Payg‘ambarimiz sollollohu alayhi vasallam Ramazon oyining oxirgi o‘n kunida boshqa kunlaridan ko‘ra ko‘proq ibodat qilar, u kunlarni etikof bilan o‘tkazar va qadr kechasini ushbu kechalardan qidirar edilar[1].
Imom Buxoriy rahmatullohi alayhi o‘z sahihlarida Oisha onamiz roziyollohu anhodan rivoyat qiladilar: “Albatta Nabiy sollollohu alayhi vasallam, Ramazon oyining oxirgi o‘n kuni kirib kelsa, ahllarini uyg‘otar, tunlarini tiriltirar va bellarini mahkam bog‘lar edilar”[2]
Hadisi sharifdagi Oisha onamizning: “Bellarini mahkam bog‘lar edilar”, degani Payg‘ambar sollollohu alayhi vasallamning ibodatga odatdagidan ko‘proq jiddu-jahd qilib harakat qilganlaridan kinoya. Ba’zilar bu ayollaridan chetlashganlari, yaqinlik qilmaganlaridan kinoya deydilar.
“Tunlarini tiriltirar edi” deganlari esa, namoz va boshqa ibodatlar bilan tunning barchasini bedor o‘tkazar edilar degan ma’noda. Oisha onamiz roziyollohu anhodan rivoyat qilingan boshqa hadisda: “ Men Rosululloh sollollohu alayhi vasallamni Ramazon oyidan boshqa biror paytda bir kechada Qur’oni karimning barchasini o‘qiganlarini ham, tunning hammasini to tonggacha bedor bo‘lganlarini ham, bir oy avvalidan oxirigacha to‘liq ro‘za tutganlarini ham bilmayman”[3] deganlar.
“Ahllarini uyg‘otar edi” deganlari esa, ayollarini namozga uyg‘otar edi degan ma’noda. Payg‘ambar sollollohu alayhi vasallamning odatlaridan ma’lumki, U zot ahllarini boshqa kunlarda ham ibodatga uyg‘otar edilar. Vitr o‘qimoqchi bo‘lsalar Oisha onamizni uyg‘otganlari kabi.[4] Ammo Payg‘ambar sollollohu alayhi vasallamning ahli oilalarini Ramazon oyining oxirgi o‘n kunida uyg‘otishlari yilning boshqa kunlariga nisbatan ko‘proq bo‘lar edi.
Shayxontohur tumani
“Islom nuri” jome masjidi imom xatibi, TII o‘qituvchisi
A. Sobirov
[1] Imom Muslim Oisha roziyollohu anho onamizdan rivoyat qilgan(1175)
[2] Imom Buxoriy rivoyati(1913)
[3] Imom Nasaiy rivoyati(1641)
[4] Imom Buxoriy rivoyati(952)
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan vohamiz aholining ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning ko‘ngliga quvonch ulashishga qaratilgan xayrli ishlar davom etmoqda.
Bugun, O‘MI Qashqadaryo viloyati vakili, viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonov boshchiliklarida homiylar jalb etilgan holda mahalla hududidagi xonadonlarga tashrif buyurib, xonadon ahillari bilan samimiy suhbatlar o‘tkazildi. Ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida sovg‘a-salomlar va xayr-ehson qutilari tarqatildi.
Bunday xayrli tashabbuslar xalqimizga xos mehr-oqibat, saxovat va insonparvarlik fazilatlarining amaliy ifodasi bo‘lib, ehtiyojmand oilalarga ma’naviy dalda va ko‘mak berishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, xonadonlarimizda fayzu baraka bardavom bo‘lsin!
O‘MI Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati