Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Iyun, 2025   |   17 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:49
Peshin
12:28
Asr
17:38
Shom
20:00
Xufton
21:38
Bismillah
13 Iyun, 2025, 17 Zulhijja, 1446

Hayit bayrami va unda ado etiladigan amallar

12.06.2018   56374   14 min.
Hayit bayrami va unda ado etiladigan amallar

Mana yaqindagina intiqib kutganimiz muborak Ramazon oyi ham tobora poyoniga yetib bormoqda. Alloh taolo bu oy davomida qilgan barcha toat-ibodatlarimizni O‘z dargohida qabul qilgan bo‘lsin! Bu oy davomida tuyganimiz ibodat lazzatidan kelgusi Ramazongacha bizlarni ayirmasin! Ramazondan ayrilishni o‘ylab mahzun bo‘layotgan qalbimizga eng ulug‘ bayramlarimizdan biri bo‘lgan Iydul fitr hayit bayrami tashrifi taskin bag‘ishlamoqda. Alloh taolo bu bayramni barcha musulmonlarga muborak aylasin va uni shariatda ko‘rsatilganidek o‘tkazish baxtiga barchalarimizni muvaffaq qilsin!

Biz hayit bayrami deb atayotgan bayram arab tilida “iyd” ya’ni “qaytish”, “takror kelish” ma’nolarini anglatadi. Bu bayram qayta-qayta kelgani uchun mazkur nom bilan atalgan. Ba’zi ulamolar: “Bu bayram insonlarga ularning qiyinchilik va g‘am tashvishlariga qaramasdan  har yili ularga xursandchilik va shodlik bilan qayta-qayta kelgani uchun “iyd” deb nomlangan, deganlar.

Muqaddas dinimizda uchta ulug‘ bayram bor:

  1. Iydul fitr. Bu bayram har yili Shavvol oyining birinchi kuni nishonlanadi;
  2. Iydul azho. Bu bayram har yili Zulhijja oyining o‘ninchi kuni nishonlanadi;
  3. Haftalik bayram. Har haftaning juma kuni musulmonlar uchun bayram hisoblanadi.

Ikki hayit bayrami kunlari haqida hadisi sharifda bunday deyilgan:

 عَنْ أَنَسٍ قَالَ قَدِمَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم الْمَدِينَةَ وَلَهُمْ يَوْمَانِ يَلْعَبُونَ فِيهِمَا فَقَالَ « مَا هَذَانِ الْيَوْمَانِ ». قَالُوا كُنَّا نَلْعَبُ فِيهِمَا فِى الْجَاهِلِيَّةِ. فَقَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم « إِنَّ اللَّهَ قَدْ أَبْدَلَكُمْ بِهِمَا خَيْرًا مِنْهُمَا يَوْمَ الأَضْحَى وَيَوْمَ الْفِطْرِ ». رَوَاهُ اَبُو دَاود.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga keldilar. Ularning (Madinaliklarning) o‘ynab hordiq chiqaradigan ikki kunlari bor edi. U zot alayhissalom: “Bu ikki kun  qanday kun”, dedilar. Madinaliklar: “Biz johiliyatda bu ikki kunda o‘ynab hordiq chiqarar edik”, deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta Alloh taolo sizlarni bu ikkisidan yaxshiroq kunlarga almashtirdi, iydul azho va iydul fitr”, dedilar”. (Imom Abu Dovud rivoyat qilgan).

Ushbu ikki hayit bayrami Islomning ikki ulug‘ ruknlari ortidan keladi. Ulardan biri Ramazon ro‘zasi tugaganidan so‘ng, ikkinchisi hajdan keyin ya’ni hojilar Arafotda turganlaridan so‘ng nishonlanadi.

Hayit bayramlari  barcha musulmonlar shodlik va xursandchilik izhor qiladigan kunlar hisoblanadi. Bu kunlarda mo‘minlar Alloh taologa bergan son-sanoqsiz ne’matlari uchun, shukrona sifatida sadaqai fitrlarni beradilar, qurbonlik qiladilar takbir aytadilar, hayit namozlarini ado etadilar. Hayit bayrami kunlari ibodat va shukrona kunlari, xursandchilik va shodlik kunlaridir. Shunga ko‘ra bu kunlar dunyo va oxirat yaxshiliklari jamlangan ulug‘ kunlar hisoblanadi.

Ulamolar juma namozini ado etish farz bo‘lgan kishilarga hayit namozlarini ado etish vojib bo‘ladi, deganlar.

Hayit namozlari qo‘yosh bir yo ikki nayza bo‘yi ko‘tarilgandan so‘ng o‘qiladi.

Hayit namoziga chiqishda g‘usl qilib, toza-ozoda bo‘lib chiqiladi. Bu haqida hadisi sharifda quyidagicha xabar berilgan:

 عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا، قَالَ : كَانَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى الله عَليْهِ وسَلَّمَ يَغْتَسِلُ يَوْمَ الْفِطْرِ وَيَوْمَ الأَضْحَى. رَوَاهُ ابْنُ مَاجَةَ.

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazon hayiti kunida va Qurbon hayiti kunida (albatta) g‘usl qilar edilar” (Imom Ibn Moja rivoyati). 

Shuningdek hayit namoziga chiqishda yuvinib toza-ozoda bo‘lganidan so‘ng shirin mushk va atirlar bilan xushbo‘ylanib chiqiladi. 

Hayit kunida imkoni bor kishi yangi kiyim kiyishi mustahab sanaladi. Chunki bu ish Alloh taoloning bandasiga bergan ne’matlarini izhor etish, shodu-xurramligini namoyon qilish  bo‘ladi. Bunga imkoni yo‘qlar eng yaxshi toza-ozoda kiyimlarini kiyib chiqadilar.  

Hanafiy mazhabiga ko‘ra “iydu fitr” kuni tongi otishi bilan “sadaqai fitr”ni berish vojib bo‘ladi. Ammo undan oldin Ramazonning avvalgi kunlarida berish ham joiz hisoblanadi. “Sadaqai fitr”ni berish tufayli kambag‘allarning xonadonlariga ham xursandchilik ulashilgan bo‘ladi. Bunga quyidagi hadisda dalil bor:

  عَنِ ابْنِ عُمَرَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُمَا، أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ أَمَرَ بِزَكَاةِ الْفِطْرِ أَنْ تُؤَدَّى قَبْلَ خُرُوجِ النَّاسِ إِلَى الصَّلاَةِ. رَوَاهُ مُسْلِمٌ.

Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam fitr sadaqasini insonlar namozga chiqishlaridan oldin ado etilishiga amr qilganlar” (Imom Muslim rivoyati).

Ramazon hayiti bayramida namozgohga chiqish oldidan biror shirinlik tanovul qilish sunnat hisoblanadi. Bu haqida hadisi sharifda bunday xabar berilgan:

عَنْ أَنَسٍ قَالَ كَانَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ لاَ يَغْدُو يَوْمَ الْفِطْرِ حَتَّى يَأْكُلَ تَمَرَاتٍ رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam og‘iz ochish kunida (Ramazon hayitida) bir nechta xurmo yemasdan (namozgohga) chiqmasdilar” (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).

Qurbon hayitida Ramazon hayitining aksi o‘laroq to hayit namozini ado etilgunicha taomlanmaslik sunnat bo‘ladi. Bu haqida hadisi sharifda bunday deyilgan:

عَنْ بُرَيْدَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، كَانَ النَّبِيُّ  صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ  لَا يَخْرُجُ يَوْمَ اَلْفِطْرِ حَتَّى يَطْعَمَ وَلَا يَطْعَمُ يَوْمَ اَلْأَضْحَى حَتَّى يُصَلِّيَ. رَوَاهُ التِّرْمِذِيُّ.

Burayda roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam fitr kunida taomlangunlaricha (fitr namoziga) chiqmasdilar va qurbonlik kunida namoz o‘qigunlaricha taomlanmasdilar”. (Imom Termiziy rivoyat qilgan).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qurbon hayiti kunida namozgohdan qaytganlaridan so‘ng qurbonlik qilib, dastlab uning go‘shtidan tanovul qilganlari rivoyat qilingan.

Agar biror uzr bo‘lmasa, hayit namoziga piyoda yurib borish ham sunnat hisoblanadi. Abu Rofe’ roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda bunday deyilgan:

كَانَ يَخْرُجُ إِلَى الْعِيدَيْنِ مَاشِيًا وَيُصَلِّي بِغَيْرِ أَذَانٍ وَلَا إِقَامَةٍ ثُمَّ يَرْجِعُ مَاشِيًا فِي طَرِيقٍ آخَرَ. رَوَاهُ ابْنُ مَاجَةَ.

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikki hayit namoziga piyoda chiqar edilar. Azon va iqomatsiz namoz o‘qir edilar. So‘ngra boshqa yo‘ldan uyga qaytar edilar” (Imom Ibn Moja rivoyat qilgan).

Shunga ko‘ra biror kasallik, yoki uzoqlik yoki qoru-yomg‘ir singari biror uzr bo‘lmasa, namozgohga piyoda borish sunnat bo‘ladi.

  Hayit namozini o‘qish uchun uydan chiqilgan paytdan to namozgohga yetib borguncha “La ilaha illalloh” va “Allohu akbar” larni aytib borish ham sunnatdir. Ushbu takbir va tahlillar bilan  hayit bayrami kelganidan xursand bo‘lish va bu kunning boshqa kunlardan  farqli kun ekanini bildirish hisoblanadi. Ammo takbir aytishda hamma jamlanib, oralaridan biri baland ovozda takbir aytib qolganlar unga jo‘r bo‘lishlari sunnat emasdir. Chunki bunday takbir aytish rivoyat qilinmagan.

Hayit namozi ikki rakatlik namozdir. Hayit namozi vaqti kirganida imomga iqtido qilgan holda azon va takbirsiz ikki rakat namoz o‘qiladi.  Bu haqida hadisi sharifda bunday deyilgan:

عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ وَعَنْ جَابِرِ بْنِ عَبْدِ اللَّهِ الأَنْصَارِىِّ قَالاَ لَمْ يَكُنْ يُؤَذَّنُ يَوْمَ الْفِطْرِ وَلاَ يَوْمَ الأَضْحَى. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ.

Ibn Abbos va Jobir ibn Abdulloh Ansoriy roziyallohu anhumolar: “Fitr kunida ham, Qurbonlik kunida ham azon aytilmagan”, deyishdi”, (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).

Chunki azon va takbir farz namozlari uchun sunnat bo‘ladi.

Imom iyd namozining qiroatini jahriy qiladi va birinchi rakatiga “A’la” surasini, ikkinchi rakatiga “G‘oshiya” surasini zam qilishi mandub bo‘ladi. Shuningdek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hayit namozlarida “Qof” va “Qamar” suralarini zam qilganlari ham rivoyat qilingan.

Hanafiya mazhabiga ko‘ra hayit namozlari quyidagi tartibda ado etiladi:

  • Imomga iqtido qilib hayit namozini ado etishni qalbida niyat qilinadi va mazkur niyat ham talaffuz qilinadi;
  • Keyin imom ortidan takbiri tahrima aytilib quloq qoqiladi. Takbiri tahrimadan so‘ng qo‘llar kindik osiga bog‘lanib “sano” duosi o‘qiladi;
  • Keyin imomga ergashib uch marta takbir aytiladi. Har takbir aytishda qo‘llarini bosh barmoqlari quloqlari yumshog‘iga tegadigan miqdorda ko‘tarib so‘ng yonga tushiriladi. Uchinchi takbirdan so‘ng qo‘llar bog‘lanib kindik ostiga qo‘yiladi;
  • Keyin imomning qiroatiga quloq solinadi. Qiroatdan so‘ng imom ortidan takbir aytib ruku va sajdalarni ado etadi;
  • Ikkinchi rakatda imom takbirlardan oldin qiroat qiladi. Qiroatdan so‘ng imom bilan birgalikda uch marta takbir aytiladi va har takbirda qo‘llarni boshbarmoq quloq yumshog‘iga tegadigan miqdorda ko‘tarilib  so‘ng yonga tushuriladi;
  • To‘rtinchi takbir aytishda qo‘llarni ko‘tarmasdan imomga ergashgan holda rukuga boriladi hamda imomga ergashgan holda sajdalar qilinadi;
  • Sajdalardan so‘ng oxirgi qa’dada o‘tirganida attahiyot, salavot va duo o‘qilib, imom ortidan salom berish bilan hayit namozi yakunlanadi.

Agar birov hayit namoziga bir rakat kech kelib qolsa, imom salom bergandan so‘ng, salom bermasdan turib qiroat qiladi keyin uch takbir aytadi, har takbir aytganda bosh barmoqlari qulog‘i yumshog‘iga tegadigan miqdorda qo‘llarini ko‘taradi to‘rtinchi takbirda rukuga ketadi.

Hayit namozi xutbadan oldin o‘qiladi.   Bu haqida juda ham ko‘plab hadisi shariflar rivoyat qilingan. Jumladan, Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilingan hadisda bunday deyilgan:

عَنْ ابْنِ عَبَّاسٍ قَالَ شَهِدْتُ الْعِيدَ مَعَ رَسُولِ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ وَأَبِي بَكْرٍ وَعُمَرَ وَعُثْمَانَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُمْ فَكُلُّهُمْ كَانُوا يُصَلُّونَ قَبْلَ الْخُطْبَةِ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ.

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan ham, Abu Bakr, Umar va Usmon roziyallohu anhumlar bilan ham hayit namozi o‘qiganman, barchalari hayit namozini xutbadan oldin o‘qir edilar” (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).

Imom orqasini qibla tarafga qilib jamoatga yuzlanib xutba o‘qiydi. Buning dalili quyidagi rivoyatdir:

عَنْ أَبِي سَعِيدٍ الْخُدْرِيِّ قَالَ كَانَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَخْرُجُ يَوْمَ الْفِطْرِ وَالْأَضْحَى إِلَى الْمُصَلَّى فَأَوَّلُ شَيْءٍ يَبْدَأُ بِهِ الصَّلَاةُ ثُمَّ يَنْصَرِفُ فَيَقُومُ مُقَابِلَ النَّاسِ وَالنَّاسُ جُلُوسٌ عَلَى صُفُوفِهِمْ فَيَعِظُهُمْ وَيُوصِيهِمْ وَيَأْمُرُهُمْ فَإِنْ كَانَ يُرِيدُ أَنْ يَقْطَعَ بَعْثًا قَطَعَهُ أَوْ يَأْمُرَ بِشَيْءٍ أَمَرَ بِهِ ثُمَّ يَنْصَرِفُ. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ.

Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Fitr va Qurbonlik kunlari namozgohga chiqar edilar. Avval boshlaydigan ishlari namoz o‘qish bo‘lar edi. So‘ngra burilardilar va insonlar bilan yuzma-yuz turar edilar. Insonlar saf-saf bo‘lib o‘tirar edilar. Ularga va’z-nasihat qilib, (to‘g‘ri yo‘lga) buyurar edilar. Agar biror joyga yuboriladigan kishilarni ajratmoqchi bo‘lsalar ajratar edilar, yoki biror narsaga buyurmoqchi bo‘lsalar buyurar edilar. So‘ngra ortga qaytar edilar” (Imom Buxoriy rivoyat qilgan). 

Hayit namozidan so‘ng insonlarning bir-birlari bilan ko‘rishishlari va hayit bayrami bilan qutlashlari ham hayit kunining odoblaridan hisoblanadi. Hayit kunida bir-birlarini tabriklash ma’nosida o‘qiladigan muayyan duo bo‘lmasa ham, “Alloh bizdan ham sizlardan ham qabul qilsin” ma’nosidagi tilaklar bildirish yaxshi sanaladi. 

Hayit kunida namozgohdan uyiga qaytishda borgan yo‘lidan boshqa yo‘ldan qaytish ham sunnat bo‘ladi. Abu Rofe’ roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda bu haqida bunday deyilgan:

كَانَ يَخْرُجُ إِلَى الْعِيدَيْنِ مَاشِيًا وَيُصَلِّي بِغَيْرِ أَذَانٍ وَلَا إِقَامَةٍ ثُمَّ يَرْجِعُ مَاشِيًا فِي طَرِيقٍ آخَرَ. رَوَاهُ ابْنُ مَاجَةَ.

“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ikki hayit namoziga piyoda chiqar edilar. Azon va iqomatsiz namoz o‘qir edilar. So‘ngra boshqa yo‘ldan uyga qaytar edilar”( Ibn Moja rivoyat qilgan).

Hayit bayramida saylgohlarga chiqish, qavmu-qarindoshlarni ziyorat qilish bilan bu kundagi umumiy xursandchiliklar doirasi kengayadi, ularga sovg‘alar ham ulashiladigan bo‘lsa o‘zaro mehr-muhabbat rishtalari mustahkamlanib shodu-xurramliklar yanada ziyoda bo‘ladi. Musulmon kishi hayit kunlarida imkon qadar qavmu-qarindoshlarga xususan muhtojlarga xursandchilik ulashishga harakat qilishi maqsadga muvofiq bo‘ladi. 

Shuningdek ulamolar va tolibi ilmlarni ziyorat qilish ham hayit bayramidagi fazilatli amallardan  sanaladi. Albatta bunda ularning vaqtlariga rioya qilish lozim bo‘ladi.

Umuman olganda hayit bayramining jamiyat vakillari orasidagi gina-adovatlar va turli ko‘ngilsizliklarni ketkazish hamda ular o‘rtasida mehr oqibat rishtalarini yanada mustahkamlash singari hikmatlari ko‘pdir.

Yaqinlashib kelayotgan Ramazon hayiti bayrami barchamizga muborak bo‘lsin!

 

 Jaloliddin HAMROQULOV,
“Vaqf” xayriya jamoat fondi boshqaruvi rahbari

“Novza” jome masjidi imom xatibi

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Er-xotinning yarashuvi shayton bo‘ynini sindirar

12.06.2025   2906   5 min.
Er-xotinning yarashuvi  shayton bo‘ynini sindirar

Oila – inson hayotidagi ma’naviy suyanch, ijtimoiy tartib, nasl davomiyligini ta’minlovchi qo‘rg‘on va mehr-muhabbat maskanidir.


Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: “Uning alomatlaridan (yana biri) – sizlar (nafsni qondirish jihatidan) taskin topishingiz uchun o‘zlaringizdan juftlar yaratgani va o‘rtangizda inoq­lik va mehribonlik paydo qilganidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomatlar bordir” (Rum surasi, 21-oyat).


Bu oyat oila qurishning ilohiy hikmatga ega ekanini, er-xotin munosabatida muhab­bat va mehr-shafqat asosiy omil bo‘lishini anglatadi.


Islom nikohni faqat shaxsiy xohish emas, balki ma’naviy, axloqiy va ijtimoiy majburiyat sifatida qabul qilgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Nikoh me­­ning sunnatimdir. Kim sunnatimdan yuz o‘girsa, mendan emas”, deganlar (Muttafaqun alayh).


Bu hadisga ko‘ra, nikoh musulmon hayoti­dagi ibodat hisoblanadi. Uning asosiy maqsadlari nafsni halol yo‘l bilan qon­dirish, nasliy poklik, farzand tarbiyasi va jamiyat bar­qarorligini ta’minlashdir.


Islomda er va xotinning vazifalari bir-birini to‘ldiruvchi xususiyatga ega. Alloh taolo erkakni mas’uliyatli rahbar, ayolni esa oila mustahkamligini ta’minlovchi qilib yaratgan: “Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba’zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir” (Niso surasi, 34-oyat).


Erkak ayoldan ba’zi xususiyatlarda ortiq qilib yaratilganida bir necha hikmatlar bor. Mufassir ulamolar, jumladan, quyidagi shar’iy nuqtayi nazardan erkaklarga xos xususiyatlarni qayd etishgan: payg‘ambarlik, jismoniy kuch-quvvat, oila nafaqasiga mas’ullik, aqlu idrok, xotira va tafakkurning ziyodaligi, imom-xatiblik, muazzinlik, jamoat bilan namoz o‘qish, juma namozining vojib bo‘lishi, tashriq takbirini aytish, janglarda qatnashish, to‘liq guvohlik, taloq berish huquqiga ega bo‘lish, oilaning unga nisbat berilishi, namoz va ro‘zani uzrsiz ado etish kabilar.


Shu jihatlarni hisobga olib, ayol kishi eriga nisbatan itoatli, hamiyatli va iffatli bo‘lib, oila totuvligi yo‘lida doimiy harakatda bo‘lishi juda matlub ishdir.


Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam: “Sizlarning eng yaxshilaringiz o‘z ahliga yaxshilik qiluvchilaringizdir”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).


Erkak oila boshlig‘i sifatida adolatli, g‘amxo‘r va mehribon bo‘lishi kerak. U o‘z ayoli va farzandlarining ehtiyojlarini ta’minlab, ularni to‘g‘ri yo‘lga boshlashi lozim.


Xotinning vazifalari – oilada sog‘lom muhit yaratish, erga itoat va uning sha’nini asrash. U oila tinch­ligi va farovonligi uchun intilishi, eriga vafodor bo‘lib, farzandlar tarbiyasida fido­yilik ko‘rsatishi lozim.


Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “Ular sizlarning libosingiz, sizlar ularga libossiz” (Baqara surasi, 187-oyat).


Bu oyat nikohdagi juft­larning bir-biriga muhtoj­ligi va ular o‘rtasidagi yaqin­likni ta’riflaydi.


Nikoh faqatgina ikki insonning emas, balki oilalar va jamiyatning ham mas’uliyatidir. Ko‘p hollarda ota-onalar, qarindoshlar va jamiyatning qo‘llab-quvvatlashi nikohning mustahkamligida muhim ahamiyat kasb etadi.


Bugungi kunda ko‘pchilik oilaviy muammolar uchinchi tomonlarning (qaynona-qaynota, yaqinlar, do‘stlar) chuqur va nomunosib aralashuvi oqi­batida kelib chiqmoqda. Har bir inson o‘ziga tegishli chegarani bilishi zarur.


Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Odamlarning arazlashganlarini yarashtirib qo‘yish nafl namoz o‘qishdan va nafl ro‘za tutishdan ko‘ra savobliroqdir”, deganlar (Imom Tabaroniy rivoyati).


Ota-onalar, qarindoshlar – yoshlar hayo­tiga rahbar sifatida kerakli maslahat beradilar, ammo ularning shaxsiy munosabatlariga befarq yoki ortiqcha aralashish – oilaviy muhitni buzishi, o‘rtadagi muhabbatni so‘ndirishi mumkin.


Ko‘pincha oilada ota-ona va farzandlar, oilaning bosh­qa a’zolari orasida ham turli kelishmovchilik bo‘lib turadi. Arzimagan sabab-bahonalar bilan tinch xonadonlar mojarolar maskaniga aylanadi. Bir-biriga yaqin, qadrdon, qarindoshlar o‘rtasida mehr-oqibat ko‘tariladi.


Kechira olish – go‘zal fa­zilat, di­nimizda maqtalgan sifatlardan. Bir qarashda oniy yutqa­zishday ko‘ringan kechira olish katta mojarolarning oldini oladi, g‘alabani ta’minlaydi. “Er-xotinning urishi – doka ro‘molning qurishi” deganlariday, ikki oshufta qalbning arazi uzoqqa bormasligi kunday ravshan.


Sal ixtilof chiqdimi, bir tomon darrov murosa-kelishuv yo‘lini ko‘rishi kerak. Bir tomonning aql-idrok bilan ish tutishi shaytonning bo‘ynini sindirib, katta mojarolarning oldini oladi.


Joriy yilning birinchi choragida viloyat imom-xatiblari, otinoyilari 838 ta ana shunday nizomi oilani yarashtirishib, yoshlarning baxtli hayot kechirishiga sababchi bo‘ldilar.


Xulosa shuki, Islom oilaga yuksak maqom bergan, uni jamiyatning yuragi deb baholagan. Biz oyat va hadislar asosida shu muqaddas ne’matni asrash, mus­tahkamlash va yoshlarga to‘g‘ri yetkazish yo‘lida jiddiy harakat qilishimiz kerak.


Ubaydulloh ABDULLAYEV,

Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi

 

 

Maqolalar