Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Avgust, 2026   |   1 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:02
Quyosh
05:31
Peshin
12:28
Asr
17:21
Shom
19:28
Xufton
20:54
Bismillah
14 Avgust, 2026, 1 Rabi`ul avval, 1448

Iydi Ramazon odoblari

13.06.2018   59691   3 min.
Iydi Ramazon odoblari

Mana, muborak Ramazon oyi ham nihoyalanib, ko‘ngillar intiq kutgan hayit bayrami arafasidamiz. Ramazon hayitida bir necha odob va sunnatlar bor bo‘lib, quyida ularni eslab o‘tamiz:

  • Agar Ramazonning hayiti bo‘lsa, unda namozga chiqishdan avval biror narsa, shirinliklar yeb olinadi. Chunki, Imom Buxoriy hazratlari Anas raziyallohu anhudan qilgan rivoyatlarida zikr qilinishicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Ramazon hayitiga xurmo yeb chiqar ekanlar. Ularni toq holda yer ekanlar. Ammo Qurbon hayiti bo‘lsa, hech nima yemasdan chiqiladi.
  • Hayit namozlariga borishda misvok qilib va alohida g‘usl qilib olish. Misvokning barcha namozlar oldidan qilinishi sunnat ekanligi mashhurdir. G‘usl qilish borasida esa Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hayit namozlariga alohida g‘usl qilishlari rivoyat qilingan.
  • Chiroyli, yangi, yuvilgan kiyimlarini kiyish. Ibn Mojja rivoyat qilgan hadisda, Ibn Abbos raziyallohu anhu eslashicha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ikki hayitda ham yo‘l-yo‘l chopon (burda)larini kiyib chiqqanlar.
  • Ramazon hayitida namozdan oldin «sadaqai fitr»ni ado etish vojibdir. Ushbu fitr sadaqasini namozdan oldin ado qilsa ham joizdir.
  • Hayit namoziga erta borish. Ya’ni masjidga erta borib, hayit namoziga shay turish, xutba va ma’ruzalarga quloq tutish savobli amal hisoblanadi.
  • Hayitga borishda boshqa yo‘ldan, qaytishda esa boshqa yo‘ldan kelishga harakat qilish. Chunki, Imom Buxoriy rivoyatlariga ko‘ra, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning odatlari shunday bo‘lgan. Buni Abu Dovud va Ibn Mojjalar Ibn Umar raziyallohu anhudan rivoyat qilganlar. Zotan, boshqa-boshqa yo‘llardan yurishda, savobning qadamlar hisobiga ko‘payishi, musulmonlarni ko‘rib-so‘rashish, hayitga chiqqaniga guvohlarning ko‘payishi hollari yuz beradi.
  • Masjidga piyoda borish. Imom Ahmad va Imom Buxoriylar Hazrati Ali karramallohu vajhahudan rivoyat qiladilar: “Hayitga piyoda chiqishlik sunnatdandir”, deganlar.
  • Namoz o‘qiladigan joyda nafl o‘qimaslik kerak. Chunki, Buxoriy va Muslimlar Ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilishlaricha, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hayit namozlariga chiqqanlarida namozdan avval ham, keyin ham namoz o‘qimasdilar. 
  •  Yor-do‘stlarni hayit bilan muborakbod etish. Insonlarning bir-birlari bilan ko‘rishishlari va hayit bayrami bilan qutlashlari ham barchaning ko‘ngliga xursandchilik ulashadigan bu kunning odoblaridan hisoblanadi. Hayit kunida bir-birlarini tabriklash ma’nosida o‘qiladigan muayyan duo bo‘lmasa ham, «Alloh bizdan ham sizlardan ham qabul qilsin» ma’nosidagi tilaklar bildirish yaxshi sanaladi.
  • Qavmu qarindoshlarni ziyorat qilish. Aslida qavmu-qarindoshlarning holidan xabar olish barcha vaqtda ham musulmon kishining zimmasidagi vazifalardan hisoblanadi. Hayit kunlaridek xursandchilik kunlarida esa bu vazifa yana ta’kidlab eslatib qo‘yilgan. Bu ham dinimizning go‘zalligidan hisoblanadi. Qavmu-qarindoshlar ziyorat qilinganda hayitdagi umumiy xursandchiliklar doirasi kengayadi, ularga sovg‘alar ham ulashiladigan bo‘lsa o‘zaro mehr-muhabbat rishtalari mustahkamlanib shodu-xurramliklar yanada ziyoda bo‘ladi.
  • Bolalarni xursand qilish. Hayit bayramida yosh bolalarni xursand qilishga, bu kunning boshqa kunlardan farqli musulmonlarning bayrami ekanini anglatishga ham alohida e’tibor qaratish lozim. Bunda ularga hayitlik sovg‘alar ulashish, hayvonot bog‘lariga yoki o‘yingohlarga olib borib o‘ynatib kelish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Hayit bayramining shodliklaridan ehtiyojmand oilalarning farzandlarini ham bahramand qilishga urinish komil musulmonning belgilaridan hisoblanadi.

Barchamizga Iydi Ramazon muborak bo‘lsin!

Toshkent islom instituti katta o‘qituvchisi

 Faxriddin Mamanosirov

 

 

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Mustaqillik shukuhi — ezgulik va saxovat timsoli

14.08.2026   2274   1 min.
Mustaqillik shukuhi — ezgulik va saxovat timsoli

Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan yurtimizda tinchlik, mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik kabi yuksak qadriyatlarni keng targ‘ib etishga qaratilgan xayrli tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan,13 avgust kuni Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla domla Abdullayev boshchiligida tuman bosh imom-xatiblari, otinoyilar, «Haj–2026» ziyoratidan qaytgan hoji otalar va hoji onalar hamda mahalla faollari ishtirokida Urganch shahridagi «Oxun bobo» jome masjidida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi. Tadbirda Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari R.Sobitov ishtirok etdi. Tadbir doirasida    «Mustaqillik shukuhi» shiori ostida Urganch shahridagi boquvchisini yo‘qotgan, yetim, nochor va kam ta’minlangan oilalardan 100 nafariga VAQF jamoat fondi viloyat bo‘limi bilan hamkorlikda moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Bu xayrli amal orqali ehtiyojmand oilalar holidan xabar olinib, ularga moddiy ko‘mak va samimiy mehr-e’tibor ulashildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakilligi matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari