Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Aprel, 2025   |   10 Shavvol, 1446

Toshkent shahri
Tong
04:33
Quyosh
05:55
Peshin
12:30
Asr
17:01
Shom
18:59
Xufton
20:15
Bismillah
08 Aprel, 2025, 10 Shavvol, 1446

Ramazonda taom tayyorlash odobi

05.06.2018   61326   3 min.
Ramazonda taom tayyorlash odobi

Ro‘zaning ko‘p hislatlaridan biri insonning yeyish-ichish talablarini izga solishlikka katta xizmat qiladi. Inson nafs balosidan qutilib imon va e’tiqod bilan ro‘za tutsa, Alloh taolo uni taqvodarlardan qiladi.

Ramazon oyida saxarlik va iftorlikka taom tayyorlashda har birimizdan o‘zgacha e’tiborni talab qilinadi. Har bir amalning odobi bo‘lagani kabi taom tayyorlashnining ham o‘z odob va meyorlari mavjud. Xo‘sh, taom tayyorlashni qaysi odobdan boshlash kerak? Albatta, taom tayyorlash uchun oziq-ovqatlarni xalol, peshana teri bilan ishlab topilgan sarmoyadan xarid qilishdan boshlash kerak. Undan keyin masaliqqlarning xalol va pok bo‘lishi muhimdir. Zero mana shu odoblar ro‘zadorlarning ro‘zalarini, duolarini qabul bo‘lish-bo‘lmasligini hal qiladi. Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhudan rivoyat qilinadiki, Sa’d ibn Abu Vaqqos raziyallohu anhu Payg‘ambarimiz alayhissalomga: “Ey Allohning Rasuli, duo qiling, Alloh meni duosi qabul bo‘ladiganlardan qilsin”, dedilar. Shunda Payg‘ambar alayhissalom: “Ey Sa’d, taomingni halol qil, duosi qabul bo‘ladigan bo‘lasan. Muhammadning joni qo‘lida bo‘lgan zot bilan qasamki, bir odam harom luqmani qorniga tashlasa, Alloh uning duosini qirq kungacha qabul qilmaydi. Qaysi bandaning go‘shti haromdan va ribodan o‘ssa, unga do‘zax munosibdir”, dedilar.

Ro‘za kunlarida tayyorlanadigan taomlar odatiy, kunlik  taomlar bo‘lishi maqsadga muvofiqdir. Ro‘zadorlarni xushnud qilish uchun tayyorlanadigan laziz, tansiq taomlarni tanavvul qilishning xech qanday karohiyati yo‘q. Ba’zi buzuq tabiatli odamlar yaxshi taom iste’mol qilmaslikni taqvodorlikning cho‘qqisi sifatida ko‘rsatishga urinadilar. Alloh taolo faqat yemish g‘amida, doimo uning lazzatlisini axtaruvchi qorin bandasi bo‘lishni qoralaganidek, laziz taomlardan o‘zini tiyib, sifatsizinigina ixtiyor qilishni ham qattiq qoralaydi. Yeb-ichish gunoh emas, isrof qilish gunohdir. Imom Buxoriy keltirgan rivoyatda hazrati Abdulloh ibn Abbos raziyallohu anhu: “Seni ikki xislat – faxrlanish va isrofgarchilik xatoga boshlamasa, xohlaganingni yeb, xohlaganingni ichaver”, deganlar. Bu aslida, to‘g‘ri. Ammo keragidan ortiq yemoq ham isrofdir. Yeb-ichish kerak ekan, deb qorin bandasi bo‘lish ham Islomga, musulmonga munosib emas.

Imom Ahmad ibn Hanbal va Imom Termiziylar Miqdom ibn Ma’diykarab al-Kindiy raziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam: “Odam bolasi to‘ldiradigan idishlarning eng yomoni qorindir. Odam bolasiga qaddini turgizadigan yemaklar yetadi. Agar juda lozim bo‘lsa, taomi uchun uchdan bir, sharobi uchun uchdan bir va havosi uchun uchdan bir”, deganlar. Islom har bir sohada mo‘tadillik yo‘lini tutganidek, oziq-ovqat masalasida ham musulmonlardan mo‘tadil bo‘lishni talab qiladi.

Bundan tashqari, ko‘pgina opa-singillarimiz homiladorlik, farzand emizish hamda hayz va nifos ko‘rish sabablaridan ro‘za tutmay turishadi. Ana shunday kunlarda ro‘zador bo‘lgan oila a’zolariga shirin-shirin taomlar tayyorlab bersalar, ro‘zg‘orga keltirilgan masalliqlarni isrof qilmagan holda chiroyli tadbir qilsalar katta savobga ega bo‘ladilar. Negaki, ba’zi ayollar o‘zlari ro‘za tutmaganlari bois, saharlik va iftorlik dasturxoniga, ro‘zadorlar haqlariga beparvo bo‘ladilar. Erta turib xizmat qilish, kechki payt ovqatlanish vaqtiga rioya qilmaslik ila dangasalik qiladilar. Aksincha, ro‘za tuta olmaslarda, xizmatlarini ayamasalar - turmush o‘rtoqlari, qaynona va qaynotalari duolarini olib, katta ajrlarga ega bo‘ladilar. Ro‘za tutib berish bo‘yinlaridan soqit bo‘lmasada, ro‘zadorlarga va’da qilingan savoblarga erishadilar, inshaalloh! 

Xadichai Kubro ayol-qizlar 

o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisasi

Gulobod Qurbonova

Ramazon-2018
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Qo‘rquv va xavotirning miyaga zarari

08.04.2025   275   10 min.
Qo‘rquv va xavotirning miyaga zarari

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Har bir inson hayotida xavotir va qo‘rquvni his qiladi. Bu tabiiy holat. Ayniqsa, bugungi kunimizda turmush tashvishlari, hayot qiyinchiliklari, narxlar oshishi, hashamatli uy va to‘y qilish borasidagi behuda orzu-havaslar ortidan olinadigan qarzlar, ular keltirib chiqaradigan turli xil muammolar insonni chinakamiga xavotir va qo‘rquv iskanjasiga oladi. Agar odamda bu hissiyotlar haddan tashqari kuchayib ketsa, uning tafakkur va to‘g‘ri qaror qabul qilish qobiliyati to‘xtab qoladi, xayollari doimiy suratda sochilib, oddiy narsalarga ham diqqatini qaratishi qiyin bo‘lib qoladi. Islom dini inson qalbining xotirjam bo‘lishiga katta e’tibor qaratadi. Qur’on va hadislarda xavotir va qo‘rquvni yengish haqida ko‘plab hikmatlar bor.

Miya va ruhiyatning o‘zaro bog‘liqligi

Miyamiz ikki asosiy bo‘lim orqali ishlaydi:

1. Ratsional tafakkur (aql va mantiq) – bu insonning ongli qarorlar qabul qilish qobiliyatini boshqaradi.

2. Limbik tizim (hissiyotlar markazi) – bu qo‘rquv, xavotir va stressga javob beruvchi qism.

Shuni ta’kidlash lozimki, limbik tizimi mantiqiy fikrlashga javob  beruvchi qismiga qaraganda faolroq ishlaydi

Agar inson haddan tashqari qo‘rquv va xavotirga berilsa, uning mantiqiy tafakkuri bloklanadi va u noto‘g‘ri qarorlar qabul qilishi mumkin. Islomiy nuqtayi nazardan qaraganda, ortiqcha xavotir va qo‘rquv shaytonning vasvasasi bo‘lishi ham mumkin.

Qo‘rquv va xavotir bizga qanday zarar beradi?

1. Allohga tavakkul qilish hissini zaiflashtiradi

Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: «Shayton sizlarni kambag‘allik bilan qo‘rqitadi va buzuqlikka buyuradi. Alloh esa sizlarga o‘zining mag‘firati va fazlini va’da qiladi» (Baqara surasi, 268-oyat).

Shayton insonni kelajakdan qo‘rqitib, uni tang ahvolga soladi. Bunday paytlarda tavakkul qilish eng muhim quroldir. Shuningdek, ulamolarimiz mo‘min kishi doimiy tarzda istig‘for aytib yurishi kerakligini ham ta’kidlab o‘tganlar. Bu haqida ham bir qancha oyat va hadislar mavjud.

2. Mantiqiy tafakkurni o‘chiradi

Bunday vaqtlarda inson faqat muammoga e’tibor qaratadi, lekin uning yechimini topa olmaydi. Bu xuddi g‘ildirakning aylanishiga o‘xshaydi: aylanaveradi, ammo oxiri bo‘lmaydi. Eng to‘g‘ri yo‘l esa muammoni boricha qabul qilib, yorqin kelajakka umid qilmoqdir.

Qur’onda bunday oyat bor: «Albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir» (Sharh surasi, 6-oyat).

Bu oyat insonni qiyinchilik ichida qolib ketmaslikka, yechim borligini tushunishga undaydi.

3. Shukur qilishni kamaytiradi

Xavotir va qo‘rquv ichida yashagan odam bor ne’matlarni ko‘rmaydi. Shu bois atrofidagi kishilarni, o‘zi yashayotgan muhitni ayblay boshlaydi va bu o‘zi-o‘zidan Alloh taologa nisbatan isyon qilishga olib kelishi mumkin. Ammo inson ayni onda o‘zidagi bor narsalar: iymon, sog‘lik, tinchlik va oila kabi ne’matlarni hayotida eng yuqori pog‘onalarga qo‘yib yashashi kerak.

Alloh taolo Qur’onda bunday deydi: «Agar shukur qilsangiz, sizlarga (ne’matimni) yana ziyoda qilaman. Agar kufr qeltirsangiz, bas, albatta azobim qattiqdir» (Ibrohim surasi, 7-oyat).

Shukur qilish xavotirni yengishda eng kuchli qurollardan biridir.

Qo‘rquv va xavotirni qanday yengish mumkin?

1. Allohni ko‘p zikr qilish. Bu ilmiy tadqiqotlarda o‘z amaliy isbotini topgan jarayondir. Yaponiyalik olim Masaru Emoto so‘zlar, musiqa va energiyaning suv molekulalariga ta’sirini aniqlash borasidagi «Suv xotirasi» nomli tadqiqot o‘tkazgan. Tadqiqot jarayonida bir idishdagi suvga har xil qo‘pol va salbiy so‘zlarni aytishgan, bularning orasiga betartib va yoqimsiz shovqinlar ham qo‘shilgan. Yana bir idishdagi suvga esa, aksincha, chiroyli va go‘zal so‘zlarni aytishgan. Keyin bu ikki idishdagi suvni muzlatishganida ularda ikki xil naqshlar paydo bo‘lgan. Qo‘pol so‘zlar aytilgan suvda xunuk va beo‘xshov naqshlar, chiroyli so‘zlar aytilgan suvda esa juda go‘zal va jimjimador kristallar paydo bo‘lgan. Ushbu tadqiqot orqali Masaru Emoto inson tanasining 60–70% suvdan iborat ekanini inobatga olib, qanday so‘zlar eshitayotganimiz ruhimiz va sog‘lig‘imizga bevosita ta’sir qilishini ta’kidlagan.

«Aytginki, albatta, qalblar faqat Allohni zikr qilish bilan xotirjam bo‘ladi» (Ra’d surasi, 28-oyat).

Dunyodagi eng go‘zal so‘zlar, shubhasiz, Allohning so‘zlari, Uning pok ismlaridir. Ko‘p tasbeh aytish, Qur’on tilovat qilish va Allohni eslash qalbni tinchlantiradi.


2. Namoz o‘qish

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamda biron ish muammo bo‘lsa, namozga shoshilardilar (Imom Abu Dovud rivoyati)

Namoz – insonning ruhiy muvozanatini tiklovchi eng kuchli vositalardan biridir. Namoz nafaqat tana harakati, balki qalb sadosi, ruh so‘rovi va Alloh bilan bo‘ladigan sirli suhbatdir. Har bir ruku’, har bir sajda, har bir salom – bu hayotdagi og‘irliklardan xoli bo‘lish, ichki g‘amu tashvishlarni Alloh huzurida yengillatishdir.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biror tashvishli hol yuz bersa, namozga shoshilganlar. U zot namozni qalb panohi, ruhiy madad va hayotdagi tinchlik manbai deb bilganlar. Namoz – bu qalbni g‘uborlardan poklaydigan yomg‘irdir. Har kuni besh mahal unga cho‘milgan banda ichki soflikka erishadi.

Shuning uchun ham kimki hayotida iztirob, xavotir, ruhiy bosim his etsa, u avvalo o‘z namoziga boqsin. Chunki namoz bor joyda baraka, sakinat va Allohning rahmati bo‘ladi.


3. Tavakkul va duo qilish

Chorasizlik ham bir choradir, degan hikmatni ko‘p eshitganmiz. Bu aynan biz musulmonlarga nisbatan juda mos va xos bo‘lib tushadi. Chunki mo‘min kishi o‘zidagi barcha imkoniyatlardan kelib chiqib harakat qiladi. Imkon va chora qolmaganida esa Allohga yuzlanadi, Unga duo qiladi. Aslida musulmon kishi doimo Robbining qudrati va jaloliyatini yoddan chiqarmasdan yashaydi. Ammo barcha eshiklar yopilib, iztirob va qayg‘u ichida qolganida bu ne’matning qadri butun bo‘y-basti bilan ko‘rinadi. Allohga tavakkul qilish – qo‘rquv va xavotirdan chiqishning eng yaxshi yo‘li.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday duo o‘rgatganlar: «Allohim! Meni g‘am-tashvishdan, zaiflik va dangasalikdan, qo‘rqoqlik va baxillikdan, qarzdan va odamlarning menga zulm qilishidan panohingga ol!» (Imom Buxoriy va imom Muslim rivoyati).


4. Hozirgi onni his qilish

Qo‘rquv va xavotir odatda kelajakdagi noma’lumlikdan kelib chiqadi. Lekin inson hozirgi vaqtda yashashni o‘rgansa, xavotiri kamayadi.

Ibn Qayyim rahimahulloh aytgan: «Insonning hayoti uch qismdan iborat: o‘tgan kunlar – qaytib kelmaydi, kelajak – noma’lum, faqat bugun senga tegishli. Shuning uchun bugunning ne’matlaridan bahramand bo‘l».


5. Jismoniy va ruhiy sog‘liq uyg‘unligi

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga sog‘lom turmush tarzini tavsiya qilganlar: «Kuchli mo‘min zaif mo‘mindan yaxshiroq va Allohga mahbubroqdir» (Imom Muslim rivoyati)

Sport bilan shug‘ullanish, yetarlicha uxlash va sog‘lom ovqatlanish ham miyani tinchlantirishga yordam beradi. Bu narsa hozirda biz unutgan eng katta zaruriyatlardan biridir. Chunki doimiy jismoniy mashg‘ulot tananing baquvvat bo‘lishi bilan birga miyani bosimlarga chidamli qiladi. Yetarli darajada uxlash esa tananing gormonal o‘zgarishlarini yaxshilaydi, qon aylanishlarini muvozanatlashtirib, tana va asab tizimlarining tiklanishiga yordam beradi. To‘g‘ri ovqatlanish va tabiiy ozuqalarni iste’mol qilish, miyamizdagi epifez bezining samarali ishlashiga ko‘maklashadi, zaruriy gormonlar ishlab chiqarilishini nazoratda ushlaydi.


Xulosa

Qo‘rquv va xavotir miyani bloklab, insonning mantiqiy tafakkurini susaytiradi. Aslida mo‘min qo‘rquvga tushishi kerakmi? Bizning eng katta iztiroblarimiz bu dunyoning tashvishlaridan, cheki yo‘q orzu-havaslarimiz ortidan paydo bo‘lmoqda. Kelajakdan  umidisizlikka  tushish, bugungi kunimizning qadriga yetmasligimiz, o‘tmishimizdan iztirobga chekishimiz – bularning barchasi aslida iymonimiz zaifligidan emasmikan? Bugungi kunimizda baxtli hayotni va’da qilayotgan, buning uchun o‘z treninglarida qatnashishni targ‘ib etayotgan va insonlarning eng nozik qadriyati – dinni niqob qilib, hadis va oyatlarni hech qanday asossiz o‘z maqsadlari va tavsiyalariga bog‘lashga harakat qilayotgan soxta psixologlar, qalbshunoslar uchun bunday zaiflik ayni muddaodir. Ammo ziyrak nigoh bilan nazar solsak, najot ko‘z o‘ngimizdadir. Allohning muqaddas dini bizga bunday holatlardan chiqish yo‘lini ko‘rsatadi:

Allohga tavakkul qilish va Unga duo qilish;
Namoz o‘qish va zikr qilish;
Shukur qilish va bor narsaga qanoat qilish;
O‘z his-tuyg‘ularini boshqarishni o‘rganish;
Salomatlik va ruhiy xotirjamlikka e’tibor berish;
Alloh taolo bizni dunyodagi eng katta boylik –– iymon halovati bilan siylasin! Albatta, U o‘ta karamli va saxovatli Zotdir.

 

Bilolxon To‘ychiyev,
Hadis ilmi maktabi xodimi.

Maqolalar