“Ey iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilganidek, sizlarga ham ro‘za farz qilindi. Shoyadki taqvodor bo‘lsangiz”. (Baqara surasi, 183)
Mana necha asrlardan beri Alloh subhanahu va taolo Baqara surasining ushbu oyatini nozil qilganidan buyon barcha mo‘min musulmonlar yozning jazirama issig‘i-yu uzun kunlari yoki qishning izg‘irin sovug‘iga qaramasdan Ramazon ro‘zasini ado etib kelmoqdalar. Allohning ushbu oyatiga labbay deb javob berib, Ramazon ro‘zasini mukammal ado etgan mo‘minu mo‘minalar farz bo‘lgan amalni bajargan va ulkan savoblarga erishgan hisoblanadi. Aksincha bu amalni turli bahonalar bilan bajarmaganlar ulkan gunohni orkalab olgan bo‘ladilar.
عَنِ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه عَنِ النَّبِيِّ صلي الله عليه و سلم قَالَ: مَنْ أَفْطَرَ يَوْمًا مِنْ رَمَضَانَ مِنْ غَيْرِ رُخْصَةٍ رَخَّصَهَا اللهُ لَهُ لَمْ يَقْضِ عَنْهُ صِيَامُ الدَّهْرِ وَإِنْ صَامَهُ.
Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sallallohu alayhi va sallam:
“Kim Ramazondan bir kunni Alloh bergan ruxsatsiz og‘zi ochiq holda o‘tkazsa, zamonning hammasini ro‘za tutib o‘tkazsa ham uning qazosini ado eta olmas”, dedilar”.
Ma’lumki, bemor, musofir, qari kishilar (chol yoki kampirlar), shuningdek, homilador va emizikli ayollar ham ro‘za tutishlari uzrli kishilar hisoblanadi. Shuningdek, agar bemor tuzalsa, musofir yurtiga qaytsa, homilador ayol farzandini dunyoga keltirsa, emizikli ayollar bolalarini sutdan ajratsalar, hayzli va nifosli ayollar poklansalar, ro‘zalarini qazosini ado etadilar. Qari kishilar esa ro‘za tuta olmaganliklari sababli fidya beradilar. Fidya beruvchilarga surunkali kasallar ham kirishi ma’lum. Mazkur toifalardan boshqalar, albatta, Ramazon oyi ro‘zasini tutmoqlari shart. Ramazon oyi ro‘zasini tutmagan odam gunohkor bo‘ladi. Uzrsiz bir kun ro‘zani tark qilgan odam umr bo‘yi ro‘za tutib o‘tsa ham, o‘sha ro‘zasini tutmagan kunning savobi o‘rnini to‘lg‘iza olmaydi. Chunki farz ro‘zani o‘z vaqtida tutishlik juda ham katta savobga sazovor qiluvchi narsadir.
Ro‘zadorga ba’zi ishlar ma’n qilinganki, u ishlar ro‘zadordan sodir bo‘lsa, kafforot o‘tash shart bo‘ladi.
“Muxtasari Viqoya”ga Aliy Qoriy tomonidan yozilgan “Fathu bobi inoya” kitobida quyidagicha keltiriladi: “Kim Ramazonda ro‘zador holida yaqinlik qilsa yoki ikki yo‘lidan biriga yaqinlik qilinsa, ozuqa va davo bo‘ladigan narsani qasddan yesa, ichsa ro‘zasi buziladi. Zihor qiluvchi kabi qazo tutadi va kafforatini ado etadi. Bu ramazon adosini buzgani sababli, boshqasini emas”.
Ushbu matn sharhi bilan tanishsak:
“Yaqinlik” ikki tirik odamdan sodir bo‘lishi kerak. Haqiqiy yaqinlik bo‘lishi uchun hayvonga va o‘likka bo‘lmasligi kerak. “Ikki yo‘ldan biriga” deyilganda, maniy nozil bo‘lishi va bo‘lmasligining ahamiyati yo‘q. Bir a’zo ikkinchi a’zoga kirishi kafforotga sabab bo‘ladi.
Sog‘urjiyning “Fiqhul hanafiya va adillatuhu” asarida, ayol bu ishda eriga bo‘ysingani uchun ham qazo bilan birga kafforatini ado etadi. Chunki bu ish ikkalasi tarafidan sodir bo‘lgan. Agar ayol bunga majburlansa, kafforat yo‘q. Agar ayol erini majburlasa ikkalasiga ham kafforat vojib. Imom Muhammad aytadilar: “Bu holatda erga majburlangani uchun kafforat yo‘q. Ayol tong otganini bilsa-yu, eridan yashirsa, faqat ayolga kafforat vojib”.
“Ozuqviy”dan murod ovqat hisoblanmaydigan tosh, temir, paxta, kesak, ohak kabi narsalarni yeyish, ichish qazoga sabab bo‘ladi, kafforotga emas. “Davo bo‘ladigan” - ya’ni quvvat beradigan, tuzatadigan va oshqozonga to‘g‘ri boradigan davo vositalaridir. “Qasddan” esa, ro‘zador ekanligini bila turib qilishi. Qasddan emasku, ammo, majburlanib, xatoan, adashib yoki iftorlik vaqti bo‘ldi deb o‘ylab yuqoridagi ishlarni qilishi kafforotga sabab bo‘lmaydi. Qasddan degan hukmga kirmaydi. Qazoning o‘zi vojib bo‘ladi. Bu bilan bir qatorda esdan chiqib yeb-ichish, yaqinlik qilib qo‘yish ro‘zani buzmaydi. Esga tushishi ila to‘xtatishi kerak.
“Ramazon adosini buzgani uchun” deyilganda, ramazon qazosini tutib yurgan odam, qasddan bo‘lsada ochib yuborishi kafforotga sabab bo‘lmaydi. “Zihor qiluvchi kabi kafforot o‘tashi” quyidagi hadisi sharifda keltirilgan tartibda bo‘ladi:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رضي الله عنه قَالَ: جَاءَ رَجُلٌ إِلَى النَّبِيِّ صلي الله عليه و سلم فقال: هَلَكْتُ يَا رَسُولَ اللهِ قَالَ: وَمَا أَهْلَكَكَ قَالَ: وَقَعْتُ عَلَى امْرَأَتِي فِي رَمَضَانَ قَالَ: هَلْ تَجِدُ مَا تُعْتِقُ رَقَبَةً قَالَ: لاَ قَالَ: فَهَلْ تَسْتَطِيعُ أَنْ تَصُومَ شَهْرَيْنِ مُتَتَابِعَيْنِ قَالَ: لاَ قَالَ: فَهَلْ تَجِدُ مَا تُطْعِمُ سِتِّينَ مِسْكِيناً قَالَ: لاَ قَالَ: ثُمَّ جَلَسَ فَأُتِيَ النَّبِيُّ صلي الله عليه و سلم بِعَرَقٍ فِيهِ تَمْرٌ فَقَالَ: تَصَدَّقْ بِهَذَا
Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Bir odam Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: “Halok bo‘ldim, ey Allohning Rasuli!” dedi. “Seni nima halok qildi?” dedilar. “Ramazonda xotinimning ustiga chiqdim”, dedi. “Qul ozod qilishga narsa topa olasanmi?” dedilar. “Yo‘q”, dedi. “Ikki oy ketma-ket ro‘za tuta olasanmi?” dedilar. “Yo‘q”, dedi. “Oltmish miskinga taom berishga narsa topa olasanmi?” dedilar. “Yo‘q”, dedi. So‘ngra kutib o‘tirdi. Payg‘ambar sallallohu alayhi va sallamga bir zanbil xurmo keltirildi. U zot (haligi odamga): “Mana buni sadaqa qilib yubor”, dedilar.
Ushbu hadisda ro‘zador jinsiy yaqinlik qilsa, ro‘zasi ochilishi, ro‘zasini buzgan ro‘zador kafforot berishi vojibligi, kafforat qul ozod qilishlik, qul ozod qilishga qodir bo‘lmasa, ketma-ket, orasini uzmay oltmish kun ro‘za tutishlik vojibligi, bemorligi, qariligi tufayli ro‘za tuta olmasa oltmish miskinga taom berishligi aytilmoqda. Bunda har bir miskinga bir mudd (1 mudd – 1843 gramm) miqdorida taom beriladi. Oltmish kunlik ro‘za Ramazon ro‘zasini va ro‘za tutishlik ma’n qilingan ya’ni ikki hayit va tashriq kunlarini o‘z ichiga olmagan bo‘lishi kerak.
Jumhur ulamolar jinsiy aloqada qatnashgani uchun ayol kishi ham kafforot beradi, deganlar.
“Shuningdek, taom yoki dori, papiros, afyun, nasha va shunga o‘xshash uning ma’nosidagi narsani shar’iy uzrsiz yemog‘i, birovning g‘iybatini qilganidan, qon oldirganidan, shahvat bilan ushlaganidan yoki o‘pganidan, quchoqlashib yotganidan, keyin ro‘zam ochilib ketdi, degan o‘y bilan qasddan yeb-ichib yuborsa, ham qazo tutib, ham kafforot ado qiladi. Faqih ro‘zang ochilibdi, deb fatvo bersa, bundan mustasno. Unda faqat qazo tutadi. Kafforot vojib bo‘lmaydi”. (“Hadis va hayot”, 9-juz.)
Bundan tashqari uzrsiz bo‘lsa ham ramazon ro‘zasini tutmay yurishi faqat qazoga sabab bo‘ladi, kafforotga emas.
Kafforotni bir insonga vojib qilish uchun biz matnda tanishgandek shartlar topilishi kerak.
Alloh taolo barchamizga Ramazon ro‘zasini mukammal ado etmoqlikni nasib etsin.
Xadichai Kubro ayol-qizlar o‘rta maxsus bilim
yurti o‘qituvchisi Muhammedxodjayeva Sanobar
Hozirgi kunda “bid’at” so‘zini ko‘pchiligimiz tez-tez eshitamiz. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu so‘zni bilgan ham, bilmagan ham, tushungan ham, tushunmagan ham ishlatmoqda.
Alloma ibn Hajar Makkiy rahimahulloh o‘zining “Fathul Mubiyn” asarida bid’atning lug‘aviy ma’nosini quyidagicha keltirgan:
“Bid’at so‘zi lug‘atda – o‘xshashi bo‘lmagan, yangi narsani paydo qilish”, degan ma’noni beradi.
“Bahrul Layoliy sharhi Bad’ul Amoliy”da esa, bid’atning lug‘aviy ma’nosini: “Avval bo‘lmagan, o‘xshashi yo‘q narsani paydo qilish” deb keltirgan.
Shundan kelib chiqib, mazkur ulamolar bid’at xoh ibodatlarda, xoh odatlarda bo‘lsin, yaxshi yoki yomon bo‘lsin, Qur’on va sunnatda mavjud bo‘lmagan yangi paydo bo‘lgan narsa deb qaraganlar.
Ulamolar lug‘aviy bid’atni besh qismga bo‘lganlar.
Birinchisi: Vojib bid’at. Nahv ilmini o‘rganish bid’atning shu turiga kiradi. Chunki bu ilmni bilmasdan Qur’on va sunnatni bilib bo‘lmaydi. Bu ikki manbani o‘rganish vojib. Vojibni bajarishga xizmat qiladigan narsa ham vojib bo‘ladi.
Demak, Qur’on va sunnatni o‘rganish uchun nahvni o‘rganish vojib.
Ikkinchisi: Harom bo‘lgan bid’at. Mo‘tazila, jabariya va hozirgi salafiy hamda ahli sunnaga zid bo‘lgan turli firqa va oqimlarni ta’sis etish. Chunki bular ham Islomning ilk davrlarida bo‘lmay, keyinchalik turli maqsadlarda tashkil qilingan bo‘lib, asosan sof Islom aqidasini noto‘g‘ri talqin qilish, Islomga va musulmonlarga zarar berish bilan tanilgan. Shuning uchun bunday firqa va oqimlarga kirish harom hisoblanadi.
Uchinchisi: Mustahab bid’at. Masjidlarga minoralar qurish, ma’had va madrasalar barpo etish, Qur’on qiroatini eshitish va Nabiy sollallohu alayhi vasallamning siyratlarini o‘rganish uchun turli majlislar tashkil qilish mustahab bid’atlar sirasiga kiradi.
To‘rtinchisi: Makruh bid’at. Masjidlarga ziynat berish.
Beshinchisi: Muboh bid’at. Yeb-ichish, kiyim-kechak, maskan-manzillarda kengchilikka yo‘l qo‘yish. Ya’ni agar haloldan bo‘lsa, kishi o‘zi yashaydigan manzilini chiroyli ta’mirlasa, faxr va kibrdan xoli bo‘lib, qimmatbaho kiyim kiygan bo‘lsa va yemoq-ichmog‘ida kengchilikka yo‘l qo‘ysa, gunohkor bo‘lmaydi. Chunki shar’an bu paytda mazkur ishlar muboh sanaladi.
Bid’atning shar’iy-istilohiy ma’nolari
Bid’atning shar’iy – istilohiy ma’nolarini “Bahrul Laoliy sharhi Bad’ul Amoliy” asarining sohibi quyida uch qism qilib keltirganlar:
الزِّيَادَةُ وَالنُّقْصَانُ فِي الدِّينِ مِنْ غَيْرِ إِذْنِ الشَّارِعِ
1. “Shore’ning iznisiz dinda ziyoda va nuqsonga yo‘l ochish”.
جَعْلُ غَيْرِ الدِّينِ دِينًا أَوْ مَا يَكُونُ مُشَابِهًا بِالدِّينِ وَلَيْسَ مِنَ الدِّينِ
2. “Dindan bo‘lmagan narsani din deb bilish yoki dinga o‘xshash martabaga ko‘tarish”.
عَمَلٌ مُحْدَثٌ عَلَي نِيَّةِ الْعِبَادَةِ
3. “Dinda asli yo‘q bo‘lib, yangi paydo bo‘lgan narsani ibodat niyatida bajarish”.
Mazkur ta’riflarga asoslanib fuqaholar ikita fiqhiy qoidani joriy qilganlar.
الْأَصْلُ فِي الْأَشْيَاءِ هُوَ الْإِبَاحَةُ
1. “Narsalardagi asl qoida mubohlik va tozalikdir”. Ya’ni, aslida hamma narsa muboh va tozadir.
الْأَصْلُ فِي الْأَشْيَاءِ هُوَ الْحُرْمَةُ
2. “Narsalardagi asl qoida haromlik va nopoklikdir”.
Zohiran qaraganda bir-biriga zid bo‘lgan bu ikki qoidani tatbiqi shundayki, agar bir kishi dunyo ishlarini osonlashtirish, odamlarning og‘irini yengil va uzog‘ini yaqin qilish maqsadida biror narsa masalan mashina, telefon yoki turli foydali moslamalar o‘ylab topib ixtiro qilsa, “Narsalardagi asl qoida mubohlik va tozalikdir”, qoidasiga binoan bu yaxshi va maqtalgan ish hisoblanadi.
Ammo, ibodat niyatida dinda biror narsani joriy qilish, sunnat bo‘lmagan amalni sunnat deb e’tiqod qilish, “Narsalardagi asl qoida haromlik va nopoklikdir”, qoidasiga binoan bid’at va harom ish hisoblanadi.
Bid’atning turlari.
“Sahihi Buxoriy” kitobini sharhlagan Imom Qastaloniy rahimahulloh aytadilar: “Imom Bayhaqiy Imom Shofe’iydan naql qilib: “Kitobu sunnatga va ijmoga xilof bo‘lgan ishlar zalolatga chorlovchi bid’atdir. Ammo, kitobu sunnatga xilof bo‘lmagan yaxshi ishlar bid’at emas, balki “Muhdasotu mahmuda” ya’ni keyin paydo bo‘lgan maqtalgan ishlardir”, deganlar (Qastaloniy. J. 1. B. 302).
Jarir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda:
قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّي اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: مَنْ سَنَّ فِي الإسلام سُنَّةً حَسَنَةً فَعُمِلَ بِهَا بَعْدَهُ کُتِبَ لَهُ مِثْلُ أَجْرِ مَنْ عَمِلَ بِهَا وَلَا یُنْقَصُ مِنْ أُجُورِهِمْ شَيْءٌ وَمَنْ سَنَّ فِي الْإِسْلَامِ سُنَّةً سَیِّئَةً فَعُمِلَ بِهَا بَعْدَهُ کُتِبَ عَلَيْهِ مِثْلُ وِزْرِ مَنْ عَمِلَ بِهَا وَلَایُنْقَصُ مِنْ أَوْزَارِهِمْ شَيْءٌ.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim Islomda chiroyli yo‘lni joriy qilsa, bas u uchun uning ajri va undan keyin unga amal qilganlarning ham ajri bo‘ladi. Ularning ajrlaridan biror narsa kamaytirilmaydi” (Imom Muslim rivoyati).
Mana shu va boshqa dalillarga tayanib, ulamolarimiz bid’atni ikki qismga bo‘lganlar: bid’ati hasana (yaxshi bid’at) va bid’ati sayyia (yomon bid’at).
Hofiz ibn Hajar rahimahulloh: “Shariatning asliga xilof bo‘lmay, shu bilan birga foydali va xayrli amallar bid’ati hasanadir. Shar’iy asosga ega bo‘lmagan amal yoki e’tiqodni joriy qilish bid’ati sayyia deyiladi”, deganlar. (“Fathul Boriy” kitobi, J. 4. B. 253).
Bid’ati hasana – bunga hazrati Umar roziyallohu anhuning ishlarini misol qilish mumkin. Sunnat amal bo‘lgan tarovih namozini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam jamoat bilan o‘qimas edilar. Hazrati Umar esa xalifalik davrida mazkur namozni imomga iqtido qilib, jamoat bilan o‘qishni joriy qildi va: “Qanday yaxshi bid’at bo‘ldi”, dedi.
Shunga binoan diniy ilmlar o‘rgatish uchun alohida madrasalar qurish, kitoblar chop etish, masjidlarga gilam solish, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni go‘zal siyratlarini targ‘ib qilish uchun mavlid o‘qish singari din asoslariga zid bo‘lmagan amallar bid’ati hasana bo‘ladi. Unga amal qilish joiz va u zalolatga boshlamaydi.
Bid’ati sayyia esa, shar’iy asosga ega bo‘lmagan biror amal yoki e’tiqodni joriy etishdir. Bunday bid’at ayni zalolat bo‘lib, u shariatimizda rad etilgan. Quyidagi hadisi sharif ham shunga dalolat qiladi.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
مَنْ أَحْدَثَ فِي أَمْرِنَا هَذَا مَا لَيْسَ مِنْهُ فَهُوَ رَدٌّ
“Kim bizning bu dinimizda unda bo‘lmagan yangi narsani kiritsa, rad qilinadi” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, hadisda ko‘zlangan maqsad dinning asosiy manbalari bo‘lmish Kitob, sunnat va ijmoga xilof bo‘lgan ishlarni paydo qilish bo‘lsa, bas, u rad qilingandir. Ammo dunyoviy hayotning ravnaqiga xizmat qiladigan, insonlarga manfaat beradigan ishlarni paydo qilish, garchi Kitobu sunnatda asosi mavjud bo‘lmasa-da, zinhor bid’at deyilmaydi.
O‘tkirbek Sobirov
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mas’ul xodimi
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi