqozosiga amal qilgan kishi uchun yetarli nasihat ekanligini ta’kidlash uchun Payg‘ambar s.a.v. har gal “G‘azab qilma” degan jumlani qaytaraverdilar.
Oqil sahobiy Rasululloh s.a.v.ning ta’kidlarini tushunib yetdi
va maqsadlarini angladi. Darhaqiqat, Imom Ahmaddan qilingan bir rivoyatda nasihat so‘ragan sahobiydan quyidagi xabar keltiriladi: “Nabiy s.a.v. aytgan o‘gitlarini aytganlarida tafakkur qildim, banogoh, g‘azab barcha yomonliklarni keltirib chiqarishini tushundim”. Buning ma’nosi shuki, agar kishi g‘azab qilmasa, barcha yomonliklarni tark etgan bo‘ladi. Kimki barcha yomonliklarni tark etsa, barcha yaxshiliklarni hosil qilgan bo‘ladi.
Darg‘azablik va qiziqqonlik zaiflik alomatidir. Garchi kishining bilaklari quvvatga to‘la, jismi sog‘lom bo‘lsada, g‘azab tufayli mag‘lubiyatga yuz tutadi. Shuning uchun kuchlilikka faqat jismoniy quvvat bilan emas, balki, o‘z o‘rnida g‘azabni yenga olish va oqilona ish yuritish bilan erishiladi. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi, Rasululloh s.a.v. dedilar: “Hammani yiqitadigan pahlavon kuchli emas, balki, g‘azab kelganda o‘zini qo‘lga oladigan kishi kuchlidir”. (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).
Dinimizda g‘azabni muolaja qilish choralari ham ko‘rilgan. Ulamolar bu borada kelgan dalillarni o‘rganib chiqib, jumladan quyidagi xulosalarni bayon qilganlar:
1) kishi g‘azablangan vaqtda g‘azab qilishning yomon oqibatlari haqida o‘ylamog‘i, g‘azabini yutganlar uchun va’da qilingan mukofotlar to‘g‘risida fikr yuritmog‘i zarur. Alloh taolo aytadi: “Robbingizdan bo‘lgan mag‘firatga va kengligi osmonlaru yercha bo‘lgan, taqvodorlar uchun tayyorlab qo‘yilgan jannatga shoshiling. Ular yengillikda ham, og‘irlikda ham
infoq-ehson qiladiganlar, g‘azabini yutadiganlar va odamlarni avf qiladiganlardir. Alloh yaxshilik qiluvchilarni yoqtiradi”. (“Oli Imron” surasi, 133-134-oyatlar).
Nabiy s.a.v. dedilar: “Kimki g‘azabini sochishga qodir bo‘la turib uni yutsa, Alloh taolo qiyomat kunida uni xaloyiq ko‘z o‘ngida chaqirib, unga hurlardan xohlaganini tanlash imkonini beradi”. (Imom Ahmad,
Abu Dovud, Termiziy, Ibn Moja rivoyati).
“Biror banda Alloh uchun g‘azabni yutsa, albatta, uning ichi iymonga to‘ladi”. (Imom Ahmad rivoyati). Abu Dovudning rivoyatida: “..., Alloh uni omonlik va iymon bilan to‘lg‘izadi”, deyilgan;
2) Allohdan shaytonning yomonligidan panoh tilashi kerak. Payg‘ambar s.a.v.ning huzurlarida ikki kishi tortishib qoldi. Biri g‘azablanib,
yuzi qizargan holda sherigini so‘ka boshladi. Shunda Payg‘ambar s.a.v. dedilar: “Albatta, men bir kalimani bilamanki, agar u ana shu kalimani aytganida, shubhasiz, undan g‘azab ketgan bo‘lar edi. Agar u: “A’uzu billahi minash-shaytonir-rojiym (Quvilgan shaytonning yomonligidan Allohdan panoh tilayman)” deganida edi!” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati);
3) g‘zablangan paytda holatni o‘zgartirish ham g‘azabni bartaraf etishning samarali uslublaridandir. Nabiy s.a.v. dedilar: “Sizlarning birortangiz tik turgan holda g‘azablansa, o‘tirib olsin. Agar undan g‘azab ketsa, ketdi. Bo‘lmasa, yonboshlab olsin”. (Imom Ahmad va Abu Dovud rivoyati);
4) darg‘azab holatda gapirmaslik kerak. Chunki, u bu holatda gapirsa, g‘azabini ziyoda qiladigan so‘z bilan qarshi olinishi yoki g‘azabi so‘ngandan keyin pushaymon bo‘lishiga sabab bo‘ladigan gapni so‘zlab yuborishi mumkin. Payg‘ambar s.a.v.: “Qachonki birortangiz g‘azablansa, sukut qilsin”, deya
uch bora takrorladilar. (Imom Ahmad, Termiziy, Abu Dovud rivoyati);
5) g‘azab jismda haroratni kuchaytiradi. Natijada, qon qaynaydi, insonda tutaqish yuz beradi. Suv uni sovutib, asl holatiga qaytaradi.
Shu bois, bunday paytda yangi tahorat olish g‘azab alangasini o‘chiradi. Payg‘ambar s.a.v. marhamat qiladilar: “Albatta, g‘azab shaytondandir. Shayton esa olovdan yaratilgan. Bas, vaqtiki birortangiz g‘azablansa, tahorat olsin”. (Imom Ahmad va Abu Dovud rivoyati).
Alloh taolo barchamizni nojo‘ya g‘azab qilishdan saqlanuvchi suyukli bandalaridan bo‘lmog‘imizni nasib etsin.
ASRORXON MAHMUDOV
Mir Arab oliy madrasasi o‘qituvchisi
Islom sivilizatsiyasi markazida diniy soha vakillari uchun tashkil etilgan o‘quv-seminarda ajdodlar ilmiy merosi, Qur’oni karim qiroati va tajvid ilmiga oid bilimlar amaliy mashg‘ulotlar bilan mustahkamlandi. Unda ishtirok etgan imomlar Markazda olgan saboqlarini o‘zlari faoliyat yuritayotgan masjidlarda ham targ‘ib etish, tarixiy merosni o‘rganish bilan cheklanmay, uning ma’rifiy ahamiyatini jamoatchilikka yetkazish zarurligini ta’kidladi, xabar bermoqda iccu.uz.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamkorligida «Uchinchi Renessans chorrahasi» dasturi doirasida navbatdagi o‘quv-seminar tashkil etildi.
Mashg‘ulotlarda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita huzuridagi Diniy-ma’rifiy sohada malaka oshirish va qayta tayyorlash instituti tinglovchilari ishtirok etdi.
Dastur tarixiy va diniy-ma’rifiy bilimlarni uyg‘unlashtirish, soha vakillarini ajdodlar ilmiy merosi bilan yaqindan tanishtirish hamda ularning kasbiy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratildi.
Ishtirokchilar dastlab Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyalari bilan tanishdi. Ularga Movarounnahrdan yetishib chiqqan buyuk allomalarning ilm-fan, madaniyat va islom sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, tarixiy qo‘lyozmalar hamda noyob madaniy meros namunalari haqida ma’lumot berildi.
O‘quv-seminarning asosiy qismlaridan biri Qur’oni karimni to‘g‘ri tilovat qilish va tajvid qoidalarini chuqur o‘zlashtirishga bag‘ishlandi.
Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘li «Qiroat va tajvid ilmi» mavzusida mashg‘ulot o‘tkazib, Qur’oni karim tilovatining o‘ziga xos jihatlari, harflarni to‘g‘ri talaffuz qilish, qiroat qoidalariga amal etish va diniy bilimlarni muntazam takomillashtirish masalalarini tushuntirdi.
Mashg‘ulotlar ishtirokchilarga o‘z bilimlarini mustahkamlash, tajribali ustoz bilan bevosita muloqot qilish va qiroat ilmiga oid muhim masalalar yuzasidan fikr almashish imkonini berdi.
Seminar ishtirokchilari Islom sivilizatsiyasi markazidagi ta’limiy muhit va mashg‘ulotlardan olgan taassurotlarini baham ko‘rar ekan, bu yerda o‘rganilgan bilimlarni amaliyotga tatbiq etish muhimligini ta’kidladi.
Jumladan, Toshkent shahri Uchtepa tumanidagi Hazrati Umar jome masjidi imom-xatibi Muhammadali Fazliddin Markazning vazifasi faqat tarixiy yodgorliklar va noyob eksponatlarni namoyish etish bilan cheklanmasligini qayd etdi.
Uning fikricha, buyuk allomalar merosini o‘rganish insonni ilm olishga, o‘z ustida ishlashga va egallagan bilimlarini boshqalar bilan baham ko‘rishga undashi lozim.
«Islom sivilizatsiyasi markazini faqat muzey sifatida qabul qilmaslik kerak. Bu yerdagi asosiy maqsad — ajdodlarimizning ilm yo‘lidagi xizmatlarini ko‘rsatish, ularning merosi orqali bugungi avlodni ma’rifatga undashdir. Bu maskanga kelgan har bir inson buyuk allomalarimiz butun hayotini ilmga bag‘ishlaganini anglaydi. Biz ham ular bilan faxrlanish bilangina cheklanmay, ularning ilmiy an’analarini davom ettirishga intilishimiz zarur.
Shayx Alijon qori Fayzulloh Maxdum o‘g‘lining qiroat va tajvid ilmiga bag‘ishlangan suhbatidan ham katta ilhom oldik. Bu dars Qur’onga bo‘lgan shavqimiz va muhabbatimizni yanada oshirdi. Bugungi mashg‘ulotlardan olgan eng muhim xulosalarimizdan biri — yoshimiz va kasbimizdan qat’i nazar, doimo ilm olishga intilishimiz kerakligidir. Eng muhimi, o‘rganganlarimizni avvalo oilamizdan boshlab hayotga tatbiq etishimiz, keyin esa jamiyatga yetkazishimiz lozim. Shundagina ma’rifatning samarasi kengroq namoyon bo‘ladi», — dedi Muhammadali Fazliddin.
Mazkur fikrni Toshkent shahridagi Rakat jome masjidi noib imomi Ahror Rahmonov ham qo‘llab-quvvatladi. Uning ta’kidlashicha, Markazdagi mashg‘ulotlar diniy soha vakillariga nafaqat tarixiy bilimlarini boyitish, balki o‘z faoliyatida foydalanish mumkin bo‘lgan yangi ma’lumot va tajribalarni o‘zlashtirish imkonini bermoqda.
«Prezidentimiz tashabbusi bilan bunyod etilgan ushbu ulug‘ maskanda har bir bo‘limning o‘ziga xos o‘rni bor. Bu yerda nafaqat tarixiy merosimiz bilan tanishamiz, balki ta’lim va ma’rifatga qaratilgan e’tiborni ham yaqqol ko‘ramiz. Ustozlarimizning suhbatlari va mashg‘ulotlaridan katta foyda olmoqdamiz. Eng muhimi, bu yerda olgan bilimlarimizni o‘zimiz xizmat qilayotgan masjidlarda ham yetkazishga, ularning jamiyat uchun manfaatli bo‘lishiga harakat qilamiz», — dedi Ahror Rahmonov.
«Uchinchi Renessans chorrahasi» dasturi doirasidagi mazkur uchrashuv ham tarixiy merosni o‘rganishni zamonaviy ta’lim va kasbiy malaka oshirish jarayoni bilan bog‘lashga qaratilgan.
Shu tariqa, Islom sivilizatsiyasi markazida tashkil etilayotgan ma’rifiy mashg‘ulotlar ajdodlar merosini namoyish etishdan uni chuqur anglash va jamoatchilikka yetkazish sari muhim o‘quv maydoni vazifasini bajarmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati