Mana kun sayin ulug‘ bayramlardan biri Ramazon hayiti yaqinlashib kelmoqda. Musulmonlar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam davrlaridan buyon bu bayramni orziqib, alohida ahamiyat bilan kutib oladilar. Bizlarni dorulomon yurtda tinchlik xotirjamlikda ro‘za tutish baxtiga musharraf qilgan hamda uning nihoyasidagi hayit bayrami shodliklariga muvaffaq qilgan Alloh taologa hamdlar bo‘lsin!
Hayit bayramlarida yoshu-qari, boyu-kambag‘al jamiyat vakillarining barchalari shodu-xurram bo‘lishib, bir-birlariga xursandchilik izhor qiladilar. Bu ulug‘ bayramlaridan biri Ramazon ro‘zasi tugaganidan so‘ng, ikkinchisi esa hojilar Arafotda turganlaridan so‘ng nishonlanadi. Musulmonlar hamisha orziqib kutadigan ushbu ikki hayit bayramlariga taalluqli bir qancha odoblar bo‘lib ularga amal qilish bu bayramlardagi xursandchiliklar to‘liq bo‘lishiga va eng muhimi ko‘plab ajru savoblarga ham ega bo‘lishga sabab bo‘ladi. Hayit bayramlarining odoblari deganda asosan quyidagi odoblar tushuniladi:
Birinchi odob: yaxshi niyat qilish
Musulmon kishi barcha ishlarida bo‘lgani singari hayit bayramlarida bajaradigan barcha ishlarini ham yaxshi niyatlar bilan ado etishi lozim. Masalan hayit namoziga otlanar ekan zimmasidagi vojib amalni ado etishni niyat qiladi, Nabiy sollallohu alayhi vasallamning ko‘rsatmalarini bajarish niyati bilan yaxshi kiyimlarini kiyib chiqadi, silai rahm niyati bilan qavmu-qarindoshlarini ziyorat qilishga harakat qiladi va hakozo barcha amallarida ezgu niyat qilinadigan bo‘lsa, xursandchiliklardan tashqari ko‘plab ajru mukofotlarga ham ega bo‘ladi.
Ikkinchi odob: G‘usl qilish
Hayit bayramiga tayorgarliklardan biri namozgohga g‘usl qilib, toza-ozoda bo‘lib chiqish hisoblanadi. Ushbu odobga rioya qilish tufayli boshqalarning undan aziyat chekishlarining oldi olingan bo‘ladi.
Uchinchi odob: Xushbo‘ylanish
Yuvinib toza-ozoda bo‘lganidan so‘ng shirin mushk va atirlar bilan xushbo‘ylanib chiqish ham bu kunning odoblaridan sanaladi.
To‘rtinchi odob: Yaxshi kiyimlar kiyish
Hayit kunida imkoni bor kishi yangi kiyim kiyishi mustahab bo‘ladi. Chunki bu ish Alloh taoloning bandasiga bergan ne’matlarini izhor etish, shodu-xurramligini namoyon qilish bo‘ladi. Ulug‘ zotlarning hayit bayramlarida eng yaxshi kiyimlarini kiyganlari ma’lum va mashhurdir.
Beshinchi odob: Ramazon hayitida namozdan oldin “sadaqai fitr”ni ado etish
“Sadaqai fitr” ro‘zadan chiqish munosabati bilan beriladigan sadaqa hisoblanadi. Bu moliyaviy ibodat shariatimizda ro‘zadorning ro‘zasi komil bo‘lishiga xalal beradigan turli behuda gap-so‘z va hatti-harakatlardan poklash va miskinlarga taom bo‘lish ma’nosida joriy qilingan.
Hanafiy mazhabiga ko‘ra “iydu fitr” kuni tongi otishi bilan “sadaqai fitr”ni berish vojib bo‘ladi. Ammo undan oldin Ramazonning avvalgi kunlarida berish ham joiz hisoblanadi. “Sadaqai fitr”ni berish tufayli kambag‘allarning xonadonlariga ham xursandchilik ulashilgan bo‘ladi.
عَنِ ابْنِ عُمَرَ أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَمَرَ بِزَكَاةِ الْفِطْرِ أَنْ تُؤَدَّى قَبْلَ خُرُوجِ النَّاسِ إِلَى الصَّلاَةِ. رَوَاهُ مُسْلِمُ
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam fitr sadaqasini insonlar namozga chiqishlaridan oldin ado etilishiga amr qilganlar”. Muslim rivoyat qilgan.
Oltinchi odob: Ramazon hayitida namozga chiqishdan oldin bir nechta xurmo yeb olish
Ramazon hayiti bayramida namozgohga chiqish oldidan biror sharinlik tanovul qilish sunnat hisoblanadi. Bu haqida shunday xabar berilgan:
عَنْ عَبْدِ اللَّهِ بْنِ بُرَيْدَةَ عَنْ أَبِيهِ قَالَ كَانَ النَّبِىُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لاَ يَخْرُجُ يَوْمَ الْفِطْرِ حَتَّى يَطْعَمَ وَلاَ يَطْعَمُ يَوْمَ الأَضْحَى حَتَّى يُصَلِّىَ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ
Abdulloh ibn Burayda otasidan rivoyat qiladi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam og‘iz ochish kunida (Ramazon hayitida) taomlanmasdan chiqmasdilar, qurbonlik kunida esa namoz o‘qigunlaricha taomlanmasdilar”. Termiziy rivoyat qilgan.
Boshqa bir rivoyatda esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning taomlanib chiqishlari qanday bo‘lgani bayon qilingan:
عَنْ أَنَسٍ قَالَ كَانَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لاَ يَغْدُو يَوْمَ الْفِطْرِ حَتَّى يَأْكُلَ تَمَرَاتٍ رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam og‘iz ochish kunida (Ramazon hayitida) bir nechta xurmo yemasdan (namozgohga) chiqmasdilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.
Shunga ko‘ra Ramazon hayti kuni ertalab namozgohga chiqish oldidan bir nechta xurmo yeb olish sunnat hisoblanadi. Hadisi shariflarda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning xurmodan toq yeb chiqishlari ham rivoyat qilingan.
Yettinchi odob: Qurbon hayitida qurbonlik qilishdan oldin hech narsa yemaslik
Qurbon hayitida Ramazon hayitining aksi o‘laroq to hayit namozini ado etilgunicha taomlanmaslik, balki so‘ygan qurbonligining go‘shtidan yeyishi sunnat hisoblanadi. Bu haqida shunday xabar berilgan:
وَلاَ يَطْعَمُ يَوْمَ الأَضْحَى حَتَّى يُصَلِّىَ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ
Nabiy sollallohu alayhi vasallam qurbonlik kunida namoz o‘qigunlaricha taomlanmasdilar. Termiziy rivoyat qilgan.
Sakkizinchi odob: Hayit namoziga erta borish
عَنِ الْبَرَّاءِ قَالَ سَمِعْتُ النَّبِيَّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَخْطِبُ فَقَالَ إِنَّ أَوَّلَ مَا نَبْدَأُ مِنْ يَوْمِنَا هَذَا أَنْ نُصَلِّيَ ثُمَّ نَرْجِعَ فَنَنْحَرَ فَمَنْ فَعَلَ فَقَدْ أَصَابَ سُنَّتَنَا رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ
Barro roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallamning xutba qilayotib shunday deganlarini eshitganman: albatta ushbu kunimizda avval boshlaydigan narsamiz namoz o‘qishimizdir, so‘ngra qaytib qurbonlik qilishimizdir, kimki shunday qilgan bo‘lsa, albatta bizning sunnatimizni topibdi”. Buxoriy rivoyat qilgan.
Ushbu hadis hayit kunida dastlab namozga chiqish uchun tayorgarlik ko‘rish va unga erta borish lozimligiga dalolat qiladi.
To‘qqizinchi odob: Masjidga piyoda yurib borish
Hayit kuni agar kasallik, uzoqlik va qoru-yomg‘ir singari biror uzr bo‘lmasa namozgohga piyoda yurib borish sunnat hisoblanadi. Bizning hanafiya mazhabimizda ayollarning hayit namozlariga chiqishlari makruh sanaladi.
O‘ninchi odob: Masjidga borgunicha ovozini chiqarib tahlil va takbir aytib borish
Hayit namozini o‘qish uchun uydan chiqilgan paytdan to namozgohga yetib borguncha “La ilaha illalloh” va “Allohu akbar” larni aytib borish ham sunnat hisoblanadi. Ushbu sunnatni ado etish Islom shiorini izhor qilish va hayit bayrami kelganidan shodlanish ifodasi, hamda ushbu kunning oldingi va keyingi kunlardan farqli kun ekanini barcha insonlarga bildirish hisoblanadi.
O‘n birinchi odob: Hayit namozidan oldin boshqa biror nafl namoz o‘qimaslik
Hayit namozgohiga yetib borgandan so‘ng tahiyyatul masjid yoki boshqa biror nafl namoz o‘qimasdan tahlil va takbirlar aytib zikr qilib o‘tirish sunnat hisoblanadi. Bu haqida shunday xabar berilgan:
عَنْ أَبِي سَعِيدٍ الْخُدْرِيِّ قَالَ: كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ لَا يُصَلِّي قَبْلَ الْعِيدِ شَيْئًا فَإِذَا رَجَعَ إِلَى مَنْزِلِهِ صَلَّى رَكْعَتَيْنِ رَوَاهُ ابنُ مَاجة
Abu Sa’iyd Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam iyddan oldin hech narsa o‘qimas edilar, qachon manzillariga qaytsalar ikki rakaat namoz o‘qirdilar”. Ibn Moja rivoyat qilgan.
O‘n ikkinchi odob: Bir-birlari bilan ko‘rishib, hayit bilan muborakbod etish
Insonlarning bir-birlari bilan ko‘rishishlari va hayit bayrami bilan qutlashlari ham barchaning ko‘ngliga xursandchilik ulashadigan bu kunning odoblaridan hisoblanadi. Hayit kunida bir-birlarini tabriklash ma’nosida o‘qiladigan muayyan duo bo‘lmasa ham, “Alloh bizdan ham sizlardan ham qabul qilsin” ma’nosidagi tilaklar bildirish yaxshi sanaladi.
O‘n uchinchi odob: Masjiddan uyiga qaytishda boshqa yo‘ldan qaytish
Hayit kunida namozgohdan uyiga qaytishda borgan yo‘lidan boshqa yo‘ldan qaytish ham sunnat hisoblanadi. Bu haqida shunday xabar berilgan:
عَنْ جَابِرٍ قَالَ كَانَ النَّبِىُّ صَلَّى اللهُ عَلَيهِ وَسَلَّمَ إِذَا كَانَ يَوْمُ عِيدٍ خَالَفَ الطَّرِيقَ رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ
Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Nabiy sollallohu alayhi vasallam qachon iyd kuni bo‘lsa yo‘lni farqli qilardilar. Buxoriy rivoyati.
Ushbu sunnatga amal qilishning ko‘plab foydalari bordir. Avvalo namozga borib kelishdagi bosgan qadamlari ko‘payadi. Natijada savoblari ham o‘shancha ko‘payadi. Qolaversa boshqa yo‘ldan qaytishda yanada ko‘proq insonlarga xursandchilik izhor qilish va ularni hayit bilan qutlash imkoniyati ham oshadi. Eng muhimi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilgan bo‘ladi.
O‘n to‘rtinchi odob: Qavmu qarindoshlarni ziyorat qilish
Aslida qavmu-qarindoshlarning holidan xabar olish barcha vaqtda ham musulmon kishining zimmasidagi vazifalardan hisoblanadi. Hayit kunlaridek xursandchilik kunlarida esa bu vazifa yana ta’kidlab eslatib qo‘yilgan. Bu ham dinimizning go‘zalligidan hisoblanadi. Qavmu-qarindoshlar ziyorat qilinganda hayitdagi umumiy xursandchiliklar doirasi kengayadi, ularga sovg‘alar ham ulashiladigan bo‘lsa o‘zaro mehr-muhabbat rishtalari mustahkamlanib shodu-xurramliklar yanada ziyoda bo‘ladi.
O‘n beshinchi odob: Qo‘ni-qo‘shnilarni bayram bilan tabriklash
Hayit munosabati bilan qo‘ni-qo‘shnilarga taom ulashish va ularni ziyorat qilish ham hayit xursandchiliklarini yanada ziyoda bo‘lishiga sabab bo‘ladigan amallardan hisoblanadi.
O‘n oltinchi odob: Yosh bolalarni xursand qilish
Hayit bayramida yosh bolalarni xursand qilishga, bu kunning boshqa kunlardan farqli musulmonlarning bayrami ekanini anglatishga ham alohida e’tibor qaratish lozim. Bunda ularga hayitlik sovg‘alar ulashish, hayvonot bog‘lariga yoki o‘yingohlarga olib borib o‘ynatib kelish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Hayit bayramining shodliklaridan ehtiyojmand oilalarning farzandlarini ham bahramand qilishga urinish komil musulmonning belgilaridan hisoblanadi.
O‘n yettinchi odob: Turli isrofgarchiliklardan tiyilish
Hayit bayramida xursandchilik qilayotgan musulmon shariatda man qilingan ishlar bilan xursandchilik qilinmasligini aslo unutmasligi lozim. Shunga ko‘ra go‘yo “hayitda ruxsat” degandek turli noshar’iy o‘yin-kulgularga mashg‘ul bo‘layotganlar yoki aksincha shariat bayram qilib belgilagan kunni azaga aylantirib olayotganlar ushbu ulug‘ kunda shariatga zid ishlarni sodir etayotgan bo‘ladilar. Zero hayit kuni ham musulmon kishining boshqa kunlari singari yaxshilik va xayr-baraka kuni bo‘lishi, gunoh va ma’siyatlar sodir etadigan kun bo‘lmasligi kerak.
Barcha holatlarimizda dinimiz ko‘rsatmalariga muvofiq hayot kechirishga Alloh taolo hammamizni muvaffaq qilsin. Hayit bayrami barchamizga muborak bo‘lsin!
Olamlar Robbisiga hamdu sanolar, Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafoga hamda u zotning oilalariyu sahobalariga salavot va salomlar bo‘lsin!
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi
Abdulqodir Abdur Rahim
“Shahid” so‘zi “hozir”, “guvoh”, “o‘z bilganlari haqida xabar beruvchi” ma’nolarini ifodalaydi. Shuningdek, “Shahid” Alloh taoloning ismlaridan biri bo‘lib, “guvohligi ishonchli, har doim hozir bo‘luvchi Zot” degan ma’nolarni anglatadi.
“Shahid” so‘zi umumiy tarzda Allohning yo‘lida halok bo‘lgan shaxsga nisbatan ishlatiladi.
Shahidlik – Allohning roziligi yo‘lida jonini fido qilgan, iymon-e’tiqodi va nomusini saqlash yo‘lida zolim dushman qo‘lida qatl qilingan kishilarga Alloh tomonidan beriladigan darajadir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadislarida vabodan, ichki kasalliklardan, fojiali falokatdan vafot etganlarni ham shahidlik darajasini topishi xabar berilgan.
Islom dinida shahidlarning martabasi va ularning maqomi alohida qadrlanadi. Biroq ayrim kimsalar shahidlikni urush-janjallar maydonida o‘lgan odam bilan chegaralab qo‘yib, xato tasavvurga ega bo‘lib yurishadi. Zotan, jangu jadalda o‘lish shahidlikka shart qilingan emas!
Ba’zilar esa o‘z-o‘zini o‘ldirib, portlatib yuborishni ham shahidlik deb odamlarni aldaydilar. O‘z-o‘zini o‘ldirish shahidlik emas. Aslida, bu ikki holatsiz ham inson shahidlik martabasiga ega bo‘lishi mumkin. Zero, Habibimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamdan kelgan hadisi sharifda quyidagilarni ko‘rishimiz mumkin.
Sahl ibn Hunayf roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Allohdan sidqidildan shahidlikni so‘rasa, garchi ko‘rpasida o‘lsa ham, Alloh uni shahidlar martabasiga yetkazadi”, dedilar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy rivoyati).
Imom Termiziy keltirgan rivoyatda: “Kim Allohdan Uning yo‘lida sodiqlik ila, chin qalbdan qatl bo‘lishni so‘rasa, Alloh unga shahidning ajrini beradi”, deyilgan.
Niyatni xolis qilib, jamiyatdan ajralmagan holda, ota-onasi bag‘rida, oilasi davrasida, do‘stu yorlari bilan birgalikda, vataniga xizmat qilib yurib ham shahidlik martabasiga ega bo‘lib, obro‘-e’tibor va yorug‘ yuz bilan dunyodan o‘tayotgan tabarruk shahid zotlar juda ko‘p. Shulardan o‘rnak olishimiz lozim bo‘ladi.
Shahidlik haqida bir qancha shar’iy hukmlar, fatvolar, bayonotlar mavjud.
Avvalo, shuni bilish lozimki, shahidlar ikki xil bo‘ladi:
1. “Shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid”. Vatan uchun bo‘lgan jangu jadalda, dushmanlar bilan bo‘lgan urushda, Allohning kalimasini oliy qilish uchun bo‘layotgan jihodda o‘lganlar. Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov zulm qilib yoki oilasini himoya qilish natijasida qasddan tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan o‘ldirib ketsa, u “shahidi a’lo” – “oliy darajadagi shahid” bo‘ladi.
2. “Shahidi hukmiy” – “shahid bo‘lgan deb hukm qilingan”. Jangu jadalda tig‘li asbob (pichoq, bolta, o‘q) bilan yaralanib, urush maydonidan chiqarilgandan keyin o‘lganlar. Bu holatda kasalxonaga olib borilsa, dori-darmon yoki taom yeb-ichsa, namoz vaqti bo‘lganini bilsa, vasiyat qilsa, ana undan keyin vafot qilsa, “shahidi hukmiy” bo‘ladi.
Shuningdek, o‘z yurtida, o‘z oilasida tinchlik-osoyishtalikda hayot kechirayotganida birov tomonidan zulm qilib, qasddan tosh va tayoq (tig‘siz narsalar) kabilar bilan qatl etilganlar yoki bo‘g‘ib o‘ldirib ketilganlar ham “shahidi hukmiy” hisoblanadi.
Taniqli hanafiy olimi Ibn Obidin rahimahulloh “Raddul muhtor”da keltirishicha, gunoh sababli o‘lgan kimsa shahid, deb hukm qilinmaydi. Gunoh oqibatida vafot qilgan odam shahid hisoblanmaydi.
Masalan, nohaq odam o‘ldirayotib, uni ham o‘ldirishsa, u shahid bo‘lmaydi. Begunoh odamlarni o‘ldirib yurgan kimsa jangda o‘ldirilsa, u shahid hisoblanmaydi. Bu xuddi o‘g‘rilik qilayotib, yiqilib o‘lgan kimsaga o‘xshaydi. Aroq ichaverib-ichaverib, aroqqa yorilib o‘lsa, u ham shahid bo‘lmaydi. Birov zino sababli homilador bo‘lib, bola tug‘ayotib o‘lsa, shahid bo‘ldi, deb hukm qilinmaydi. Bu Imom Ramliy rahimahullohning ham qarashidir (Ibn Obidin. “Raddul muhtor”).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilganlaridek quyidagi kishilar shahidlik maqomiga ega bo‘ladilar. Ammo bular ichida o‘zini o‘zi portlatgan, o‘zgani o‘ldirganlar yo‘q.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Vaboga yo‘liqib o‘lish, suvga cho‘kib o‘lish, qorin og‘rig‘i bilan o‘lish, olovga kuyib o‘lish, ayollar nifos paytida, ya’ni bola tug‘ayotganida o‘lishi ummatimning shahidligidir!” (Imom Suyutiy “Jome’ as-sag‘ir”).
Yoki beshta shahidlikni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam quyidagicha sanaganlar: “Alloh yo‘lida yurganida o‘ldirilgan kimsa shahiddir, qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kimsa shahiddir, o‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir, suvga g‘arq bo‘lib o‘lgan shahiddir, ayollar tug‘ayotganida o‘lsa shahiddir” (Imom Tabaroniy rivoyati).
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shahidlikning yetti turini ham sanaganlar. Ular orasida ham o‘zini o‘zi o‘ldirish yo‘q, musulmonlarni o‘ldirish ham yo‘q: “Shahidlik Alloh yo‘lida yurganda o‘ldirilishdan tashqari yettitadir. O‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir; qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kishi shahiddir; g‘arq bo‘lib o‘lgan kishi shahiddir; vayronagarlikda qolib ketgan (masalan, zilzilada) kishi shahiddir; zotiljam kasalidan o‘lgan kishi shahiddir; olovda kuyib o‘lgan kishi shahiddir; tug‘ayotib o‘lgan ayol shahiddir” (Imom Nasoiy, Imom Tabaroniy rivoyati).
Xullas, “Durrul muxtor” va “Raddul muhtor” asarlarida quyidagilarni shahidlar qatorida bo‘lishi sanab o‘tilgan:
⏺ Zotiljam kasaliga yo‘liqib vafot etganlar.
⏺ Ilm talabida yurganda o‘lganlar.
⏺ Dushman bilan kurashib o‘lganlar.
⏺ G‘arq bo‘lganlar.
⏺ Olovda kuyib, tasodifan o‘t ichida qolib o‘lganlar (o‘zini yoqqanlar emas).
⏺ Musofirchilikda qiynalib o‘lganlar.
⏺ Devor ostida, zilzilada qolganlar.
⏺ Qorin og‘riq bilan o‘lganlar.
⏺ Bola tug‘ib, nifos qoni ko‘rayotgan ayollar.
⏺ Juma kechasi vafot topganlar.
⏺ Sil kasalidan o‘lganlar.
⏺ Qattiq isitma ta’sirida vafot topganlar.
⏺ Oilasi, mol-dunyosi va qonini himoya qilayotib o‘lganlar.
⏺ Gunoh bo‘lmagan kuchli ishq-muhabbat oqibatida o‘lganlar.
⏺ Yirtqich va vahshiy hayvon yorgani va shoxlagani oqibatida o‘lganlar.
⏺ Podshohning zulmiga uchrab, nohaq qamalgani sababli qamoqda o‘lganlar.
⏺ Zolimlar urib-urib o‘ldirib qo‘yganlar.
⏺ Chayon yoki ilon chaqib o‘lganlar.
⏺ Xolis muazzinlik qilib vafot topganlar.
⏺ To‘g‘riso‘z va halol savdogar bo‘lib vafot topganlar.
⏺ Oilasini ta’minlash maqsadida halol kasb-kor qilib yurganida vafot topganlar.
⏺ Qayt qilish kasaliga mubtalo bo‘lib, kuchli qayt qilaverish oqibatida qiynalib vafot topganlar.
⏺ Eriga rashk qilaverib, bu rashkiga sabr qilib vafot topgan ayollar.
⏺ Har kuni: “Allohumma, barik liy fil-mavti va fiyma ba’d al-mavti!” (“Allohim, menga o‘lganimda ham, o‘lgandan keyin ham baraka ber!”) deb 25 marta aytib yurganlar.
⏺ Har kuni “zuho” – choshgoh namozini o‘qishni odat qilganlar.
⏺ Ramazonda to‘liq va har oy 3 kun ro‘za tutishni odat qilganlar.
⏺ Uyda ham, safrada ham, har kuni vitr namozini kanda qilmaganlar.
⏺ Fisqu-fasod ko‘paygan zamonlarda sunnatlarni mahkam tutganlar.
⏺ Kasal va bemor bo‘lganida 40 marta “Laa ilaha illa anta! Subhanaka, inniy kuntu minaz-zolimiyn” (“Sendan o‘zga iloh yo‘q! Sen juda ham poksan! Men esa o‘zimga zulm qiluvchilardanman!”) deyishni odat qilganlar.
⏺ Vabo, o‘lat kabi kasalliklardan o‘lganlar.
Demak, musulmon banda Alloh taoloning rahmatidan noumid bo‘lishi kerak emas. Inson o‘z uyida, o‘z to‘shagida jon bersa ham, shahidlik maqomiga muyassar bo‘laveradi. Allohning marhamati keng, bandasiga shahidlik maqomini berib ham oxiratdagi martabasini yuksak qilaveradi. Yuqorida ta’kidlanganidek, inson nohaq odam o‘ldirish bilan yoki o‘z-o‘zini qurbon qilish bilan shahid bo‘la olmaydi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi