Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Avgust, 2026   |   16 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:22
Quyosh
05:46
Peshin
12:24
Asr
17:05
Shom
19:05
Xufton
20:25
Bismillah
29 Avgust, 2026, 16 Rabi`ul avval, 1448

Ro‘zaning tanamizga ta’sirini bilasizmi?

09.06.2018   57126   5 min.
Ro‘zaning tanamizga ta’sirini bilasizmi?

Musulmonlar Ramazonda sahardan shomgacha ro‘za tutishadi. Buning inson organizmiga ta’siri qanday?

So‘nggi yillarda Ramazon shimoliy yarimshar mintaqasida yoz oylariga to‘g‘ri kelmoqda (bu yil Ramazon Britaniyada 16 maydan boshlanishi kutilmoqda). Bu oylar davomida kunduzi uzoqroq, ob-havo esa issiqroq bo‘ladi.

Bu esa ba’zi mamlakatlar, masalan, Norvegiyada odamlar kelayotgan Ramazonda kuniga 20 soatga qadar ro‘za tutadilar, deganidir.

Ro‘za tutish sog‘liq uchun foydalimi? Quyida 30 kun ro‘za tutganingizda tanangizda qanday o‘zgarishlar yuz berishi haqida bilib olishingiz mumkin.Har yili Yer yuzidagi millionlab musulmonlar Ramazonning bir qismi sifatida 30 kun davomida kun chiqqandan to quyosh botgunga qadar ro‘za tutadilar.

Foto mualliflik huquqi Getty Images Image caption Ro‘za paytida organizmingiz quvvat uchun birinchi jigarda yig‘ilgan shakarni ishlatadi

Eng qiyin qism – ilk ikki kun

Tibbiyot nuqtayi-nazaridan so‘nggi ovqatdan sakkiz soat yoki shunga yaqinroq vaqt o‘tmagunga qadar tanangiz «ro‘zadorlik holati»ga kirmaydi. Bu vaqt atrofida ichaklar ovqatdagi oziq moddalarni so‘rib olish jarayonini yakunlayotgan bo‘ladi.

Oziq moddalar ichaklar orqali so‘rib olingandan so‘ng tanamiz jigar va mushaklarda to‘plangan glyukozadan quvvat olishga harakat qiladi.

Ro‘zaning so‘nggi qismlarida, glyukoza tugagandan so‘ng, tanada yig‘ilgan yog‘ quvvatning navbatdagi manbayi bo‘lib xizmat qiladi.

Foto mualliflik huquqi Getty Images Image caption Ramazonning ilk kunlari qiyinroq kechadi, ammo organizm ochlikka tezda ko‘nikadi

Tana yog‘ bilan oziqlana boshlaganda vazn va xolesterin miqdori kamayadi, qandli diabetga chalinish ehtimoli pasayadi

Ammo qonda shakar miqdorining tushib ketishi holsizlik va lanjlikka sabab bo‘ladi.

Ro‘za tutayotgan paytingiz bosh og‘rig‘i va aylanishi, ko‘ngil aynishini his qilishingiz, nafasingiz siqishi mumkin.

Bu vaqtda tanangizdagi ochlik hissi o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqadi.

Suvsizlanishdan ehtiyot bo‘ling – 3-7 kun

Tanagiz ro‘za tutishga moslasha borgan sari yog‘lar cho‘kib, qondagi shakarga aylanadi. Ro‘za tutish davomida yo‘qotilgan suyuqlik miqdori iftorlik va og‘iz yopish orasida qayta to‘ldirilishi lozim. Aks holda terlash hisobiga tana suvsizlanib qoladi.

Iste’mol qilinayotgan taomlarda uglevod va yog‘lar kabi quvvat beruvchi moddalar yetarli darajada bo‘lishi zarur. Shuningdek, oziq moddalar, jumladan, oqsillar, tuzlar va suvning iste’mol qilinayotgan taomdagi miqdori o‘zaro muvozanatda bo‘lishi ham muhim.

Foto mualliflik huquqi Getty Images Image caption Ro‘za payti suv ichish muhim, ayniqsa, yoz oylarida

Ro‘za tutishga o‘rgana boshlaysiz – 8-15-kun

Uchinchi bosqichga kelib, tanangiz ro‘za tutishga to‘la o‘rganib qolgandan so‘ng kayfiyatingizda ham yaxshi o‘zgarishlar paydo bo‘la boshlaydi. Kembrijdagi Addenbruk kasalxonasining anesteziya va intensiv davolash bo‘limi konsultanti bo‘lib ishlovchi doktor Razin Ma’rufga ko‘ra, ro‘za tutishning boshqa afzalliklari ham mavjud.

"Odatiy turmush tarzida biz yuqori kaloriyali ovqatlar tanovvul qilamiz va bu hol tanamizning ba’zi vazifalarni, masalan, o‘zini-o‘zi qayta tiklash amaliyotini ado etishida halal beradi".

Foto mualliflik huquqi Getty Images Image caption Ko‘p kaloriya iste’mol qilish organizmning infeksiyaga qarshi kurashishini qiyinlashtiradi

"Ro‘za tutish davomida anchayin yengillashgan tana boshqa funksiyalarga o‘z e’tiborini qaratish imkoniga ega bo‘ladi. Shunday qilib, ro‘za tutish tananing o‘zini-o‘zi davolash xususiyatlari, shuningdek, infeksiyalarga qarshi kurashish qobiliyatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi".

Ichni tozalash – 16-30 kun

Ramazonning so‘nggi qismida tanangiz ro‘za tutishga butunlay ko‘nikib bo‘ladi. Bu vaqtga kelib yo‘g‘on ichak, jigar, buyrak va terilarda tozalanish jarayoni boshlanib ketadi.

"Ro‘za tutish orqali o‘z-o‘zini tozalab olgan organlar o‘zining faoliyatini to‘liq tiklab oladi. Xotirangiz va diqqatni jamlash qobiliyatingiz yaxshilanib, o‘zingizni bardam seza boshlaysiz", -deydi doktor Ma’ruf.

Doktor Ma’rufga ko‘ra, davomli ochlik ozishning yaxshi yo‘li emas

"Tanangiz quvvat olishda oqsillarga qaram bo‘lib qolmasligi kerak. Bu manzara tana o‘ziga xos 'ochlik holati'ga kirganda va mushaklardan quvvatlana boshlaganda yuzaga keladi hamda bir necha kundan bir necha haftaga qadar davom etadi".

"Ramazon ro‘zasi faqat kun chiqqandan botganga qadar davom etgani sababli bizda tanamizni quvvatga boy ozuqalar va ichimliklar bilan to‘ldirib olishga yetarlicha imkon bo‘ladi. Bu mushaklarni qurib ketishdan saqlaydi. Bundan tashqari vazn tashlashga ham yordam beradi".

Shunday qilib, ro‘za tutish sog‘liq uchun foydalimi?

Doktor Ma’ruf ha, deydi. Ammo ba’zi narsalarni e’tiborga olib qo‘ymoq zarur.

"Biz tanovvul qilayotgan taomlarimizga e’tiborni oshirganimiz sababli ro‘za tutish sog‘liq uchun foydali. Biroq bir oylik ro‘za foydali bo‘lsada, uni davomiy tutish tavsiya etilmaydi".

"Davomiy ro‘za tutganda tanangiz yog‘ni yeb bo‘lib, quvvat olish uchun mushaklarga e’tibor qarata boshlaydi. Bu esa yaxshi emas".

Foto mualliflik huquqi Getty Images

Doktor Ma’ruf Ramazondan tashqari paytlarda qisqa ro‘za yoki 5:2 formatdagi parhez (haftada ikki kun ro‘za tutish, qolgan kunlari oson hazm bo‘ladigan taomlar yeyish) tutish oylarga cho‘ziladigan ro‘zaga yaxshi muqobil bo‘ladi, deydi.

"Ramazon ro‘zasida har kuni quvvatga boy ozuqa iste’mol qilishga e’tibor berish zarur. Shundagina tanangiz hayot uchun muhim bo‘lgan mushak to‘qimalarini yeb yubormaydi".

 

Axmen Havoja Bi-bi-si Jahon xizmati

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Zeki Kaymaz: Kelgusi o‘n yil ichida O‘zbekistonni turkiy dunyoda yorqin yulduz sifatida ko‘raman

21.08.2026   67438   2 min.
Zeki Kaymaz: Kelgusi o‘n yil ichida O‘zbekistonni turkiy dunyoda yorqin yulduz sifatida ko‘raman

Turk tili instituti Ilmiy kengashi a’zosi, filolog olim, professor Zeki Kaymaz O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi arafasida “Dunyo” AA orqali yurtdoshlarimizga o‘zining samimiy tabrigi va ezgu tilaklarini yo‘lladi.

– Avvalo, O‘zbekiston xalqini istiqlolning 35 yilligi munosabati bilan chin ko‘ngildan tabriklayman. O‘ttiz besh yil oz vaqt emas. Men yuz yildan oshgan mustaqil Turkiya fuqarosi sifatida Sizlarga ham yana ko‘p asrlar mustaqillik shodiyonasini nishonlashingizni tilayman.

Tarixga nazar tashlasak, Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston bilan yaqin munosabatda bo‘lib kelganmiz. Ayniqsa, Turkiyadagi milliy ozodlik kurashi davrida bizga bu diyordan jo‘natilgan ko‘makni doimo katta minnatdorlik bilan yodga olamiz.

Qardosh o‘zbek xalqi biz uchun doimo yaqin birodar, qalin do‘st bo‘lib kelgan. O‘zbekistonning bugungi taraqqiyoti bizni juda mamnun qiladi. Ushbu zaminga har borganimda go‘zal va obod mamlakatni ko‘ramaz. Yurtingizda madaniyat va ma’rifat o‘choqlari bisyor. Albatta, bu tamaddun va sivilizatsiyaning ildizlari uzoq o‘tmishga borib taqaladi.

Markaziy Osiyodagi ilk o‘rta asrlardagi Birinchi renessans hamda Amir Temur asos solgan Ikkinchi renessans davrlarida bu zaminda buyuk sivilizatsiya shakllandi. Toshkentda bunyod etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasi, Imom Moturidiy ziyoratgohi kabi madaniy-ma’naviy maskanlar islom olamida muhim ahamiyatga ega.

Geostrategik mavqei nuqtayi nazaridan, men kelgusi o‘n yil ichida O‘zbekistonni turkiy dunyo, xususan, Markaziy Osiyo davlatlari orasida yorqin yulduz sifatida ko‘raman.

Buning sabablari bor, albatta. Avvalo, mamlakatdagi kuchli iqtisodiyot. Qolaversa, chuqur ildizlarga ega bo‘lgan boy madaniyat va tarix. Turkiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi mustahkam do‘stlik va yaqin hamkorlik aloqalari ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Tilagim – do‘stlik rishtalarimiz yanada mustahkamlansin, davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari yuqori darajaga ko‘tarilsin.

Yana bir bor mustaqillik bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman va o‘zbek xalqiga samimiy salomlarimni yo‘llayman.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

 

O'zbekiston yangiliklari