Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Avgust, 2026   |   16 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:22
Quyosh
05:46
Peshin
12:24
Asr
17:05
Shom
19:05
Xufton
20:25
Bismillah
29 Avgust, 2026, 16 Rabi`ul avval, 1448

22.06.2018 y. Giyohvandlik - ofat

19.06.2018   7789   12 min.
22.06.2018 y. Giyohvandlik - ofat

بسم الله الرحمن الرحيم

GIYOHVANDLIK - OFAT

Bugungi kunda dunyoda bir qancha global muammolar yuzaga chiqdi. Shulardan biri va eng dahshatlisi giyohvandlikdir. Dinimiz insonning e’tiqodi, joni, ruhi, molini saqlagani kabi uning aqlini ham himoya qiladi. Inson ibodatlarni ado qilishi uchun komil aqlga ega bo‘lishi kerak. Olimlar mast qiluvchi ichimliklar va giyohvand moddalarni ichishni “Ixtiyoriy jinnilik”, deb atashadi. Chunki giyohvand o‘z ixtiyori bilan aqli hushini yo‘qotadi. Giyohvandlik haqida ham muqaddas dinimizda kerakli ko‘rsatmalar berilgan.   

Alloh taolo Qur’oni karimda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamni butun bashariyatga O‘zi tarafidan elchi qilib yuborishining qator sabablaridan biri sifatida toza pok narsalarning halolligi va nopok, zararli narsalarning haromligini ummatlariga bildirish ekanini shunday bayon etadi:

... يَأْمُرُهُمْ بِالْمَعْرُوفِ وَيَنْهَاهُمْ عَنِ الْمُنْكَرِ وَيُحِلُّ لَهُمُ الطَّيِّبَاتِ وَيُحَرِّمُ عَلَيْهِمُ الْخَبَائِثَ ...  

(سورة الآعراف/157)

ya’ni: “... U (payg‘ambar) ularni yaxshilikka buyuradi, yomonlikdan qaytaradi va pok narsalarni halol qilib, nopok narsalarni ularga harom qiladi...” (A’rof surasi, 157- oyat).

Dinimiz halol qilib berilgan narsa pokdir. Pokiza rizq topish uchun harakat qilish esa ibodat darajasidadir. Agar buning aksi, bo‘lsa o‘sha narsa harom va uning iste’mol qilgan kishilar gunohkor bo‘ladi. Darhaqiqat, insonga zarar keltiruvchi narsalardan ayniqsa eng ulug‘ ne’mat sanalmish aqlni ketkazuvchi, badanni bo‘shashtiruvchi va susaytiruvchi narsa dinimizda harom qilingan. Shuningdek, u inson sog‘lig‘ini ketishiga yoki uning halokatiga sabab bo‘luvchi vositalardan saqlanish unga foydadir. Hadisi sharifda shunday deyiladi:

عن أم سلمة  رضي الله عنها قالت: " نَهَى رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ عَنْ كُلِّ مُسْكِرٍ )وَمُفْتِرٍ(

 (رواه الإمام ابو داود والإمام حاكم)

ya’ni: Ummu salama roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi, u zot aytadilar: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam har qanday mast qiluvchi, badanni bo‘shashtiruvchi va susaytiruvchi narsalarni iste’mol qilishdan qaytardilar” (Imom Abu Dovud va Imom Hokim rivoyati).

 Bu hadis bilan iste’mol qilganda tanani bo‘shashtiruvchi va aqlni ketkazuvchi har qanday narsa harom bo‘ladi. Huddi shu hadisda zikr qilingan bo‘shashtiruvchilik sifati ajnabiy tillarda narkotik deb nomlangan giyohvandlik moddalarining vasfidir. Boshqa bir hadisda:

عَن ابْن عمرَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهما أَن رَسُول الله صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّم قَالَ:

 " كُلُّ مُسْكِرٍ خَمْرٌ، وَكُلُّ مُسْكِرٍ حَرَامٌ"  )أخرجه الإمام مُسلم .(

ya’ni: Ibn Umar roziyallohu anhumadan rivoyat qilinadi, Rasululloh sallollohu alayhi vasallam aytdilar:  “Har bir mast qiluvchi narsa xamrdir va har qanday mast qiluvchi haromdir”  (Imom Muslim rivoyati).

Bu hadis bilan ham giyohvandlikning har qanday ko‘rinishi harom hisoblanadi. Shunga ko‘ra mast qiluvchi ichimliklarning hukmi, zararlari, oqibatlari haqidagi barcha oyat va hadislar ham giyohvand moddalarga tegishlidir. Giyohvandlik kishini sekin sekin (gohida esa tezda) o‘limga olib keladi. Bu narsalarni iste’mol qilish bilan o‘z joniga o‘zi qasd qilgan bo‘ladi. Bu esa gunohi kabiradir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qiladilarki:

عن ثابتِ بن الضَحَّاكِ اَنَّ رَسولَ اللهِ صلى الله عليه وسلم قال: لَعْنُ المُؤْمِنِ كَقَتْلِهِ وَمَنْ قَتَلَ نَفْسَهُ بِشَيْءٍ فِي الدُّنْيَا عُذِّبَ بِهِ يَوْمَ الْقِيَامَةِ (رواه الإمام الدارامي).

ya’ni: Sobit ibn Zahhok roziyallohu anhu rivoyat qiladi, Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam aytdilar: “Mo‘minni la’natlash uni o‘ldirishga o‘xshaydi. Dunyoda kim o‘zini biror narsa bilan o‘ldirsa, qiyomatda o‘sha narsa bilan azoblanadi”  (Imom Doramiy rivoyati).

Alloh taolo bandalariga mehribon bo‘lgani uchun ham ularga zararli bo‘lgan narsalarni man qilgan. Banda ushbu chegaradan tajovuz qilsa hamda man qilingan narsalardan saqlanmasa, o‘ziga va boshqalarga zarar yetkazadi. Bu esa islomga zid amaldir. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan Abu Said al-Xudriy roziyallohu anhu rivoyat qiladilar:

عن أبي سعيدِ الخُدْرِي رضي الله عنه أنَّ رسولَ اللهِ صلى الله عليه وسلم قالَ: "لاَ ضَرَرَ وَ لاَ ضِرَارَ"

( رواه الإمام إبن ماجه).

ya’ni: “O‘ziga ham boshqalarga ham zarar yetkazish yo‘qdir” (Imom Ibn Moja rivoyati).

Giyohvandlikning zararlari esa behisobdir. Giyohvandlik yetkazadigan zararlar inson jismini qanchalik xarob, barbod qilsa, xuddi shundek shaxs va jamiyatning mol-mulkiga va boyligiga ham mislsiz zarar yetkazadi. U tinch-totuv oilalarni buzib, bolalarni yetim qiladi, qashshoqlik, muhtojlikda yashashga majbur etadi. Oxir oqibat kasallik, qamoqxona yoki o‘lim bilan yakunlanadi. Holbuki, hech kim Alloh taolodan o‘ziga ato etilgan mol dunyosini isrof qilishga haqqi yo‘q. Uning noo‘rin yerlarga ishlatishidan va behuda bo‘lishidan saqlash har birimizning vazifamizdir.

Alloh taolo Baqara surasining 195- oyatida shunday marhamat qiladi:

 ...وَلَا تُلْقُوا بِأَيْدِيكُمْ إِلَى التَّهْلُكَةِ ...

ya’ni: “...O‘z qo‘llaringiz bilan o‘zlaringizni halokatga tashlamangiz!...”.

Eng achinarlisi shundaki, bu illatga giriftor bo‘lgan kimsalar, topgan pulini harom ichimlik va giyohvand moddalarni sotib olish uchun hecham ayamaydilar. Bor molu dunyosini, mashinasini, uyini, hatto kiyimini ham sotib yuborishlik darajasiga yetadi. Isrofgarchilikning bundan yomonroq ko‘rinishi bo‘lmasa kerak. Bu haqda Alloh taolo shunday degan:

إِنَّ الْمُبَذِّرِينَ كَانُوا إِخْوَانَ الشَّيَاطِينِ وَكَانَ الشَّيْطَانُ لِرَبِّهِ كَفُورًا

ya’ni: “Shubhasiz isrofgarlar shaytonlarning birodarlaridir. Shayton esa Parvardigoriga o‘ta noshukr edi” - deyiladi (Isro surasi, 27-oyat).

 Ushbu oyatga ko‘ra, mablag‘larini mana shunday noo‘rin joylarga sarflayotganlarni shaytonning birodari deyish mumkin. Chunki ularga shaytondan boshqa hech kim do‘st bo‘lmaydi. Shuning uchun ham, bu masalada barchamiz o‘ta hushyor bo‘lmog‘imiz lozim.

