Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Avgust, 2026   |   1 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:02
Quyosh
05:31
Peshin
12:28
Asr
17:21
Shom
19:28
Xufton
20:54
Bismillah
14 Avgust, 2026, 1 Rabi`ul avval, 1448

Ramazonda qur’on tilovati va karamli bo‘lish

11.06.2018   57601   4 min.
Ramazonda  qur’on tilovati va karamli bo‘lish

Bandalariga Ramazon ro‘zasini farz qilgan Alloh Taologa hamdu sanolar bo‘lsin. Ummatlariga ro‘za tutishni o‘rgatib, ta’lim bergan payg‘ambarimiz Muhammad mustafoga salovotu salomlar bo‘lsin.

Alloh subhanahu va taolo Qur’oni karimni nabiyyimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamga muborak ramazon oyida nozil qildi.Unda qalblar shifosi, iymon ozuqasi, Alloh va bandani bog‘lab turuvchi rishta bordir. Alloh taolo aytadi:

شَهْرُ رَمَضَانَ الَّذِي أُنْزِلَ فِيهِ الْقُرْآَنُ هُدًى لِلنَّاسِ وَبَيِّنَاتٍ مِنَ الْهُدَى وَالْفُرْقَانِ فَمَنْ شَهِدَ مِنْكُمُ الشَّهْرَ فَلْيَصُمْهُ وَمَنْ كَانَ مَرِيضًا أَوْ عَلَى سَفَرٍ فَعِدَّةٌ مِنْ أَيَّامٍ أُخَرَ يُرِيدُ اللَّهُ بِكُمُ الْيُسْرَ وَلَا يُرِيدُ بِكُمُ الْعُسْرَ وَلِتُكْمِلُوا الْعِدَّةَ وَلِتُكَبِّرُوا اللَّهَ عَلَى مَا هَدَاكُمْ وَلَعَلَّكُمْ تَشْكُرُونَ

Ramazon oyiki -  odamlar uchun hidoyat va to‘g‘ri yo‘l xamda ajrim etuvchi xujjatlardan iborat  Qur’on tushirilgandir. Sizdan kim o‘sha oyda hozir bo‘lsa , bas, ro‘zasini tutsin[1]1.

 Ramazon oyi “Qur’on oyi” deb ataladi. Unda Qur’onga bo‘lgan ahamiyat: tilovat qilish, yod olish, ma’nolarini tushunib yetish tobora ortadi. Rasululloh sollallohu alauhi vasallam har yili Ramazon oyida Qur’oni karimni Jabroil alayhissalom huzurlarida o‘qib o‘tkazar edilar. Sahobalar ham Ramazonda Qur’onni xatmqilishga qattiq kirishardilar, ba’zilari uch kechada xatm qilsa, ba’zilari yetti kechada xatm qilar yana boshqalari o‘n kechada Qur’onni xatm qilishardi. Ular Qur’onni kechasi-yu kunduzi, hoh namozda, hoh namozdan tashqari bo‘lsin tilovat qilishar edi.

 Imom Molik  rohimahulloh Ramazon oyi kirishi bilan barcha ilm kitoblarini yopib faqat Qur’onga sho‘ng‘ib ketar edilar, Imom Zuhriy rohimahulloh esa: bu faqat Qur’on o‘qish va taom ulashish oyi deb bir oy davomida faqat shu ikki ibodat bilan mashg‘ul bo‘lardilar. Imom Zahabiydan rivoyat qilinishicha Imom Shofe’iy Ramazon oyida Qur’onni oltmish marta xatm qilar ekanlar. Qanday qilib deysizmi? Chunki ular Qur’ondan boshqa barcha narsani tark qilishardi.

 Ramazon oyida farz ibodatlarning savobi bir necha barobar ko‘paytiriladi, nafl ibodatlarning savobi esa farz ibodati savobiga tenglashtiriladi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilinadi: «Kim Allohning kitobidan bir harf o‘qisa unga bitta savob bo‘ladi, bitta savob esa o‘n barobar ko‘paytirib beriladi, men: Alif, Lom, Mim bitta         harf demayman, lekin Alif harf, Lom harf va Mim alohida harfdir”. Endi ushbu muborak oyda qilingan Qur’on tilovatidan hosil bo‘luvchi savobni bir hisoblab ko‘raylikchi? Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilinishicha: Ro‘za va Qur’on qiyomat kunida bandaga shafoatchi bo‘lar ekan. Demak, Ramazon oyida  iloji boricha behuda ishlarni tark qilish va Qur’on o‘qishga katta ahamiyat berish lozim ekan.

 Ramazonda karamli bo‘lish. Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yaxshilik qilishda odamlarning eng saxiysi edilar. U zotningeng saxiy paytlari esa, Ramazonda Jabroil muloqotlariga kelganda bo‘lar edi. Jabroil alayhissalom Ramazon tamom bo‘lgunicha har kecha U zotning huzurlariga kelar edi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam unga Qur’onni arz qilib (o‘qib berar) edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam insonlar orasida eng karamlisi edilar: hoh ilm berish bo‘lsin, hoh Alloh yo‘lida nafsni fido qilish bo‘lsin, hoh mol sarflash bilan bo‘lsin, hoh ochni to‘ydirish bilan bo‘lsin,  hoh hojatini chiqarish bilan bo‘lsin, barcha sohada insonlarning eng saxiysi edilar. Ayniqsa Ramazon oyida yana ham saxiyroq bo‘lib ketar edilar. Yana ba’zi rivoyatlarda: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazonda saxovat borasida esgan shamoldan ham o‘zib ketishlari zikr qilingan.

Imom Termiziyning hadis to‘plamlarida Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: «Sadaqaning eng afzali Ramazonda qilingan sadaqadir» deyilgan. Yuqorida zikr qilganimizdek, Ramazonda qilingan hayrli ishlarning savobi ikki barobar ko‘paytirib beriladi. Demak,  Ramazon oyida iloji boricha saxiylik ko‘rsatib, beva–bechora, yetim-yesir, miskin va muhtojlarga hayr ehson qilishimiz lozim ekan.

 

Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus

 islom bilim yurti mudarrisasi

Muxlisa Qodirova

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

14.08.2026   7001   2 min.
Muqaddas maskanga munosabat qanday bo‘lishi kerak?

Imom Buxoriy majmuasi nafaqat Ozbekiston, balki butun islom olami uchun ulugva muqaddas qadamjolardan biri hisoblanadi.

Hazrat Imom Buxoriydek buyuk muhaddis nomi bilan bog‘liq ushbu majmua bugun yurtimizning eng yirik ma’naviy va madaniy markazlaridan biriga aylangan. Har kuni minglab ziyoratchilar bu yerga kelib, ajdodlar merosi, ma’rifat va muqaddas tarix bilan yuzlashmoqda.

Majmua nafaqat ziyoratgoh, balki xalqimizning boy ma’naviy merosi, milliy me’morchiligi va islom sivilizatsiyasidagi o‘rnini namoyon etuvchi noyob madaniy ob’yektdir. Uni barpo etish uchun katta mehnat, yuksak mahorat va qimmatbaho qurilish materiallari sarf etilgan. Shu bois bu qutlug‘ maskanni asrab-avaylash har birimiz uchun muhim vazifadir.

Yaqinda Madaniy meros agentligi tomonidan ayrim ziyoratchilarning majmua hududida beparvo munosabatda bo‘layotgani haqida ma’lumot berildi. Ayrim holatlarda ustunlar, ayvonlar va muzey eksponatlariga ehtiyotsiz munosabatda bo‘lish, chiqindilarni duch kelgan joyga tashlash kabi holatlar kuzatilmoqda. Bu esa nafaqat ziyoratgoh ko‘rkiga, balki uning ma’naviy muhitiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Bu holat barchamizni sergaklikka chaqirishi kerak. Zero, muqaddas qadamjoga kelgan inson avvalo o‘zini munosib tutishi, tozalik va tartib-qoidalarga amal qilishi lozim. Chunki ziyoratgoh — oddiy sayrgoh emas. Bu yerda asrlar nafasi, buyuk ajdodlar ruhi va ma’rifat ziyosi mujassam.

Tozalik esa inson madaniyatining eng muhim ko‘rsatkichlaridan biri. Islom ta’limotida ham poklikka alohida ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom “Tozalik — iymonning yarmidir”, deya ta’kidlaganlar. Demak, ziyoratgoh hududida ozodalikni saqlash nafaqat fuqarolik burch, balki ma’naviy mas’uliyat hamdir.

Ayniqsa, chet ellik mehmonlar O‘zbekiston haqidagi ilk taassurotni aynan shunday muqaddas maskanlar orqali oladi. Agar ziyoratgoh ozoda, tartibli va fayzli bo‘lsa, bu xalqimizning yuksak madaniyati va ma’naviyatini namoyon etadi. Aksincha, beparvolik va tartibsizlik mamlakatimiz nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Yosh avlodni ziyoratgoh madaniyati ruhida tarbiyalash ham muhim ahamiyatga ega. Bolalar kattalardan ibrat oladi. Agar ota-ona muqaddas joyda tartibga amal qilsa, ehtiyotkor bo‘lsa, farzand ham shu ruhda tarbiya topadi. Shu bois har bir inson o‘z harakati bilan boshqalarga namuna bo‘lishi kerak.

Imom Buxoriy majmuasi — millatimiz g‘ururi va ma’naviy boyligi. Uni asrash, tozaligini saqlash va ehtirom bilan munosabatda bo‘lish har bir insonning vijdoniy burchidir. Ziyoratgohlarga bo‘lgan munosabatimiz orqali biz o‘z madaniyatimiz, ma’naviyatimiz va ajdodlar merosiga bo‘lgan hurmatimizni namoyon etamiz.

Asliddin Mustafoyev, majmua axborot xizmati rahbari.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari