frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Ro‘za faqat ro‘zadorni davolaydi!

05.06.2018   65036   3 min.
Ro‘za faqat ro‘zadorni davolaydi!

Har bir mavzuni isbot va dalillar mustahkamlaydi. Imkon boricha maqolamizda hayotiy voqeiylikni aks ettiramiz.

“Dastlab ortiqcha kilogrammlar meni unchalik bezovta qilmagan edi. Kunlarning birida bunday qarasam, ko‘ylagim o‘zimga nihoyatda tor kelib qolibdi... Vaznimni o‘lchab ko‘rsam 15 kg ortib ketgan ekanman. Shundan keyin ... nimalar qilmadim deysiz!  Yugurib ham ko‘rdim, parhez saqladim, lekin baribir vaznim tobora ortib ketaverdi. Oradan bir yil o‘tdi. Tashqi ko‘rinishim atrofimdagilarga nisbatan kulgu, goho achinish hissini uyg‘otardi. Vaznimning o‘zgarishi fe’limning o‘zgarishiga ham sabab bo‘ldi. O‘zimning “tasqaraligimni”ni his qila boshladim, bu esa mening jahlimni chiqarar va odamlardan o‘zimni olib qochadigan bo‘lib qoldim. Endilikda vaznim 40 kg ortiq bo‘lib, zinalardan chiqishim ham qiyinlashdi. Yurak ham notekis ura boshladi. Og‘irligim 120 kg, haddan tashqari semirib, yog‘ bosib ketganman, o‘zimni bemor va mutlaqo bebaxt odamdek his qilardim. Shunda so‘ng oyning 13-14-15 va haftaning dushanba, payshanba kunlari ro‘za tutishga odatlandim. Oradan biroz vaqt o‘tib vaznim 80 kg ga tushdi. Ro‘za tutish nafaqat ruhiyatimni, hatto tashqi ko‘rinishimni ham ijobiy tomonga o‘zgarishiga sabab bo‘ldi” deya ro‘za tutish orqali ko‘rgan foydalarini o‘zgalarga ham tavsiya qildi, singlimiz Nargiza.

So‘nggi yillarda dunyodagi ko‘pgina mamlakatlarda kasalliklarning oldini olish va davolash uchun o‘zini ovqatdan sirish usulidan tobora kengroq foydalanilmoqda. Bu usul o‘ziga xos jihatlarga ega. Eng muhimi, vaqti-vaqti bilan har oyning 13-14-15 kuni yoki haftaning dushanba va payshanba kunlarida ro‘za tutishga odatlanish bir tomondan sunnat amal hisoblansa, ikkinchi tomondan tanamizni sog‘lomlashtirishda asosiy omildir.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Milhon ibn Qaysga: “Qachon bir oydan uch kun ro‘za tutadigan bo‘lsang, o‘n uch, o‘n to‘rt, o‘n beshni tut”, dedilar.

Va yana Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamdan dushanba va payshanba kunlari ro‘zasi haqida so‘raldi. U zot: “O‘sha kunda tug‘ildim va o‘sha kunda menga Qur’on nozil qilindi”, dedilar.

 Shifokorlarning ta’kidlashicha, sariq kasalligiga chalingan odamlar jigarining tuzilishida ancha salbiy o‘zgarish (kattalashgan yo kichraygan) bo‘lar ekan. Yaqinda ko‘rikdan o‘tganimda shu narsa ma’lum bo‘ldiki, sariq kasali bilan og‘rigan bo‘lsam-da jigarimning hech bir asoratsiz, yoshimga nisbatan ancha baquvvat va sog‘lomligidan shifokor ham hayratlandi. Bunga guvoh bo‘lgan turmush o‘rtog‘im esa sog‘ligini tiklash maqsadida haftada ikki bor ro‘za tutishni odat qildilar.

Aslida ko‘plab kasalliklar me’yorni bilmaslik orqali paydo bo‘ladi. Ro‘za tutish orqali biz ikki tomonlama foydalarni ya’ni – oxirat savoblari va tanamizdagi ortiqcha bemorliklardan xalos bo‘lamiz, inshoalloh!

 

Nilufar BOZORBOY QIZI

tayyorladi

 

 

 

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Marg‘ilonning uch muqaddas qadamjosi

14.08.2026   494   3 min.
Marg‘ilonning uch muqaddas qadamjosi

Marg‘ilon – Farg‘ona vodiysining eng qadimiy va o‘ziga xos shaharlaridan biri. Uning tarixini faqat me’moriy obidalar, qadimiy ko‘chalar yoki mashhur hunarmandchilik an’analari bilangina emas, balki asrlar davomida xalq e’zozida bo‘lib kelayotgan ziyoratgohlarsiz ham tasavvur etib bo‘lmaydi, xabar bermoqda O‘zA.

Shahardagi Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozor ana shunday tarixiy-ma’naviy maskanlar sirasiga kiradi. Ularning har biri o‘z tarixi, rivoyatlari va xalq xotirasidagi o‘ziga xos o‘rniga ega.

Marg‘ilonning qadimiy ziyoratgohlaridan biri Pir Siddiq majmuasidir. Xalq orasida bu qadamjo bilan bog‘liq turli rivoyatlar avloddan-avlodga o‘tib kelgan. Ziyoratgoh Pir Siddiq nomi bilan bog‘liq bo‘lib, “siddiq” so‘zi arab tilida haqgo‘y, rostgo‘y, haqiqatga sodiq inson ma’nolarini anglatadi. Shu jihatdan ziyoratgoh nomi ham xalq tasavvurida ezgulik, iymon va rostgo‘ylik kabi fazilatlar bilan uyg‘unlashib ketgan. Majmuadagi me’moriy yechimlar, ayniqsa, gumbazli inshootlar va qadimiy qabrlar Marg‘ilonning o‘tmishdagi shaharsozlik va me’morchilik an’analaridan darak beradi.

Pir Siddiq ziyoratgohi nafaqat ziyorat maskani, balki Marg‘ilonning tarixiy xotirasini o‘zida mujassam etgan qadamjolardan biri sifatida ahamiyatlidir. Marg‘ilon tarixi buyuk alloma Burhoniddin Marg‘inoniy nomi bilan chambarchas bog‘liq. XII asrda yashab ijod qilgan alloma islom huquqshunosligi, xususan, hanafiy fiqhi taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan. Uning butun islom olamida mashhur bo‘lgan “Hidoya” asari asrlar davomida muhim huquqiy manba sifatida qadrlanib kelgan.

Marg‘ilonda alloma nomi bilan bog‘liq Chillaxona ham xalqning ma’naviy xotirasida alohida o‘rin tutadi. “Chillaxona” atamasi odatda insonning ma’lum muddat xilvatda qolib, tafakkur, ibodat va ruhiy tarbiya bilan mashg‘ul bo‘ladigan joyini anglatadi. Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi bilan bog‘liq rivoyatlar ham allomaning ilm yo‘lidagi mashaqqatli izlanishlari va ma’naviy kamolotini tasavvur qilishga yordam beradi. Bu maskanni faqat ziyoratgoh sifatida emas, balki buyuk allomaning ilmiy-ma’naviy merosini anglashga xizmat qiluvchi tarixiy xotira joyi sifatida ham baholash mumkin.

Marg‘ilondagi yana bir o‘ziga xos maskan – Kaptarli mozor. Uning nomi bilan bog‘liq xalq rivoyatlari turlicha. Ayrim hikoyalarda bu joyda kaptarlar ko‘p bo‘lgani, shu sababli mozor “Kaptarli” deb atalgani aytiladi. Kaptar esa xalq tasavvurida tinchlik, poklik va ezgulik ramzi sifatida qabul qilinadi. Kaptarli mozor haqidagi ma’lumotlarni ilmiy jihatdan chuqur o‘rganish Marg‘ilonning mahalliy tarixini yanada boyitishga xizmat qiladi. Buning uchun arxiv hujjatlari, qadimiy xaritalar, qabrtoshlaridagi yozuvlar, vaqf hujjatlari va xalq orasida saqlanib kelayotgan og‘zaki tarix namunalarini tadqiq etish muhim. Zero, xalq xotirasida asrlar davomida saqlanib kelayotgan rivoyatlar ham tarixiy-etnografik tadqiqotlar uchun qimmatli manba bo‘lishi mumkin.

Uch qadamjo – bir tarix. Pir Siddiq ziyoratgohi, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi va Kaptarli mozorni birlashtirib turgan asosiy jihat ularning Marg‘ilonning ma’naviy qiyofasini shakllantirishdagi o‘rnidir. Bu qadamjolar xalqning ajdodlarga hurmat, muqaddas joylarni asrash, ezgulik va ma’rifatni qadrlash kabi an’analarini o‘zida mujassam etadi.

Ularning har biri Marg‘ilon tarixining turli qirralarini namoyon etadi: Pir Siddiq – diniy-ma’naviy merosni, Burhoniddin Marg‘inoniy Chillaxonasi – ilm va tafakkur an’analarini, Kaptarli mozor esa xalq xotirasi va mahalliy rivoyatlarning uzviyligini ifodalaydi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari