Ramazonning oxirgi o‘n kunligi boshlandi. Ayniqsa, ana shu o‘n kunlikda ibodatlarga, saxovatlarga qattiq berilgan kishi katta foydalar olib qoladi. Shu tunlarda uyquni harom qilsak, jahannam otashidan najot topamiz, inshoalloh. Jumhur ulamolar ming oyda qilinadigan ibodatga olinadigan savobga teng savob olish mumkin bo‘lgan – Laylatul Qadr kechasi ana shu o‘n kunlikda ekaniga ittifoq qilganlar.
Bu kechaning ulug‘ martabasi Qur’oni karimda ham tavsiflangan. Ammo uning aynan qaysi tunda ekani aniq aytilmagan. Shu boisdan ushbu o‘n kunlikning har bir kechasini Qadr bilib ibodatda qoim bo‘lsak, uni topamiz, inshoalloh.
Xo‘p, bu oyning mukofoti nima o‘zi? Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan sahih hadisda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Kimki Laylatul Qadr kechasini bedor o‘tkazsa, Alloh taologa chin ixlosu e’tiqod ila ibodat qilib chiqsa, Rabbimiz uning barcha gunohlarini kechirib yuboradi”, deb marhamat qilganlari aytilgan.
Aynan shu kechada Alloh taolo bandalarining duolarini qaytarmaydi. Har birimizning orzu-havaslarimiz, muammolarimiz, istiqboldagi rejalarimiz, oramizda shifo topish istagida bo‘lgan dardmandlarimiz bor. Laylatul Qadr – ana o‘sha ehtiyojlarimizni Parvardigorimizdan so‘raydigan kechadir.
Bu – orzularga yetish, rejalarni amalga oshirish uchun noyob imkoniyat. Uni qo‘ldan chiqarib qo‘ysak, keyin afsuslanib qolamiz. Har tunda ibodatlar, zikrlar qilib, Alloh taologa gunohlarimizni kechirishini so‘rab yolvoraylik.
Alloh taolo Laylatul Qadrning qanday ulug‘ kecha ekanini Qur’oni karimning Qadr surasida quyidagicha ta’riflagan:
بِسْمِ ٱللَّهِ ٱلرَّحْمَـٰنِ ٱلرَّحِيمِ
إِنَّآ أَنزَلْنَـٰهُ فِى لَيْلَةِ ٱلْقَدْرِ ﴿١﴾وَمَآ أَدْرَىٰكَ مَا لَيْلَةُ ٱلْقَدْرِ ﴿٢﴾لَيْلَةُ ٱلْقَدْرِ خَيْرٌۭ مِّنْ أَلْفِ شَهْرٍۢ ﴿٣﴾تَنَزَّلُ ٱلْمَلَـٰٓئِكَةُ وَٱلرُّوحُ فِيهَا بِإِذْنِ رَبِّهِم مِّن كُلِّ أَمْرٍۢ ﴿٤﴾سَلَـٰمٌ هِىَ حَتَّىٰ مَطْلَعِ ٱلْفَجْرِ ﴿٥﴾
1 . Albatta, Biz u(Qur’on)ni Laylatul Qadr da tushirdik.
2 . Laylatul Qadr qandoq narsa ekanini senga nima bildirdi?
3 . Laylatul Qadr ming oydin yaxshiroqdir.
4 . Unda farishtalar va Ruh Rabbilari izni bilan barcha ishlar uchun tushadir.
5 . U to tong otguncha salom bo‘lib turadir.
Kunlarimizning har lahzasida ramazonning bizdan uzoqlashib borayotganini his qilib turamiz va tez orada u nihoyasiga yetadi. Shunday ekan, ibodatlarga va ezgu ishlarga g‘ayratli bo‘laylik. Ushbu g‘animat kunlarni tilimiz va qalbimiz har doim zikrda bo‘lib, ibodatlarimizni vaqtida ado etib, tunlari Allohning marhamatini, fazlini so‘rab duolar qilaylik. Zotan, bu oyda qilingan har bir amal uchun savoblar bir necha bor ko‘paytirib yoziladi.
Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda mo‘minlar onasi Oisha roziyallohu anho: “Ramazonning oxirgi o‘n kunida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko‘rpa-to‘shaklarini xonaning bir chetiga taxlab qo‘yardilar-da, masjidga chiqib tunni ibodatda o‘tkazar edilar, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam boqiy dunyoga ko‘chganlaridan so‘ng u zotning zavjalari shunday qilardilar”, deganlar. Yana Oisha onamiz: “Payg‘ambar alayhissalom ramazonning oxirgi tunlarida o‘zlari ham uxlamas edilar hamda yaqinlarini ham uyg‘otib chiqib birgalikda tunni ibodatda o‘tkazar edilar”, deganlar.
Allohning Rasuli yer yuzida o‘zidan oldin o‘tgan, o‘zining zamonida yashagan va keyin qiyomatgacha keladigan insonlarning eng saxovatlisi edilar. Ayniqsa, ramazon oyida shu xislati jo‘sh urib ketar va yordamga muhtoj kimsalarning qoshiga eng uchqur shamoldan ham tez yetib borib ko‘makchi bo‘lar edilar.
Payg‘ambarimizning ushbu sunnatlariga amal qilib biz ham saxovatli bo‘lib, kechayotgan fazilatli kunlarimizda moddiy jihatdan qiynalib qolgan yurtdoshlarimiz bo‘lsa, ularga yordamchi bo‘lsak;, kunlarimizu tunlarimizni zikrullohda va ibodatda o‘tkazsak, shoyadki, mehribon Parvardigorimiz gunohlarimizni kechirib, O‘zining sevimli bandalari qatoriga qo‘ysa.
Damin JUMAQUL tayyorladi
18 avgust Toshkentning nafaqat diniy, balki madaniy va ilmiy merosi tarixida muhim o‘rin tutuvchi sana. Qur’oni Karimning eng qadimiy qo‘lyozmalaridan biri sifatida e’zozlanadigan Usmon Mus'hafi asrlar davomida Markaziy Osiyo tarixining turli bosqichlariga guvoh bo‘lib kelgan, xabar bermoqda iccu.uz.
Ushbu nodir qo‘lyozma yirik hajmdagi pergament varaqlarga yozilgan bo‘lib, matni qadimiy Hijoz xatida bitilgan. Mus'hafda hozirgi arab yozuvidagi nuqta va harakat belgilari mavjud emas. Manbalarda uning saqlanib qolgan qismi 338 yoki 353 varaqdan iborat ekani haqida turli ma’lumotlar uchraydi. Ayrim yo‘qolgan pergament varaqlar keyinchalik qog‘oz bilan almashtirilgan. Qo‘lyozmaning aniq sanasi xususida ilmiy adabiyotlarda turli qarashlar mavjud.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mus'haf uzoq yillar Samarqandda saqlangan. 1868–1869 yillarda u Sankt-Peterburgga olib ketilgan va Imperator xalq kutubxonasiga topshirilgan. 1905 yilda qo‘lyozmaning 50 ta faksimile nusxasi ko‘chirilgan. 1917 yildagi siyosiy o‘zgarishlardan keyin musulmon ulamolarining talabi bilan Mus'haf avval Ufaga, keyin esa O‘rta Osiyoga qaytarilishi jarayoni boshlangan.
1924 yilda Usmon Mus'hafi Tatariston, Boshqirdiston va Turkiston ulamolaridan tashkil topgan maxsus kuzatuvchilar hamrohligida maxsus poyezd orqali Ufadan Toshkentga olib kelindi. Toshkentga olib kelinganidan so‘ng Mus'haf bir muddat shahardagi masjidlardan birida saqlandi. Keyinchalik uning asrab-avaylanishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston tarixi davlat muzeyiga topshirildi.
1989 yil 14 mart kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan Musulmonlarning IV quriltoyida O‘zbekiston hukumati qarori bilan Usmon Mus'hafining musulmonlar ixtiyoriga qaytarilgani e’lon qilindi. Keyinchalik u O‘zbekiston musulmonlari idorasi ixtiyoriga topshirildi. Mus'haf bir muddat Hazrati Imom majmuasidagi «Mo‘yi Muborak» madrasasi muzey-kutubxonasida maxsus sharoitda ham saqlandi.
Usmon Mus'hafining tarixiy va madaniy ahamiyati xalqaro miqyosda ham e’tirof etilgan. 1997 yilda qo‘lyozma YUNЕSKOning «Memory of the World» — «Jahon xotirasi» dasturi ro‘yxatiga kiritilgan.
2025 yil 13 noyabr — Usmon Mus'hafi tarixida yana bir muhim sana. Aynan shu kuni nodir qo‘lyozma O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga olib kelindi. Bugun Qur’on zalidagi asosiy eksponatlardan biri sifatida alohida o‘rin egallab, yurtimizning ko‘p asrlik diniy, ilmiy va ma’naviy merosini namoyon etuvchi bebaho yodgorlik sifatida taqdim etilgan. Shuningdek, Markazda turli davrlarda Somoniylar, Qoraxoniylar, Xorazmshohlar va Temuriylar davrida ko‘chirilgan Qur’on nusxalarini ham ko‘rish mumkin. Usmon Mus'hafi tarixi bu faqat bir qo‘lyozmaning tarixi emas. Bu asrlar osha saqlangan ilmiy va ma’naviy meros, uni asrab-avaylagan avlodlar xotirasi va O‘zbekiston zaminida shakllangan buyuk islom sivilizatsiyasining uzviy davomiyligi haqidagi tarixdir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati