Ramazon oxirlab bormoqda. Biz rejalashtirgan qaysi ezgu amallarimizga ulgurdigu qaysilarini keyingi yilga olib qo‘ymoqchimiz. Biroq hali vaqtimiz bor, oylar sultonining har daqiqasi bebaho va mazmunli, ulguramiz ko‘p ezguliklarga inshoolloh.
Qur’oni karimning Niso surasi, 80-oyatida Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “Kimda-kim Payg‘ambarga itoat etsa, demak, u Allohga itoat etibdi. Kimda-kim bosh tortsa, Sizni ular ustidan qo‘riqlovchi qilib yuborganimiz yo‘q”. Chindan ham, Nabiy (a.s.)ning hayot yo‘llari biz o‘rganishimiz, namuna olishimiz uchun eng munosib hidoyat manbaidir. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) Ramazon oyi davomida har doimgidan ko‘proq ibodat va ezguliklar qilishga shoshilar edilar. Biz ham ularning bu qutlug‘ yo‘llaridan yurishga muyassar bo‘lishni dilimizga tugganmiz. Zero, bu bizning oliy maqsadimiz bo‘lishi kerak.
Qur’oni karimni ko‘proq tilovat qilishning ayni pallasi – Ramazon oyidir. U Qur’on oyi, ma’rifat oyi deb bejiz ta’kidlanmagan. Bu muborak shahr – Qur’on nozil bo‘lgan oydir. Hadislarda keltirilishicha: “Jabroil (a.s.) Rasululloh (s.a.v.)ning oldilariga Ramazonda har tunda kelar, bu hol Ramazon tugaguncha davom etar edi. Rasululloh Jabroil (a.s.)dan Qur’onni o‘tkazib olar edilar”. Ushbu hadisdan ma’lumki, Ramazon oyida qancha ko‘p Qur’on o‘qilsa shuncha yaxshi, uning yaxshiligi va barakasi ham ortib boraverar ekan. Qolaversa, oyatlarning mazmunini tushunishga harakat qilish, suralar mohiyatini tafakkur qilish alohida ahamiyatga egadir. Bugungi kunda tobora chiroy ochib borayotgan masjidlarda ado etilayotgan xatmi Qur’onlar ana shu go‘zal an’ananing davomidir.
Ramazonda har qachongidan ham saxovatli bo‘lmoq joiz. Binobarin, Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ham saxiylik bobida peshqadam edilar. Ayniqsa qutlug‘ oyning sharofati bilan ularning karamlari yanada ortgandan ortib boraverar edi. Hadislarda ta’kidlanishicha, “Rasululloh (s.a.v.) insonlarning eng saxiysi edilar. ayniqsa Ramazonda Jabroil (a.s.) bilan uchrashganlarida saxiyliklari yanada ortar edi”. Demak, hali vaqtimiz bor. Atrofimizga bir nazar tashlaylik, qiynalgan qarindoshlarimiz yoki nochor qo‘ni-qo‘shniyu beva-bechoralarning holidan bir bor xabar olib, keksalarni yo‘qlashni unutmaylik.
Bu oyda duolarimizni yanada ko‘paytirishimiz fazilatli. Ayniqsa, iftor paytida qilingan duoning xosiyati bemisl. Rasululloh (s.a.v.) og‘iz ochganlarida shunday der edilar: “Tashnalik ketdi, tomirlar namlandi va ajr savob sobit bo‘ldi”. Iftor payti duolar qabul bo‘ladigan vaqtlar qatoridadir. Bu esa naqadar buyuk imkoniyat. Ramazonning qadrli lahzalarida, iftorlik pallasida chin dildan, yurak-yurakdan Yaratganga iltijo qilishning fazli tengsiz. Bu g‘animat onlardan foydalanib qolaylik.
Ramazon mehr-oqibat, muruvvat faslidir. Ayniqsa, kishi o‘z oila a’zolari bilan yanada xushmuomala bo‘lishi, ezguligu saxovatlarini avvalo oilasi uchun ado etmog‘i muhim hisoblanadi. Hadisi sharifda: “Sizlarning eng yaxshingiz oilasiga yaxshilaridir”, deya marhamat qilinadi. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ham Ramazon oyida ahli oilasiga go‘zal muomala qilganlar, ayollariga ibodat va boshqa masalalarda ta’lim berganlar.
Ramazon oxirlab borayotgan kunlarda har bir musulmon fitr sadaqasi haqida unutmasligi lozim. Binobarin, hadisi sharifda shunday deyiladi: “Rasululloh (s.a.v.) fitr sadaqasini ro‘zadorning so‘kish va lag‘v ishlarini poklash hamda miskinlar uchun taom ma’nosida farz qildilar. Kim uni namozdan oldin ado qilsa, maqbul zakot, kim namozdan so‘ng ado qilsa, sadaqaning bir turi hisoblanadi”. Demak, ushbu muborak kunlarda faqirlarning xonadoniga xursandchilik ulashish, muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zish bir tomondan zimmamizdagi mas’uliyatli vazifa bo‘lsa, ikkinchidan, oilalarga shodlik va baraka olib keluvchi sharafli va savobli amallardan ekan.
Biz Ramazonning g‘animat imkoniyatlarining dengizdan tomchisinigina eslatib o‘tdik. Biroq, uning yaxshiliklarini sanab oxirlash mumkin emas. Ramazon oxirlab bormoqda. Uning imkoniyatlarga boy lahzalarini isrof qilmaylik. Qolaversa, Ramazon oyidan ta’lim olganlarimizni yil davomida o‘zimizga odat bilaylik: Hamisha ezguliklarga shoshilaylik, Qur’oni karim tilovati va ma’rifat egallashdan to‘xtamaylik, duolarimizda Allohdan yurtimizga tinchlik, xalqimizga omonlik so‘raylik, muhtoj va kasallar holidan hamisha xabardor bo‘laylik. Ana shunda Ramazon shukuhi qalblarimizni yil davomida tark etmaydi.
Sharifa G‘ANIYEVA,
“Ziyo” studiyasi bosh muharriri
Parij shahrida YUNЕSKO Bosh qarorgohida 7 oktyabr kuni "Islom sivilizatsiyasi: Movarounnahrning buyuk ma’naviy-ilmiy merosi va ma’rifatning ufqlari" mavzusida anjuman bo‘lib o‘tdi, xabar bermoqda iccu.uz.
Tadbir doirasida Islom tarixi, ilm-fani va madaniyati, O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning jahon sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, boy ma’naviy merosning zamonaviy taraqqiyotdagi o‘rni hamda madaniyatlararo muloqot masalalari muhokama qilindi.
Tadbirda Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish markazi — IRCICA Bosh direktori, professor doktor Mahmud Erol Kilich “Ma’naviy-ma’rifiy meros va zamonaviy taraqqiyot” mavzusida ma’ruza qildi.
Ma’ruzachi o‘z nutqida o‘tmishning ilmiy, ma’naviy va madaniy merosini o‘rganish insoniyat uchun nafaqat tarixiy xotirani asrash, balki tinchlik, o‘zaro hurmat, bag‘rikenglik va xalqlar o‘rtasidagi hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Uning qayd etishicha, turli xalqlar va madaniyatlarning umuminsoniy sivilizatsiyaga qo‘shgan hissini xolisona o‘rganish insoniyatning umumiy bilim va tajribasini yanada chuqurroq anglash imkonini beradi. Ayniqsa, buyuk olimlar, faylasuflar va mutafakkirlarning asrlar davomida shakllangan ta’limotlari bugungi dunyoda ma’naviyat, axloq va insonparvarlik qadriyatlarini qaror toptirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mahmud Erol Kilich O‘zbekiston hududi jahon sivilizatsiyasi tarixida alohida o‘rin tutganini qayd etib, Movarounnahr, Xuroson va umuman Markaziy Osiyo asrlar davomida ilm-fan va ma’rifatning muhim markazlaridan biri bo‘lganini ta’kidladi.
O‘zbekiston hududi sivilizatsiyaning asosiy o‘choqlaridan biri bo‘lib, bu yerda insoniyatning turli sohalarda to‘plagan bilim va tajribalari qabul qilindi, takomillashtirildi, rivojlantirildi va keyingi avlodlarga yetkazildi. Turli e’tiqod va madaniyatlar uyg‘un yashagan bu zaminda hukmdorlarning ilm-fan va ta’limni qo‘llab-quvvatlashi ilmiy izlanishlarning rivojiga keng yo‘l ochdi. Ana shu muhitda shakllangan uch muhim tamoyil — turli manbalardan ilg‘or g‘oyalarni qabul qilishga ochiqlik, tayyor aqidalardan ko‘ra aql va tafakkurga tayanish hamda ilm-fan va diniy bilimlarni birlashtiruvchi yaxlit bilim tushunchasi — bugun ham o‘z ahamiyatini saqlab qolmoqda.
Xorazmiy, Forobiy, Ibn Sino va Beruniy kabi buyuk allomalarning merosi ana shu intellektual muhitning yuksak natijasi bo‘ldi. Ularning ilmiy qarashlari nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun insoniyat taraqqiyotiga ulkan ta’sir ko‘rsatdi. Shuningdek, Jaloliddin Rumiy, Najmiddin Kubro, Yahyo Bokúviy Shirvoniy va Boyazid Bistomiy kabi buyuk ma’naviy allomalarning insonlar o‘rtasida birlik, tenglik, tinchlik va hamjihatlikni targ‘ib etgan ta’limotlari bugun ham jahon uchun muhim ma’naviy manba bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bugun ushbu merosni o‘rganish va uning zamonaviy dunyo uchun ahamiyatini qayta anglash nihoyatda muhim. O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari asosida amalga oshirilayotgan ishlar, xususan, Uchinchi Renessans g‘oyasi o‘tmishning boy madaniy merosidan kelajak taraqqiyoti uchun ilhom olishga qaratilgan uzoqni ko‘zlagan strategiyani namoyon etadi. Bu jihatdan mazkur forum ham alohida ahamiyatga ega: u O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan sivilizatsion merosni jahon ilmiy va madaniy makoniga olib chiqish bilan birga, madaniy diplomatiya, o‘zaro tajriba almashinuvi va xalqlar o‘rtasidagi muloqotga xizmat qiladi.
2026 yil mart oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan rasman ochilgan Islom sivilizatsiyasi markazi ham ana shu keng ko‘lamli tashabbuslarning yorqin namunasidir. Bu Markaz Markaziy Osiyoning islomgacha bo‘lgan davrdan zamonaviy davrgacha bo‘lgan tarixini namoyon etuvchi, boy ilmiy va madaniy merosni bir joyga jamlagan muhtasham majmua hisoblanadi. Men uning ochilish marosimida ishtirok etish sharafiga muyassar bo‘ldim. Hali ushbu markazga tashrif buyurmagan barchani u bilan tanishishga samimiy tavsiya qilaman, — dedi IRCICA Bosh direktori Mahmud Erol Kilich.
U, shuningdek, IRCICA faoliyati ham ushbu maqsadlar bilan uyg‘un ekanini qayd etdi. Islom hamkorlik tashkiloti huzuridagi xalqaro tashkilot sifatida IRCICA 57 ta a’zo davlat o‘rtasida umumiy madaniy va tarixiy meros asosida hamjihatlikni mustahkamlash, xalqlar o‘rtasida bilimga asoslangan madaniy almashinuvlarni rivojlantirishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Professor Mahmud Erol Kilich O‘zbekiston va IRCICA o‘rtasidagi hamkorlik so‘nggi yillarda sezilarli darajada kengayganini ham qayd etdi. Xususan, Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, shuningdek, qator oliy ta’lim muassasalari bilan qo‘shma ilmiy va ma’rifiy loyihalar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
IRCICA Bosh direktori bunday hamkorliklar buyuk allomalarning ilmiy va ma’naviy merosini bugungi va kelajak avlodlarga yetkazish, ularning g‘oyalarini zamonaviy dunyoda yanada keng targ‘ib qilishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Mahmud Erol Kilich O‘zbekiston, YUNЕSKO va xalqaro tashkilotlar tomonidan tadbirni tashkil etishdagi hamkorlik, shuningdek, forumda ishtirok etgan ekspertlarga minnatdorlik bildirdi.
Ma’lumot uchun: IRCICA — Islom hamkorlik tashkiloti tizimidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot va madaniy tashkilot bo‘lib, islom tarixi, madaniyati, san’ati va sivilizatsiyasini o‘rganish, shuningdek, a’zo davlatlar o‘rtasida madaniy hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati