Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Avgust, 2026   |   15 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:21
Quyosh
05:45
Peshin
12:24
Asr
17:06
Shom
19:07
Xufton
20:26
Bismillah
28 Avgust, 2026, 15 Rabi`ul avval, 1448

Ramazon hayiti – ko‘ngillar shodligi

14.06.2018   7132   6 min.
Ramazon hayiti – ko‘ngillar shodligi

Ramazon hayiti – katta shodiyona, xursandchilik va ko‘tarinki ruhda o‘tadigan muborak bayram. Chunki ushbu kun tutgan ro‘zalarimiz qabul bo‘ladigan, Allohning rahmati va fazli  mo‘l-ko‘l yog‘iladigan ajoyib palladir. Shu bois hayitda barchamiz xursandchiligimizni, saxovatimizni va yuksak axloqimizni har qachongidan ko‘ra ko‘paytirishimiz zarur. 

Hayit – Alloh taoloning mo‘min bandalariga ziyofat kuni, Qur’oni karimda bunday marhamat etiladi:  “Albatta, mana shu (jannat ne’matlari) ulkan yutuqning o‘zidir. Bas, aynan mana shunday yutuq uchun amal qiluvchilar amal qilsinlar!” (Soffot surasi, 60-61-oyatlar).

Ramazon ro‘zasidan olgan tarbiyamizning yana bir jihati shu bo‘ldiki, bu oy bizlarga bir-birimiz bilan yanada ahil, totuv bo‘lib yashashni, bag‘rikeng bo‘lishni, faqat o‘zimiz uchun emas, o‘zgalar uchun ham kamarbasta, fidoyi bo‘lishni o‘rgatdi.  Chunki   yurtimizda  tinchlik va osoyishtalik bardavom bo‘lishida, Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligi  yuksalishida bu insoniy fazilatlarning o‘rni beqiyosdir. 

Ramazon oyini qanday ixlos, g‘ayrat va sabr bilan o‘tkazgan bo‘lsak,   hayit bayramini ham o‘shanday fayzli qilib  o‘tkazishimiz  kerak bo‘ladi. Hayitdan maqsad, ko‘ngillarga xushnudlik, nafslarga sevinch, jismga rohat bag‘ishlash, do‘stlar, yaqinlar o‘rtasida muhabbat, qarindoshlar, qardoshlar orasida mehr rishtalarini yangilash, kishilarni bir-birlariga  yordam va saxovat ko‘rsatishga chorlashdir. 

Hayit munosabati bilan qo‘ni-qo‘shnilarga taom ulashib, ularni ziyorat qilinsa, qavmu qarindoshlarning holidan xabar olinsa, xursandchiliklar yanada ziyoda bo‘ladi.  

Hayit bayramida xursandchilik qilayotgan musulmon shariatda man qilingan ishlardan tiyilish lozim. Chunki bu kunda qilingan xayrli ishlarning savobi ulug‘ bo‘lganidek, noshar’iy ishlarning ham gunohi kattadir. Go‘yo "hayitda ruxsat" degandek turli noshar’iy o‘yin-kulgularga mashg‘ul bo‘lish yoki aksincha shariat bayram qilib belgilagan kunni azaga aylantirish yaramaydi. Zero hayit kuni ham musulmon kishining boshqa kunlari singari yaxshilik va xayr-baraka kuni bo‘lishi, gunoh va ma’siyatlar sodir etadigan kun bo‘lmasligi kerak. 

Hayit bayramida yosh bolalarni xursand qilishga, bu kunning boshqa kunlardan farqli musulmonlarning bayrami ekanini anglatishga ham alohida e’tibor qaratish lozim. Bunda ularga hayitlik sovg‘alar ulashish, istiroxat bog‘lariga yoki o‘yingohlarga olib borib o‘ynatib kelish maqsadga muvofiq. Shuningdek, hayit bayramining shodliklaridan ehtiyojmand oilalarning farzandlarini ham bahramand qilishga urinish komil musulmonlik belgilaridan biridir. Zero har bir voqea yosh bolaning ongida toshga o‘yilgan naqsh kabi saqlanadi. Bir tanishimiz bunday hikoya qiladi: "Yetmishinchi yillarning boshi... Komfirqa odamlari hayit namozini masjidda o‘qitmaydi. Namozga to‘plangan jamoa nima qilarini bilmay qoladi. Shunda dadam: "Yuringlar, hayit namozini o‘qiydigan joy bor", deydilar. Odamlar dadamga ergashishdi. 

...Endigina ko‘cha eshik oldini supurib bo‘lgan onam dadamning erta qaytganidan ajablandi. Dadam shoshilib, qibla tomonga sholcha to‘shadi. Bir zumda hovli odamga to‘ldi. Birov qo‘ynidan joynamoz oldi, birov belbog‘ini yechib yerga soldi. Namoz o‘qildi. Kishilar duo qilib tarqalishdi. Dadam odamlarni kuzatgach, bizga hayitlik berdilar. 

Bu voqeadan so‘ng onam ancha vaqtgacha dadamdan xavotirga tushib, sal kech qolsalar, ilhaq bo‘lib, bizni xabar olishga jo‘natardilar. Bu xavotirlarining sababini keyinroq tushundim..." 

Alhamdulillah, hozir juma va hayit kunlari emin-erkin ibodat qilib, yaqinlariga hayitliklar ulashayotgan yurtdoshlarimizni ko‘rib, ko‘nglimiz quvnaydi. 

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va hazrat Umar roziyallohu anhu hayit kuni birga ketishayotgan edi. Madina ko‘chalarida o‘ynab yurgan bolalar Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan hayitlik so‘rashdi. U zot sollallohu alayhi vasallam: 

– Ey Umar, meni bu bolalardan sotib olmaysizmi? – dedilar.

Hazrat Umar roziyallohu anhu yugurib ketdilar va bolalarga go‘sht, bir oz xurmo va mevalar keltirib berdilar. Mamnun bo‘lgan Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak yuzlariga tabassum yoyildi. ("Tarixul Anbiyo"). 

Odatda bayramlarda jamiyat axloqi, istak va mayllari, urf-odatlari har qachongidan aniqroq bo‘rtib ko‘rinadi. Shu bois Ramazon oyi davomida bo‘lgani kabi hayit arafasida ham mehr-muhabbat, saxovat, o‘zaro yordam berish,  hojatmandlar holidan xabar olish, keksalarni qadrlash va hurmatlarini joyiga qo‘yish, ota-onalarga har qachongidan ko‘ra e’tibor ko‘rsatish, insonlar o‘rtasida mehr-oqibatni yanada kuchaytirish talab etiladi.

Shuning uchun ham Yaratganga shukronalar aytib, buyuk farz amali Ramazon oyi ro‘zasidan so‘ng Allohning tavfiqi bilan diyorimizga kirib kelgan muborak Ramazon hayiti  barchamizga  shodlik va hurramlik ayyomiga aylansin, deymiz! Bu kun shodu xurramlik ayyomi, qutlug‘ bayram ekan, uning shukrini ado etish, ushbu muborak kunda hammamizga ardoqli ota-onalarimiz, qavmu qarindoshlarimiz, ulug‘larimiz ziyoratiga borib, ularning duolarini olish, betob, ehtiyojmand kishilar holidan xabardor bo‘lish, yordamga muhtoj kishilar kishilarga qo‘ldan kelganicha xayr-saxovat ko‘rsatish, bir-birlarimizni hayit bilan muborakbod etish, eski gina-kuduratlarniunutib, silai rahmni va insoniy munosabatlarni tiklab olish va shu tariqa Alloh taoloning rahmat va mag‘firatiga    sazovor bo‘lish har bir musulmonning bayram kunlaridagi eng savobli amallari sanaladi. Bu kunlarni azaga, xafagarchilikka aylantirmaslik kerak. O‘tganlarimizni eslash, ularning ruhlarini shod etib duoyi xayrlar qilishimiz yaxshi amal, lekin bular hayit bayrami shukuhiga ta’sir qilmasligi lozim. 

Alloh taolo Ramazon hayitini barchalarimizga muborak qilsin! Bayramning sharofatidan mustaqil Vatanimiz ravnaqi, xalqimizning ahil-inoqligi, birdamligi, hamjihatligi yanada mustahkam bo‘lishini va ikki dunyo saodatini nasib aylasin! Alloh taolo barchamizni imonda, Islomda sobitqadam qilsin, yurtimiz tinchligi, osmonimiz musaffoligini bardavom, xalqimizni yanada farovon bo‘lishini nasibu ro‘zi aylasin. 

Odiljon NARZULLAYEV,

Yangiyo‘l tumani “Jome’” jome masjidi imom-xatibi

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan ko‘cha rekonstruksiya qilinmoqda

14.08.2026   43545   1 min.
Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan ko‘cha rekonstruksiya qilinmoqda

Samarqandning tarixiy qismida turizm infratuzilmasini keng ko‘lamli yangilash ishlari davom etmoqda. Amalga oshirilayotgan loyihalarning asosiy maqsadi xorijiy sayyohlarning qolish muddatini uzaytirish, qulay shahar muhitini yaratish va bir vaqtning o‘zida mahalliy aholining hayot sifatini oshirishdan iborat.

“Samarkandskiy vestnik” nashriga ko‘ra, turizmni rivojlantirish dasturi doirasida eski shaharning 13 ta ko‘chasi bosqichma-bosqich zamonaviy piyodalar yo‘lagiga aylantirilmoqda. Bu yerda yangi xizmat ko‘rsatish obyektlari barpo etilmoqda, jamoat joylari obodonlashtirilmoqda, milliy me’morchilik an’analarini saqlab qolgan holda muhandislik kommunikatsiyalari va bino fasadlari yangilanmoqda.

Eng yirik loyihalardan biri Registon maydonini Imom al-Moturidiy maqbarasi bilan bog‘laydigan Buxoro ko‘chasini rekonstruksiya qilish bo‘ldi. Ko‘chaning 850 metr qismi to‘liq piyodalar hududiga aylantiriladi. Loyihani ishlab chiquvchilardan biri, Samarqand davlat texnika universiteti o‘qituvchisi Jasur Berdiqulovning ta’kidlashicha, ilgari bu yerda qatnov qismining torligi tufayli muntazam ravishda tirbandliklar yuzaga kelgan, qulay piyodalar yo‘laklarining yo‘qligi esa piyodalar uchun jiddiy noqulayliklar tug‘dirgan. Ishlar yakunlangach, ko‘cha xavfsiz jamoat maydoniga aylanadi. Aholi uchun alohida to‘xtash joyi ajratilgan bo‘lib, transport vositalarining kirishiga faqat zarurat tug‘ilganda maxsus xizmatlarga ruxsat beriladi. Shu bilan birga, suv, gaz, elektr va boshqa muhandislik tarmoqlari to‘liq modernizatsiya qilinmoqda.

Oltin asr mahallasida joylashgan Bag‘dod ko‘chasida ham ishlar davom etmoqda. Bu yerda 600 metrlik hudud obodonlashtirilmoqda. Loyiha doirasida zamonaviy turizm va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasini yaratish, kichik biznes va xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari