Bolaligim xotiralari
Eslayman. Yosh bola edik. Opa-singillar, qo‘shni hamtenglar – hammamiz bolalik o‘yinlarining birortasini begona qilmaganmiz. Har bir bayramni-ku asti so‘ramang. Bir-ikki hafta oldin kiyimlar oldirib, yoki onajonimizga tiktirib, har kuni kamida 2-3 marta ko‘ylaklarimizni kiyib ko‘rib, rosa zavqlanardik: shodligimizning cheki bo‘lmasdi. Ayniqsa, hayit bayramlarining shukuhi o‘zgacha edi. Xonadonimizning kattalari bizni pul, shirinliklar, har xil sovg‘a-salomlar bilan siylashardi. O‘sha kuni onamning onalari – Zulfin momomning tashriflari bir quvonchimizga o‘n quvonch qo‘shardi. Boshlarida yengli jelak bo‘lardi, uni qand-qursga to‘ldirib kelardilar. Muzqaymoq olib yenglar, deb pul ham berardilar rahmatli momojonim. Kechqurun katta so‘rida joy hozirlab, bayramona dasturxon tuzalardi. Hammamiz dasturxon atrofida o‘tirib, tansiq taomlar tanovul qilib, momom aytgan ramazon va qurbon hayiti she’rlarini miriqib tinglardik. Mana o‘sha she’rlardan esimda qolganlari:
Mohi Ramazon,
Aziz, jonajon.
Sen kelganing on,
Quvonch bir jahon.
Yilda bir emas,
Ko‘proq kelsayding.
Bizga yoqishing,
Koshki bilsayding.
Mohi Ramazon,
Aziz, jonajon.
Qurbon hayitiga atalgan mana bu she’r ham hamon yodimda:
Qurbon hayit, qurbon hayit,
Dasturxoni to‘kin bu iyd.
Yo‘qlovlaring yana boyit,
Yuraklardan g‘amni arit,
Qurbon hayit, qurbon hayit.
Momojonimning tillaridan to‘kilgan bu durlar xalq og‘zaki ijodidanmi yoki o‘zlarining ijodlaridanmi bilmadimu, bu misralar xotiramda bir umrga muhrlanib qolgan.
Yillar o‘tdi. Kattarganimda negadir bu bayramni nishonlamay, sayllarga chiqmay qo‘ydik. Sababi esa ayon.
Istiqlol bizga o‘sha – bolalik shodliklarimizni qaytarib berdi. Bolalarimga, nabiramga hayitlik ulashar ekanman, ko‘nglimda o‘sha orziqish, o‘sha xotirotlar qayta tiklanadi. Ilohim, mening yuragimda yashayotgan hayit shukuhi endi farzandlarim, nabiralarim qalbida o‘zining baland bo‘yini ko‘rsatsin.
Zebo OMONOVA
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV