Qalbga kelgan vasvasalar va ularning hukmi haqida Aliy Qoriy rohmatullohi alayhning “Mishkatul masobih” kitobiga yozgan “Mirqotul mafotih” asaridan ba’zi hadislar va ularning sharhlarini keltiramiz.
Qalbga keladigan fikrlar agar yomon, razil narsalarga undasa, u vasvasa bo‘ladi. Agar yaxshilikka undasa u ilhom bo‘ladi. Yuqoridagi kitobning birinchi faslida kelgan hadis:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, Alloh taolo ummatimdan qalblari vasvasa qiladigan narsalarni avf etdi, modomiki, uni amalga oshirmasa yoki gapirmasa.
Hadisdagi modomiki uni qilmasa yoki gapirmasa degani qalbidagi vasvasa qilinadigan narsa bo‘lsayu uni amalga oshirmasa masalan, nohaq odam o‘ldirish, zino, o‘g‘irlik va shunga o‘xshashlarni qalbga olib kelsa, lekin uni qilmasa. Modomiki, gapirmasa degani u vasvasa til orqali amalga oshiriladigan ishlar, haqorat, kufrga olib boruvchi so‘zlar bo‘lsayu uni aytmasa degan ma’nodadir. Buxoriyning sahih kitoblari sharhi bo‘lgan “Ravza” kitobining muallifi aytadiki, agar u qalbda o‘rnashsa, bu sababidan hisob kitob qilinadi. Yuqoridagi hadis esa, o‘sha vasvasa qaror topmasa, shak-shubhasiz avf qilinadi degan ma’noga yo‘yamiz. Chunki o‘rnashmagan turli xil fikrlardan qutilish bandani toqatidagi narsa emasdir.
Yana bir hadisda qalbdagi vasvasalar o‘ta xatarli bo‘lsachi degan savolga javob beradi:
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalaridan bir nechalari Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib so‘radilar, biz qalbimizda shunday narsalarni topdikki uni gapirishni katta narsa deb hisoblaymiz. U zot shunday narsa topayapsilarmi? – dedi. Ular: “Ha”, deyishdi. Shunda u zot ana o‘sha ochiq oydin iymondir, deb marhamat qildilar.
Qalbimizga turli narsalar kelib qoladi degan jumlani Aliy Qori rohimahulloh xunuk narsalar, masalan: Allohni kim yaratdi, uning ko‘rinishi qanaqa va shunga o‘xshash yomon so‘zlar deb sharhlaydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oxirida ana shu ochiq oydin iymondir deganlarini, insonning qalbi Allohni biror narsaga o‘xshatishdan va ba’zi kufrga olib borib qo‘yadigan darajada inkor qilishdan xoli ekanini bildiradi. Chunki kofir inson Allohni yaratgan maxluqotlariga doimiy o‘xshatib yuradi va chiroyli sanaydi. Endi kim uni yomon deb, Allohga loyiq emasligini bilib, xunuk sanasa ana o‘sha haqiqiy mo‘mindir. Biror shubha qanchalik kuchli bo‘lsa ham uni tebrata olmaydi. Ba’zi ulamolar nazdida buning ma’nosi vasvasa bu iymonning belgisidir chunki o‘g‘ri hech qachon bo‘m-bo‘sh uyga kirmaydi, deganlar.
Keyingi hadisda shunga o‘xshash vasvasani ko‘rinishlarini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytib, undan xalos bo‘lish yo‘llarini ham bayon qilib berganlar.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, Rosululloh sollallohu alayhi vasallam Shayton biringizga keladi va buni kim yaratdi, buni kim yaratdi deydi oxiri Robbingni kim yaratdi, deydi. Kimga shu narsa yetsa, shaytondan panoh so‘rasin va to‘xtasin.
Sharh: Iblis yoki uning inson va jinlardan bo‘lgan yordamchilari odam farzandini chalkashtirish uchun vasvasa qiladi. Osmonni kim yaratdi, yerni kim yaratdi, deydi. Maqsadi adashtirish, kufrga tushirish bo‘ladi, shu zaylda savol beraveradi, oxiri Robbing hamma narsani yaratgan zot bo‘lsa, uning o‘zini kim yaratgan, deydi. Kimga shu narsa yetsa, Alloh taolodan shaytonni ketkazish uchun panoh so‘rasin. Qur’oni karimda shayton ixlosli bandalaringni adashtira olmayman degan. Hadisi shariflarda ham keladi “Yaxshilik qilishga ham yomonlikdan qaytishga ham biror kuch quvvat yo‘q faqat Allohning yordami bilangina bordir”. Bandaga xojasidan panoh so‘rashi vojib bo‘ladi. Shunda tili bilan اعوذ بالله من الشيطان الرجيم (A’uzu billahi minash shaytonir rojiym)ni aytadi, ya’ni quvilgan shaytonni yomonligidan Allohdan panoh so‘raydi. Chunki Alloh taolo o‘z lutfi ilohiysi bilan uni zaif ham xor ham qildirib qo‘ymaydi. Shu sababli shayton eshik oldida ochilishini kutib turgan, qachon ochilsa kirmoqchi bo‘ladigan itga o‘xshatiladi. Shayton ham qalb zikridan, Allohdan panoh so‘ramasdan g‘ofil bo‘lishini kutib turadi. Hadisni oxirida “to‘xtasin” degani bu qalbiga kelgan narsalar haqida fikrlashni tark qilsin va boshqa narsa bilan mashg‘ul bo‘lsin ma’nosidadir.
Ibrohim TЕMIROV
Toshkent islom instituti talabasi
Insonning fe’li qiziq: biz ko‘pincha o‘zimizda yo‘q narsalar haqida qayg‘urib, qo‘limizdagi bebaho ne’matlarni odatdagi holdek qabul qilamiz. Vaholanki, biz oddiy deb bilgan qulayliklar, sog‘liq va boshqa imkoniyatlar sayyoramizning millionlab aholisi uchun eng katta orzu hisoblanadi.
Jumladan, bugungi tongni dunyo bo‘yicha 174 mingga yaqin inson qarshi ololmadi. Ayni damda 50 milliondan ortiq odam saraton kasalligi bilan kurashmoqda. 300 million inson ranglar jilosini ko‘rish baxtidan mahrum. 400 millionga yaqin kishi esa eshitish moslamalarisiz dunyo tovushlarini eshita olmaydi. 770 milliondan ortiq katta yoshdagi inson hanuzgacha o‘qish va yozishni bilmaydi. 2,5 milliarddan ziyod aholi global axborot va internet imkoniyatlaridan uzilgan holda yashamoqda. 6,5 milliard inson esa samolyotda umuman uchib ko‘rmagan...
Bu raqamlar shunchaki quruq ko‘rsatkichlar emas. Ular ortida millionlab insonlarning ana shunday ayanchli taqdiri yotibdi.
Agar siz hozir ushbu matnni o‘qiy olayotgan, atrofdagi ranglar va tovushlarni his qilayotgan, eng muhimi, yangi kunni sog‘-omon yashayotgan bo‘lsangiz, demak, siz sayyoradagi eng baxtli insonlardan birisiz. Shunday ekan, turmush tashvishlaridan nolishni to‘xtating. Yon-atrofga boqing: siz yashayotgan bugungi kunga kimlardir yetmadi. Demak, har bir xotirjam olingan nafas, har tinch otgan tong uchun Yaratganga hamdlar aytib, shukronalik kayfiyati bilan yashang. Chunki siz eng boy odamsiz!
Akbarshoh RASULOV