Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Avgust, 2026   |   15 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:21
Quyosh
05:45
Peshin
12:24
Asr
17:06
Shom
19:07
Xufton
20:26
Bismillah
28 Avgust, 2026, 15 Rabi`ul avval, 1448

Bir oyat tafsiri: muhim mavzu masalasi

06.06.2018   7868   10 min.
Bir oyat tafsiri: muhim mavzu masalasi

Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba’zi xusu-siyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir. (Ayollar ichida) solihalari – bu (Allohga va eriga) itoatli, g‘oyibga Alloh saqlaganicha himoyatli (ya’ni, erlarining sirlari, mulklari va obro‘larini saqlovchi)lardir. Xotinlarning itoatsizligidan qo‘rqsangiz, avvalo ularga nasihat qilingiz, so‘ngra (bu ta’sir qilmasa,) ularni o‘rinlarda (aloqasiz) tark etingiz, so‘ngra (bu ham kor qilmasa) ularni (majruh bo‘lmagudek darajada) uringiz. Ammo sizlarga itoat qilsalar, ularga qarshi (boshqacha) yo‘l axtarmangiz. Albatta, Alloh oliy va ulug‘ zotdir”.

Alloh taolo ushbu oyati karimada oiladagi rahbarlik mas’uliyati kimning zimmasida bo‘lishi, soliha ayollarning sifati va oilada zaifa ayol sababli yuzaga keladigan kelishmovchilikni bartaraf etish yo‘llarini quyidagicha bayon qilgan:

Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir”. Ya’ni, er oilada xotin va farzandlar ustidan ularni manfaatli bo‘lgan ishlarga buyurib, zararli holatlardan qaytarib turishda rahbardir. Oyatda “qoim turuvchilar” ma’nosini anglatuvchi “qovvamun” so‘zi arab tili qoidasiga ko‘ra mubolag‘a siyg‘asida kelgan. Bu oila boshlig‘i bo‘lgan er xotin va farzandlarning tarbiyasida ularga odob-axloq o‘rgatishda, moddiy ta’minotda, haq-huquqlarini saqlashda va himoya qilishda ulkan mas’uliyat ustida ekanini ko‘rsatadi. Imom Qurtubiy: “Erkaklarning tabiatida ayollar tabiatida bo‘lmagan ziyoda quvvat bor. Chunki erkaklarning tabiatida issiqlik va quruqlik g‘olib bo‘lib, bu quvvat va shiddatdan dalolat beradi. Ayollarning tabiatida namlik va sovuqlik bo‘lib, bu yumshoqlik va zaiflikdan dalolat beradi. Shu sababdan erkaklarga ayollar ustidan rahbarlik haqqini bergan”, degan.

Ushbu oyatning nozil bo‘lishiga quyidagi voqe’a sabab bo‘lgan. Habiba binti Zayd eri Sa’d ibn Robe’ga itoatsizlik qildi. Shunda Sa’d uni bir shapaloq urdi. Habiba otasi bilan birga Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga borib: “Men qizimni unga to‘shak qilib bersam, u qizimni uribdi” deb shikoyat qildi. U zot: eridan qasos olsin, dedilar. Ular qaytib ketayotgan edilar, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam ularni qaytarib: “Jabroil alayhis salom oyat keltirdi”, dedilarda mazkur oyatni o‘qidilar. So‘ngra: “Biz bir ishni xohladik va Alloh ham bir ishni iroda qildi. Alloh iroda qilgani yaxshidir”, dedilar.

So‘ngra Alloh taolo oilada erlarga rahbarlik mas’uliyati berilishidagi asosiy ikki sababni bayon qildi:

Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba’zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir. Demak, ushbu ikki sababning birinchisi erkaklarning ayollardan ba’zi xususiyatlarda ortiqligi va ikkinchisi o‘z mol-mulklaridan nafaqa qilganlari. Bu bilan aytishlik mumkinki, erkaklarni afzal qilib yaratilishi ayollarning foidasi uchundir. Chunki erkaklar o‘zlariga berilgan aqlu idrok va kuch-g‘ayrat orqali oilani go‘zal tarizda boshqaradi va moddiy tomonlama ta’minlaydi. Mufasssirlar oyatda kelgan “ortiqlik”ni payg‘ambarlik, xalifalik, jismoniy kuch-quvvat, oila nafaqasiga mas’ullik, aqlu idrok, xotira va tafakkurning ziyodaligi, imom-xatiblik, muazzinlik, jamoat bilan namoz o‘qish, juma namozining vojib bo‘lishi, tashriq takbirini aytish, janglarda qatnashish, to‘liq guvohlik, taloq berish huquqiga ega bo‘lish, oila nomini unga nisbat berilishi, namoz va ro‘zani uzrsiz ado etish kabi xususiyatlar bilan tafsir qilganlar.

So‘ngra Alloh taolo erning boshqaruvi ostida bo‘lgan ayollar haqida so‘z yuritib, ularni ikki qism bo‘lishini aytdi. Ularning birinchi qismi:

(Ayollar ichida) solihalari – bu (Allohga va eriga) itoatli, g‘oyibga Alloh saqlaganicha himoyatli (ya’ni, erlarining sirlari, mulklari va obro‘larini saqlovchi)lardir. Ushbu jumlalar xabar ko‘rinishida kelgan bo‘lsada, bundan erga itoat etish, uni mol-mulkini va o‘z iffatini saqlashga buyurish qasd qilingan. Demak, o‘z dinida soliha bo‘lgan ayollarning bir sifati Allohga va eriga itoatli bo‘lishidir. Ularning ikkinchi sifati esa, nafaqat erlari huzurida, balki ular yo‘qligida ham mol-mulklarini va obro‘larini hamda o‘z iffatlarini saqlaydilar. Ular bu ishlarida Allohning roziligini ko‘zlaganlari uchun Alloh ham ularni o‘z himoyasiga oladi. Abu Dovud Tayolisiy “Musnad”da Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Ayollarning yaxshisi–nazar solsang, xursand qiladigan, amr qilsang, itoat etadigan va g‘oyib bo‘lsang, seni o‘z nafsida va molingda muhofaza qiladiganidir”, deganlar. Imom Ahmad Abdurrohman ibn Avf roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam: “Agar ayol kishi besh vaqt namozini o‘qisa, bir oy ro‘zasini tutsa, farjini saqlasa va eriga itoat qilsa, unga: “Jannatning qaysi eshigidan xohlasang, kiraver”, deyiladi”, deganlar.

Keyingi oyatlarda Alloh taolo ayollarning ikkinchi qismini bayon qilib, ular sababli ba’zan oilada vujudga keladigan noxushliklar muolajasini qilgan. Bu noxushlikka ayol sababchi bo‘lib, eriga itoatsizlik qilsa, unga nisbatan qanday yo‘l tutilishi bayon etilgan:

Xotinlarning itoatsizligidan qo‘rqsangiz, avvalo ularga nasihat qilingiz, so‘ngra (bu ta’sir qilmasa,) ularni o‘rinlarda (aloqasiz) tark etingiz, so‘ngra (bu ham kor qilmasa) ularni (majruh bo‘lmagudek darajada) uringiz. Ammo sizlarga itoat qilsalar, ularga qarshi (boshqacha) yo‘l axtarmangiz. Albatta, Alloh oliy va ulug‘ zotdir”. Demak, o‘z eriga itoatsizlik qilgan ayollarga nisbatan birinchi navbatda Allohning kitobi va Rasulining sunnatini eslatish orqali pand-nasihat qilinadi. Ya’ni, Alloh ayollar zimmasiga o‘z erlariga itoatda, chiroyli muomala va munosabatda bo‘lishni vojib qilib qo‘ygani aytiladi. Er o‘z ayoli ustidan bir daraja yuqori turishini e’tirof etishga chaqiriladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning: “Agar insonni insonga sajda qilishga buyurganimda edi, ayolni o‘z eriga sajda qilishga buyurgan bo‘lar edim[1]” deb marhamat qilgan hadislari yana bir bor eslatiladi. Imom Shofe’iy rahmatullohu alayh nasihat qilish: “Allohdan qo‘rqqin. Seni ustingda meni haqqim bor. Sen ushbu holatingdan qaytgin. Menga itoat etishing seni zimmangda farz ekanini bilgin” kabi gaplar bilan bo‘ladi, deganlar.

Salafi solihlarimiz eriga itoatsizlik qilgan xotinga nafaqa berilmasligini alohida ta’kidlaganlar.

so‘ngra (bu ta’sir qilmasa,) ularni o‘rinlarda (aloqasiz) tark etingiz,”.  Ya’ni, agar ayolga pand-nasihat manfaat bermasa, birga yotadigan to‘shagini alohida qiladi. Zero, o‘rinni alohida qilish eriga muhabbatli ayol uchun og‘ir botib, tezda o‘zini o‘nglashga harakat qiladi. Bundan o‘ziga xulosa chiqarmagan ayol, eriga itoatsizlikda qat’iy ekanini ko‘rsatib qo‘ygan bo‘ladi. Mufassirlar oyatda kelgan “tark etish”ni turlicha tafsir qilishib, jumladan, Ibn Abbos roziyallohu anhu: bir to‘shakda undan yuz burib, gaplashmaydi, degan. Ba’zilar: yumshoq gapirmasdan, dag‘allik qiladi, deyishgan. Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Qachon ayol erining to‘shagidan alohida tarizda tunni o‘tkazadigan bo‘lsa, qaytgunicha farishtalar unga la’nat aytib turadi[2]”, deganlar.

so‘ngra (bu ham kor qilmasa) ularni (majruh bo‘lmagudek darajada) uringiz”. Alloh taolo ayollarga avvalo pand-nasihat qilishga so‘ng o‘rinlarda tark qilishga buyurdi. Agar bu ikkisi foyda bermasa urushga o‘tiladi. Zero, ba’zi ayollarga borki ularni urish o‘nglaydi va erining haqqiga to‘la-to‘kis rioya qilishga undaydi. Ammo urish deganda, qattiq kaltaklash, a’zolarini sindirish yoki boshqa jarohatlar yetkazish tushunmaslik kerak. Ulamolar ushbu oyati karimada izn berilgan urishning ma’nosi, misvok yoki biror barmog‘i bilan turtish, deganlar.

Alloh taolo Qur’onda faqat mana shu o‘rinda va ulkan gunohlarning hadlaridagina ochiq-oydin urishga buyurgan. Xotinlarning o‘z erlariga nisbatan gunohlarini ulkan gunohlar bilan tenglashtirgan. Odob berish huquqini to‘g‘ridan to‘g‘ri erlarning o‘zlariga bergan. Ushbu gunohni guvoh yoki hujjatlar orqali isbotlanishi va belgilangan choralarni qo‘llashda qozining huzurida bo‘lishini shart qilmadi. Bu Alloh erlarni xotinlar ustidan rahbar qilib qo‘ygani, ular uchun haqiqiy ne’mat ekaniga dalolat qiladi.

Muoviya ibn Hayra Qushayriy roziyallohu anhu: “Ey Allohning Rasuli, xotinlarimizning bizdagi haqlari nima?” deb so‘raganida, Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam: “Agar taom yesang, unga ham yedirasan, kiyim kiysang, unga ham kiydirasan, yuziga urma, yomon so‘kma, tashqarida hijron qilma”, deganlar. Boshqa bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Allohning cho‘rilarini urmanglar!” deganlar. Ushbu rivoyatlardan ma’lum bo‘ladiki, oyati karimadagi urishga berilgan izn faqat siyosat, o‘zini bilmagan ayollarga ta’sir o‘tkazish va o‘rtani tuzatish uchundir.

 “Ammo sizlarga itoat qilsalar, ularga qarshi (boshqacha) yo‘l axtarmangiz. Albatta, Alloh oliy va ulug‘ zotdir”. Alloh oyatning avvalida erlarning fazilatini, so‘ng ularga odob berish haqqini berganini bayon qilib, ushbu oyatda zulm qilib qo‘yishdan qaytarmoqda. Ayollarning hassos va zaif holda yaratilgani ayni haqiqatdir. Ular o‘z zaifaliklariga borib, itoasizlik va odobsizlik qilib qo‘yadilar. Yuqorida aytib o‘tilgan choralardan biri qo‘llangach, o‘zlariga kelib itoatga qaytsalar, ularga nisbatan boshqa chora qo‘llashga o‘tilmaydi. Chunki mazkur choralarni qo‘llash oilani saqlab qolish uchun edi. Zero, maqsad hosil bo‘lgach, boshqa choraga ehtiyoj ham yo‘q aslida. Shuni unutmaslik kerakki, xotin itoat qilgandan keyin ham ularga qarshi boshqa yo‘l axtarish, ularga zulm qilish bo‘lib qoladi.  Albatta, Alloh taolo zulm qilgan zolimlardan o‘ch olishga qodir oliy va ulug‘ zotdir.

Manbalar asosida

Toshkent islom instituti o‘qituvchisi

Farhod JO‘RAYEV

tayyorladi

 

[1] Ushbu hadisni imom Termiziy Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan.

[2] Imom Buxoriy rivoyati.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

O‘zbekiston xalqining 35 ta AN’ANAVIY QADRIYATI

20.08.2026   42230   6 min.
O‘zbekiston xalqining 35 ta AN’ANAVIY QADRIYATI

Bugun aziz Vatanimizning har bir farzandining yuragi hapqirib turibdi. Negaki, biz Ona-yurtimizning eng ulug‘, eng aziz ayyom – Mustaqillik bayramini, O‘zbekiston Respublikasi istiqlolini qo‘lga kiritganining 35 yillik shodiyonalarini katta tantana qilayapmiz. 

Jannatmakon yurtimiz, muqaddas Vatanimiz, dono xalqimizning diniy qadriyatlari, milliy an’analari nihoyatda bisyor, beqiyos va betakror bo‘lsa-da, qutlug‘ ayyom arafasida dorilomon kunlarga yetkazgani uchun yana va yana shukr qilish maqsadida bu yil Mustaqilligimizni 35 yilligini nishonlayotganimiz uchun faqat 35 tasinigina zikr qilmoqchimiz:

 

 

  1. Oila muqaddasligi – jamiyatning mustahkam asosi.
  2. Ota-onaga hurmat – ota-onani e’zozlash va ularning xizmatlarini qadrlash.
  3. Mehmondo‘stlik – mehmonni ochiq chehra va ochiq ko‘ngil bilan kutib olish.
  4. Mehnatsevarlik – halol mehnat va kasb-hunarni qadrlash.
  5. Kattalarga hurmat – oqsoqollar va nuroniylarni e’zozlash.
  6. Tinchliksevarlik – tinch-totuv hayotga intilish.
  7. An’analarni asrash – milliy urf-odat va udumlarni saqlash hamda davom ettirish.
  8. Ma’naviyat – yuksak axloq va milliy-diniy qadriyatlarga hurmat.
  9. Poklik – uyda, kiyimda, tanada va ko‘ngilda ozodalikka rioya qilish.
  10. Dasturxon saxovati – mehmonni saxovat va mehr bilan kutib olish.
  11. Qo‘shnichilik qadriyatlari – mahallada ahillik va o‘zaro yordam.
  12. Yordamga tayyorlik – yaqinlar va muhtojlarga muruvvat ko‘rsatish.
  13. Kamtarinlik – odobli va kamtarona hayot kechirish.
  14. Yosh avlodga g‘amxo‘rlik – farzandlar tarbiyasiga alohida e’tibor berish.
  15. Ayollarga hurmat – ona, rafiqa, opa-singillarni qadrlash.
  16. Ta’limga intilish – ilm olish va bilimni qadrlash.
  17. Or-nomus – halollik va vijdon bilan yashash.
  18. Marosimlarga rioya – milliy marosim va oilaviy udumlarni e’zozlash.
  19. So‘zga sodiqlik – va’daga vafo qilish.
  20. Matonat va sabr – qiyinchiliklarga bardosh bilan yondashish.
  21. Hunarmandchilikni qadrlash – milliy hunar va ustachilik an’analarini asrash.
  22. Tabiatga mehr – yer, suv va atrof-muhitni avaylash.
  23. Bag‘rikenglik – turli millat, din va madaniyat vakillariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish.
  24. Odob-axloq – yuksak muomala madaniyatiga amal qilish.
  25. Milliy bayramlarni e’zozlash – Navro‘z, hayitlar va Mustaqillik bayramini qadrlash.
  26. Adolat – halollik, tenglik va qonun ustuvorligini qadrlash.
  27. Milliy musiqa va raqslar – ajdodlardan meros bo‘lgan san’atni asrash.
  28. Til va madaniyatni asrash – o‘zbek tili va milliy merosni e’zozlash.
  29. Vatanparvarlik – Vatanni sevish va uning ravnaqiga hissa qo‘shish.
  30. Millatlararo totuvlik – turli millat va elat vakillari o‘rtasida ahillikni mustahkamlash.
  31. Jamoaviylik – hamjihatlik va o‘zaro hamkorlik.
  32. Minnatdorchilik – qilingan yaxshilikni qadrlash.
  33. Ustozga hurmat – ustozlarni e’zozlash va ularning mehnatini qadrlash.
  34. Milliy kiyimlar – milliy madaniyat va odob timsoli sifatida qadrlash.
  35. Ajdodlarga hurmat – tarixiy meros va milliy ildizlarni e’zozlash.

* SIZ yana qo‘shishingiz mumkin...

*** ENG  muhimi:  yo‘qotib qo‘yishdan oldin  ularning  QADRIGA  yetish !!!

 

  1. Qur’oni karim oyati karimalari;
  2. Janobi Payg‘ambarimiz alayhissalomning muborak hadisi shariflari;
  3. dinimiz asoslari;
  4. shariatimiz ahkomlari;
  5. sharqona odoblarimiz;
  6. mazhabimiz me’yorlari;
  7. jamiyatshunoslik aloqalari;
  8. odamgarchilik munosabatlari;
  9. insoniy tuyg‘ular;
  10. ruhshunoslik sir-asrorlari;
  11. yurtimiz urf-odatlari;
  12. o‘zbekchilik qoidalari;
  13. madaniyatimiz axloqlari;
  14. insoniy aql va axloqiy normalar;
  15. dono maqollarimiz;
  16. milliy an’analarimiz;
  17. diniy qadriyatlarimiz;
  18. xalqimiz ong-tafakkuri;
  19. millatimiz mentaliteti,
  20. an’anaviy falsafasi;
  21. o‘zbek xalqining ilg‘or qadriyatlari;
  22. ulug‘larimiz hikmatlari;
  23. dono xalqimiz dunyoqarashi;
  24. musulmonchiligimiz ko‘rsatmalari

 

a s o s    v a    n ye g i z l a r i d a

 

  • ulug‘ ajdodlarimizdan davom etib kelayotgan duru gavhar rivoyatlari  va  noyob  hikmatlari,
  • buyuk  ota-bobolarimizdan  eshitib kelayotgan tillo bilan teng pand-nasihatlari  va betakror hikoyalari,
  • mehribon  ota-onalarimizdan  o‘rganib  kelayotgan gavhar o‘gitlari va  mislsiz  so‘zlari,
  • elimiz  tanigan va xalqimiz tan olgan ustozlarimizdan ta’lim olib kelayotgan zar tushunchalari va bebaho ilmlari,
  • jannatmakon  yurtimiz – muqaddas  Vatanimiz  ta’lim  maskanlarida  taralayotgan  durdan  a’lo fanlar va beqiyos bilimlar,
  • zamonaviy olimlarning bilimlari, turli soha mutaxassislarining  ajoyib  kashfiyotlari,
  • bugungi  kunda  va doim  kerak bo‘ladigan  hayotiy  masalalar, dolzarb  mavzular,  qiziqarli  ma’lumotlar  hamda xalqimiz orasida  e’tirof etilgan mezonlar
  •  
  •  

 

Bu ro‘yxatni yana ko‘plab davom ettirish mumkin... Biroq fikrimizni muxtasar qilgan holda Allohdan O‘zbekiston xalqining bunday fazilatlari yanada ko‘payishini, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimizga sihat-salomatlik, oilalarimizga baxt-saodat so‘rab qolamiz. 

 

Alloh taboraka va taolo har bir xonadonga sog‘lik-salomatlik, tinchlik-xotirjamlik, ilohiy fayz-baraka, ko‘pdan-ko‘p yaxshiliklar ato etsin!

Iloho jannatmakon yurtimiz tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, dono xalqimiz salomatligi va farovonligi uchun, muborak dinimiz kamoloti hamda masjidu-madrasalarimizni obodligi uchun muhtaram Yurtboshimizning dono rahbarliklari ostida, hukumatimiz tomonidan oqilona olib borilayotgan xayrli, savobli ishlarni amalga oshirish maqsadida viloyatlarimiz rahbarlari hamda shahar va tuman rahbarlarining boshchiliklaridagi mehnatkash xalqimiz olib borayotgan barcha xayrli, yaxshi, savobli ishlarda Alloh taolo O‘zi madadkor bo‘lsin! Turmushimiz obod, xirmonlarimiz mo‘l, oilalarimiz mustahkam, bolalarimiz har tomonlama sog‘lom, ma’naviyatimiz yuksak bo‘lsin!

Mehribon Parvardigorimiz dono xalqimizni doimo turli xil o‘rinlarda har xil shakllarda qilayotgan yaxshi, xayrli, chiroyli, savobli ishlarini O‘z dargohi ilohiysida qabul aylasin! Iloho xalqimizga tinchlik-xotirjamlik, sihat-salomatlik, oilalarimizga fayzu ilohiy, baxt-saodat, to‘kin-sochin dasturxonlar nasib qilsin! Mehribon Parvardigorimiz O‘zi – eshitib turuvchi, ko‘rib turuvchi va bilib turuvchi Zot! Hammalarimizning dillarimizdagi niyatlarimizni, qalbimizdagi orzularimizni va barcha hojatlarimizni o‘ylaganimizdan ham afzali-ziyodasi bilan ravo qilsin!

Iloho dehqonchiliklarimizga va kasb-korlarimizga xayr-baraka berib, ishlarimizda ko‘pdan-ko‘p omadlar, muvaffaqiyatlar va behisob xursandchiliklar ato etib, ikki dunyoda ham azizu mukarram aylasin!

 

         Ibrohimjon domla INOMOV

 

 

 

Maqolalar