Ro‘zaning ko‘p hislatlaridan biri insonning yeyish-ichish talablarini izga solishlikka katta xizmat qiladi. Inson nafs balosidan qutilib imon va e’tiqod bilan ro‘za tutsa, Alloh taolo uni taqvodarlardan qiladi.
Ramazon oyida saxarlik va iftorlikka taom tayyorlashda har birimizdan o‘zgacha e’tiborni talab qilinadi. Har bir amalning odobi bo‘lagani kabi taom tayyorlashnining ham o‘z odob va meyorlari mavjud. Xo‘sh, taom tayyorlashni qaysi odobdan boshlash kerak? Albatta, taom tayyorlash uchun oziq-ovqatlarni xalol, peshana teri bilan ishlab topilgan sarmoyadan xarid qilishdan boshlash kerak. Undan keyin masaliqqlarning xalol va pok bo‘lishi muhimdir. Zero mana shu odoblar ro‘zadorlarning ro‘zalarini, duolarini qabul bo‘lish-bo‘lmasligini hal qiladi. Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilinadiki, Sa’d ibn Abu Vaqqos raziyallohu anhu Payg‘ambarimiz alayhissalomga: “Ey Allohning Rasuli, duo qiling, Alloh meni duosi qabul bo‘ladiganlardan qilsin”, dedilar. Shunda Payg‘ambar alayhissalom: “Ey Sa’d, taomingni halol qil, duosi qabul bo‘ladigan bo‘lasan. Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan zot bilan qasamki, bir odam harom luqmani qorniga tashlasa, Alloh uning duosini qirq kungacha qabul qilmaydi. Qaysi bandaning go‘shti haromdan va ribodan o‘ssa, unga do‘zax munosibdir”, dedilar.
Ro‘za kunlarida tayyorlanadigan taomlar odatiy, kunlik taomlar bo‘lishi maqsadga muvofiqdir. Ro‘zadorlarni xushnud qilish uchun tayyorlanadigan laziz, tansiq taomlarni tanavvul qilishning xech qanday karohiyati yo‘q. Ba’zi buzuq tabiatli odamlar yaxshi taom iste’mol qilmaslikni taqvodorlikning cho‘qqisi sifatida ko‘rsatishga urinadilar. Alloh taolo faqat yemish g‘amida, doimo uning lazzatlisini axtaruvchi qorin bandasi bo‘lishni qoralaganidek, laziz taomlardan o‘zini tiyib, sifatsizinigina ixtiyor qilishni ham qattiq qoralaydi. Yeb-ichish gunoh emas, isrof qilish gunohdir. Imom Buxoriy keltirgan rivoyatda hazrati Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhu: “Seni ikki xislat – faxrlanish va isrofgarchilik xatoga boshlamasa, xohlaganingni yeb, xohlaganingni ichaver”, deganlar. Bu aslida, to‘g‘ri. Ammo keragidan ortiq yemoq ham isrofdir. Yeb-ichish kerak ekan, deb qorin bandasi bo‘lish ham Islomga, musulmonga munosib emas.
Imom Ahmad ibn Hanbal va Imom Termiziylar Miqdom ibn Ma’diykarab al-Kindiy raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Odam bolasi to‘ldiradigan idishlarning eng yomoni qorindir. Odam bolasiga qaddini turgizadigan yemaklar yetadi. Agar juda lozim bo‘lsa, taomi uchun uchdan bir, sharobi uchun uchdan bir va havosi uchun uchdan bir”, deganlar. Islom har bir sohada mo‘tadillik yo‘lini tutganidek, oziq-ovqat masalasida ham musulmonlardan mo‘tadil bo‘lishni talab qiladi.
Bundan tashqari, ko‘pgina opa-singillarimiz homiladorlik, farzand emizish hamda hayz va nifos ko‘rish sabablaridan ro‘za tutmay turishadi. Ana shunday kunlarda ro‘zador bo‘lgan oila a’zolariga shirin-shirin taomlar tayyorlab bersalar, ro‘zg‘orga keltirilgan masalliqlarni isrof qilmagan holda chiroyli tadbir qilsalar katta savobga ega bo‘ladilar. Negaki, ba’zi ayollar o‘zlari ro‘za tutmaganlari bois, saharlik va iftorlik dasturxoniga, ro‘zadorlar haqlariga beparvo bo‘ladilar. Erta turib xizmat qilish, kechki payt ovqatlanish vaqtiga rioya qilmaslik ila dangasalik qiladilar. Aksincha, ro‘za tuta olmaslarda, xizmatlarini ayamasalar - turmush o‘rtoqlari, qaynona va qaynotalari duolarini olib, katta ajrlarga ega bo‘ladilar. Ro‘za tutib berish bo‘yinlaridan soqit bo‘lmasada, ro‘zadorlarga va’da qilingan savoblarga erishadilar, inshaalloh!
Xadichai Kubro ayol-qizlar
o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisasi
Gulobod Qurbonova
Halollik va rostgo‘ylik insonning shaxsiy fazilatlari bo‘lish bilan birga, oila mustahkamligi, jamiyat taraqqiyoti va ijtimoiy munosabatlarning barqarorligini ta’minlaydigan muhim milliy, diniy, ma’naviy-axloqiy qadriyatlardir.
Islom dinida halollik va rostgo‘ylikka inson hayotining barcha sohalarini qamrab oluvchi muhim tamoyillar sifatida qaraladi. Halol va haromni farqlash, shubhali ishlardan saqlanish, o‘zgalarning haq-huquqini poymol qilmaslik, rostgo‘y va adolatli bo‘lish insonning nafaqat shaxsiy kamoloti, balki jamiyat oldidagi mas’uliyatini ham belgilaydi.
Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning ko‘plab hadisi shariflarida insonlarni halollik va rostgo‘ylikka da’vat qilish, har doim halol bo‘lishga undash, aldov va yolg‘on guvohlik berishdan qaytarishga alohida e’tibor qaratilgan. Zero, halollik va rostgo‘ylik insonning ma’naviy kamolotini, imoni mustahkam va axloqi go‘zalligini namoyon etuvchi eng muhim fazilatlardir. Harom va yolg‘on esa nafaqat shaxsning obro‘si va unga ishonchini yemiradi, balki jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, adovat va nizolar kelib chiqishiga ham sabab bo‘ladi.
Alloh taolo "Nahl" surasining 105-oyatida bunday marhamat qilgan: “Yolg‘on so‘zlarni faqat Allohning oyatlariga imon keltirmaydiganlargina to‘qiydilar. Aynan o‘shalarning o‘zlari yolg‘onchilardir”.
Bu o‘rinda yolg‘onning qanchalik og‘ir ma’naviy illat ekani bayon qilinib, uning Allohning oyatlariga munosabat bilan bog‘liq jihati ko‘rsatib berilyapti. Oyatning nozil bo‘lish sababi Makka mushriklarining Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan turli asossiz da’volarni ilgari surgani, jumladan, u zotni yolg‘onchilikda ayblaganidir. Ular Qur’oni karimni go‘yo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari to‘qib chiqargani to‘g‘risida asossiz da’volarni ilgari surgan. Qur’oni karim esa bunday iddaolarni ochiq-oydin rad etgan.
Aslida yolg‘onni faqat imonsiz kishilargina to‘qiydi. Chunki, mo‘min kishi yolg‘onni katta gunoh deb biladi. Yolg‘on sababli qiyomatda azobga qolishdan qo‘rqadi. Shuning uchun har qanday vaziyatda rostgo‘y bo‘lishga intiladi. Hatto o‘z manfaatiga zid bo‘lgan holatlarda ham haqiqatni aytishni afzal biladi. Zero, haqiqiy imon insonni faqat ibodatlarga emas, balki yuksak axloqiy fazilatlarga ham undaydi.
Islom ta’limotida halollik va to‘g‘riso‘zlik maqtalgan, yolg‘on gapirish va haqiqatni yashirish keskin qoralangan. Jumladan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Nabiysollallohu alayhi vasallam:“Rostgo‘ylikni o‘zingizga lozim tutingiz (rostgo‘y bo‘lingiz)! Chunki, rostgo‘ylik yaxshilikka yetaklaydi, yaxshilik esa jannatga yetaklaydi. Kishi doim rost gapirsa, Allohning huzurida “siddiq” (o‘ta rostgo‘y) deb yozib qo‘yiladi. Yolg‘ondan saqlaning! Chunki, yolg‘on fojirlikka (gunoh va buzuqlikka) yetaklaydi, fojirlik esa do‘zaxga yetaklaydi. Kishi yolg‘on gapiraversa, Allohning huzurida “kazzob” (o‘ta yolg‘onchi) deb yozib qo‘yiladi”, dedilar”. (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam rostgo‘ylik va yolg‘onchilikning inson axloqi, ma’naviy hayoti va oxiratiga qay darajada ta’sir qilishini ochiq tarzda bayon qilib beryaptilar. Hadis mazmunidan anglashiladiki, insonning jannatga yoki do‘zaxga tushishida uning tili, ya’ni rostgo‘yligi yo yolg‘onchiligi hal qiluvchi omillardan ekan.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam halol va harom o‘rtasidagi shubhali narsalardan saqlangan kishi dini va obro‘yini pok saqlashi borasida bunday marhamat qilganlar: No‘’mon ibn Bashir roziyallohu anhudan rivoyat qilinishicha,“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitdim: “Halol ham aniq, harom ham aniq. Ularning o‘rtasida shubhali narsalar bor. Ko‘p odamlar buni bilmaydi. Kim shubhalardan saqlansa, dini va obro‘yini pok saqlaydi...” (Imom Buxoriy rivoyati).
Bu o‘rinda Nabiy sollallohu alayhi vasallam insonlarni ehtiyotkorlik va poklikka da’vat etmoqdalar. Chunki, halollik tamoyillariga amal qilgan inson hayotning har bir jabhasida, jumladan, so‘zida, oilaviy munosabatlarida, ta’lim olishda, mehnat faoliyatida va jamiyatdagi o‘zaro munosabatlarida adolat, poklik va rostgo‘ylikka intiladi. O‘zgalarning haq-huquqlarini hurmat qiladi, birovning mol-mulki yoki mehnatining mahsuliga tajovuz qilmaydi, aldov, xiyonat va manfaatparastlikdan uzoq bo‘lishga harakat qiladi. Bunday fazilatlar insonning shaxsiy obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan birga jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamkorlik muhitini mustahkamlaydi.
Muxtasar qilib aytganda, halollik va rostgo‘ylik ijtimoiy hayotning barqarorligini, insonlar o‘rtasidagi ishonch va jamiyat taraqqiyotini ta’minlovchi muhim ma’naviy-axloqiy asosdir. Islom ta’limotidagi halollik, rostgo‘ylik, adolat va omonatdorlikka oid ko‘rsatmalar bu qadriyatlarning inson va jamiyat hayotidagi o‘rni naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyatida halollik, rostgo‘ylik, adolat va vijdonlilikni ustuvor tamoyilga aylantirsa, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish imkoniyati ortadi.
Yo‘ldoshxon Isayev, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati