Bugun, yurtimiz musulmonlari ulkan musibatga, og‘ir judolikka uchradi. Ko‘p yillardan beri nafaqat yurtimiz, balki qo‘shni mamlakatlarga ham sermahsul xizmatlari bilan tanilgan, muhtaram ustoz Anvar qori Tursunov foniy dunyodan boqiy dunyoga rihlat qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati, ulamolar, imom-xatiblar va mudarrislar Anvar qori Tursunovning oila a’zolariga, yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi. Alloh taolo u kishining qilib o‘tgan yaxshi amallarini o‘zlariga hamroh qilsin. Qoldirgan ilmiy meroslari, mav’izai hasanalaridan xalqimiz ko‘p yillar manfaatdor bo‘lishini muyassar aylasin. Anvar qori Tursunovning oxiratlari obod bo‘lsin.
Ulug‘ olim Anvar qori Tursunovning janozalari Minor jome’ masjidida asr namozidan so‘ng o‘qiladi va Minor qabristoniga dafn qilinadilar.
Innaa lillahi va innaa ilayhi roji’uun.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun O‘zbekiston–Ozarbayjon sammitining ikkinchi kuni tadbirlarida ishtirok etish uchun Buxoro shahriga keldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, tashrif xayrli amaldan – Bahouddin Naqshband maqbarasi ziyoratidan boshlandi. Qur’on oyatlari tilovat qilinib, xalqimizga tinchlik-farovonlik tilab, duo o‘qildi.
Majmua islom olamining ulug‘ qadamjolaridan biri hisoblanadi. Mazkur ziyoratgoh Naqshbandiya tariqatining asoschisi Bahouddin Naqshband dafn etilgan joyda barpo etilgan bo‘lib, bugungi kunda maqbara, xonaqoh, masjidlar, daxma va so‘fiylik tarixi muzeyini o‘z ichiga oladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati