Alloh taolo Duxon surasining 1-6- oyatlarida shunday marhamat qiladi:
Aniq Kitob (Qur’on) bilan qasamyod eturmanki,
albatta, Biz uni muborak kechada nozil qildik. Darhaqiqat, Biz ogohlantiruvchidirmiz.
U (muborak kecha)da barcha hikmatli ish(lar) ajrim qilinur.
(U ishlar) Bizning huzurimizdan bo‘lgan ishlardir. Darhaqiqat, Biz (payg‘ambar) yuboruvchidirmiz.
Bu Rabbingiz (tomoni)dan rahmatdir. Albatta, Uning o‘zi Eshituvchi va Biluvchidir.[1]
Imom Nasafiy rahmatullohi alayhi aytadilar: “Jumhur ulamolarning so‘zlariga ko‘ra, oyati karimadagi muborak kechadan murod Alloh taoloning: “Albatta, Biz uni (Qur’onni «Lavhul-mahfuz»dan birinchi osmonga) Qadr kechasida nozil qildik.”[2] Va: “Ramazon oyi Qur’on nozil qilingan oydir.”[3] So‘zlariga binoan Qadr kechasidir.” So‘ngra aytadilar: Qur’oni karim bir jumlada lavhul mahfuzdan dunyo osmoniga Qadr kechasida nozil qilgan. So‘ngra unga ehtiyoj tushganida Jabroil alayhissalom uni Payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga bo‘lingan holatida olib tushgan. Ba’zilar, Qur’oni karimni bo‘lingan holda nozil qilinishi boshlanishi Qadr kechasida bo‘lgan deydilar.
Muborak, unda tushadigan yaxshilik va baraka va duoning qabul bo‘lishidan iborat yaxshiligi ko‘p ma’nosida. Agar bu kechaning unda Qur’on bo‘lganidan boshqa fazilati bo‘lmaganida ham, barakotli ekanligiga shuning o‘zi ham kifoya qilardi.[4]
Shayxontohur tumani
“Islom nuri” jome masjidi imom xatibi, TII o‘qituvchisi
A. Sobirov
[1] Duxon surasi 1-6-oyatlar.Shayx Abdulaziz Mansur. Qur’oni karim ma’nolarining tarjimava tafsiri. 2009-yil Toshkent. TIU nashriyoti.
[2] Qadr surasi 1-oyat.Shayx Abdulaziz Mansur. Qur’oni karim ma’nolarining tarjimava tafsiri. 2009-yil Toshkent. TIU nashriyoti.
[3] Baqara surasi 851-oyat.Shayx Abdulaziz Mansur. Qur’oni karim ma’nolarining tarjimava tafsiri. 2009-yil Toshkent. TIU nashriyoti.
[4] Imom Nasafiy. Tafsirun nasafiy 1109 b.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Men junub holatida soch va shu kabilarni tozalab bo‘lmasligi haqida eshitganman. Lekin bir do‘stim, unday gap yo‘q, olsa bo‘laveradi, dedi. Aslida junub holatda soch, tirnoq va kindik osti tuklarini olsa bo‘ladimi yoki yo‘qmi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Junublik holatida soch va tirnoq olish hamda badandagi ortiqcha tuklarni tozalash makruh hisoblanadi. Bu ishning makruhligiga faqihlarimiz, Alloh taolo ularni rahmatiga olsin, dalil o‘laroq “Sharhi shir’atil islom” kitobida kelgan quyidagi hadisni keltiradilar: “Kim g‘usl qilishdan oldin tuklarini olsa, har bir soch tolasi (qiyomat kuni) kelib: "Ey Robbim! Nima sababdan meni poklamay turib, olib tashlaganini undan so‘ra”, deydi.
Imom G‘azzoliy rahimahulloh ham “Ihyo ulumiddin” kitobida tuk, tirnoq kabi tanadan nopok holda ajratilgan narsalar qiyomat kunida da’vo qilishi haqidagi rivoyatni keltirganlar.
Fuqaholarimiz biror masalaga joiz yoki nojoiz deb hukm aytgan bo‘lsalar, albatta, ma’lum bir dalilga asoslanadilar. Shu sababli mo‘tabar kitoblarimizda kelgan gaplarga amal qilish eng to‘g‘ri yo‘l hisoblanadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi