Ramazon oyi juda ham fazilatli oydir. Bu oyda boshqa oylarda topilmaydigan ko‘plab xususiyatlar bor. Shunga ko‘ra, bu oyni Qur’on, taqvo, ibodat, mehr-oqibat, bedorlik va shu kabi boshqa nomlar bilan qo‘shib zikr qilsak bo‘ladi. Bu oyning xususiyatlaridan yana biri, Ramazon – gunohlardan tiyilish oyidir. Bu haqida ham Nabiy sollallohu alayhi vasallam o‘z hadisi shariflarida bayon qilganlar:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: » مَنْ لَمْ يَدَعْ قَوْلَ الزُّورِ وَالْعَمَلَ بِهِ فَلَيْسَ لِلَّهِ حَاجَةٌ فِي أَنْ يَدَعَ طَعَامَهُ وَشَرَابَهُ«. رَوَاهُ الْبُخَارِيُّ.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim yolg‘on so‘zni va unga amal qilishni tark qilmasa, uning taomi va ichimligini tark qilishiga Allohning ehtiyoji yo‘q”, dedilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.
Musulmon kishi har doim gunoh qilishdan, jumladan til orqali bo‘ladigan, yolg‘on, bo‘hton, g‘iybat, chaqimchilik kabi gunohlarni sodir qilishdan saqlanishi lozim. Bu haqida shariatimizda turli xil ko‘rsatmalar vorid bo‘lgan. Payg‘ambirimiz alayhissalomning ushbu hadislarida ro‘za tutgan odamning yolg‘on gapirishdan saqlanishiga targ‘ib qilishlari, bu ro‘zador uchun yana ham ta’kidlash uchundir. Ulamolarimiz, hadisda zikr qilingan “yolg‘on so‘z” ning ostiga g‘iybat, bo‘hton, chaqimchilik, so‘kish, haqorat kabi til orqali sodir bo‘ladigan gunohlar ham kiradi, deyishgan. “Unga amal qilish” deganda shari’atga xilof bo‘lgan barcha gunoh ishlar tushuniladi.
Yana bir hadisda shunday deyilgan:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ، يَقُولُ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ:» إِذَا كَانَ يَوْمُ صَوْمِ أَحَدِكُمْ فَلَا يَرْفُثْ يَوْمَئِذٍ وَلَا يَصْخَبْ فَإِنْ سَابَّهُ أَحَدٌ أَوْ قَاتَلَهُ أَحَدٌ فَلْيَقُلْ: إِنِّي امْرُؤٌ صَائِمٌ«. رَوَاهُ أَحْمَدُ.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Sizlardan biringizning ro‘za kuni bo‘lsa, shu kunda behayo so‘zlarni gapirmasin va baqir-chaqir qilmasin. Agar birov u bilan so‘kishmoqchi yoki urishmoqchi bo‘lsa, “men ro‘zadorman”, deb aytsin”, dedilar”. Ahmad rivoyat qilgan.
Mana bu hadisi sharifda ham ro‘za tutgan kishi har xil bema’ni so‘zlarni gapirishi va baqir-chaqir qilib odamlarga aziyat berishidan qaytarilyapti. Shuningdek, boshqa kishi tomonidan unga shu kabi gunoh ishlar sodir bo‘lsa ham, bunga sabr qilib, ro‘zador ekanini eslatib qo‘yishi tavsiya qilinmoqda. Bundan ko‘rinadiki, ro‘zador kishi har qanday holatda bo‘lsa ham gunoh qilishdan o‘zini asrashi lozim ekan.
Boshqa bir hadisi sharifda shunday deyilgan:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللَّهُ عَنْهُ، قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ : »كَمْ مِنْ صَائِمٍ لَيْسَ لَهُ مِنْ صِيَامِهِ إِلَّا الْجُوعُ وَكَمْ مِنْ قَائِمٍ لَيْسَ لَهُ مِنْ قِيَامِهِ إِلَّا السَّهَرُ«. رَوَاهُ أَحْمَدُ.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qanchadan qancha ro‘zadorlar borki, ularga ro‘zasidan ochlikdan boshqa narsa bo‘lmaydi. Qanchadan qancha tunlarda ibodatga qoim bo‘ladiganlar borki, ularga uyqusizligidan boshqa narsa bo‘lmaydi”, dedilar”. Ahmad rivoyat qilgan.
Har bir kishi ro‘za tutar ekan, bu ro‘zasi Allohning huzurida qabul bo‘lishini va evaziga ko‘plab ajrlar olishini umid qiladi. Buning uchun nafaqat yeb-ichishdan tiyilish, balki, gunoh ishlardan ham o‘zini saqlashi lozim bo‘ladi. Ro‘za tutib olib, gunohlarni qilaveradigan bo‘lsa, faqatgina och va tashna bo‘lganidan boshqa narsa bo‘lmas ekan. Lekin, ming afsuslar bo‘lsinki, insonlar orasida shunday kishilar ham bor. Ro‘zador bo‘lgan holida g‘iybat, chaqimchilik, yolg‘on gapirish kabi gunohlar bilan mashg‘ul bo‘ladi yoki boshqalarga aziyat berishda davom etadi. Imom Tiybiy rahimahulloh: “Ro‘zador kishi savob umidida ro‘za tutmasa yoki yolg‘on, bo‘hton, g‘iybat kabi gunoh ishlardan tiyilmasa, unga ochlik va tashnalikdan boshqa narsa hosil bo‘lmaydi. Ro‘za zimmasidan soqit bo‘lsada, hech qanday savobga ega bo‘lmaydi”, deb aytgan. Shuning uchun ro‘za tutayotgan barcha kishi o‘zini isloh qilishi, gunohlardan saqlanishi lozim.
Alloh taolo barchamizning tutayotgan ro‘zamizni dargohida qabul qilsin. Gunohlardan tiyilishimizni barchamizga nasib aylasin.
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi
Madaminov Shokirjon
Fazilatli shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari qoldirgan boy ilmiy merosi nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyoning turli nuqtalarida, xususan, Islom olamining tabarruk maskani bo‘lmish Masjidi Nabaviy kutubxonasida ham saqlanib kelyapti.
2017 yilda shayx hazratlarining bir qator kitoblari ilk bor Masjidi Nabaviy kutubxonasiga taqdim etilgan edi. Shundan buyon ziyoratga borgan hamyurtlarimiz ushbu kutubxonadan hazratning asarlarini o‘z ona tilimizda mutolaa qilish imkoniyatiga ega bo‘lib kelishyapti.
Masjidi Nabaviy kutubxonasi masjidning 10-eshigi yonida joylashgan. Kutubxonada 170 000 dan ortiq kitob saqlanadi. Asosiy adabiyotlar arab tilida bo‘lsada, 20 dan ortiq xorijiy tillardagi diniy manbalar ham jamlangan. Kutubxonadan bir vaqtning o‘zida 300 dan ortiq kitobxon foydalanishi mumkin.
Kutubxonada xorijiy tillardagi adabiyotlar uchun alohida xona ajratilgan. U yerda ingliz, rus, fransuz kabi jahon tillari qatorida o‘zbek tili bo‘limi ham bor. Ushbu bo‘limda shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining qalamlariga mansub 50 dan ortiq asar bor. Jumladan:
– «Hadis va Hayot» silsilasi;
– «Tafsiri Hilol»;
– «Kifoya»;
– «Ruhiy tarbiya»;
– «Zikr ahlidan so‘rang»;
– «Odoblar xazinasi»;
– «Xislatli hikmatlar sharhi»;
– «Baxtiyor oila» va boshqalar.
@islomuz