Payg‘ambarimiz (sav)dan Abu Sa’id al Xudriy roziyallohu anhu rivoyat qiladilar:

عن أبي سعيد الخدري رضي الله عنه قال : سمعت رسول الله صلى الله عليه وسلم يقول : "مَنْ رَأَى مِنْكُمْ مُنْكَرًا فَلْيُغَيِّرْهُ بِيَدِهِ فَإِنْ لَمْ يَسْتَطِعْ فَبِلِسَانِهِ فَإِنْ لَمْ يَسْتَطِعْ فَبِقَلْبِهِ وَ ذَالِكَ أَضْعَفُ الْإيْمَانِ" (رواه الإمام المسلم).

ya’ni: “Sizlardan kim yomon, munkar ishni ko‘rsa, uni qo‘li bilan o‘zgartirsin, agar unga ham qodir bo‘lmasa, tili bilan qaytarsin, tili bilan ham monelik qila olmasa, unda qalbi bilan qaytarsin, ana o‘sha iymonning zaifligidir”.  (Imom Muslim rivoyati)

Demak, ushbu hadisi sharifga binoan, giyohvandlikka qarshi kurash hammamizning burchimizdir. Bu qabih ishni bilgach, o‘zini oilasini, yaqinlarini butun insoniyatni va kelajak avlodlarni o‘ylagan har bir kishi giyohvandlikka qarshi kurashda faol bo‘lishi zarur. Mahallalar va qishloqlarda shu yo‘l bilan tez boy bo‘lib qolishni istagan, qanchadan-qancha kishilarni umriga zomin bo‘layotgan kishilarga befarq qarab turish mumkin emas. Giyohvandlik ofatidan xalqimizni va kelajak avlodni xalos etish va ularni moddiy hamda ma’naviy barkamollik sari yo‘naltirishdek umumbashariy xayrli ishlarimizda Allohning o‘zi madadkor bo‘lsin. Omin!

Muhtaram jamoat! Mav’izamizning hanafiy mazhabimizdagi fiqhiy masalalar qismida sutra haqidagi ba’zi masalalar haqida suhbatlashamiz.

“Sutra” deganda namozxonning oldidan biror narsa o‘tmasligi uchun qo‘yilgan to‘siq tushuniladi.

عَنْ أَبِي جُهَيْمٍ  رَضِي اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: لَوْ يَعْلَمُ الْمَارُّ بَيْنَ يَدَيِ الْمُصَلِّي مَاذَا عَلَيْهِ لَكَانَ أَنْ يَقِفَ أَرْبَعِينَ خَيْرًا لَهُ مِنْ أَنْ يَمُرَّ بَيْنَ يَدَيْهِ. قَالَ أَبُو النَّضْرِ: لَا أَدْرِي قَالَ أَرْبَعِينَ يَوْمًا أَوْ شَهْرًا أَوْ سَنَةً

(رواه الإمام البُخَارِيُّ والإمام مُسْلِمٌ).

ya’ni: Abu Juhaym roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Agar namozxonning oldidan o‘tuvchi kishi o‘ziga nima (gunoh) bo‘lishini bilganida edi, (namozxonning) oldidan o‘tishdan ko‘ra qirq (yil, oy, kun) to‘xtab turishga rozi bo‘lar edi”, dedilar”. Abu Nazr (hadisni Busrdan rivoyat qilgan roviy:) Qirq kun dedimi, yoki oy, yo yilmi, bilolmadim, degan (Imom Termiziy va Imom Abu Dovud rivoyat qilishgan).

Devor, ustun, nayza, aso, boshqa biror narsa sutra bo‘lishi mumkin. Maqsad, namozxonning oldidan biror narsa o‘tib, ko‘nglini buzmasin, xususan, shayton vasvasa qilmasin. 

عَنْ طَلْحَةَ رَضِي اللهُ عَنْهُ عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: إِذَا وَضَعَ أَحَدُكُمْ بَيْنَ يَدَيْهِ ِثْلَ مُؤْخِرَةِ الرَّحْلِ فَلْيُصَلِّ، وَلَا يُبَالِ مَنْ مَرَّ وَرَاءَ ذَلِكَ (رَوَاهُ الإمام مُسْلِمٌ وَالإمام التِّرْمِذِيُّ).

ya’ni: Talha roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: Qachonki biringiz oldiga egar suyanchig‘ichalik narsani qo‘ysa, uning ortidan kim o‘tganiga e’tibor bermasdan namozni o‘qiyversin, dedilar (Imom Muslim va Imom Termiziy rivoyat qilishgan).

Namozxonning oldidan biror narsaning o‘tish ehtimoli bo‘lmasa yoki namoz o‘qilayotgan joy yo‘l bo‘lmasa, sutra qo‘ymay namoz o‘qisa ham bo‘ladi. 

Agar sutra bo‘lmasa yoki o‘tuvchi namozxon bilan sutrasining orasidan o‘tsa, (namozxon uni) tasbeh yoki ishora bilan qaytaradi. 

Bu qaytarish namozxonning “Subhanalloh!” deb tasbeh aytishi yoki ishora qilishi bilan bo‘ladi. Ayol kishilar esa o‘ng qo‘lini chap qo‘liga urib, qarsak kabi ovoz chiqarish ila qaytaradilar.

Sutraning eniga chegara belgilanmagan, ammo bo‘yi, ya’ni balandligi eng kami bir ziro (gaz) bo‘lishi kerak. Bir gazning uzunligi turlicha belgilab kelinadi. Ba’zilar 46,2 sm, desalar, boshqalar 70 sm deb ta’kidlaydilar. Demak, ehtiyot uchun 70 sm va undan ham uzunroq bo‘lgani ma’qul.  Oyoq bilan sutraning oralig‘i namozxon bemalol sajda qila oladigan miqdorda bo‘lishi lozim.

Sutraning samarasi:

- Namazxonning oldidan o‘tuvchi kimsaning gunohkor  bo‘lishini oldi olinadi.

-   Namozxonning fikri namozdan chalg‘imasligi uchun yordam.

- Namozxonning oldidan o‘tishga zarurati bor kishini mushkullikka tushirmaslik.

Alloh taolo barchamizga O‘zi buyurganidek namoz o‘qish baxtini muyassar aylasin! Omin.

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi

28.08.2026   34855   18 min.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi

(2026 yil 28 avgust, Toshkent sh.)

 

Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!

Hurmatli mehmonlar!

Bugun muqaddas Vatanimiz mustaqilligining qutlug‘ o‘ttiz besh yillik bayramini katta iftixor va tantana bilan nishonlayapmiz.

Aziz xalqimiz, jumladan, muhtaram nuroniylarimiz, shijoatli yoshlarimiz, mo‘tabar ayollarimizni, yurtimizdagi barcha millat va elat vakillarini, xorijdagi vatandoshlarimizni ushbu ayyom bilan chin yurakdan samimiy tabriklayman.

Eng ulug‘ bayramimiz Yangi Toshkentda o‘tkazilayotgani tantana shukuhini yanada oshirmoqda.

Kelgusida ilm-fan, ta’lim va madaniyat markazi bo‘ladigan ushbu hududda kuni kecha Yangi O‘zbekiston universiteti, Nizomiy Ganjaviy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti, O‘zbekiston milliy kutubxonasining muhtasham binolarini ishga tushirdik.

Bugun sizlarning ishtirokingizda ochiladigan favvora dunyodagi eng baland musiqali favvora sifatida Ginnesning rekordlar kitobidan joy olgani ham bayram kayfiyatiga yanada baland ruh bag‘ishlaydi.

Bir necha yuz yillik orzular ro‘yobga chiqayotgan bu betakror makonda butun xalqimiz bilan hali yana ko‘plab quvonchli va tarixiy voqealarga guvoh bo‘lamiz.

Aminmanki, Yangi Toshkent poytaxtimizning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib, biz barpo etayotgan Yangi O‘zbekistonning kuch-qudratini namoyon etadigan chinakam taraqqiyot markaziga aylanadi!

 

Qadrli do‘stlar!

Biz 1991 yilda xalqimizning xohish-irodasi va qat’iyati bilan o‘z davlat mustaqilligimizni qo‘lga kiritdik. Aslida buyuk istiqlolimiz ildizlari uch ming yildan ziyod bo‘lgan davlatchilik an’analarimiz va qadimiy sivilizatsiyamiz tarixiga borib taqaladi.

Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Mir Alisher Navoiy kabi buyuk allomalarimiz bashariyat tafakkuri xazinasini boyitgan.

Sohibqiron Amir Temur bobomiz barpo etgan davlat esa adolat va bunyodkorlik timsoli sifatida tarix zarvaraqlaridan munosib o‘rin olgan.

Vatan ozodligi va milliy istiqlol yo‘lida jonini fido qilgan Behbudiy, Munavvarqori, Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon kabi jadid bobolarimizning hurriyat haqidagi orzu-niyatlari bugun Yangi O‘zbekistonda to‘liq ro‘yobga chiqmoqda.

Mustaqillik, eng avvalo, bizga shonu sharafimizni, muqaddas dinimizni, ona tilimizni, unutilayotgan milliy qadriyatlarimizni qaytarib berdi.

Istiqlol tufayli biz o‘zligimizni angladik, nomi hamisha e’zozda bo‘lgan ota-bobolarimizning munosib vorislari ekanimizni butun dunyoga namoyon etdik.

Ushbu hayajonli daqiqalarda bugungi erkin hayot uchun jonini fido qilgan ulug‘ ajdodlarimiz, jadidlar xotirasiga ta’zim bajo keltiramiz.

Mana shu tarixiy sanada o‘tgan 35 yil davomida mustaqilligimizni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan barcha marhum yurtdoshlarimizning fidokorona mehnati va jasoratini yana bir bor e’tirof etishni joiz, deb bilamiz.

Birinchi Prezidentimiz, atoqli davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimovning yorqin xotirasini ehtirom bilan yod etamiz.

 

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Mustaqillikning buyuk ahamiyati, avvalo, inson qadri va erkin hayotida namoyon bo‘ladi. Shu bois, biz islohotlarni boshlagan birinchi kunlardanoq xalqning qalbiga quloq soldik, aholining dardiga darmon bo‘lishni maqsad qildik. “Inson qadri uchun!” degan g‘oyani davlat siyosatining markaziga olib chiqdik. Birinchi galda “paxta qulligi”, “majburiy mehnat va bolalar mehnati”, “konvertatsiya cheklovi”, “propiska” kabi odamlarni yillar davomida qiynab kelgan muammolarga barham berdik.

Eng asosiysi, fuqarolarimiz yuragidagi qo‘rquv va hadik o‘rnini ishonch va xotirjamlik egalladi. Har bir inson erkin va farovon yashaydigan jamiyat barpo etish uchun keyingi o‘n yilda tinimsiz izlandik, qattiq mehnat qildik.

Katta siyosiy iroda ko‘rsatib, O‘zbekistonni dunyoga keng ochdik. Xususan, chegara muammolari hal qilindi, qo‘shnilarimiz bilan do‘stlik va hamkorlik mustahkamlandi. Valyuta, soliq, bojxona va investitsiya siyosatida tub o‘zgarishlar amalga oshirildi. Natijada “Iqtisodiy erkinlik indeksi”dagi o‘rnimizni 80 pog‘ona yaxshilab, “iqtisodiyoti mo‘tadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldik.

Ilgari iqtisodiyotimizga yiliga 2-3 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelingan bo‘lsa, hozirgi paytda 40-50 milliard dollar chet el sarmoyasi jalb qilinmoqda. Yurtimizga investitsiyalar bilan birga ilg‘or texnologiyalar, zamonaviy bilim va yangi iqtisodiy imkoniyatlar kirib kelmoqda.

Biz uch yil oldin 2030 yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazishni reja qilgan edik. Global logistikadagi uzilishlar, dunyodagi notinch vaziyatga qaramasdan, bu vazifani shu yilning o‘zida ortig‘i bilan amalga oshiramiz va daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kiramiz.

E’tiborli jihati – biz bunday yuksak natijalarga xalqimizning fidokorona mehnati, intellektual salohiyati hamda millat va davlat birdamligi tufayli erishyapmiz. Ijobiy o‘zgarishlarni har bir inson, har bir oila o‘z hayotida chuqur his etyapti, desam, fikrimga qo‘shilasiz, albatta.

Yangi davrda zamonaviy uy-joyga ega bo‘lgan 650 mingdan ziyod oilaning quvonchini so‘z bilan ta’riflab bo‘ladimi?

Minglab mahallalarimizga Yangi O‘zbekiston qiyofasi kirib bormoqda.

Kambag‘allik masalasini ochiq tan olib, uni keskin qisqartirish bo‘yicha Yangi O‘zbekiston tajribasini yaratdik. Ehtiyojmand oilalarning daromadi, kasbi, salomatligi, farzandlarining ta’lim olishi va yashash sharoitini yaxshilash bo‘yicha “mahallabay” ishlash tizimini yo‘lga qo‘ydik.

Izchil sa’y-harakatlarimiz tufayli bugungi kunda kambag‘allik darajasini 2017 yildagi 35 foizdan 4 foizga tushirishga erishdik. Ushbu raqamlar zamirida ro‘zg‘origa baraka kirib, turmush sifati yaxshilangan 10 million insonning quvonchi va shukronalik tuyg‘ulari mujassam.

 

Muhtaram yurtdoshlar!

Dunyo hamjamiyatida munosib o‘rin egallashimiz uchun bizga bilimli, kelajak kasblarini puxta egallagan, mustaqil fikriga ega bo‘lgan yangi avlod mutaxassislari kerak. Shu bois, ta’limga sifat va mazmun olib kiryapmiz. Muallimning obro‘-e’tiborini tiklab, daromadini oshirib boryapmiz.

O‘tgan o‘n yilda, aholimiz 8 millionga ko‘paygan sharoitda ham bog‘cha qamrovini 78 foizga yetkazdik. Maktablarda 1,5 million qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratildi. Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablar tashkil etilgani farzandlarimizga yetakchi xorijiy ta’lim maskanlaridan kam bo‘lmagan darajada chuqur bilim egallash uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi.

Yoshlarga xorijiy tillar va kasb-hunar o‘rganishlari uchun munosib sharoitlar yaratdik.

Oliygohlarda o‘qish uchun qulay sharoitlarni kengaytirganimiz hisobiga hozirgi kunda talabalar soni 1 million 600 ming nafarga yetdi. Quvonarlisi, yoshlarda bilim olishga ishtiyoq kuchaydi. Ota-onalar uchun farzandini oliy ma’lumotli qilish faqat orzu emas, erishsa bo‘ladigan maqsadga aylandi.

Ayniqsa, talabalarning yarmidan ko‘pini xotin-qizlar tashkil etayotgani – Uchinchi Renessansning o‘ziga xos qiyofasi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki, bilimli qizlar – bilimli oila, bilimli avlod va ma’rifatli jamiyat deganidir.

Biz ta’lim bilan bir qatorda ilm-fan, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalarni ham taraqqiyotimizning hal qiluvchi omili, deb bilamiz.

Shu bilan birga, IT, sun’iy intellekt, kreativ iqtisodiyot kabi yo‘nalishlar rivojiga yangi ruh berib, juda katta harakatni boshlab yubordik. Bu orqali 10 million yoshlarimizni raqamli industriya va kelajak kasblariga olib kiramiz.

Istiqlol bayramimiz arafasida xitoylik hamkorlarimiz bilan “Samarqand – 2028” sun’iy yo‘ldoshini fazoga uchirganimiz bizga alohida g‘urur bag‘ishlaydi.

Mening niyatim: O‘zbekiston texnologiya sohalarida jahonga ilg‘or tashabbuslarni taklif qiladigan markazga aylanishi zarur.

O‘zbek tili – raqamli dunyoda ilm va texnologiya yaratiladigan til bo‘lishi lozim.

 

Aziz vatandoshlar!

Inson qadri haqida so‘z yuritganda, aholimizning sog‘lig‘i masalasiga alohida e’tibor qaratishimiz tabiiy. So‘nggi yillarda ushbu sohaga ajratilayotgan mablag‘ni 8 karradan ziyod oshirdik. Eng muhimi, sifatli tibbiy xizmat olish imkoniyati nafaqat markazda, balki hududlarda ham yaratildi.

O‘tgan davrda yurtimizda 652 ta yangi tibbiyot muassasasi barpo etilgani, xususiy sektorga keng imkoniyat berilgani tufayli tibbiy xizmatlar hajmi 3 karra oshdi. Yuqori malakali shifokorlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yib, ularga sharoit yaratganimiz

o‘z natijasini beryapti. Ilgari xorijda amalga oshirilgan 100 dan ziyod murakkab diagnostika va davolash usullari bugun yurtimizda ham mukammal bajarilmoqda.

Umuman, aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 1991 yildagi 66,4 yoshdan 2025 yilda 75,4 yoshga yetgani, go‘daklar va onalar o‘limi ko‘rsatkichi 4 barobar kamaygani sohadagi islohotlarimizning eng muhim natijasidir.

 

Qadrli do‘stlar!

Jonajon Vatanimiz azaldan ulug‘ mutafakkirlar, aziz avliyolar, buyuk allomalar yurti bo‘lib kelgan. Biz mana shunday bebaho merosga munosib ravishda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Burhoniddin Marg‘inoniy yodgorlik majmualari kabi betakror ilmiy-ma’rifiy dargohlarni barpo etdik.

Bu muhtasham va tabarruk maskanlar bugun nafaqat yurtimiz va islom olami, balki butun jahon ahlining haqli e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Biz bunday bunyodkorlik ishlarini jadal davom ettiramiz.

 

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Bizning eng katta boyligimiz – ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan Yangi O‘zbekiston yoshlaridir. Intiluvchan va tirishqoq o‘g‘il-qizlarimizni qo‘llab-quvvatlash, ularga keng imkoniyatlar ochish uchun har yili 20-25 trillion so‘m ajratilmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekistondagi biznes vakillarining 35 foizini yosh tadbirkorlar tashkil etyapti.

Tokio va Parij Olimpiya hamda Paralimpiya o‘yinlarida, dunyo maydonlarida yosh sportchilarimiz erishgan tarixiy yutuqlar xalqimizga cheksiz iftixor bag‘ishladi.

Futbolchilarimiz ilk bor jahon chempionatida ishtirok etib, o‘zbek sporti tarixida yangi sahifa ochdi. Ular boshlagan yo‘l albatta davomli va zafarli bo‘ladi, deb ishonamiz.

Yaqin kunlarda Samarqandda katta sport anjumani – Jahon shaxmat olimpiadasi boshlanadi. Noyabr oyida esa mashhur grossmeysterimiz Javohir Sindorov jahon shaxmat toji uchun kurashga kirishadi.

Ushbu musobaqalarda shaxmatchi o‘g‘il-qizlarimga ulkan zafarlar tilayman!

Xalqaro fan olimpiadalarida, tanlov va festivallarda yuqori o‘rinlarni egallayotgan yoshlarimizni – Yangi O‘zbekiston yulduzlari, kelajak bunyodkorlari, deb bilaman!

Oldinga qarab intilishdan va doimiy izlanishdan hech qachon to‘xtamang, aziz farzandlarim!

 

Muhtaram yurtdoshlar!

Bugun biz tarixning yanada mas’uliyatli va hal qiluvchi pallasida turibmiz. Mamlakatimiz taraqqiyotning mutlaqo yangi davriga qadam qo‘ymoqda. Kelgusi o‘n yillik – biz uchun milliy yuksalish davri bo‘ladi.

Buni faqat va faqat xalqimizning aql-zakovati, mehnati va birdamligi orqali o‘zimiz bunyod etamiz. Shu maqsadda kelgusi yillarda yurtimizda inson qadrini yanada yuksaltiradigan 7 ta milliy dasturni amalga oshiramiz.

Birinchi milliy dastur bilim va malakani kelgusi taraqqiyotimizning asosiy kapitaliga aylantirishdan iborat bo‘ladi.

Bolalarning 6 yoshli tayyorlov guruhlariga qamrovini qisqa muddatda 100 foizga olib chiqamiz. Xususiy bog‘cha tashkil qilish bo‘yicha mavjud imtiyozlar saqlab qolinadi.

Barcha maktablar xalqaro baholash dasturlari bilan to‘liq qamrab olinadi.

Yurtimizdagi texnikumlarda xalqaro ta’lim standartlarini joriy etamiz. Ularda yoshlarimizni yuqori daromadli kasblarga o‘qitishni yo‘lga qo‘yib, qamrovni 1 millionga yetkazamiz. Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonda kasb egallamagan birorta yigit-qiz qolmaydi.

Biz kelgusi yillarda kamida 10 ta universitetimizni TOP mingtalikka kiritishni katta marra sifatida belgilaymiz.

Ikkinchi milliy dastur xalqimizning sog‘lom bo‘lishi va uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Shu maqsadda aholi salomatligi bilan bog‘liq davlat xarajatlarini kelgusi besh yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5 foizga yetkazamiz.

Biz tibbiyotda profilaktikani kuchaytirish orqali salomatlikni asrash modeliga o‘tamiz. Davlat tibbiy sug‘urtasi mamlakatning barcha xonadonlariga kirib boradi.

Ixtisoslashgan tibbiyotda raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida dunyoning eng nufuzli kamida 5 ta klinikasini olib kelamiz.

Yurtimizni zamonaviy tibbiyot, farmatsevtika, biotexnologiyalar va tibbiy ta’lim taraqqiy etgan maskanga aylantiramiz.

Hurmatli tadbir ishtirokchilari!

Uchinchi milliy dastur – iqtisodiyotimizni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazish.

Buning uchun kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilamiz. Iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur’atini saqlagan holda, 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmi 300 milliard dollarga yetkaziladi, sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.

Yoshlarimizning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishda startap, venchur va sun’iy intellektni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishga aylanadi.

Shuningdek, kichik biznes – o‘rta biznesga, o‘rta korxonalar esa yirik kompaniya va korporatsiyalarga aylanishi uchun yaxlit ekotizimni yo‘lga qo‘yamiz. Bularning hisobiga kelgusi o‘n yilda jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 10 ming dollarlik marradan oshadi.

 

Aziz do‘stlar!

Global iqlim o‘zgarishi sharoitida suv va ekologiya masalalari yanada dolzarb bo‘lib bormoqda.

Shu bois, to‘rtinchi milliy dastur suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirishga qaratiladi.

Kelgusi besh yilda ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalar qamrovini 100 foizga olib chiqamiz. Bu – umummilliy marraga aylanadi.

Tabiatga munosabat – xalqning madaniyati, davlatning mas’uliyati va taraqqiyotning sifat ko‘rsatkichidir. Shuning uchun mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy harakatini yangi sifat bosqichiga olib chiqamiz. Maktab, bog‘cha, shifoxona va ko‘p qavatli uylar atrofidagi yashil hududlar jamiyatning daxlsiz boyligi sifatida muhofaza qilinadi. Yaqin yillarda tuman va shahar markazlarida yashillik ko‘lamini 30 foizga yetkazamiz.

 

Qadrli yurtdoshlar!

Adolat qaror topgan joyda iqtisodiy o‘sish ham, ijtimoiy ishonch ham yuksaladi.

Bu borada beshinchi milliy dastur – sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlashni umumiy qadriyatga aylantirishdan iborat.

Buning uchun huquqiy tarbiyani maktabdan boshlab aniq tizim asosida yo‘lga qo‘yamiz. Fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha islohotlarimizni qat’iy davom ettiramiz. Kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosining oldini olish bo‘yicha choralarni yanada kuchaytiramiz.

“Yashirin iqtisodiyot”, uyushgan jinoyatchilik, ayollar va bolalar huquqini kamsitishga qarshi kurashni yangi bosqichga ko‘taramiz.

Aziz vatandoshlar!

Odamlarimizning kayfiyati, oilalarning farovonligi, yoshlarning orzu-istagi, tadbirkorlarning tashabbuskorligi, eng avvalo, mahallada namoyon bo‘ladi.

Shuning uchun oltinchi milliy dastur mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirishga yo‘naltiriladi.

Endi davlat dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha yondashuv butkul o‘zgaradi. Tuman budjeti, investitsiya dasturi hamda infratuzilma loyihalari mahalla buyurtmasi asosida ishlab chiqiladi. Bunda fuqarolarning talab va ehtiyoji, mahallaning farovonligi – eng asosiy mezon sifatida belgilanadi.

 

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Yettinchi milliy dastur – O‘zbekistonning tinchlik va do‘stlik diyori, bag‘rikeng o‘lka sifatidagi nufuzini har tomonlama yuksaltirishdan iborat.

Yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari, 16 ta diniy konfessiya a’zolari bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashamoqda.

Bugungi notinch zamonda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik xalqimizning oltin fondi, bebaho boyligidir.

Bizning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar siyosatimiz uzoq muddatli taraqqiyotimizni ta’minlashga qaratilgan.

Markaziy Osiyoda ahil qo‘shnichilik, strategik sheriklik va do‘stlik aloqalarini kengaytirishda tarixiy yutuqlarga erishildi.

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Yevropa Ittifoqi, Amerika, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va arab-musulmon dunyosi davlatlari bilan munosabatlarimiz yanada mustahkamlandi. Sharqiy Yevropa, Afrika va Lotin Amerikasida yangi hamkorlik yo‘nalishlari ochildi.

Mamlakatimiz bilan diplomatik munosabat o‘rnatgan davlatlar soni qariyb 170 taga yetdi.

O‘zbekistonni xalqaro diplomatiyaning muhim markaziga aylantirish uchun ko‘pqirrali, vazmin va muvozanatli tashqi siyosatni davom ettiramiz. Iqtisodiy diplomatiya tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.

Mamlakatimiz 2027-2029 yillarda Qo‘shilmaslik harakatiga ilk marotaba raislik qiladi. Dunyodagi 120 dan ortiq davlatni birlashtirgan ushbu global tuzilma samaradorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni faol ilgari suramiz.

Yon qo‘shnimiz bo‘lgan Afg‘oniston bo‘yicha konstruktiv siyosatimizni qat’iy davom ettiramiz.

Fursatdan foydalanib, bugungi tantanamizda ishtirok etayotgan diplomatik korpus vakillariga, xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlariga, AQSH, Turkiya va Singapurdan kelgan yuqori martabali mehmonlarimizga samarali hamkorlik uchun alohida minnatdorlik bildiraman.

 

Aziz va muhtaram vatandoshlarim!

Bir fikrni ishonch bilan aytmoqchiman.

Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli bo‘lamiz.

O‘ttiz besh yillik mustaqil taraqqiyot yo‘limiz bizga bir haqiqatni o‘rgatdi: xalq va davlat yagona maqsad yo‘lida birlashib, astoydil harakat qilsa, zabt etib bo‘lmaydigan marraning o‘zi yo‘q.

Bunday buyuk qudratga ega xalq va davlatni yenga oladigan kuchning o‘zi yo‘q.

Biz yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va buyuk kelajagimizni birgalikda barpo etamiz!

Ishonchim komil, matonatli, mard va olijanob xalqimiz o‘z oldiga qo‘ygan ulug‘ maqsadlarga albatta yetadi.

Vatanimizning oltin davrini, yangi buyuk tarixini albatta barchamiz birgalikda yaratamiz!

Bizga mustaqillik ne’matini bergan Parvardigorimizga cheksiz shukronalar bo‘lsin!

Istiqlolimiz ijodkori va haqiqiy bunyodkori bo‘lgan xalqimizga shon-sharaflar bo‘lsin!

Sizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni bugungi ulug‘ bayram – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi bilan yana bir bor tabriklayman.

Yurtimiz tinch, xonadonlarimiz obod va farovon bo‘lsin!

Yashasin O‘zbekiston Respublikasi!

Yashasin O‘zbekiston xalqi!

O'zbekiston yangiliklari