Mana yaqindagina intiqib kutganimiz muborak Ramazon oyi ham tobora poyoniga yetib bormoqda. Alloh taolo bu oy davomida qilgan barcha toat-ibodatlarimizni O‘z dargohida qabul qilgan bo‘lsin! Bu oy davomida tuyganimiz ibodat lazzatidan kelgusi Ramazongacha bizlarni ayirmasin! Ramazondan ayrilishni o‘ylab mahzun bo‘layotgan qalbimizga eng ulug‘ bayramlarimizdan biri bo‘lgan Iydul fitr hayit bayrami tashrifi taskin bag‘ishlamoqda. Alloh taolo bu bayramni barcha musulmonlarga muborak aylasin va uni shariatda ko‘rsatilganidek o‘tkazish baxtiga barchalarimizni muvaffaq qilsin!
Biz hayit bayrami deb atayotgan bayram arab tilida “iyd” ya’ni “qaytish”, “takror kelish” ma’nolarini anglatadi. Bu bayram qayta-qayta kelgani uchun mazkur nom bilan atalgan. Ba’zi ulamolar: “Bu bayram insonlarga ularning qiyinchilik va g‘am tashvishlariga qaramasdan har yili ularga xursandchilik va shodlik bilan qayta-qayta kelgani uchun “iyd” deb nomlangan, deganlar.
Muqaddas dinimizda uchta ulug‘ bayram bor:
Ikki hayit bayrami kunlari haqida hadisi sharifda bunday deyilgan:
عَنْ أَنَسٍ قَالَ قَدِمَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم الْمَدِينَةَ وَلَهُمْ يَوْمَانِ يَلْعَبُونَ فِيهِمَا فَقَالَ « مَا هَذَانِ الْيَوْمَانِ ». قَالُوا كُنَّا نَلْعَبُ فِيهِمَا فِى الْجَاهِلِيَّةِ. فَقَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم « إِنَّ اللَّهَ قَدْ أَبْدَلَكُمْ بِهِمَا خَيْرًا مِنْهُمَا يَوْمَ الأَضْحَى وَيَوْمَ الْفِطْرِ ». رَوَاهُ اَبُو دَاود.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga keldilar. Ularning (Madinaliklarning) o‘ynab hordiq chiqaradigan ikki kunlari bor edi. U zot alayhissalom: “Bu ikki kun qanday kun”, dedilar. Madinaliklar: “Biz johiliyatda bu ikki kunda o‘ynab hordiq chiqarar edik”, deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta Alloh taolo sizlarni bu ikkisidan yaxshiroq kunlarga almashtirdi, iydul azho va iydul fitr”, dedilar”. (Imom Abu Dovud rivoyat qilgan).
Ushbu ikki hayit bayrami Islomning ikki ulug‘ ruknlari ortidan keladi. Ulardan biri Ramazon ro‘zasi tugaganidan so‘ng, ikkinchisi hajdan keyin ya’ni hojilar Arafotda turganlaridan so‘ng nishonlanadi.
Hayit bayramlari barcha musulmonlar shodlik va xursandchilik izhor qiladigan kunlar hisoblanadi. Bu kunlarda mo‘minlar Alloh taologa bergan son-sanoqsiz ne’matlari uchun, shukrona sifatida sadaqai fitrlarni beradilar, qurbonlik qiladilar takbir aytadilar, hayit namozlarini ado etadilar. Hayit bayrami kunlari ibodat va shukrona kunlari, xursandchilik va shodlik kunlaridir. Shunga ko‘ra bu kunlar dunyo va oxirat yaxshiliklari jamlangan ulug‘ kunlar hisoblanadi.
Ulamolar juma namozini ado etish farz bo‘lgan kishilarga hayit namozlarini ado etish vojib bo‘ladi, deganlar.
Hayit namozlari qo‘yosh bir yo ikki nayza bo‘yi ko‘tarilgandan so‘ng o‘qiladi.
Hayit namoziga chiqishda g‘usl qilib, toza-ozoda bo‘lib chiqiladi. Bu haqida hadisi sharifda quyidagicha xabar berilgan:
عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا، قَالَ : كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى الله عَليْهِ وسَلَّمَ يَغْتَسِلُ يَوْمَ الْفِطْرِ وَيَوْمَ الأَضْحَى. رَوَاهُ ابْنُ مَاجَةَ.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazon hayiti kunida va Qurbon hayiti kunida (albatta) g‘usl qilar edilar” (Imom Ibn Moja rivoyati).
Shuningdek hayit namoziga chiqishda yuvinib toza-ozoda bo‘lganidan so‘ng shirin mushk va atirlar bilan xushbo‘ylanib chiqiladi.
Hayit kunida imkoni bor kishi yangi kiyim kiyishi mustahab sanaladi. Chunki bu ish Alloh taoloning bandasiga bergan ne’matlarini izhor etish, shodu-xurramligini namoyon qilish bo‘ladi. Bunga imkoni yo‘qlar eng yaxshi toza-ozoda kiyimlarini kiyib chiqadilar.
Hanafiy mazhabiga ko‘ra “iydu fitr” kuni tongi otishi bilan “sadaqai fitr”ni berish vojib bo‘ladi. Ammo undan oldin Ramazonning avvalgi kunlarida berish ham joiz hisoblanadi. “Sadaqai fitr”ni berish tufayli kambag‘allarning xonadonlariga ham xursandchilik ulashilgan bo‘ladi. Bunga quyidagi hadisda dalil bor:
عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا، أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَمَرَ بِزَكَاةِ الْفِطْرِ أَنْ تُؤَدَّى قَبْلَ خُرُوجِ النَّاسِ إِلَى الصَّلاَةِ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ.
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam fitr sadaqasini insonlar namozga chiqishlaridan oldin ado etilishiga amr qilganlar” (Imom Muslim rivoyati).
Ramazon hayiti bayramida namozgohga chiqish oldidan biror shirinlik tanovul qilish sunnat hisoblanadi. Bu haqida hadisi sharifda bunday xabar berilgan:
عَنْ أَنَسٍ قَالَ كَانَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لاَ يَغْدُو يَوْمَ الْفِطْرِ حَتَّى يَأْكُلَ تَمَرَاتٍ رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam og‘iz ochish kunida (Ramazon hayitida) bir nechta xurmo yemasdan (namozgohga) chiqmasdilar” (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).
Qurbon hayitida Ramazon hayitining aksi o‘laroq to hayit namozini ado etilgunicha taomlanmaslik sunnat bo‘ladi. Bu haqida hadisi sharifda bunday deyilgan:
عَنْ بُرَيْدَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، كَانَ النَّبِيُّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لَا يَخْرُجُ يَوْمَ اَلْفِطْرِ حَتَّى يَطْعَمَ وَلَا يَطْعَمُ يَوْمَ اَلْأَضْحَى حَتَّى يُصَلِّيَ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ.
Burayda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam fitr kunida taomlangunlaricha (fitr namoziga) chiqmasdilar va qurbonlik kunida namoz o‘qigunlaricha taomlanmasdilar”. (Imom Termiziy rivoyat qilgan).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qurbon hayiti kunida namozgohdan qaytganlaridan so‘ng qurbonlik qilib, dastlab uning go‘shtidan tanovul qilganlari rivoyat qilingan.
Agar biror uzr bo‘lmasa, hayit namoziga piyoda yurib borish ham sunnat hisoblanadi. Abu Rofe’ roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda bunday deyilgan:
كَانَ يَخْرُجُ إِلَى الْعِيدَيْنِ مَاشِيًا وَيُصَلِّي بِغَيْرِ أَذَانٍ وَلَا إِقَامَةٍ ثُمَّ يَرْجِعُ مَاشِيًا فِي طَرِيقٍ آخَرَ. رَوَاهُ ابْنُ مَاجَةَ.
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikki hayit namoziga piyoda chiqar edilar. Azon va iqomatsiz namoz o‘qir edilar. So‘ngra boshqa yo‘ldan uyga qaytar edilar” (Imom Ibn Moja rivoyat qilgan).
Shunga ko‘ra biror kasallik, yoki uzoqlik yoki qoru-yomg‘ir singari biror uzr bo‘lmasa, namozgohga piyoda borish sunnat bo‘ladi.
Hayit namozini o‘qish uchun uydan chiqilgan paytdan to namozgohga yetib borguncha “La ilaha illalloh” va “Allohu akbar” larni aytib borish ham sunnatdir. Ushbu takbir va tahlillar bilan hayit bayrami kelganidan xursand bo‘lish va bu kunning boshqa kunlardan farqli kun ekanini bildirish hisoblanadi. Ammo takbir aytishda hamma jamlanib, oralaridan biri baland ovozda takbir aytib qolganlar unga jo‘r bo‘lishlari sunnat emasdir. Chunki bunday takbir aytish rivoyat qilinmagan.
Hayit namozi ikki rakatlik namozdir. Hayit namozi vaqti kirganida imomga iqtido qilgan holda azon va takbirsiz ikki rakat namoz o‘qiladi. Bu haqida hadisi sharifda bunday deyilgan:
عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ وَعَنْ جَابِرِ بْنِ عَبْدِ اللَّهِ الأَنْصَارِىِّ قَالاَ لَمْ يَكُنْ يُؤَذَّنُ يَوْمَ الْفِطْرِ وَلاَ يَوْمَ الأَضْحَى. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ.
Ibn Abbos va Jobir ibn Abdulloh Ansoriy roziyallohu anhumolar: “Fitr kunida ham, Qurbonlik kunida ham azon aytilmagan”, deyishdi”, (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).
Chunki azon va takbir farz namozlari uchun sunnat bo‘ladi.
Imom iyd namozining qiroatini jahriy qiladi va birinchi rakatiga “A’la” surasini, ikkinchi rakatiga “G‘oshiya” surasini zam qilishi mandub bo‘ladi. Shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hayit namozlarida “Qof” va “Qamar” suralarini zam qilganlari ham rivoyat qilingan.
Hanafiya mazhabiga ko‘ra hayit namozlari quyidagi tartibda ado etiladi:
Agar birov hayit namoziga bir rakat kech kelib qolsa, imom salom bergandan so‘ng, salom bermasdan turib qiroat qiladi keyin uch takbir aytadi, har takbir aytganda bosh barmoqlari qulog‘i yumshog‘iga tegadigan miqdorda qo‘llarini ko‘taradi to‘rtinchi takbirda rukuga ketadi.
Hayit namozi xutbadan oldin o‘qiladi. Bu haqida juda ham ko‘plab hadisi shariflar rivoyat qilingan. Jumladan, Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda bunday deyilgan:
عَنْ ابْنِ عَبَّاسٍ قَالَ شَهِدْتُ الْعِيدَ مَعَ رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ وَأَبِي بَكْرٍ وَعُمَرَ وَعُثْمَانَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمْ فَكُلُّهُمْ كَانُوا يُصَلُّونَ قَبْلَ الْخُطْبَةِ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ.
Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan ham, Abu Bakr, Umar va Usmon roziyallohu anhumlar bilan ham hayit namozi o‘qiganman, barchalari hayit namozini xutbadan oldin o‘qir edilar” (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).
Imom orqasini qibla tarafga qilib jamoatga yuzlanib xutba o‘qiydi. Buning dalili quyidagi rivoyatdir:
عَنْ أَبِي سَعِيدٍ الْخُدْرِيِّ قَالَ كَانَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَخْرُجُ يَوْمَ الْفِطْرِ وَالْأَضْحَى إِلَى الْمُصَلَّى فَأَوَّلُ شَيْءٍ يَبْدَأُ بِهِ الصَّلَاةُ ثُمَّ يَنْصَرِفُ فَيَقُومُ مُقَابِلَ النَّاسِ وَالنَّاسُ جُلُوسٌ عَلَى صُفُوفِهِمْ فَيَعِظُهُمْ وَيُوصِيهِمْ وَيَأْمُرُهُمْ فَإِنْ كَانَ يُرِيدُ أَنْ يَقْطَعَ بَعْثًا قَطَعَهُ أَوْ يَأْمُرَ بِشَيْءٍ أَمَرَ بِهِ ثُمَّ يَنْصَرِفُ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ.
Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fitr va Qurbonlik kunlari namozgohga chiqar edilar. Avval boshlaydigan ishlari namoz o‘qish bo‘lar edi. So‘ngra burilardilar va insonlar bilan yuzma-yuz turar edilar. Insonlar saf-saf bo‘lib o‘tirar edilar. Ularga va’z-nasihat qilib, (to‘g‘ri yo‘lga) buyurar edilar. Agar biror joyga yuboriladigan kishilarni ajratmoqchi bo‘lsalar ajratar edilar, yoki biror narsaga buyurmoqchi bo‘lsalar buyurar edilar. So‘ngra ortga qaytar edilar” (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).
Hayit namozidan so‘ng insonlarning bir-birlari bilan ko‘rishishlari va hayit bayrami bilan qutlashlari ham hayit kunining odoblaridan hisoblanadi. Hayit kunida bir-birlarini tabriklash ma’nosida o‘qiladigan muayyan duo bo‘lmasa ham, “Alloh bizdan ham sizlardan ham qabul qilsin” ma’nosidagi tilaklar bildirish yaxshi sanaladi.
Hayit kunida namozgohdan uyiga qaytishda borgan yo‘lidan boshqa yo‘ldan qaytish ham sunnat bo‘ladi. Abu Rofe’ roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda bu haqida bunday deyilgan:
كَانَ يَخْرُجُ إِلَى الْعِيدَيْنِ مَاشِيًا وَيُصَلِّي بِغَيْرِ أَذَانٍ وَلَا إِقَامَةٍ ثُمَّ يَرْجِعُ مَاشِيًا فِي طَرِيقٍ آخَرَ. رَوَاهُ ابْنُ مَاجَةَ.
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikki hayit namoziga piyoda chiqar edilar. Azon va iqomatsiz namoz o‘qir edilar. So‘ngra boshqa yo‘ldan uyga qaytar edilar”( Ibn Moja rivoyat qilgan).
Hayit bayramida saylgohlarga chiqish, qavmu-qarindoshlarni ziyorat qilish bilan bu kundagi umumiy xursandchiliklar doirasi kengayadi, ularga sovg‘alar ham ulashiladigan bo‘lsa o‘zaro mehr-muhabbat rishtalari mustahkamlanib shodu-xurramliklar yanada ziyoda bo‘ladi. Musulmon kishi hayit kunlarida imkon qadar qavmu-qarindoshlarga xususan muhtojlarga xursandchilik ulashishga harakat qilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Shuningdek ulamolar va tolibi ilmlarni ziyorat qilish ham hayit bayramidagi fazilatli amallardan sanaladi. Albatta bunda ularning vaqtlariga rioya qilish lozim bo‘ladi.
Umuman olganda hayit bayramining jamiyat vakillari orasidagi gina-adovatlar va turli ko‘ngilsizliklarni ketkazish hamda ular o‘rtasida mehr oqibat rishtalarini yanada mustahkamlash singari hikmatlari ko‘pdir.
Yaqinlashib kelayotgan Ramazon hayiti bayrami barchamizga muborak bo‘lsin!
Jaloliddin HAMROQULOV,
“Vaqf” xayriya jamoat fondi boshqaruvi rahbari
“Novza” jome masjidi imom xatibi
Tasavvuf masalasi ham salafiylar tomonidan qattiq tanqidga olingan va ko‘r-ko‘rona rad etiladigan mavzulardan biridir. Tasavvuf, tariqat, suluk, shayx, murid va shu kabi atamalarni eshitishlari bilan mavzuni inkor qilishga tushib ketadilar. Lekin aslida ham shundaymi?
Ming yillardan beri Islomning ruhi bo‘lib kelgan va Islom ummati og‘ishmay amal qilib kelayotgan bu mavzu rad etilishi kerakmi?!
Tasavvuf – bu Allohni tanish va nafsni poklashni o‘rgatadigan va shu yo‘ldagi harakatlarni ifodalaydigan, ularni anglatadigan va bu holatlarga erishish uchun nima qilish kerakligini tushuntiradigan bir ilmdir. Tasavvuf islomiy ilmlarning eng sharaflisidir. Bu ilmning sharafi, mavzusining sharafi bilandir.
Modomiki, tasavvufning maqsadi, mavzusi ma’rifatulloh – Allohni bilish-tanish ekan, u o‘z-o‘zidan islomiy ilmlarning eng sharaflisi bo‘ladi. Tasavvuf bizga nima qilsak, Alloh bizni sevadi? Nima qilsak, qalbimizda bo‘lishini istaganimiz “Alloh sevgisi” hosil bo‘ladi, kabi savollarga javob beradi va bu maqomga erishish yo‘llarini o‘rgatadi.
Tasavvufga ulamolar tomonidan ko‘plab ta’riflar berilgan. Shayx Ibrohim ibn Muvallid Roqqiy rahmatullohi alayh o‘zining kitoblarida bu ta’riflarni yuzdan oshig‘ini jamlagan.
Shayx Muhammad ibn Ali Qassob rahimahulloh: “Tasavvuf bu – saodat asrida sharafli qavmning eng oliyjanob kishisidan sodir bo‘lgan eng go‘zal xulqlardir”, degan.
Shayx Abu Muhammad Jaririy rahimahulloh: “Tasavvuf – har bir go‘zal xulqni olish va har bir yomon xulqni tark qilishdir”, dedi.
Shayx Muhammad ibn Ali ibn Husayn ibn Ali ibn Abu Tolib rahimahulloh: “Tasavvuf – go‘zal xulq bilan bir ma’noda bo‘lib, kimning xulqi senikidan go‘zal bo‘lsa, tasavvufi ham go‘zaldir”, degan.
Shayx Abu Hafs Naysoburiy rahimahulloh: “Tasavvuf – uning barchasi odobdir. U har bir vaqt, har bir hol va har bir maqomning odobidir”, degan.
Tasavvuf ba’zi kishilar: “Bu narsa hijriy uchinchi asrdan keyin paydo bo‘lgan bid’at, avvalgi davrda bo‘lmagan. Qur’oni karim va hadisi sharifda “Tasavvuf” so‘zi biror marta zikr qilinmagan”, deb da’vo qilayotganidek keyin paydo bo‘lib qolgan bid’at ilm emas, balki u barcha shar’iy ilmlar qatori Islomning avvalidan mavjuddir.
Qur’oni karimda va hadisi shariflarda “Tasavvuf” so‘zini biror marta kelmagani uni islomiy ilm emasligiga dalil bo‘lmaydi. Chunki boshqa islomiy ilmlarning ham nomlari Qur’on va hadisda zikr qilinmagan. Agar Qur’on va hadisda zikr qilinmagan narsalarni inkor qilsak, juda ko‘plab narsalardan voz kechishimizga to‘g‘ri keladi.
Tasavvuf Islomning avvalgi asrlaridan beri mavjud bo‘lib, u ham boshqa islomiy ilmlar qatori Qur’on va sunnatdan olingan. Bunga Qur’on, hadis va tobeinlarning so‘zlarida dalillar bor. Avval aytganimizdek tasavvufning asosiy vazifasi insonning nafsini tarbiyalash, gunohlardan poklash va botiniy amallarini tartibga solishdir.
Alloh taolo An’om surasining 120-oyatida bunday marhamat qilgan:
﴿وَذَرُوا ظَاهِرَ الْإِثْمِ وَبَاطِنَهُ﴾
“Va oshkora hamda maxfiy gunohlarni tark qilinglar!”.
Alloma Alouddin Ali ibn Muhammad Bag‘dodiy rahimahulloh bu oyati karimani tafsir qilib: “Oshkora gunohdan tashqi a’zolar bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan. Maxfiy gunohdan qalb bilan qilinadigan gunohlar nazarda tutilgan” degan.
Zohiriy a’zolar bilan qilinadigan gunohlarni tark qilishni va unga beriladigan jazolarni fiqh fani o‘rgatsa, qalb kasalliklarini davolashni aynan tasavvuf o‘rgatadi. Boshqa oyati karimada shunday deyiladi:
﴿قَدْ أَفْلَحَ مَنْ زَكَّاهَا﴾
“Batahqiq, kim u(nafs)ni poklasa, yutuqqa erishdi” (Shams surasi, 9-oyat).
Darhaqiqat, inson oxiratda yutuqqa erishishi uchun, jahannam olovidan omonda bo‘lishi uchun bu dunyoda kufrdan, shirkdan, nifoqdan va turli gunoh va qalb kasalliklaridan o‘zini poklashi kerak.
Alloh taolo bu oyati karimalarda bandalarini kufr, shirk va gunohlardan o‘zlarini poklashga buyurmoqda. Mana shu poklashni o‘rgatadigan fanni “Tasavvuf” deb nomlash insonlar orasida urf bo‘lgan.
Shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarida tasavvuf ehson deb nomlangan. “Jabroil hadisi” deb nomlangan mashhur hadisi sharifda “ehson” ayni tasavvuf ekani namoyon bo‘ldi.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edik. Birdan ustimizda oppoq kiyimli, sochlari qop-qora odam paydo bo‘ldi. Unda safarning asari ko‘rinmas edi. Uni birortamiz tanimas ham edik. U kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning to‘g‘rilariga o‘tirdi. Ikki tizzasini u zotning ikki tizzalariga tiradi. Ikki kaftini sonlari ustiga qo‘ydi va: “Ey Muhammad, menga Islom haqida xabar ber”, dedi.
Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Islom “Laa ilaaha illallohu Muhammadur Rasululloh”, deb shahodat keltirmog‘ing, namozni to‘kis ado qilmog‘ing, zakot bermog‘ing, Ramazon ro‘zasini tutmog‘ing, agar yo‘liga qodir bo‘lsang, Baytni haj qilmog‘ing”, dedilar.
“To‘g‘ri aytding”, dedi u. Biz undan ajablandik. O‘zi so‘raydi, o‘zi tasdiqlaydi.
“Menga iymon haqida xabar ber”, dedi.
“Allohga, Uning farishtalariga, kitoblariga, payg‘ambarlariga va oxirat kuniga iymon keltirmog‘ing, yaxshiyu yomon qadarga iymon keltirmog‘ing”, dedilar.
“To‘g‘ri aytding”, dedi.
“Menga ehson haqida xabar ber”, dedi u.
“Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.
“Menga Soat (qiyomat)dan xabar ber”, dedi.
“So‘raluvchi bu haqda so‘rovchidan bilimliroq emas”, dedilar.
“Uning alomatlaridan xabar ber”, dedi.
“Cho‘ri o‘z xojasini tug‘ishi, yalangoyoq, yalang‘och, kambag‘al cho‘ponlarning bino qurishda bir-birlaridan o‘zishga urinishlarini ko‘rmog‘ing», dedilar. So‘ngra u (qaytib) ketdi. Bas, birmuncha vaqt o‘tkazdim. So‘ngra u zot menga:
“Ey Umar, so‘rovchi kimligini bildingmi?” dedilar.
“Alloh va Uning Rasuli biluvchidir”, dedim.
“Albatta, u Jabroildir. Sizlarga diningizni o‘rgatgani kelibdi”, dedilar».
Ushbu hadisi sharifda dinning asllari iymon, Islom, ehson, zohiriy va botiniy amallarni isloh qilish va oxirat kuni haqida va bularning barchasi din ekanligini xabari berilmoqda.
Hadisi sharifda zikr qilingan “Islom”ni fiqh ilmi o‘rgatadi. “Iymon” qismini aqoid ilmi o‘rgatadi. Bizning mavzumizga bevosita bog‘liq bo‘lgan “ehson” qismini esa tasavvuf ilmi o‘rgatadi va bu hadisi sharifda bunga amaliy namuna ham bor.
Jabroil alayhissalom: “Menga ehson haqida xabar ber”, deganlarida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Allohga xuddi Uni ko‘rib turganingdek ibodat qilmog‘ing. Agar sen Uni ko‘rmasang, U seni ko‘rib turur”, dedilar.
Tasavvufning asosiy maqsadlaridan biri ham banda qilayotgan har bir ibodatida, amalida Alloh uni ko‘rib turganini va bu amaliga qiyomat kuni albatta savol-javob bo‘lishini qalban his qildirishdir.
“Tasavvuf” so‘zi Islomning dastlabki asrida ishlatilmagan bo‘lsa-da, keyingi davrlarda “so‘fiy” so‘zi ishlatilganini kuzatishimiz mumkin.
Ulamolar mutavotir hadisning qanday bo‘lishi va shartlarini bayon qilib aytadilarki “Mutavotir hadis – uning sanadidagi har bir tabaqada juda ko‘p roviy rivoyat qilgan. Ana shu roviylarning barchasi rivoyat qilingan hadisni o‘zgartirishga kelishib olishlari mumkinligini aql inkor etadi”.
Shunday ekan, tasavvuf ilmi ham ikkinchi asrdan (tobeinlar asridan) to shu kungacha minglab shariatimiz peshvolari orqali ham naqlan, ham amalan mutavotir holatda bizgacha yetib kelgan. Shuning o‘zi ham tasavvuf ilmining shar’iy ilm ekaniga yetarli dalil bo‘ladi.
Mashhur muhaddis olim, Shayx Shoh Valiyyulloh Dehlaviy rahimahulloh: “Suhbatlarimiz va ta’lim-tarbiyamiz Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga sahih va mashhur sanad bilan yetib borgan tariqat odobidir”, degan.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi