Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Avgust, 2026   |   12 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:17
Quyosh
05:42
Peshin
12:25
Asr
17:10
Shom
19:12
Xufton
20:32
Bismillah
25 Avgust, 2026, 12 Rabi`ul avval, 1448

Qalbdagi shaytoniy kechinmalar

06.06.2018   8659   4 min.
Qalbdagi shaytoniy kechinmalar

Qalbga kelgan vasvasalar va ularning hukmi haqida  Aliy  Qoriy  rohmatullohi  alayhning “Mishkatul masobih” kitobiga yozgan “Mirqotul mafotih” asaridan ba’zi hadislar va ularning sharhlarini keltiramiz.

Qalbga keladigan fikrlar agar yomon, razil narsalarga undasa, u vasvasa bo‘ladi. Agar yaxshilikka undasa u ilhom bo‘ladi. Yuqoridagi kitobning birinchi faslida kelgan hadis:

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rosululloh  sollallohu  alayhi vasallam: “Albatta, Alloh taolo ummatimdan qalblari vasvasa qiladigan narsalarni avf etdi, modomiki, uni amalga oshirmasa yoki gapirmasa.

Hadisdagi modomiki uni qilmasa yoki gapirmasa degani qalbidagi vasvasa qilinadigan narsa bo‘lsayu uni amalga oshirmasa masalan, nohaq odam o‘ldirish, zino, o‘g‘irlik va shunga o‘xshashlarni qalbga olib kelsa, lekin uni qilmasa. Modomiki, gapirmasa degani u vasvasa til orqali amalga oshiriladigan ishlar, haqorat, kufrga olib boruvchi so‘zlar bo‘lsayu uni aytmasa degan ma’nodadir. Buxoriyning sahih kitoblari sharhi bo‘lgan “Ravza” kitobining muallifi aytadiki, agar u qalbda o‘rnashsa, bu sababidan hisob kitob qilinadi. Yuqoridagi hadis esa, o‘sha vasvasa qaror topmasa, shak-shubhasiz avf qilinadi degan ma’noga yo‘yamiz. Chunki o‘rnashmagan turli xil fikrlardan qutilish bandani toqatidagi narsa emasdir.

Yana bir hadisda qalbdagi vasvasalar o‘ta xatarli bo‘lsachi degan savolga javob beradi:

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.  Rosululloh  sollallohu  alayhi vasallamning sahobalaridan bir nechalari Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib so‘radilar, biz qalbimizda shunday narsalarni topdikki uni gapirishni katta narsa deb hisoblaymiz. U zot shunday narsa topayapsilarmi? – dedi. Ular: Ha”, deyishdi. Shunda u zot ana o‘sha ochiq oydin iymondir, deb marhamat qildilar.

Qalbimizga turli narsalar kelib qoladi degan jumlani Aliy Qori rohimahulloh xunuk narsalar, masalan: Allohni kim yaratdi, uning ko‘rinishi qanaqa va shunga o‘xshash yomon so‘zlar deb sharhlaydi.  Rasululloh  sollallohu alayhi vasallamning oxirida ana shu ochiq oydin iymondir deganlarini, insonning qalbi Allohni biror narsaga o‘xshatishdan va ba’zi kufrga olib borib qo‘yadigan darajada inkor qilishdan xoli ekanini bildiradi. Chunki kofir inson Allohni yaratgan maxluqotlariga doimiy o‘xshatib yuradi va chiroyli sanaydi. Endi kim uni yomon deb, Allohga loyiq emasligini bilib, xunuk sanasa ana o‘sha haqiqiy mo‘mindir. Biror shubha qanchalik kuchli bo‘lsa ham uni tebrata olmaydi. Ba’zi ulamolar nazdida buning ma’nosi vasvasa bu iymonning belgisidir chunki o‘g‘ri hech qachon bo‘m-bo‘sh uyga kirmaydi, deganlar.

Keyingi hadisda shunga o‘xshash vasvasani ko‘rinishlarini Payg‘ambarimiz  sollallohu  alayhi vasallam aytib, undan xalos bo‘lish yo‘llarini ham bayon qilib berganlar.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi,  Rosululloh  sollallohu  alayhi vasallam Shayton biringizga keladi va buni kim yaratdi, buni kim yaratdi deydi oxiri Robbingni kim yaratdi, deydi. Kimga shu narsa yetsa, shaytondan panoh so‘rasin va to‘xtasin.

Sharh: Iblis yoki uning inson va jinlardan bo‘lgan yordamchilari odam farzandini chalkashtirish uchun vasvasa qiladi. Osmonni kim yaratdi, yerni kim yaratdi, deydi. Maqsadi adashtirish, kufrga tushirish bo‘ladi, shu zaylda savol beraveradi, oxiri Robbing hamma narsani yaratgan zot bo‘lsa, uning o‘zini kim yaratgan, deydi. Kimga shu narsa yetsa, Alloh taolodan shaytonni ketkazish uchun panoh so‘rasin. Qur’oni karimda shayton ixlosli bandalaringni adashtira olmayman degan. Hadisi shariflarda ham keladi “Yaxshilik qilishga ham yomonlikdan qaytishga ham biror kuch quvvat yo‘q faqat Allohning yordami bilangina bordir”. Bandaga xojasidan panoh so‘rashi vojib bo‘ladi. Shunda tili bilan اعوذ بالله من الشيطان الرجيم (A’uzu billahi minash shaytonir rojiym)ni aytadi, ya’ni quvilgan shaytonni yomonligidan Allohdan panoh so‘raydi. Chunki Alloh taolo o‘z lutfi ilohiysi bilan uni zaif ham xor ham qildirib qo‘ymaydi. Shu sababli shayton eshik oldida ochilishini kutib turgan, qachon ochilsa kirmoqchi bo‘ladigan itga o‘xshatiladi. Shayton ham qalb zikridan, Allohdan panoh so‘ramasdan g‘ofil bo‘lishini kutib turadi. Hadisni oxirida “to‘xtasin” degani bu qalbiga kelgan narsalar haqida fikrlashni tark qilsin va boshqa narsa bilan mashg‘ul bo‘lsin ma’nosidadir.

Ibrohim TЕMIROV

Toshkent islom instituti talabasi 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Muz nega suvda cho‘kmaydi? Beruniy va Ibn Sinoning ming yil oldingi ilmiy bahsi

14.08.2026   29784   6 min.
Muz nega suvda cho‘kmaydi? Beruniy va Ibn Sinoning ming yil oldingi ilmiy bahsi

Xorazmlik yosh mutafakkir Abu Rayhon Beruniyning Aristotel fizikasiga bildirgan tajribaviy e’tirozlari va Ibn Sino bilan yozishmalari X-XI asrlar bo‘sag‘asida Markaziy Osiyoda shakllangan mustaqil tanqidiy ilmiy fikrning eng yorqin namunasi hisoblanadi, xabar bermoqda O‘zA.

X asrning oxiri va XI asrning boshlarida Xorazm va Buxoro ilmiy muhitida antik davr yunon falsafasi hamda tabiiy fanlar merosini qayta ko‘rib chiqishga bo‘lgan qiziqish nihoyatda kuchaydi. Aristotelning “Osmon va olam haqida” hamda “Fizika” asarlaridagi ayrim xulosalar o‘sha davr tadqiqotchilari tomonidan so‘zsiz haqiqat sifatida qabul qilinayotgan bir paytda, taxminan 24–26 yoshlardagi Beruniy antik muallifning ayrim qarashlarini amaliy kuzatuv va matematik mantiq yordamida shubha ostiga oldi. Beruniy o‘z e’tirozlari va savollarini xat orqali Buxoroda yashab ijod qilayotgan, o‘sha vaqtda 17–19 yoshlarda bo‘lgan Ibn Sinoga yubordi. Ushbu tarixiy muloqotning bizgacha yetib kelgan matni Ibn Sinoning Beruniy tomonidan berilgan savollarga qator javoblaridan iborat. Manbashunos va sharqshunos Yu.Zavadovskiy ushbu qo‘lyozma matnini rus tiliga o‘girgan va u ilk bor 1957 yilda Toshkentda nashr etilgan. Keyinchalik, 1973 yilda Beruniy tavalludining 1000 yillik yubileyi munosabati bilan falsafa fanlari nomzodi A.Sharipov tomonidan tayyorlangan qayta nashrda ushbu yozishmalarning ilmiy ahamiyati yanada aniqroq yoritilgan.

Beruniyni Aristotel ta’limotidagi ba’zi fizik qoidalarning kuzatuv va tajribaga zid kelishi alohida tashvishga solgan edi. Xususan, “Fizika” bo‘limiga oid savollar orasida moddalarning nur sindirishi va issiqlik yig‘ish xususiyatiga oid aniq tajriba bayon qilinadi. Xorazmlik olim dumaloq va shaffof shisha idishni olib, uni suv bilan to‘ldirganda u billur lupa kabi quyosh nurlarini bir nuqtaga to‘plab, alanga oldirish xususiyatiga ega bo‘lishini ko‘rsatib o‘tadi. Agar ushbu idish suv o‘rniga havo bilan to‘ldirilsa, hech qanday nur yig‘ilmaydi va olov hosil bo‘lmaydi. Beruniy Ibn Sinoga murojaat qilib, suvning bunday o‘ziga xos ta’sir ko‘rsatishi sababini va nega aynan suv mavjud bo‘lganda nurlar to‘planishini so‘raydi. Sharqshunos A.Sharipov tadqiqotlarida ta’kidlanganidek, bu kabi savollar Beruniyning shunchaki nazariy mulohaza yuritmagani, balki aniq fizik hodisalarni tajribada tekshirib ko‘rganini tasdiqlaydi.

Ibn Sino Beruniyning bu savoliga javob berar ekan, suvning tabiatan tiniq, zich va silliq jism ekanini, shu sababli u o‘zidan o‘tayotgan nurni akslantirish va qaytarish xususiyatiga egaligini tushuntiradi. Optimika masalalarida olimlar o‘rtasidagi bahs Platon va Aristotel maktablarining qarashlarini qiyoslash darajasigacha yetib boradi. Ibn Sino ko‘rish jarayoni ko‘zdan nur chiqishi orqali yuz bermaydi degan Aristotel pozitsiyasini himoya qiladi va bu borada Platon qarashlaridan farqli yondashuvni ilgari suradi.

Beruniyning yana bir e’tiborga loyiq tajribaviy savoli suv va muzning zichligi hamda og‘irligi o‘rtasidagi munosabatga bag‘ishlangan. Aristotel nazariyasiga ko‘ra, sovuq va toshsimon qattiq shaklga ega bo‘lgan muz o‘z mohiyatiga ko‘ra tuproq elementiga yaqinroq bo‘lishi va suv tubiga cho‘kishi kerak edi. Lekin Beruniy amaliyotda muzning suv yuzida suzib yurishini ko‘rib, bu hodisaning fizik sababini so‘raydi. Ibn Sino o‘z javobida suv muzlagan paytda uning tarkibida havo zarralari qotib qolishini va aynan shu suyuqlik ichidagi havo pufakchalari muzni suv tubiga cho‘kishiga yo‘l qo‘ymasligini ta’kidlaydi. Yu.Zavadovskiy tomonidan o‘rganilgan ushbu ommaviy munozara o‘sha davr uchun moddalarning fizik holati va termodinamika boshlang‘ich tushunchalari bo‘yicha muhim qadam edi.

Kosmologiya va fazoviy geometriya sohasida ham Beruniy Aristotel da’volarini jiddiy sinovdan o‘tkazadi. Aristotel fazoda osmon sferasi og‘irlikka ham, yengillikka ham ega emas, chunki u markazga yoki markazdan atrofga harakat qilmaydi deb hisoblar edi. Beruniy esa xayoliy tafakkur nuqtayi nazaridan osmon jismi eng og‘ir jismlardan biri bo‘lishi mumkinligini, uning markazga tushmasligi uning vaznsizligini anglatmasligini ilgari suradi. Shuningdek, Beruniy fazo shakli borasida ham to‘xtalib, osmon sferasi mukammal sharsimon bo‘lishi shartligi, u tuxumsimon yoki yasmiqsimon shaklda ham bo‘lishi mumkinligini taxmin qiladi. Ibn Sino esa geometriya va fizika dalillarini keltirib, agar sfera sharsimon bo‘lmasa, uning harakati paytida bo‘shliq hosil bo‘lishi zaruriyatini isbotlashga urinadi.

Aristotelning fazoda olamning o‘ng va chap tomonlari haqidagi qarashlari ham Beruniyning keskin tanqidiga uchraydi. Aristotel jismning o‘ng tomoni harakat boshlanadigan joy deb ta’rif berib, keyinchalik Osmon harakati sharqdan boshlanadi, demak Sharq – bu o‘ng tomon degan xulosa chiqargan edi. Beruniy bunday xulosa chiqarish logikada “mantiqiy aylana” xatoligiga olib kelishini ko‘rsatib o‘tadi. Ibn Sino o‘z javobida Aristotel osmon sferasini tirik jism sifatida tasavvur qilganini aytib, antik muallif mantig‘ini himoya qilishga harakat qiladi.

Ushbu yozishmalar matni O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutining 2385-raqamli qo‘lyozmalar fondida saqlanib qolgan. Mazkur manbaning bizgacha yetib kelishida xatlarni ko‘chirib yozgan faqih Ma’sumiyning xizmati borligi xat oxiridagi qaydlarda eslatib o‘tiladi. Yu.Zavadovskiy va A.Sharipov tadqiqotlari shuni ko‘rsatadiki, XI asr boshidagi bu ilmiy bahs nafaqat ikki mutafakkirning shaxsiy muloqoti, balki Turonda tabiatshunoslik fanlari va kuzatuv tajribalariga asoslangan yangi ilmiy uslub shakllanganining tarixiy isbotidir.

Beruniy va Ibn Sino o‘rtasidagi yozishmalar X-XI asrlarda Xorazm va Buxoroda shakllangan ilmiy tafakkur darajasi antik davr falsafasini shunchaki o‘zlashtirish bilan cheklanmay, uni aniq tajriba va mantiqiy tahlil vositasida tanqidiy qayta ko‘rib chiqish bosqichiga ko‘tarilganini anglatadi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

Ibratli hikoyalar