frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Fitr sadaqasi

05.06.2018   57102   23 min.
Fitr sadaqasi

Fitr sadaqasi faqirlarga g‘amxo‘rlik, ularga hayit kunini xursandchilik bilan o‘zkazishlari uchun ko‘makdir, uni berganlar uchun esa, Ramazonda yo‘l qo‘yilgan ba’zi kamchiliklarga kafforatdir. Ibn Abbos (roziyallohu anhu) aytadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) fitr sadaqasini ro‘zadorga behuda ishlar va yomon so‘zlardan poklanish bo‘lishi uchun, miskinlar uchun yegulik bo‘lishi uchun buyurdilar” (Abu Dovud rivoyati).

Fitr sadaqasi kumush nisobidagi, hojatidan ortiqcha molga ega musulmonga vojib bo‘ladi. Ana shu miqdordagi mulkka ega kishi fitr sadaqasini o‘zi va yosh bolalaridan berishi vojib. Balog‘atga yetgan farzandlari va xotini uchun fitr sadaqa berishi vojib emas. Agar balog‘atga yetgan farzandlari va ayoli uchun, ular aytishmasa ham, fitr sadaqasini bersa, ular zimmasidan fitr sadaqasi soqit bo‘ladi.

Fitr sadaqasining vojib bo‘lish vaqti hayit kuni tong otish paytidir. Shuning uchun, hayit kechasi tug‘ilgan chaqaloqdan ham fitr sadaqa berish vojib bo‘ladi. Homila va hayit kunidan oldin vafot etganlar uchun fitr sadaqasi vojib bo‘lmaydi.

Ibn Umar (roziyallohu anhu) aytadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) fitr sadaqasini odamlar namozga chiqmasdan oldin berishni buyurdilar”. Ammo bu vaqtdan oldin, masalan, Ramazon kirishi bilan bersa ham bo‘ladi. Lekin namozga chiqishdan oldin berish mustahabdir. Fitr sadaqasi vojib bo‘lib, uni berolmay qolgan kishi zimmasidan soqit bo‘lmaydi.

Fitr sadaqasi bug‘doy, bug‘doy uni yoki yormasidan yo mayizdan yoki xurmo yo arpadan beriladi. Bug‘doy yo uning uni yoki yormasidan va mayizdan yarim so’ (taxminan 2 kg.), arpa va xurmodan bir so’dir. Mazkur narsalarning qiymatini ham bersa bo‘ladi.

Fitr sadaqasi zakotga haqdor bo‘lgan kishilarga beriladi.

Jamshid Shodiyev tayyorladi.

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Mo‘minlar uchun Hujurot surasidan 5 odob

29.06.2026   1293   3 min.
Mo‘minlar uchun Hujurot surasidan 5 odob

Bismillahir Rohmanir Rohiym

1. Mo‘min banda eshitgan narsasini so‘rab-surishtirmay gapirishdan ehtiyot bo‘lishi lozim.

Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ey, mo‘minlar! Agar sizlarga biror fosiq kimsa xabar keltirsa, sizlar (haqiqiy ahvolni) bilmagan holingizda biror qavmga aziyat yetkazib qo‘yib, (keyin) qilgan ishlaringizga pushaymon bo‘lmasligingiz uchun (u xabarni) aniqlab (tekshirib) ko‘ringiz!” (Hujurot surasi, 6-oyat).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kishiga gunoh uchun eshitgan narsasini gapirmoqning o‘zi kifoya qiladi”, deganlar (Imom Abu Dovud, Imom Muslim rivoyati).

Demak, eshitgan gapini odamlarga gapiravergan kishi yolg‘onchilardan sanaladi. Mo‘min banda esa yolg‘onchi bo‘lmaydi.

Imom Molik rivoyat qilgan hadisda Savfon ibn Sulaym roziyallohu anhu «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan:

“Yo Allohning Rasuli! Mo‘min qo‘rqoq bo‘ladi-mi?” deb so‘radilar.

“Ha”, dedilar.

“Yo Allohning Rasuli! Mo‘min baxil bo‘ladi-mi?” dedilar.

“Ha, dedilar.

“Yo Allohning Rasuli! Mo‘min yolg‘onchi bo‘ladi-mi?” deb so‘radilar.

“Yo‘q, deb javob berdilar».

 

2. Mo‘min banda biror kishini masxara qilmasligi lozim.

Ey, mo‘minlar! (Sizlardan) biror millat (boshqa) bir millatni masxara qilmasin! Ehtimolki, (masxara qilingan millat) ulardan yaxshiroq bo‘lsa(Hujurot surasi, 11-oyat).

Muoz ibn Jabal (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim bir birodarini bir aybda ayblasa, toki o‘zi ham o‘sha gunohni sodir etmagunicha vafot etmaydi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

Oisha roziyallohu anho: “Musibatga uchragan bir kishi bir guruh ayollar oldidan o‘tdi. Ayollar uni masxara qilib, kulishdi. O‘sha ayollarning ko‘pchiligi o‘sha musibatga mubtalo bo‘lishdi”, dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).

Alloh taolo boshqa bir oyatda masxara qiluvchilarning holiga voy bo‘lishi haqida ogohlantiradi: (Kishilar ortidan) g‘iybat qiluvchi, (oldida) masxara qiluvchi har bir kimsaning holiga voy!” (Humaza surasi, 1-oyat).

 

3. Mo‘minlar bir-birlarini mazax qilishlari va laqablar bilan atamasliklari lozim.

Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “O‘zlaringizni (bir-birlaringizni) mazax qilmangiz va bir-birlaringizni laqablar bilan atamangiz!” (Hujurot surasi, 11-oyat).

 

4. Mo‘minlar gumondan chetda bo‘lishlari lozim.

Alloh taolo bunday buyuradi: “Ey, mo‘minlar! Ko‘p gumon(lar)dan chetlaningiz! Chunki ba’zi gumon(lar) gunohdir” (Hujurot surasi, 12-oyat).

 

5. Mo‘minlar o‘zgalar aybini qidirishdan va ularni g‘iybat qilishdan saqlanishlari lozim.

(O‘zgalar aybini qidirib) josuslik qilmangiz va biringiz biringizni g‘iybat qilmasin! Sizlardan biror kishi o‘lgan birodarining go‘shtini yeyishni xohlaydimi?! Uni yomon ko‘rasiz-ku, axir! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh tavbalarni qabul qiluvchi va rahmli zotdir” (Hujurot surasi, 12-oyat).

 

Davron NURMUHAMMAD

Maqolalar