Sayt test holatida ishlamoqda!
17 Mart, 2026   |   28 Ramazon, 1447

Toshkent shahri
Tong
05:14
Quyosh
06:32
Peshin
12:36
Asr
16:44
Shom
18:35
Xufton
19:47
Bismillah
17 Mart, 2026, 28 Ramazon, 1447

Iydi Ramazon odoblari

13.06.2018   58041   3 min.
Iydi Ramazon odoblari

Mana, muborak Ramazon oyi ham nihoyalanib, ko‘ngillar intiq kutgan hayit bayrami arafasidamiz. Ramazon hayitida bir necha odob va sunnatlar bor bo‘lib, quyida ularni eslab o‘tamiz:

  • Agar Ramazonning hayiti bo‘lsa, unda namozga chiqishdan avval biror narsa, shirinliklar yeb olinadi. Chunki, Imom Buxoriy hazratlari Anas raziyallohu anhudan qilgan rivoyatlarida zikr qilinishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ramazon hayitiga xurmo yeb chiqar ekanlar. Ularni toq holda yer ekanlar. Ammo Qurbon hayiti bo‘lsa, hech nima yemasdan chiqiladi.
  • Hayit namozlariga borishda misvok qilib va alohida g‘usl qilib olish. Misvokning barcha namozlar oldidan qilinishi sunnat ekanligi mashhurdir. G‘usl qilish borasida esa Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hayit namozlariga alohida g‘usl qilishlari rivoyat qilingan.
  • Chiroyli, yangi, yuvilgan kiyimlarini kiyish. Ibn Mojja rivoyat qilgan hadisda, Ibn Abbos raziyallohu anhu eslashicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ikki hayitda ham yo‘l-yo‘l chopon (burda)larini kiyib chiqqanlar.
  • Ramazon hayitida namozdan oldin «sadaqai fitr»ni ado etish vojibdir. Ushbu fitr sadaqasini namozdan oldin ado qilsa ham joizdir.
  • Hayit namoziga erta borish. Ya’ni masjidga erta borib, hayit namoziga shay turish, xutba va ma’ruzalarga quloq tutish savobli amal hisoblanadi.
  • Hayitga borishda boshqa yo‘ldan, qaytishda esa boshqa yo‘ldan kelishga harakat qilish. Chunki, Imom Buxoriy rivoyatlariga ko‘ra, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning odatlari shunday bo‘lgan. Buni Abu Dovud va Ibn Mojjalar Ibn Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilganlar. Zotan, boshqa-boshqa yo‘llardan yurishda, savobning qadamlar hisobiga ko‘payishi, musulmonlarni ko‘rib-so‘rashish, hayitga chiqqaniga guvohlarning ko‘payishi hollari yuz beradi.
  • Masjidga piyoda borish. Imom Ahmad va Imom Buxoriylar Hazrati Ali karramallohu vajhahudan rivoyat qiladilar: “Hayitga piyoda chiqishlik sunnatdandir”, deganlar.
  • Namoz o‘qiladigan joyda nafl o‘qimaslik kerak. Chunki, Buxoriy va Muslimlar Ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilishlaricha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hayit namozlariga chiqqanlarida namozdan avval ham, keyin ham namoz o‘qimasdilar. 
  •  Yor-do‘stlarni hayit bilan muborakbod etish. Insonlarning bir-birlari bilan ko‘rishishlari va hayit bayrami bilan qutlashlari ham barchaning ko‘ngliga xursandchilik ulashadigan bu kunning odoblaridan hisoblanadi. Hayit kunida bir-birlarini tabriklash ma’nosida o‘qiladigan muayyan duo bo‘lmasa ham, «Alloh bizdan ham sizlardan ham qabul qilsin» ma’nosidagi tilaklar bildirish yaxshi sanaladi.
  • Qavmu qarindoshlarni ziyorat qilish. Aslida qavmu-qarindoshlarning holidan xabar olish barcha vaqtda ham musulmon kishining zimmasidagi vazifalardan hisoblanadi. Hayit kunlaridek xursandchilik kunlarida esa bu vazifa yana ta’kidlab eslatib qo‘yilgan. Bu ham dinimizning go‘zalligidan hisoblanadi. Qavmu-qarindoshlar ziyorat qilinganda hayitdagi umumiy xursandchiliklar doirasi kengayadi, ularga sovg‘alar ham ulashiladigan bo‘lsa o‘zaro mehr-muhabbat rishtalari mustahkamlanib shodu-xurramliklar yanada ziyoda bo‘ladi.
  • Bolalarni xursand qilish. Hayit bayramida yosh bolalarni xursand qilishga, bu kunning boshqa kunlardan farqli musulmonlarning bayrami ekanini anglatishga ham alohida e’tibor qaratish lozim. Bunda ularga hayitlik sovg‘alar ulashish, hayvonot bog‘lariga yoki o‘yingohlarga olib borib o‘ynatib kelish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Hayit bayramining shodliklaridan ehtiyojmand oilalarning farzandlarini ham bahramand qilishga urinish komil musulmonning belgilaridan hisoblanadi.

Barchamizga Iydi Ramazon muborak bo‘lsin!

Toshkent islom instituti katta o‘qituvchisi

 Faxriddin Mamanosirov

 

 

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar

Ramazonda to‘g‘ri ovqatlanish

12.03.2026   6413   4 min.
Ramazonda to‘g‘ri ovqatlanish

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Ramazon oyi — nafaqat ruhiy poklanish, balki sog‘lom turmush tarzini yo‘lga qo‘yish, tanani tartibga solish va umumiy sog‘liqni yaxshilash uchun ayni vaqtda yaxshi imkoniyatdir. Bu oyda ro‘za tutish orqali nafsni tiyish, sabr va shukr qilish muhim bo‘lsa, sog‘lom ovqatlanishning ahamiyatini ham unutmaslik kerak. Saharlik va iftorlikda to‘g‘ri ovqatlanish ro‘zani yengil tutish, holsizlik, qon shakarining pasayishi va oshqozon muammolarining oldini olishda muhim rol o‘ynaydi.

Saharlik ro‘zaga quvvat

Saharlik kun davomidagi energiya manbai, ro‘zador uchun kun bo‘yi quvvat berib, ro‘zani yengil tutishga yordam beradi. Shuning uchun saharlikni o‘tkazib yuborish organizmga juda katta salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Saharlikda tavsiya etiladigan mahsulotlar:

  • Murakkab uglevodlar: Suli yormasi, qora non, grechka, ovqatni sekin o‘ziga singdiradigan uglevodlar.
  • Oqsilga boy mahsulotlar: Tuxum, tvorog, qatiq, yogurt va boshqa oqsil manbalari.
  • Foydali yog‘lar: Yong‘oq, bodom, chia urug‘i va avokado (qon tomirlari uchun foydali).
  • Meva va sabzavotlar: Banan, xurmo, bodring, karam, pomidor (organizmga mineral va vitaminlarni ta’minlaydi).
  • Suv: Kun davomida organizm suvga ehtiyoj sezadi, shuning uchun yetarli miqdorda suv ichish kerak.

Saharlikda tavsiya etilmaydigan mahsulotlar:

  • Juda sho‘r va achchiq taomlar: Bu chanqoqni kuchaytiradi va ichak faoliyatini buzadi.
  • Qovurilgan va yog‘li ovqatlar: Ularning yuqori kaloriyasi ro‘za tutishni qiyinlashtiradi.
  • Gazli ichimliklar: Gazli ichimliklar oshqozonni buzadi.

Saharlikni bomdod namoziga yaqin vaqtda, iloji boricha kechiktirib iste’mol qilish sunnat hisoblanadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Saharlikda baraka bor”, deganlar.

 

Iftorlikni qanday boshlash kerak?

  1. 1-3 dona xurmo va suv – bu sunnatga muvofiq bo‘lib, qondagi shakar miqdorini tezda ko‘tarishga yordam beradi va ovqat hazm qilishni yaxshilaydi.
  2. Sho‘rva yoki salat – ovqatni yengil ovqatlar bilan boshlash tananing sekinlik bilan qayta tiklanishini ta’minlaydi.

 

Iftorlikda qo‘llaniladigan qoidalar:

  • Birdaniga ko‘p ovqat yemang – Oshqozonning shikastlanishini oldini olish uchun, ovqatni oz-ozdan va ehtiyotkorlik bilan iste’mol qilish kerak.
  • Sekin va yaxshilab chaynab ovqatlaning – bu oshqozonga yengillik beradi va ovqatning to‘liq hazm bo‘lishini ta’minlaydi.
  • Shirinlik va qovurilgan taomlarni cheklang – ularning kaloriyasi yuqori va tananing sog‘ligini buzadi.
  • Iftordan keyin darhol yotib olmang – ovqat hazm bo‘lishini ta’minlash uchun vaqt berish kerak.

 

Suv ichish tartibi

Ramazon oyida suv ichish rejasiga e’tibor berish juda muhim. Suvsizlanishning oldini olish uchun, iftor va saharlik oralig‘ida 1,5–2 litr suv ichish tavsiya etiladi. Suvni bir yo‘la emas, balki bo‘lib-bo‘lib ichish foydali. Chunki bir vaqtda ko‘p suv ichish oshqozonga og‘irlik qiladi.

 

To‘g‘ri saharlik va iftorlikning foydali ta’siri

To‘g‘ri tashkil etilgan saharlik va iftorlik:

  • Oshqozon-ichak faoliyatini yaxshilaydi – sog‘lom ovqatlanish, hazm qilishni normallashtiradi.
  • Ortiqcha vazn yig‘ilishini kamaytiradi – me’yorda ovqatlanish, ortiqcha vaznni yo‘qotishga yordam beradi.
  • Qondagi shakar miqdorini me’yorda ushlab turadi.
  • Umumiy tetiklikni ta’minlaydi – sog‘lom ovqatlanish jismoniy va ruhiy barqarorlikni saqlashga yordam beradi.


Xulosa

Ramazon nafsni tiyish, sabr va shukr oyidir. Lekin bu oyda sog‘liqni asrash ham muhim ibodat hisoblanadi. Saharlikni tark etmaslik, iftorlikda me’yorni saqlash va foydali mahsulotlarni tanlash orqali ro‘zani yengil o‘tkazish mumkin.

Shunday ekan, har bir musulmon saodatga erishish uchun nafsni tarbiyalash va sog‘lom turmush tarziga harakat qilishi kerak.

Alloh taolo, har birimizga ro‘zalarimizni qabul qilsin va bizni sog‘lom holda ibodat qilishga muvaffaq aylasin!

 

Nargiza TUYCHIYEVA,
O‘MI hamshirasi.