Yurtimizdagi islohotlardan ko‘zlangan maqsad – xalqimizning talab va ehtiyojlarini qondirish va odamlarimizni rozi qilishdan iborat. Ana shu ulug‘vor niyat yo‘lida olib borilayotan ishlar ko‘lami kundan-kun ortib bormoqda. Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan “Obod qishloq”, “Namunali tuman” dasturlari asosida tuman va qishloqlar aholisining hayotida yangi sahifalar ochilmoqda. Endilikda Toshkent shahri Olmazor tumanini namunali tumanlardan biriga aylantirish maqsad qilindi.
Shu munosabat bilan bugun O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Jasur Akramov boshchiligidagi ishchi guruhlar aholi bilan muloqot qilish, namozxonlar bilan samimiy suhbatlar o‘tkazish niyatida Olmazor tumanida amaliy ishlar boshlab yuborildi.
Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari tuman bosh imom-xatibi Sadriddin Abdurashidov, “Nosirxon” jome masjidi imom-xatibi Abduhakim qori Matqulov hamrohligida tumandagi jomelarga tashrif qilishdi. Tashrif tumandagi “To‘lqin Akrom o‘g‘li” jome masjidi qavmi bilan dildan suhbat qurish bilan boshlandi.
Mo‘ysafid otaxonlarni muftiy hazratlari muborak Ramazon oyining oxirgi dahasi bilan qutlab, ibodatu iltijolar ijobat bo‘ladigan damlarni g‘animat bilishga chaqirdilar. Muftiy hazrat so‘zlarida davom etib, bu kunlarning qadriga yetish, muhtaram Prezidentimiz tashkil etib berayotgan shart-sharoitlar uchun minnatdorlik bildirish, Parvardigorga hamdu sanolar aytish, duolar qilishimiz darkorligini so‘zladilar.
Muftiy hazrat Olmazor tumanini namunali tumanga aylantirish tashabbusini davlatimiz Rahbari ilgari surganlarini ma’lum qilib, mazkur tumandagi masjidlar, ziyoratgohlar va tabarruk maskanlarni obod etish, aholining diniy-ma’rifiy ehtiyojlarini ta’minlash maqsadida, diniy soha xodimlari, ulamolar va imom-xatiblar ushbu tumanga safarbar etilganini xabar qildilar.
Uchrashuvda muftiy hazratlari mo‘min-musulmonlarning tashvishlarini bartaraf etish, turli ro‘yxatlardan chiqarilgan kishilarni jamiyatga kirishib ketishlariga ko‘maklashishni davlatimiz Rahbari bosh vazifa qilib qo‘yganini izohladilar. O‘z navbatida masjidlar qavmlari a’zolari ham o‘zlarining bugungi kundagi islohotlariga doir fikr-mulohazalarini bildirishdi.
“To‘lqin Akrom o‘g‘li” jome masjidi qavmi a’zosi Mirshohid ota Alimov muhtaram Prezidentimiz olib borayotgan oqilona siyosatdan namozxonlar cheksiz minnatdor ekani, aholining kayfiyati juda ham yuqori bo‘layotgani, ayniqsa, taroveh namozlari, Qur’on xatmlaridan juda ham mamnunligini izhor qildi. Mirshohid ota so‘zining yakunida ushbu xayrli ishlarga bosh bo‘lgan muhtaram Prezidentimiz, muftiy hazratlari va barcha mutasaddilar haqqiga duolar qildi.
Masjid imom-xatibi Sahobiddin domla Sotimov masjidni obod etish, namozxonlarni ahil-inoqligini ta’minlash va ularning ilm-ma’rifatlarini oshirish borasida jonbozlik ko‘rsatayotganini masjid qavmi alohida ta’kidladilar.
Navbatdagi tashrif tumandagi “Mirza G‘olib” jome masjidiga bo‘ldi. U yerda muftiy hazratlari namozxonlar bilan birga peshin namozini ado etib, so‘ng ular bilan samimiy suhbat qurdilar.
Hazrat so‘zlarining avvalida, jumladan bunday dedilar:
– Mana shunday saodatli kunlarda Alloh taboraka va taolodan tutgan ro‘zalarimiz qabul, ibodatlarimiz maqbul va duolarimiz mustajob bo‘lishini so‘raymiz. Allohga shukrki, ushbu sharofatli oy bu yil diyorimizda juda ham fayzli, qutli-barakali bo‘ldi. Ikki mingdan ortiq masjidlarda taroveh namozlari, mingdan ziyod jomelarda Qur’on xatmlari ado etildi. Ramazon kechalarida musulmonlarimiz ushbu oyning ziynati bo‘lgan taroveh namozlarida ishtirok qildilar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bu oyning kechalarini ibodat ila o‘tkazganlarga xushxabarlar borligini aytganlar. Xususan, hadisi shariflarning birida: “Kim Ramazon kechalari imon bilan, savob umidida qoim bo‘lsa, o‘tgan gunohlari kechiriladi”, deb marhamat qilingan.
Muftiy hazratlari so‘zlarini yakunlagandan keyin masjid jamoasini qiziqtirgan savollarga javob berdilar. Suhbatlar samimiy ruhda, nihoyatda fayzli bo‘ldi.
Olmazor tumaniga tashrif davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Saudiya Arabistonining yetakchi ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston hayotida kechayotgan muhim voqelarni yoritishda davom etayapti, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Xususan, ushbu mamlakatdagi ommabop "Sahm News" elektron nashrida O‘zbekiston 2026 yilda Global ekologik fond assambleyasiga mezbonlik qilishi haqidagi ma’lumotni tarqatdi.
"O‘zbekistonning Samarqand shahri 2026 yilgi Global ekologik fond assambleyasiga mezbonlik qilish uchun tanlandi. Assambleya Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi va yer degradatsiyasiga qarshi kurashish uchun mablag‘ yig‘ish platformasiga aylanishi kutilmoqda", – deyilgan materialda.
Qayd etilishicha, 2026 yilda Samarqand shahrida Global ekologik fondning sakkizinchi yig‘ilishi va Global ekologik fond kengashining yetmish birinchi yig‘ilishi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. "Bu qaror AQSHning Vashington shahrida bo‘lib o‘tgan Kengashning oltmish to‘qqizinchi yig‘ilishida qabul qilindi", deya urg‘ulangan maqolada.
Saudiyaning yetakchi "Watan News" nashri esa O‘zbekiston Prezidentining yaqin kelajakda Bryusselga tashrif buyurishi haqida yozdi. "Bu haqda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Tobgo Klan to‘rtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumda ma’lum qildi", deya ta’kidlangan manbada.
"Bunday tashrif tarixiy voqea hamda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolash uchun noyob imkoniyat yaratadi", – deya Tobgo Klan fikrlaridan iqtibos keltirilgan maqolada.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati