Bolaligim xotiralari
Eslayman. Yosh bola edik. Opa-singillar, qo‘shni hamtenglar – hammamiz bolalik o‘yinlarining birortasini begona qilmaganmiz. Har bir bayramni-ku asti so‘ramang. Bir-ikki hafta oldin kiyimlar oldirib, yoki onajonimizga tiktirib, har kuni kamida 2-3 marta ko‘ylaklarimizni kiyib ko‘rib, rosa zavqlanardik: shodligimizning cheki bo‘lmasdi. Ayniqsa, hayit bayramlarining shukuhi o‘zgacha edi. Xonadonimizning kattalari bizni pul, shirinliklar, har xil sovg‘a-salomlar bilan siylashardi. O‘sha kuni onamning onalari – Zulfin momomning tashriflari bir quvonchimizga o‘n quvonch qo‘shardi. Boshlarida yengli jelak bo‘lardi, uni qand-qursga to‘ldirib kelardilar. Muzqaymoq olib yenglar, deb pul ham berardilar rahmatli momojonim. Kechqurun katta so‘rida joy hozirlab, bayramona dasturxon tuzalardi. Hammamiz dasturxon atrofida o‘tirib, tansiq taomlar tanovul qilib, momom aytgan ramazon va qurbon hayiti she’rlarini miriqib tinglardik. Mana o‘sha she’rlardan esimda qolganlari:
Mohi Ramazon,
Aziz, jonajon.
Sen kelganing on,
Quvonch bir jahon.
Yilda bir emas,
Ko‘proq kelsayding.
Bizga yoqishing,
Koshki bilsayding.
Mohi Ramazon,
Aziz, jonajon.
Qurbon hayitiga atalgan mana bu she’r ham hamon yodimda:
Qurbon hayit, qurbon hayit,
Dasturxoni to‘kin bu iyd.
Yo‘qlovlaring yana boyit,
Yuraklardan g‘amni arit,
Qurbon hayit, qurbon hayit.
Momojonimning tillaridan to‘kilgan bu durlar xalq og‘zaki ijodidanmi yoki o‘zlarining ijodlaridanmi bilmadimu, bu misralar xotiramda bir umrga muhrlanib qolgan.
Yillar o‘tdi. Kattarganimda negadir bu bayramni nishonlamay, sayllarga chiqmay qo‘ydik. Sababi esa ayon.
Istiqlol bizga o‘sha – bolalik shodliklarimizni qaytarib berdi. Bolalarimga, nabiramga hayitlik ulashar ekanman, ko‘nglimda o‘sha orziqish, o‘sha xotirotlar qayta tiklanadi. Ilohim, mening yuragimda yashayotgan hayit shukuhi endi farzandlarim, nabiralarim qalbida o‘zining baland bo‘yini ko‘rsatsin.
Zebo OMONOVA
Bugun, 21 aprel kuni kurash musobaqasining respublika bosqichining nim chorak va chorak final bellashuvlari bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyati va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mas’ul xodimlari, viloyat hokimligi mutassadilari, O‘zbekiston kurash federatsiyasi vakillari ishtirokida boshlangan tadbir qizg‘in va murosasiz bahslarga boy bo‘ldi.
Musobaqa avvalida tabarruk yoshdagi Hamroqul hoji va Nazarohun hoji otalar ishtirokidagi ko‘rgazmali kurash bo‘lib o‘tdi.
Shundan so‘ng maxsus elektron dastur orqali aniqlangan qur’a natijalariga ko‘ra jami 60 nafar polvon saralash bellashuvlarga kirishdi.
Mazkur musobaqada quyidagi kurashchilar yarim final ishtirokchisiga aylandi:
35 yoshgacha va 80 kggacha:
Usmonjon domla Karimberdiyev (Jizzax)
Himoyiddin domla Qurbonov (Surxondaryo)
Mirodiljon domla G‘aniyev (Andijon)
Foziljon domla Ablazov (Qashqadaryo)
35 yoshgacha va 80 kgdan yuqori:
Rasul domla Xudoyberganov (Qoraqalpog‘iston R.)
Choriyor Qayumov (Diniy idora xodimi)
Humoyun domla Saydullayev (Toshkent viloyati)
Hoshimjon domla Otajonov (Xorazm)
50 yoshgacha va 90 kggacha:
Islomjon domla Xidirov (Samarqand)
Olimjon domla Oripov (Buxoro)
Isomiddin domla Shayniyozov (Namangan)
Mansur domla Karomatov (Qashqadaryo)
50 yoshgacha va 90 kgdan yuqori:
Nurulloh domla Boltayev (Buxoro)
Muhammadmubin domla Ro‘ziboyev (Toshkent shahar)
Yahyo domla Ochilov (Surxondaryo)
Sherzod domla Tursunov (Navoiy)
Musobaqa tafsilotlarini kanalimizda kuzatib boring.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati