Ayni kunlarda mo'min-musulmon xalqimizning diniy savodxonligini yanada oshirish maqsadida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tadqiqotchilari tomonidan tarjima qilingan “Musnadi Keshiy” (Hadislar to'plami) asari nashrdan chiqdi. Shuningdek, “Shamoili Buxoriy”, “Kosoniy aqidasi” hamda “Sunani Dorimiydan saylanma hadislar” kitoblari nashrga tayyorlanib, tez kunlarda o'quvchilar e'tiboriga havola etiladi.
Quyida mazkur adabiyotlar haqidagi qisqacha ma'lumotlarni taqdim etamiz:

? Kitob nomi: Musnadi Keshiy (Hadislar to'plami)
?Muallif: Abd ibn Humayd Keshiy
✅ Mazkur asar bugungi kunimiz uchun g'oyat qimmatlidir. Unda ibodatga oid: namoz, ro'za, haj; jamiyat va insonlar o'rtasidagi munosabatlarga oid: sadaqa, savdo, ijara, shartnoma; ijtimoiy axloqqa oid: chiroyli xulq, yaxshi amal, shirinso'zlik; oxirat masalalariga oid: jannat-do'zax va ularning sifatlari, savol-javob kabi masalalarni qamrab olgan hadislar to'plangan. Ayniqsa, bugungi kunimizda dolzarb bo'lgan oila, nikoh haqida ko'p hadis ko'rishimiz mumkin. Har bir mavzu bo'yicha 1 dan 200 tagacha hadis jamlangan. Ular mazmun, ma'no va hukm hamda yo'nalishlarga qarab tartiblangan va 33 ta mavzuni qamrab oladi. Ularda imon, tavhid, taqdir, Qur'oni karim fazilatlari, ilmning ahamiyati, zulmdan yiroqda bo'lish, taomlanish odobi, kiyinish madaniyati, odob-axloq, fazilatli ishlar, bemorni ziyorat qilish va tabobat, fitnalar, dehqonchilik haqidagi hadislar jamlangan.
? Hajmi:
1-kitob – 400 bet
2-kitob – 448 bet
3-kitob– 432 bet
? Bichimi: 70x100 1/16
? Muqovasi: Qattiq
? Nashriyot: Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
? Narx: 336 000 so'm
?? Alifbosi: Kirill
☎️ Murojaat uchun: (66) 240-20-19 | +998712175999
***

? Kitob nomi: Shamoili Buxoriy
?Muallif: Abu Ja'far Muhammad ibn Abu Hotim Varroq
✅ Ushbu risola Imom Buxoriyning shogirdi va kotibi nahvshunos olim Abu Ja'far Muhammad ibn Abu Hotim Varroq Buxoriy qalamiga mansub bo'lib, Muhammad ibn Ismoil Buxoriy tarjimai holiga bag'ishlangan. Asarda Imom Buxoriyning hayoti, ilmiy faoliyati, asarlari haqida qiziqarli ma'lumotlar jamlangan.
? Hajmi: 152 bet
? Bichimi: 84x108 1/32
? Muqovasi: Yumshoq
? Nashriyot: Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
?? Alifbosi: Kirill
☎️ Murojaat uchun: (66) 240-20-19
***

? Kitob nomi: Sunani Dorimiydan saylanma hadislar
?Muallif: Imom Dorimiy
✅Ushbu kitobda Abdulloh ibn Abdurahmon Dorimiyning «Sunani Dorimiy» asarida zikr etilgan ilmning fazilati, odob-axloq, sabrli bo'lish, yaxshilik qilish, savdo-sotiq munosabatlari, meros huquqi va Qur'on fazilatlari kabi saylanma hadislar jamlangan.
Kitob olimlar, mutaxassislar, tadqiqotchilar hamda keng jamoatchilik uchun mo'ljallangan.
? Hajmi: 644 bet
? Bichimi: 70x100 1/16
? Muqovasi: Qattiq
?? Alifbosi: Kirill
? Nashriyot: Tafakkur avlodi
☎️ Murojaat uchun: (66) 240-20-19
***

? Kitob nomi: Kosoniy aqidasi
?Muallif: Alouddin Kosoniy
✅ Ushbu risolada “Malikul ulamo” – “Olimlar podshohi” unvoniga sazovor bo'lgan, islom olamida Alouddin Kosoniy nomi bilan dong taratgan, hanafiylik mazhabining qaror topishi va moturidiylik ta'limotining taraqqiy etishida o'zining beqiyos o'rniga ega bo'lgan faqih va mutakallim Abu Bakr Ahmad ibn Muhammad Kosoniy rahimahullohning hayoti va ilmiy merosi yoritilgan.
? Hajmi: 120 bet
? Bichimi: 84x108 1/32
? Muqovasi: Yumshoq
? Nashriyot: Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
?? Alifbosi: Kirill
☎️ Murojaat uchun: (66) 240-20-19
Ta'kidlash joizki, mazkur kitoblar Din ishlari bo'yicha qo'mitaning xulosasi asosida nashrga tayyorlangan.
O'zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Din va jamiyat
Islom dini kishini haddan oshish, zo‘ravonlik va adovatdan qaytaradi. Har bir ishda o‘rta yo‘lni tutish, aql bilan ish ko‘rish, adolat va insofni saqlash asosiy mezonlardan ekani ta’kidlanadi.
Afsuski, bugungi kunda ayrim kimsalar dinimizga xos muqaddas tushunchalarni noto‘g‘ri talqin qilib, o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanmoqda. Ular dinning asl mohiyati bo‘lgan tinchlik, o‘zaro mehr-muruvvat va ezgulik g‘oyalarini buzib, odamlar qalbiga mutaassiblik urug‘ini sochishga harakat qilmoqda. Bunday kimsalar xorijda turib ijtimoiy tarmoqlar orqali aqidaviy, fiqhiy, mahzab masalalarida xalqimizni chalg‘itishga urinib, mutaassiblik va boshqa yot g‘oyalarni targ‘ib qilib, ommani shubhalar girdobiga tortishga urinmoqda.
Haqiqiy dindorlik odamlardan uzilish, hayotdan chetlashish yoki boshqalarga nisbatan qattiqqo‘llik qilish emas. Balki halol mehnat qilish, ota-onaga hurmat ko‘rsatish, oilaga mas’uliyat bilan qarash, jamiyatga foyda keltirish va ibodatni ixlos bilan ado etishda namoyon bo‘ladi. Mutaassiblik esa shu muvozanatni buzadi. Bunday kishi o‘z fikrini yagona haqiqat deb biladi, boshqa qarashlarni eshitishni istamaydi. Faqat o‘z fikrini o‘tkazishga urinadi. U ko‘p hollarda dinning asl mohiyatini emas, balki o‘zining tor va biryoqlama tushunchasini himoya qiladi. Shu sababli mutaassiblik jamiyatda murosasizlik, adovat va bo‘linishlarga sabab bo‘ladi.
Aslida, chin musulmon o‘z e’tiqodida mustahkam bo‘lishi bilan birga, boshqalarga nisbatan ham odob, hurmat va insof bilan munosabatda bo‘lishi kerak. Din nomidan qo‘pollik qilish, odamlarni kamsitish, jamiyat tinchligiga raxna solish yoki zo‘ravonlikni oqlash qoralangan.
Payg‘ambarimiz alayhissalom har bir ishda – xoh u dunyoviy bo‘lsin, xoh oxirat amali bo‘lsin – o‘rtacha bo‘lishga chaqirib: “Ishlarning eng yaxshisi o‘rtachasidir”, deganlar (Imom Bayhaqiy rivoyati). Bu esa Islomda inson hayoti bir tomonga og‘ishgan emas, balki muvozanatli bo‘lishi kerakligini ko‘rsatadi.
Bu haqda Qur’oni karimda: “...Rohiblikni esa ular o‘zlari chiqarib oldilar. Biz ularga uni (rohiblikni) yozganimiz yo‘q, lekin ular o‘zlari Allohning rizoligini istab (rohiblik) qildilar-u, so‘ngra unga to‘la rioya qila olmadilar. Bas, ulardan iymon keltirganlariga mukofotlarni ato etdik. (Ammo) ularning orasida aksariyati fosiq (kofir)dirlar” (Hadid surasi, 27-oyat), deyilgan. Demak, kishi o‘z tabiatiga og‘irlik qiladigan darajada hayotdan uzilib, toat-ibodatga berilib ketmasligi kerak.
Yana bir oyatda: “Alloh senga ato etgan narsa bilan oxiratni istagin va dunyodan bo‘lgan nasibangni ham unutmagin” (Qasas surasi, 77-oyat). Musulmon kishi dunyoni deb oxiratni unutishi, oxiratni bahona qilib, zimmasidagi bu dunyo ishlarini tashlab qo‘yishi joiz emas.
Mutaassiblik ilmsizlik sababli kelib chiqadi. Ilmli kishi hech qachon o‘zgalar bilan tortishmaydi va har ishda o‘zinikini ma’qullayvermaydi. Aksincha, haq gap aytilganida tan oladi. Shuning uchun farzandlarimizga yoshligidanoq diniy bilimlarni chuqur o‘rgatib, turli fitnalardan ogoh etib borishimiz zarur. Zero, haqiqiy ilm egalarini hech qanday buzg‘unchi g‘oyalar chalg‘ita olmaydi.
G‘afurjon ESHONQULOV,
Urgut tumanidagi “Chubin” masjidi imom noibi
H. Sadriddinov uyushtirdi.
"Hidoyat" jurnalini 7-sonidan