Ramazon hayiti namozi Toshkent shahrida shu yil 15 iyun kuni, ertalabki soat 05:10 da o‘qiladi. Qolgan hududlarda taqvim kitoblaridagi hududlarda namoz vaqtlaridagi tafovutni inobatga olgan holda ado etiladi.
Quyidagi link orqali hayit namozini o‘qish bo‘yicha videodarsni tomosha qilishingiz mumkin.
https://m.youtube.com/watch?v=HYp6zATMnDY
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bir donishmanddan:
— Agar hayotingizni qaytadan boshlash imkoni berilganida qaysi xatolaringizni qilmagan bo‘lardingiz? — deb so‘rashibdi.
Donishmand shunday javob qilibdi:
— Agar shunday imkon berilsa, o‘tmish xatolarimni yana qilgan bo‘lardim. Negaki, mening shu darajaga kelishim mana shu xatolarim va shu xatolar ortidan chiqargan xulosalarim evazigadir.
Donishmandga berilgan savolni bugungi hayotimizda bir-birimizga ko‘p beramiz. Aslida bu narsaning amalga oshmasligini yaxshi bilsak-da, o‘zimizcha: “Falon-falon ishlarni qilmagan bo‘lardim. Falon ishlarni esa qilgan bo‘lardim. Shunda omadim yurishib, hozirgi holatimdan ancha yuqori darajaga erishardim”, deymiz. Ammo bir narsani unutmasligimiz kerakki, inson uchun dunyodagi eng qimmat narsa, bu – hayotiy tajriba. Hayotiy tajriba esa xatolar, qiyinchilik va mashaqqatlar, devorga urilgan boshlar ortidan qo‘lga kiritiladi. Unutilib ketgan qadim turkiy udumga ko‘ra, kattalar yumshoq salla bilan, atak-chechak qilib, yurishga tirishayotgan go‘dakning oyog‘ini beozorgina chalishadi.
Buning ma’nosi: Bola hozirdan yiqilishni bilsin! Agar yiqilishni bilsa, turishni o‘rganadi! El-yurtining, qavmining qalqoni bo‘lishi kerak bo‘lgan o‘g‘lon shunday tarbiya topsa, kelajakda hayot zarbalariga ham sabot bilan turib beroladi!
Biz bolalarimizni: “Xato qilma, o‘zingni avayla, uni qilma-buni qilma”, deb ko‘p tergaymiz. Maktabda barcha fandan a’lo baholarga o‘qishini istaymiz. Yiqilib tushishidan qo‘rqib, yugurishiga qo‘ymaymiz-u, lekin tanasi baquvvat bo‘lishini xohlaymiz. Unutmasligimiz lozimki, biz faxrlanadigan ajdodlarimiz minglab qoqilishlar, qiyinchilik-mashaqqatlardan o‘tib, komillikka erishganlar. Ular o‘zlaridan dunyoni titratuvchi asarlar va muazzam davlatlar qoldirishgan.
To‘ychiyev Bilolxon,
Hadis ilmi maktabi xodimi.