Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Aprel, 2026   |   20 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:32
Quyosh
05:54
Peshin
12:30
Asr
17:02
Shom
19:00
Xufton
20:16
Bismillah
09 Aprel, 2026, 20 Shavvol, 1447

“Tilbatut talaba” asarida Ramazon ta’rifi

06.06.2018   55734   3 min.
“Tilbatut talaba” asarida Ramazon ta’rifi

Mufti as-saqolayn Imom Najmiddin Abu Hafs Nasafiy  hazratlari islom olamida benazir zotlardan biridir. Tafsir, hadis, fiqh, usul ul-fiqh, lug‘at, adab va boshqa ilmlarda mohir bo‘lib, ushbu fanlarga doir o‘zidan qimmatli asarlar qoldirgan.

“Tilbatut talaba” asari shulardan biri bo‘lib, islom olamida ilk fiqhga oid ensiklopedik kitobdir. Kitobning ro‘za bobida, Imom Nasafiy ramazon va uning lug‘aviy va istilohiy ma’nolarini ta’riflab, undagi ma’nolarning hikmatini quyidagicha keltiradi:

“رمضان” — irmoz (إرماض) so‘zining o‘zagidan yasalgan bo‘lib, uning bir necha ma’nolari bor. Shulardan biri:

— “kuydirish” ma’nosi. Ya’ni, Ramazon ro‘zasi bandaning gunohlarini kuydiradi, uni o‘chiradi.

— “o‘tkirlash”, “charxlash” ma’nosi. Ya’ni, Ramazon qalblarni bu oyda ibodat va yaxshiliklarni ko‘paytirishga charxlaydi, uni o‘tkirlaydi.

— “kutish”, “intizor bo‘lish” ma’nosi. Ya’ni, bu oyda mo‘minlar Alloh taoloning savob va mukofotini intizor bo‘lib kutadi.

— “charchatish”, “holdan toydirish” ma’nosi. Arablarda “رمضت الظبي” iborasi mavjud bo‘lib, bu so‘z kiyikni ovlagan ovchiga nisbatan ishlatiladi. Uning ko‘rinishi quyidagicha:

— odatda kiyik chaqqon jonivor bo‘lib, ovchining to‘riga tushishi qiyin. Uni ovlash uchun, ovchi uning izidan tushadi va qizib turgan toshloq yerga uni haydab boradi (arab diyorlarida issiq qattiq bo‘lganidan, qum va toshloq ustida ovqat tayyorlash mumkin). Uning ustida kiyikning tuyoqlari nozik bo‘lgani uchun kuyadi, qavarib ketadi va to‘xtab qoladi. Natijada, ovchi uni osongina qo‘lga kiritadi.

Ramazoni sharifning bunday nomlanishidagi hikmat shuki, mo‘min kishi Alloh taolo tomonidan bu oyda ro‘za tutish va kechalarini qoim qilishga buyuriladi. Kunduzi ro‘zador bo‘lib, och qoladi, chanqaydi, charchaydi. Kechalarini bedor o‘tkazib holdan toyadi, kuchi ketadi. Natijada, shahvat-u lazzatlariga berilishidan to‘xtaydi va o‘zini Alloh subhanahu va taologa batamom topshiradi. Ya’ni, Ramazon oyi bamisoli qizib turgan toshloq bo‘lib, uning ustida mo‘min kishi o‘zining Alloh taoloning bandasi va quli ekanligi tan oladi va U zotga o‘zini topshiradi”.

Bundan ko‘rinib turibdiki, Ramazoni sharif savobu mukofotlarga to‘la va g‘animat bilishga haqli oydir. Zero, bu oyda Qur’oni karim nozil bo‘lgan, unda ming oydan afzal Qadr kechasi bor. Eng asosiysi, hadisi qudsiyda Alloh taolo bu oyni O‘zining oyi ekanligi va unda qilingan ibodatning savobini O‘zi berishini ta’kidlagan.

Mana, bu yilning Ramazon oyi ham nihoyalab bormoqda. Alloh taolodan bu oyning sharofatidan to‘la manfaat olgan holda, O‘zining va Rasuli (sallallohu alayhi vasallam)ning roziligini topib, onadan tug‘ilgan kundagiday gunohlardan poklanib chiqishimizni nasib aylasin!

 

Xalilulloh YUSUF

Toshkent islom instituti 

talabasi

 

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Xalqaro nashrda Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Amir Temur haqida tahliliy maqola chop etildi

09.04.2026   712   1 min.
Xalqaro nashrda Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Amir Temur haqida tahliliy maqola chop etildi

Qatarning nufuzli «Gulf Times» gazetasida O‘zbekistonda barpo etilgan Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Sohibqiron Amir Temurning ma’naviy merosiga bag‘ishlangan tahliliy maqola chop etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» agentligi.


«Amir Temur merosi Islom sivilizatsiyasi markazida: Uchinchi Renessansning intellektual asosi» sarlavhali materialda Markazning nafaqat mintaqa, balki global islom sivilizatsiyasidagi o‘rni tahlil qilingan.


Maqolada asosiy urg‘u Sohibqiron Amir Temur shaxsiyatiga qaratilgan. Ta’kidlanishicha, Temuriylar davridagi ilm-fan, madaniyat va me’morchilik taraqqiyoti bugun O‘zbekistonda poydevori qo‘yilayotgan Uchinchi Renessans uchun asosiy ma’naviy manba bo‘lib xizmat qilmoqda.

«Bugun Toshkentda qad rostlagan Islom sivilizatsiyasi markazi — Amir Temur tomonidan asos solingan buyuk davlatchilik va ilm-fan an’analarining zamonaviy ko‘rinishidir. Markaz Sohibqironning "Kuch — adolatdadir" degan tamoyilini intellektual salohiyat bilan boyitib, yangi davr poydevorini namoyon etmoqda»,– deb yozadi «Gulf Times».


Nashrning qayd etishicha, Markaz shunchaki muhtasham bino emas, balki buyuk sarkarda va davlat arbobi Amir Temur davridagi «oltin davr»ni bugungi innovatsiyalar bilan bog‘lovchi strategik maskandir.


«Gulf Times» tahliliga ko‘ra, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan ushbu majmua O‘zbekistonning jahon maydonidagi madaniy diplomatiyasini yangi darajaga olib chiqdi. Markazning ulkan gumbazi va har bir naqshi Amir Temur davri me’morchiligining zamonaviy talqini bo‘lib, u ilm va ma’rifatga intilgan ajdodlar ruhini aks ettiradi. 

O‘zbekison musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati


 

Dunyo yangiliklari